Turkiston tafakkuri – uz.adabiyot.uznet.biz


June 9, 2011

Abdukarim Bahriddin

Dunyo nadur? U qaydan, qachon boshlangan? Qachon tugaydi? Olis yulduzlarning ortida nima bor?.. Inson borliqni onglaguncha yo‘qlikka evrilar… Biroq onglamoq safarini qo‘ymas.

Ajdodlarimiz ham olamni bilmoqqa ko‘p uringanlar. Xalq bayotidagi bu og‘riqli, oniy umr nadomatiga yo‘g‘rilgan satrlar ham bunga misoldir:

Suv kelar… oqar ketar,

Tog‘-toshni yiqar ketar,

Dunyo bir derazadir —

Har kelgan boqar ketar…

Odam olam ko‘rkiga termulib, suvlaridan ho‘plab, nurlarida isinib shoshib o‘tib ketar ekan, uning uzundir-qisqadir yo‘li bor, yo‘ldoshlari bor, maslagi va maslakdoshlari bor, millati va millatdoshlari bor. Yo‘lni ham ajdodlarimiz ko‘p o‘ylaganlar:

Bu yo‘ldan o‘tgan yaxshi,

Yo‘l yurib ketgan yaxshi,

Kezmoqqa — g‘urbat o‘lka,

O‘lmoqqa Vatan yaxshi…

Ajdodlarimizning borliq, tiriklikdan chiqargan buyuk hikmati Vatan va millat muhabbatidir. Aynan Vatan va millat, ularning in’ikosi bo‘lgan tuproq va tafakkur, til va tarix inson bugunini kecha va erta bilan bog‘lab turadi. Kechasi yo‘q odamning ertasi yo‘q, o‘tmishi yo‘q millatning kelajagi ham yo‘q.

Turkiston bugun turkiy millatimiz uchun kechani erta bilan bog‘layotgan g‘oyadir. Turkiston orzusi kecha chorizm va bolьshevizm mustamlakasi zulmidan qaddimiz dol bo‘lganda, ruhimizni alifday tik tutib turdi. Turkiston jangari bobolarimiz qurgan saltanatlar shoni, me’morlar tiklagan minorlar salobati, ulamolar, fozilu shuarolar bitgan asarlar shavkati bo‘lib zulm cho‘ktirgan ko‘nglimizni tog‘ qadar ko‘tarib keldi. Oyoq-qo‘limiz, vujudimiz — mustamlaka dunyosida, dilimiz, iymonimiz, xayolimiz esa Turkiston xayoli bilan edi, bugun mustaqil yurtlar bo‘ldik, xayol va hayot birlashdi. Endi yagona Turkiston tilagi ertangi buyuk kunimiz bo‘lib ko‘rinmoqda, xalqlarimizni bir-biriga yaqinlashtirmoqda. Turkiy xalqimizning tarixi qadim va shonlidir.

Chunki ajdodlarimiz ruhoniyat va moddiylik o‘rtasida muvozanat saqlay olardilar. Ular uch qit’ada, sarhadsiz kengliklarda hokimlik qilganlar. Turkiston, Yaqin Sharq va Turkiya markazi bo‘lgan Chin, Hindiston, Afg‘oniston, Xuroson, Sharqiy va O‘rta Ovro‘po, Bolqon, Eron,Ozarbayjon, Kavkaz, Onado‘li, Rum, Iroq, Suriya, Misr va Shimoliy Afriqo hududlari asrlar bo‘yi turkiylarning istilo,ko‘chish va hokimlik maydonlari bo‘lgan. Turkiylar bu kengliklarda bir qancha saltanatlar va davlatlar barpo etganlar. Shomoniylikdagi Xun va Ko‘k-turk hoqonliklari, Islom davrida Saljuqiy va Usmoniy sultonliklar — turkiylarning jahoniy hokimiyatlari davrlari edi. Tarixchi olim Usmon Turon xaqli ravishda Ovro‘po xunlari, oq-xunlar, Xazor, Uyg‘ur va Bulg‘or; O‘g‘iz va Qarluq xonliklari, musulmon itil bulg‘orlari, Qoraxoniylar, G‘azna, Xorazm, Misr, Suriya, Mamluk va Hindiston sultonliklari, Turkiston, O‘rta Sharq va Oltin O‘rda xonliklari, buyuk Amir Temur, Boburiylar, Sofaviy saltanatlarini shu to‘rt buyuk davrga dohil hisoblaydi.

Turkiylar insoniyat tarixida ilk bor siyosiy inonch va mafkuralar yaratganlar, siyosiy tashkilotlari va qo‘shin qobiliyatlari bilan boshqa qavmlardan ustun kelganlar. Hali islomiyatgacha ham turkiylar Uzoq Sharqdan Bolqon va O‘rta Ovro‘pogacha yoyilgan maydonga egalik qila oldilar, Chin, Hindiston, Eron, Rum va Bizons saltanatlari va o‘lkalari chegarasidan o‘tib, muzaffar bo‘ldilar, u erlarda ham siyosiy va milliy tarkibotlarni maydonga keltirdilar. Ammo Turkiston baribir turkiylar tarixi va ahlining markazi bo‘lib qolaverdi.

Turkiylar islomiyatdan oldin ham yaratganning yagonaligiga ishonganlar. Herodotning ta’birlashicha, shomoniylikning tarixi miloddan avvalgi XI asrga borib taqaladi. Shomoniylar zamondoshi, Bizons tarixchisi Zeofilaktos: “Turklar erlar va ko‘klarning xoliqi bo‘lgan yagona tangriga ishonishadi”, — deb yozgan edi. Xunlarda islomgacha “tangri” so‘zining o‘zi mavjudligiyoq iymonning dalolatidir. O‘sha davr hukmdorlariga “tangriqut” unvoni berilgan, ya’ni Tangri qutlagan, yorlaqagan demakdir, bu turkiylar hokimiyatini ilohiylikka aloqador tushunganlarini isbotlaydi. Mangu xon ham: “Biz faqat birgina Tangrining borligiga, Uning soyasida yashayotganimizga va Uning amri bilan o‘lajagimizga inonamiz”, — deb aytganida ko‘k-turklar kamol toptirgan ishonchni isbot etgandi. Garpini va Paris ham:”Ular (turkiylar — K.B.) bir tangriga ishonishadi va Uni ko‘ringan va ko‘rinmagan hamma narsaning yaratuvchisi deb biladilar. Dunyodagi jazolar va mukofotlar Uning amridir, deyishadi”, — deb yozishgandi. Ehtimol, turkiylardagi azaliy Tangri inochi arabiy zaminda paydo bo‘lgan islomning aynan turkiy zaminda qadr topganiga, Buxoriy, Termiziy, Naqshband, Zamahshariy, Marg‘inoniy kabi buyuk muhaddislar, shariatchi va tariqatchilar Turkiston farzandlari ekaniga boisdir.

Rivoyat qilishlaricha Imomi A’zam Abu Hanifa haj vaqtida Allohga topinib, madad so‘raganlarida, Xotifdan sado keladi: ” Toki qilich turklar qo‘lida ekan, mazhabingga zavol yo‘qdir”. Turkiy hoqon To‘g‘rulbek: ” O‘zimga bir saroy qursamu, yoniga bir masjid insho etmasam Allohdan uyalaman”, — degan edi. Turkiylarning buyuk jahongiri Amir Temurning ham Islom, iymon yo‘lida qilgan harakatlari hayratlidir. Umuman, turkiy xonlar, sarkardalar, olimu shuarolarning islomiyat tarixidagi xizmati va o‘rni beqiyosdir. Ana shunday alplar Vatani — Turkiston so‘nggi asrlarda mislsiz jafolar chekkani qayg‘ulidir.

Hozir jahon kengliklariga turkiy xalqlarning asl ona yurti Turkiston bo‘lgannini bugun barcha dalillar isbotlamoqda va shuning uchun yagona Turkiston istagi bugun hammamizga yanada qadrlidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ” Turkiston — umumiy uyimiz” shiorining o‘rtaga tashlanishi — yurtboshimizning jasorati, xalqlarimizning irodasidir.

To‘g‘ri, qadim Xun, Ko‘k-turk, Uyg‘ur kabi turkiy davlatlarning O‘rxun tegrasida joylashgani sababli ancha vaqtgacha turkiylarning ona yurti Mo‘g‘uliston hisoblanib keldi. Biroq bugun tarixiy, adabiy va insoniy ma’lumotlarga tayangan izlanishlar turkiylarning ona zamini, shubhasiz, Oltoy-O‘rol tog‘lari orasi ekanligini isbotlamoqda. Mo‘g‘uliston qittasi ham shu chegaradadir. Tarixiy manbaalar qatorida adabiy yodgorliklar ham asli-naslimiz Bolqon, Orol va Issiqko‘l xududlaridan ekanini ayon qilmoqda.O‘g‘izxon, Afrosiyob kabi hukmdorlarga, O‘g‘iz, ko‘k-turk va qorluqlarga doir rivoyatlar, ma’lumotlar, xotiralar aynan shu qittada yaratilgan. Sirdaryo atrofidagi Afrosiyob qurdirgan o‘g‘izlarning poytaxti Yangikent va boshqa manzillar dostonlarda ta’kidlanadi. “O‘g‘iz” dostoni Sirdaryo atrofini tasvirlaydi. Xitoy manbaalari ham xunlarning avlodi bo‘lgan ko‘k-turklarning Oltoy janubida yashagani va temirchilik bilan mashg‘ul bo‘lganini qayd etadi. Rivoyatlarga ko‘ra Nuh payg‘ambar dunyoni o‘g‘illari — Xom, Som va O‘fasga taqsimlarkan, turklarning ajdodi bo‘lgan O‘fasga Jayhun (Amudaryo) daryosining ortini, Ya’ni Turkistonni bergan. Oq-xunlar, g‘arbiy ko‘k-turklar, keyin o‘g‘izlar va qorluqlarning Sirdaryo va Issiqko‘l havzalarida yashashlari rivoyatlarning tarixiy asosini ta’kidlaydi.

Eroniy saltanatlar, Iskandar istilolari, arab lashkarlarining tazyiq va Movarounnahrda somoniylar davlatining paydo bo‘lishi turkiy silsilaning Sharqqa siljishlariga olib keldi, Movarounnahr, Sharqiy Turkiston, Afg‘oniston va Xuroson hamda Jayhun nahri turkiy qavmlarning azaliy va mangu hududiga aylandi.

XI asrdagi buyuk turkiy va saljuqiy yurishlar turkiy saltanatlar chegarasini yanada kengaytiradi. Zero, XIII asrda Turkiston yoki Turk diyori (arz-ut-turk) bu yog‘i Chin va Hindistondan u yog‘i Rum va saqlab (slavyan) o‘lkalariga qadar yastangandi. Bu dunyoning to‘rtdan biri turkiy ajdodlarimizga tegishli edi demakdir. Jayhun nahrining ikki qirg‘og‘i ham turkiylarga qaraganini arab mutaffakiri Johizning “Xuroson lisoni bilan turk tili orasidagi farq Makka va Madina lahjalari o‘rtasidagi tafovutga o‘xshaydi”, — degan fikridan ham anglamoq mumkin.

Ushbu tarixiy dalolatlarni keltirishdan muddao shuki, Turkiston nafaqat unda yashayotgan xalqlar uchun, balkim dunyodagi barcha turkiylar uchun tarixiy ona zamindir, ajdodlar beshigidir, uning yagonaligini tiklamoq nafaqat bugungi avlodlarning xohishi, balkim o‘tgan buyuk ajdodlarning vasiyati, kelgusi avlodlar oldidagi qarzimizdir. Chorizm va bolьshevizm bilan shiddatli olishgan bobolarimiz buni bilardilar.

“Turkiston” atamasining o‘zagi bo‘lmish “turk” so‘zining keng tarix maydoniga chiqishi XI asrda Ko‘k-turk davlatining barpo etilishi ila bog‘liqdir. Hali O‘rxun yozuvlariga xitoyliklar bu qavmni — “tikiu”, vizantiyaliklar “turkuva” deyishardi. Arab o‘lkalarida islomgacha bo‘lgan johiliya shoirlari ham (masalan, A’sho va Nobiga singari) va keyinchalik Xazrati Payg‘ambarimiz ham hadislarda turklarni — “turk” deb ataydilar. Ko‘k-turk hoqonlari davlatlariga qarshi isyon ko‘targan o‘g‘iz, turkash, qirg‘iz uluslarini ham nadomat bilan: “O‘z turk millatim edi-ku”, — deydilar (“Turkim budunim erti”). Bu shundan dalolatki, turk nomi faqatgina ko‘k-turk hoqonlari xonadonlariga yoki davlatiga doxil bo‘lmay, balki barcha turkiy qavmlarni birlashtirgan butun bir millatga tegishlidir. Hattoki yanada qadimiyroq oq-xunlar qo‘hna Eron va Arab manbaalarida turk nomi bilan qayd etilgan. I asr lotin muallifi Pompeius O‘rol (O‘yiq) va Itil (Volga) daryolari orasida shu qavmning yashaganligini aytadi. Hatto mashhur sinolog De Gruud xunlardan oldin Xitoy shimolida “tik” qavmi bo‘lganligini e’tirof etadi.

“Turk” atamasining kelib chiqishini V.Tomson, G.Nemet kabi turkshunoslar uyg‘urcha “quvvatli” ma’nosidagi “turuk” so‘zi bilan bog‘laydilar. Munkaksi va Vamberi singari olimlar esa “turk” so‘zi “to‘ramoq” so‘zining ildizidan hosil bo‘lganini ta’kidlaydilar va nizom, an’ana ma’nosidagi “to‘ra” so‘zini ham shunga bog‘laydilar, ya’ni “yurmoq”dan — “yuruk”, “turmoq”dan — “turuk”, “turk”. Nazarimizda, har uch izohda ham haqiqat bor, zero “quvvatli” (Tomson, Nemet) bo‘lmasa, oyoqda “tik” (De Gruud) turolmas, “turuk” (Munkaksi, Vamberi), sobit bo‘lmasdi. “To‘ralmoq” esa yaralmoqdir, demakki, xoliqning yaratgan mahluqlaridandir. “Ko‘k” so‘zini ko‘k-turklari turk samoviyligining shohidi sifatida qo‘shdilar. Usmonlilar saltanati asl ma’nosi ham “osmonli”dir.

“Turkiylar”, “turklar” atamasi tarixan keng qamrovli edi. Arablar avval Amu, so‘ngra esa Sir nahrlarining naryog‘ida yashagan barcha qavmlarni va mo‘g‘ullarni ham turk sanaganlar, chunonchi Muhammad Xorazmshohning qo‘shini va fuqarosi orasida ko‘plab shomoniy, qipchoq, qangli uluslari yashagani holda g‘ayrimuslim turklaru qoraxitoy va mo‘g‘ullarni ham “turk”atashadi. Saljuqiy va usmoniylar ham tomirlarida oqqan turk qonidan faxrlanadilar. Mavlono Jaloliddin Rumiy, garchand Onado‘lidagi ko‘chmanchi turklardan, ayniqsa, qoraxoniylar isyonlaridan darg‘azab bo‘lib ularni bir o‘rinda “bosqinchi” atagan esa-da, o‘zining turkiyligidan g‘ururlanardi, bir ruboiysida “Aslim turkdir” — deya turklikni sharaflagan edi. Mahmud Qoshg‘ariy, Xorazmiy, hazrat Alisher Navoiyning turkiy tilimiz rivoji borasidagi xizmatlari beqiyosdir.

Mustaqilligimiz tufayli Turkistonning o‘rtasida, Toshkent markazida Amir Temurga haykal o‘rnatildi. Amir Temur faxr bilan shunday lutf qilganlari olam ahliga ayon: “Biz kim — mulki Turon, Amiri Turkistonmiz. Biz kim — millatlarning eng qadimi va eng ulug‘i, turkning bosh bo‘g‘inimiz”. Sohibqiron “Biz kim?” deb so‘raydilar va o‘zlarini “Turkiston Amiri” deb biladilar, millatlarini “turkning bosh bo‘g‘ini” deb sharaflaydilar. Ul zoti kabir qavmlarini, urug‘larini yoxud lahjalarini aytishlari ham mumkin edi, ammo bu turkiylarni bo‘lib qo‘yardi, qolaversa, jahongir bobomiz turklikni, Turkiston birligini sharaflagan edilar.

Turkiston — o‘tmishimiz va kelajagimizdir. U oxirgi ikki asrda Chin va O‘rusiya o‘rtasida xomtalash bo‘ldi. Avval chorizm, keyin bolьshevizm bu yurtni bo‘lish va g‘ajish yo‘lini tutib keldilar. Tashqi zulm ichki jaholat bilan qo‘shilib, mamlakatni cho‘ktirdi. Alixonto‘ra Sog‘uniy “Turkiston qayg‘usi” asarida haqli yozganiday: “… xalqni ma’rifat nuridan mahrum, zamonaviy fanniy ilmlardan butunlay yiroq tutdilar. Chet davlatlar bilan aloqa bog‘lamadilar. Shuning uchun Turkiston xalqining ichida uyg‘onish, fikr ochilish va bor sharoitdan foydalanish imkoniyatlari bo‘lmadi”. Albatta, moziyda ulkan saltanatlar barpo etib, dunyo sahnining to‘rtdan birida ot surgan turkiylarning so‘nggi buyuk imperiyasi Amir Temur saltanati bo‘ldi. Temuriylar saltanatni butunlikcha ushlab turolmadilar. Buning ichki va tashqi sabablari haqida ko‘p aytilgan, aytilmoqda va yana aytilar. O‘rusiya, Chin, Britaniya, Fors istilolari — tashqaridan, noahillik, taxt talashishlar, xalqning ma’rifatdan yiroqlashuvi, sotqinliklar Turkistonni ichkaridan emirib kelgan. Ammo ikki asr mobaynida Turkiston xalqi va uning mustamlaka ahvoliga ko‘z tikib kelgan jahondagi turkiylar yagona Turkistonni orzu etib, kurashib keldilar. Bu jonbaxsh orzuni ro‘yobga chiqarish zamondoshimizning chekiga tushmoqda.

Bugun chorizm Turkistonni bosib olgani tarixiy haqiqatdir, “zolim boylardan bezor bo‘lgan” xalqning bosqinchilarni “quvonch bilan” qarshi olgani, O‘rusiyaga “ko‘ngilli” qo‘shilgani haqidagi afsonalarning umri tugadi. Ammo, aytish kerakki, chorizm mustamlakachiligidan sovet bolьshevizmi mustamlakachiligi o‘tib tushdi. “Oq poshsho”lar an’anaviy imperiyachi bosqinchilar edilar — ularning maqsadi yangi erlarni bosib olib, hududlarni kengaytirish, asir xalqlarni ishlatish, boyliklarini talash edi. Bu bosqinchilik Doro, Iskandar, Chingizxondan meros olamgirlik da’vosidir. Ammo sovet imperializmi ideokratik saltanatdir. U Turkiston erlarini zabt etib, xalqini asir etish barobarida shu xalqning qalbini ham zabt etishga chog‘langandi, sovet tuzumi xalqni “baxtli” bo‘lishga majbur qilardi, kimni sevishni (“Leninni va komunistik partiyani”), kimga sig‘inishni (“Kremlga!”), kimni yomon ko‘rishni (“Boylarni!”), kimdan nafratlanishni (“Kapitalistlardan!”) o‘rgatardi. “Xohlasang — o‘rgatamiz, xohlamasang… majburlab o‘rgatamiz”, — deyishardi. “Kelinglar, bir chiriyotgan ablah kapitalistlarni ko‘rib, ahvoliga kulib kelaylik”, — desang, “farovon sovet yurti”dan tashqariga chiqarishmasdi. Bugun bilsak chet elliklar “chirib ketayotgan” emas ekan.

Mustamlakachilikning, shubhasiz, yaxshisi bo‘lmaydi. Ammo chorizm xalqning izzat-nafsi bilan ancha-muncha hisoblashardi. “Turkiston” atamasini ham sovetlar tildan yo‘q qildilar ( dilda asradik). Inqilobdan oldin “Turkestanskie vedomosti” chop etilardi, “oq poshsho”ning vakili “Turkiston general-gubernatori” atalardi… Bolьshavoylar g‘oyaparastlar sifatida Turkistonni besh respublikaga bo‘lib tashlaganlari etmay, “turk”, “turkiy”, “Turkiston” so‘zlarining o‘zini ham tilga oldirmadilar.

Bugun “Turkiston — umumiy uyimiz” g‘oyasining yurtboshimiz tilidan jaranglab, xalqlarimiz dilida sado bergani, ayniqsa, Turkiston ziyolilarini birlashtirgani quvonchlidir. Zero, ziyolilar tarixda hamisha hukmdorlarni yarashtirib, sulhga undab, nizolar olovini o‘chirib kelganlar. Yagona Turkiston g‘oyasi ziyolilarga Mate va Bilga hoqondan, Afrosiyob va Manasdan, Abay va Jomiydan vasiyatdir. Sulhparvarlik Xirotu Samarqandu Qobul aro Boyqaro-yu Badiuzzamonlarni yarashtirib,egarda yurgan Navoiydan merosdir. Shohlar xatosini shoirlar tuzatib kelganlar. Muqaddas hadislarda aytilganiday: “Shar’il ulamo — zorul umaro, xayrul umaro — zorul ulamo”, ya’ni fozillarning yomoni — hokimiyatparastidir, shohlarning yaxshisi — ma’naviyatparasti, ulamolarga tashnasidir. Turkiston yana o‘z shavkatini tiklaydigan kunlar kelmoqda.

Yagona bo‘lsagina Turkiston mustamlaka zamonlari asoratlarini enga oladi. Turkistonning chekidagi asoratlar esa zalvorlidir:

siyosiy muammolar — Afg‘oniston, Tojikistondagi birodarkushlik urushlari, sun’iy chegaralar, mudofaa, jinoyatchilikka va nashavandlikka qarshi kurashda, tashqi siyosatda birgalikda kelishib harakat qilishdagi nomuvofiqliklar, tuzumlarning o‘zaro tafovutlari;

iqtisodiy muammolar — suv zahiralarining tanqisligi. Orol fojiasi, moliyaviy kelishmovchiliklar, hisob-kitobdagi to‘lov-tovonlar, dunyo yo‘llariga chiqish;

ma’naviy muammolar — yo‘qotilgan mulkka egalik tuyg‘usining qayta shakllanishi, yangicha bozor ongining uyg‘onishi, asriy milliy va umuminsoniy qadriyatlarning tiklanishi, haqqoniy diniy e’tiqod va mutaasiblik (fundamentalizm) tafovutlari…

Qolaversa, jahon oldida ajdodlarimiz shavkatiga mos ravishda hamjihatlik bilan yuz ko‘rsatish, mustaqillikni, kerak bo‘lsa, birgalikda himoya qilish, Olam ellari aro “turuk” bo‘lib, ya’ni sobit o‘laroq joy olish Turkiston rahbarlari va xalqlarining farzi ham qarzidir.

 

http://uz.adabiyot.uznet.biz

 

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: