“Biz xalq farovonligi yo‘lida nozo‘ravon uslub bilan kurashmoqchimiz” – bbc uzbek


10 iyun 2011

Shamsiddin Atamatov

Bi-bi-si mehmoni – O‘zbekiston Xalq Harakati faollaridan biri Shamsiddin Atamatov.

Shamsiddin Atamatov “Andijon Adolat va Tiklanish” tashkilotida rais o‘rinbosaridir.

U ayni tashkilot tomonidan O‘zbekiston Xalq Harakatining Muassislar Majlisiga vakil hamdir.

Shamsiddin Atamatov shuningdek “Andijon Adolat va Tiklanish” tashkilotida o‘tkazilayotgan monitoring hisobotlari, arizalar va to‘plangan faktlarni jamlab, huquqni himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar va boshqa chet el elchixonalariga taqdim etish hamda ular bilan hamkorlikda ishlashga mas’uldir.

Shamsiddin Atamatov 1976 yil 25-mayda Andijon shahrida tug‘ilgan.

1992 yil maktabni 9 sinfda tamomlagach, ish faoliyatini duradgorchilikdan boshlagan.

“1993 yildan do‘stlar bilan kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanganmiz. 1998 yilga kelib, o‘z xususiy do‘konimni ochib, faoliyatimni tadbirkorchilik qilish bilan davom ettirdim,” deydi Shamsiddin Atamatov.

2001-2004 yillar davomida Andijon shahridagi “Kanmaksan” nomli Mas’uliyati Cheklangan Jamiyatga raislik qilgan.

U 22 turdagi qandolat, non va non mahsulotlari ishlab chiqargan mazkur tashkilotda 100 dan ortiq odam ishlaganini eslaydi.

2004 yil 9-iyunida O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati tomonidan andijonlik 23 tadbirkorning biri sifatida hibsga olinadi va 2005 yil 13 may kuni xalq namoyishlari paytida qamoqdan ozod qilinadi.

    Inson hayotda qandaydir maqsadga intilib va mana shu qilgan maqsadi ro‘yobga chiqishiga ishonib yashashi kerak

Shamsiddin Atamatov

Izzatillo, O‘zgan: O‘zbekiston Xalq Harakati bo‘yicha aniq fikrlar bormi? Bu harakatga avvalgi muxolifatdagi insonlar qo‘shildimi?

Shamsiddin Atamatov: O‘zbekiston Xalq Harakatini tashkil qilish va faoliyat olib borishdan asosiy maqsad – O‘zbekistonda erkin va ochiq fuqaroviy, xuquqiy jamiyat barpo qilish. Xabaringiz bo‘lsa, 23-24 may kunlari Berlinda O‘zbekiston Xalq Harakati o‘zining birinchi Qurultoyini o‘tkazdi. Mana shu Qurultoyda ko‘plab muxolifat vakillari qatnashdilar va O‘zbekiston Xalq Harakatini ta’sis etgan partiya va tashkilotlar elon qilindi. Harakatni ta’sis etgan partiya va tashkilotlar etakchilari qatorida tajribali muxolifat vakillari bor, albatta. Bulardan “Erk” partiyasi lideri Muhammad Solih janoblari va O‘zbekiston Demokratik kuchlari forumi etakchisi Ismoil Dadajonovlarni aytib o‘tishim mumkin.

Karin, Boisi:Hurmatli Shamsiddin, O‘zbekistonga qaytish uchun 100% ishonch bor, dedingiz, Qurultoy o‘tkazdinglar va O‘zbekiston Xalq Harakatiga qo‘shildinglar, nima uchun qurultoydan keyin hech qanaqa konkret ma’lumot yo‘q?

Shamsiddin Atamatov: Avvalambor inson hayotda qandaydir maqsadga intilib va mana shu qilgan maqsadi ro‘yobga chiqishiga ishonib yashashi kerak deb o‘ylayman. Aks holda inson hayotda yashashdan maqsadi nima ekanligini unutib qo‘yishi mumkin. Biz O‘zbekistonda yashagan vaqtlarimizdayoq insonlar orasida tenglik va yaqinlik bo‘lishini xohlaganmiz. Ya’ni, aholining ma’lum bir kichik qatlami yaxshi yashab, boshqa bir qatlami o‘ta nochorlikda kun kechirmasin. Har bir inson hayotga erkin va hur, boshqalarga qaram bo‘lmagan holda dunyoga keladi. Mana shu erkinlik va hurlik inson ulg‘aygan sayin kimlardir tomonidan paymol qilinmasin. Ijtimoiy sohada bo‘ladimi yoki siyosiy sohada, bir so‘z bilan aytganda jamiyatda adolat bo‘lsin. Biz mana shunday maqsadlarni amalga oshirishga xarakat qilganmiz va qaysidir qirralarda bunga erisha olganmiz. O‘zbekistonda o‘rnak bo‘la oladigan turmush tarzini yaratib, uni xalqqa ko‘rsata oldik va bunga xalqning bir qismi ergashdi. Bir qancha hukumat idoralari ham bu ishlarni ko‘rib, o‘rganib chiqib, o‘rnak bo‘la oladigan harakat bo‘layotganini tan olishdi.

Ammo hukumat tepasida turgan bir guruh muttahamlar mana shunaqa xalqqa nafi tegadigan, ammo ularining lazzatli hayotlariga rahna soladigan harakat dunyoga kelayotganidan qo‘rqib, bizni harakatimizga nuqta qo‘ymoqchi bo‘lishdi. Biz, mana shu ishlar sababli, vatanimizni tark etib chiqishga majbur bo‘ldik.

    Biz hali ham bormiz va harakatlarimiz davom etayapti. O‘zimiz yashayotgan har bir davlatda amallarimiz orqali biz haq bo‘lganligimizni va bizning harakatimizda hech qanday insonlarga ziyon etkazuvchi amallar yo‘qligini isbot qila olayapmiz.

Shamsiddin Atamatov

2005 yil oxirlaridan boshlab biz Amerika, Kanada, Avstraliya va Ovro‘po davlatlaridan boshpana olib, joylasha boshladik. Mana oradan 6 yil o‘tib, bizning harakatimiz qayta shakllandi va do‘stlarimiz turli bizneslarni yo‘lga qo‘yishib, hattoki, o‘zlari borib joylashgan mamlakatlardagi erlik aholi vakillarini ham ish bilan ta’minlashmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston ichkarisidagi, hukumat qatag‘onlaridan jabr ko‘rgan 800 oilaga doimiy moddiy yordam ko‘rsatib kelmoqdamiz. Bular bizning o‘z oila a’zolarimiz emas.

 

Men bu gaplarni maqtanish uchun aytayotganim yo‘q, biz O‘zbekistonda haqiqat talab qildik, xolos. Ammo hukumat bizni yo‘q qilmoqchi bo‘ldi va bor imkoniyatlarini ishga soldi. Oqibatini esa o‘zingiz ko‘rib turibsiz: biz hali ham bormiz va harakatlarimiz davom etayapti. O‘zimiz yashayotgan har bir davlatda amallarimiz orqali biz haq bo‘lganligimizni va bizning harakatimizda hech qanday insonlarga ziyon etkazuvchi amallar yo‘qligini isbot qila olayapmiz.

Men bu gaplar bilan aytmoqchimanki, bugunga kelib davriylik qonuni o‘zgardi, ya’ni haqiqat g‘alaba qiladigan davr keldi. Tarixda shunday davrlar bo‘ldiki, insonlar qanchalik ezgulikni maqsad qilmasin va uning uchun hayotlarini berishga tayyor bo‘lishmasin, ularga taqdir doim zulm ostida o‘tishlikni bitib qo‘ygan edi, ammo bugun davr o‘zgardi. Bugun adolatsizlik tomonda turganlar mag‘lub bo‘ladigan davr keldi. Bunga misol o‘zimizni kichkina harakatimizda ko‘rdim, bizga shunday sinovli davr bo‘ldiki, borimizdan va hattoki, o‘z tug‘ilib o‘sgan vatanimizdan ayrildik. Ammo bu sinovlar bizni ruhiyatimizni sindira olmadi. Aksincha, dunyodagi ko‘plab davlatlar bizni qo‘llab-quvvatlagani bizni yanada kuchli bo‘lishga va yanada umid bilan harakat qilishga undadi. Shimoliy Afrika davlatlarida bo‘layotgan o‘zgarishlar esa bunga yana ham yorqinroq misol bo‘lishi mumkin. Diktatorlar avvalgidek xalqni zulm va qo‘rquv ostida ushlab turishga quvvatlari etmay qoldi. Ular o‘z kirdikorlarini oddiy xalqdan yashira olmay qoldilar. Avvallari diktatorlarni ximoya qilib kelayotgan qudratli davlatlar bugunga kelib ularga qarshi turishga mahkum. Chunki, bugun zamon o‘zgardi, adolat va haqiqat albatta g‘alaba qiladigan kun keldi.

Shuning uchun men bugun katta ishonch bilan aytayapmanki, biz yaqin vaqtlarda vatanimizga qayta olamiz, vatanimizga o‘zgarishlar va xalqimizga engilliklar olib kela olamiz!

Endi Qurultoydan keyin konkret ma’lumotlar bo‘lmayotganligi uchun uzr so‘rayman. Harakatda ishchi guruh to‘xtovsiz ishlab turibdi. Ular harakatning keyingi qadamlari xaqida izlanishlar olib borib, aniq planlar ham tayyorlashgan. Keyingi haftada boshqaruv hay’ati majlisi bo‘lib o‘tishini rejalaganmiz, dastur ham tayyorladik, do‘stlarda fikrlar va takliflar ham bo‘ldi. Yaqin kunlarda mana shunaqa siz aytgandek qadamlarni ham ko‘rasiz.

Bo‘ston, O‘zbekiston: O‘zbekiston Xalq Harakatining amaliyoti qanaqa? Xo‘p, siz “tinch yo‘l bilan to‘ntarish” rejalashtirayapsiz: amalda qanaqa qilib, buni qilmoqchisiz? Harakatni moliyaviy jihatdan kim qo‘llayapti? Bunga o‘xshash harakatlarni orqasida, albatta, davlatlar yo shaxslar turadi. Buning yomon joyini ko‘rayotganim yo‘q, ammo u kimligidan kelgan holda oxirgi plan nimaligi bilinadi.

    Ayni kunlarda o‘z yordamlarini taklif qilayotganlar ham yo‘q emas, ammo biz avval boshidan harakatni tashqi yordamlar hisobiga shakllantirmoqchi emasmiz.

Shamsiddin Atamatov

Shamsiddin Atamatov: Reja bo‘lmasa, amal bo‘lmaydi. Albatta, hozirgi kunda rejalagan ishlarimiz asta sekinlik bilan amalga oshayapti. Bunga misol O‘zbekiston Xalq Harakati dastlabki qadamini qo‘ydi. Keyingi qadamlarimizni ham, vaqti bilan amalda ko‘rsatib boramiz.

Endi moliyaviy jihatdan harakatimiz hozircha tashqi yordamga muhtoj bo‘layotgani yo‘q. Bizni birovga muhtoj bo‘lmaydigan iqtisodiy sistemamiz bor. Ammo bu degani bizni qo‘llovchi davlatlar ham yo‘q degani emas. Aytmoqchimanki, biz hozirgi kunda yashab kelayotgan davlatlarimizda hukumat vakillariga maqsad va g‘oyalarimizni aytib, ular bilan muloqotlar olib borganmiz. Ular ham o‘z o‘rnida bizni g‘oya va maqsadlarimizni qo‘llab-quvvatlashgan va o‘zlarini imkonlari qadar bizni bizneslarimizni rivojlantirishga yordam berganlar. Bizni g‘arb davlatlarida do‘stlarimiz ko‘p. Ayni kunlarda o‘z yordamlarini taklif qilayotganlar ham yo‘q emas, ammo biz avval boshidan harakatni tashqi yordamlar hisobiga shakllantirmoqchi emasmiz.

To‘tixon, Andijon: Nima uchun sizlar oldin oilalaringizga, farzandlaringizga shirin so‘zlarni qizg‘anasizlar, oilani, ota-onani bir chekkaga surib qo‘yasizlar? Siyosatni deb, oilani tashlab qo‘yishlik noto‘g‘ri. Islom dinida, Qur’onda bunday narsa yo‘q.

Shamsiddin Atamatov: Menimcha, To‘tixon opaning savoli xosroq ya’ni “Andijon Adolat va Tiklanish” tashkilotiga berilganga o‘xshayapti. Bizga qo‘yilayotgan bu ayblovlar noto‘g‘ri. Biz xech qachon ota-onamizdan yoki farzandlarimizdan shirin so‘zimizni qizg‘onmaganmiz. Hayotda insonlar turli yo‘nalishlardan boradi, masalan, chegarachi boshqa kasbdagi insonlar kabi oilasiga ko‘p vaqt ajrata olmaydi, boshqalar kabi uning hayoti bir me’yorda sokin o‘tmaydi. Ammo uning kasbi sharafli. Shuni o‘zi unga etarli. Bu o‘rinda chegarachini oilasiga boshqalarga nisbatan kamroq vaqt ajratadi, u farzandlariga nisbatan toshbag‘ir, deb ayblashlik menimcha noto‘g‘ri bo‘lar.

Bugungi O‘zbekistondagi hayot achinarli ahvolda ekani hammaga ayonku. Go‘daklar paxta dalalarida sarson, kattalar boshqa yurtlarda qul kabi mehnat qilib, mehnatiga yarasha haq ololmayapti, chunki xalqimiz o‘z vatanida qadrlanmaydi. Kimki bu narsalarni aytsa, xalq dushmani sifatida qamaladi yoki vatandan quvg‘in qilinadi. Agarda hamma oilasini o‘ylab, bugun menga bunaqa kunlar kelmaydi, deb tursa, ertaga albatta unga ham mana shunaqangi nohaqliklar kelmaydi, deb kim kafolat bera oladi? Bugun farzandini qamoqdan majruh bo‘lsa ham, tirik kelishini kutib yashayotgan onalar kimga dodini aytsin? Yoki tirik etim bo‘lib yurgan farzandlarchi? Ularda nima gunoh? Otalari haqiqatni zolimga ayta olganliklarimi? Yoki namoz o‘qib, Allohga qullik qilganimi?

Agarda mana shu qilayotgan ishlarimiz bilan xalqimizga ozgina engillik olib kela olsak, bizga ham ota-onalarimizga ham, shunisi etarli. Biz bu taqdirimizdan aslo nolimaymiz aksincha bu taqdir – biz uchun ulkan sharaf.

Shukur, Avstraliya: Atamatov janoblari, kurash yo‘lingizni ochiq ayta olmayapsizku. Yana Andijon voqeasiga o‘xshab, qilar ishni qilib, yolg‘on gapirib, “suvdan quruq” chiqib ketmoqchisizlar?! Bu kurashda o‘zingiz ham qatnashasizmi yoki chetdan turib, buyruq berib turasizmi?

    Hozirgi kunda O‘zbekiston Xalq Harakatiga Muxammad Solih aka singari tajribali inson bosh bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman

Shamsiddin Atamatov

Shamsiddin Atamatov: Biz xalq farovonligi yo‘lida nozo‘ravon uslub bilan kurashmoqchimiz va bu maqsadimizni hamma joyda ochiq aytib kelayapmiz. Olti yil avval Andijonda bo‘lgan ishni men xalqning haqiqiy jasorati, deb bilaman. Mana shu oliyjanob ishda men ham ishtirok etganimga Allohga behisob shukronalar aytaman va yolg‘on gapirib, o‘zimni oqlaydigan ish qilganman, deb o‘ylamayman. Chunki, bir lahza bo‘lsa ham, zolimga qarshi qo‘rqmasdan uning adolatsizliklari haqida gapira olish va unga qarshi boshni baland ko‘tarib yashash, qanchalik baxt ekanini o‘sha kuni maydonda bo‘lgan odam his qiladi. Bundan keyin ham qilinadigan xayrli ishlarda do‘stlarim bilan bir safda tura olishlikni Yaratgandan doim so‘rab yashayman.

Islom, O‘zbekiston: Assalomu alaykum Shamsiddin. Iltimos, menga Akromjon Yo‘ldoshev haqida gapirib bersangiz, chunki u kishi haqida juda kam ma’lumotga egaman va sizni u kishining yaqin shogirdi deb bilaman.

Shamsiddin Atamatov: Men Akrom akani maktab davrimda taniganman, u kishi bizga maktabda matematikadan dars berganlar. Bir inson xaqida yaxshimi yomonmi gapirish qiyin narsa, chunki siz u insonni to‘laligicha yaxshi xislatlarini yoki kamchiliklarini bilmasligingiz mumkin. Shuning uchun men u kishida ko‘rgan ikki sifatni aytib bermoqchiman.

Birinchisi, Akrom aka o‘zidan ko‘ra ko‘proq boshqalarga yaxshilik bo‘lishini xohlab yashadilar. O‘zlariga butun O‘zbekiston xalqini yaxshi yashashlikka erishishni maqsad qildilar. Mana shu maqsadi yo‘lida hech ham noumid bo‘lmadilar va bizni ham mana shu maqsad bilan yashashga o‘rgatdilar.

Ikkinchisi, umumiy maqsad yo‘lida qanday qiyinchilik kelsa o‘zlariga qabul qildilar. Boshqalar muammoga duch kelsa, uni echmaguncha tinib-tinchimay, mehribonlik qilib, ana shu muammodan chiqib ketishligi uchun harakat qildilar. Bir kun birga suhbat qilib qolganimizda u kishi: “Bizni maqsadimizga olib boradigan yo‘l mashaqqatli, ammo bizda shunday jur’at bo‘lishi kerakki, ana shu qiyinchilik faqat menga kelsin va do‘stlarim bu qiyinchiliklardan holi bo‘lsin, deya olashimiz kerak. Ana shundagina bizni maqsadimizdan to‘sa oladigan kuch bo‘lmaydi,” – degan edilar.

Men mana shu ikki sifat liderlarda bo‘lishi shart bo‘lgan xislat, deb bilaman.

Furqat Diyor, Toronto: Akromjon Yo‘ldoshevning hozirgi taqdiri qnday, tez orada qatorga qo‘shiladimi?

Shamsiddin Atamatov: Hozirgi kunda u kishi O‘zbekistonda qamoqda, ammo u kishi bilvosita biz bilan birgalar. Ya’ni biz u kishini g‘oyalarini davom ettarayapmiz. Ishonamizki, Akrom aka qisqa vaqt ichida yana bizni safimiga bevosita qo‘shiladilar.

Jamshed, London: Shamsiddin aka, O‘zbekiston Xalq Harakati nega o‘ziga siz kabi yoshlar o‘rniga lider qilib, Muhammad Solih akani tanladi?

Shamsiddin Atamatov: Hozirgi kunda O‘zbekiston Xalq Harakatiga Muxammad Solih aka singari tajribali inson bosh bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Chunki harakat boshida ko‘p qiyinchiliklarga uchrashi tabiiy. Mana shunaqa qiyin kunlarda u kishining tajribasi hammaga qo‘l keladi va nafi tagadi. Shaxsan men Muhammad Solih akani yaxshi taniyman. Meni u kishidan o‘rganadigan narsalarim ko‘p. Agarda bugun biz yoshlar yoshi katta tajribasi ko‘p insonlardan ko‘proq narsa o‘rgansak, albatta ertaga o‘zimizga foydasi ko‘p tegadi.

Nargiza, Istanbul: Shamsiddin aka, barcha o‘zbekistonlik yoshlar singari, men ham O‘zbekiston Xalq Harakatini qo‘llab-quvvatlayman. Faqat qachon Harakat barcha yoshlarni birlashtirib, O‘zbekiston ichida o‘zining dadil harakatlarini boshlaydi? Qachon erkin, ozod va demokratik jamiyatni o‘zimizda quramiz?

    O‘zbekistonda rejim insonlarni qo‘rquv ostida yashab, ularni ro‘zg‘or g‘amidan boshqa narsaga vaqt topa olmaydigan holatda ushlab turishga qaratilgan

Shamsiddin Atamatov

Shamsiddin Atamatov: Men Nargizaxonga O‘zbekiston Xalq Harakatini qo‘llab-quvvatlaganlari uchun tashakkur bildiraman. O‘zbekistonda siz kabi yoshlar ko‘payib borar ekan albatta tez kunlarda demokratik jamiyat barpo qila olamiz. Harakat o‘z nomi bilan Xalq harakati avvalo O‘zbekistonimizda yashayotgan ko‘pchilik mana shu harakatni “mening harakatim,” deb bilsa va bizga kimdir kelib bizni birlashtiradi, deyishdan ko‘ra, biz ham nimadir qila olamiz, degan fikrga o‘tsak, ana o‘shanda bizni bir kun ham ushlab tura oladigan kuch qolmaydi.

Komron, Yaponiya:Bugunga kelib Sizga ayon bo‘lgan narsalar barchaga ayon – hamma joyda qozon qaynatuvchi, olov-manba bir xil, faqat manfaatlar, qadriyatlar o‘zgacha, xolos. Bir tomondan “diktatorlik,” desak, boshqa tomondan esa “tashqi kuchlar” manfaati. Kimlarga qo‘shila olmadingizki, kimlar bilan sherik bo‘lolmadingizki, rizqingizga hamla bo‘ldi? Axir, bilasizku, Karimov boshqarmaydi mamlakatni?

Shamsiddin Atamatov: O‘zbekistonda rejim insonlarni qo‘rquv ostida yashab, ularni ro‘zg‘or g‘amidan boshqa narsaga vaqt topa olmaydigan holatda ushlab turishga qaratilgan. Biz mana shu qoidaga amal qilmadik. Biz bildikki, bunaqangi tuban ishlar alal oqibat xorlik bilan tugaydi. Bning misolini O‘zbekistonda ham ko‘rish mumkin va hozirgi davrda diktatorlik tuzimlariga xizmat qilgan va uni boshqarganlarni hayoti qanday yakun topayotganida ham ko‘rish mumkin.

O‘zbek, Qo‘shma Shtatlar: Hozir agarda o‘zbek hukumati sizlarga kelishuvni taklif qilsa, rozi bo‘lasizlarmi?

Shamsiddin Atamatov: O‘zbekiston Xalq Harakati safida bugungi kunda bunday fikrga qarshi turadiganlar soni ko‘p. Ammo bunaqangi mavzular harakatda keng ko‘lamda muhokama qilinib, ko‘pchilik ovoz bilan qaror qabul qilinadi.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/06/110606_talkingpoint_atamatov.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: