Suriya: Turkiya tarafga qochayotgan suriyaliklar soni ortib bormoqda – bbc uzbek


9 iyun 2011

O‘tgan tun bo‘yicha Turkiya tarafga mingga yaqin kishi qochib o‘tgan

Suriya shimolida joylashgan Jasr al-Shug‘ur shaharchasida hukumat qo‘shinlari tarafidan kutilayotgan hujumlardan qochib, Turkiya chegarasiga bosh urayotgan suriyaliklar soni ortib bormoqda.

Turkiya rasmiylarining bildirishlaricha, o‘tgan tun bo‘yi 1,000 yaqin suriyaliklar chegarani kesib o‘tishgan. Hozir Turkiyadagi qochqinlar soni 1,600ga etgan.

Rim Papasi Benedikt XVI va BMT Suriya hukumatini o‘z xalqiga qarshi hujum qilmaslikka undagan.

Avvalroq, Britaniya va Frantsiya BMTga Suriyaning noroziliklarni bostirish usuli qoralangan rezolyutsiya loyihasini taqdim etishgan.

Qonun loyihasi Suriya hukumatiga qarshi choralarga izn bermaydi. Ammo, uning qachon ovoz qo‘yilishi ma’lum emas. Muxbirlar Rossiyaning ushbu masalaga munosabati qonun loyihasi taqdiri mavhum qolayotganiga asosiy sabab ekanini aytishadi.

Jasr al-Shug‘urda kutilayotgan harbiy amaliyotlar Damashqning 120 nafar xavfsizlik xizmati a’zosi “qurolli to‘dalar” tarafidan o‘ldirilganiga oid da’volarga javobidir.

Hukumatga ko‘ra, mahalliy odamlar armiyani ishga solib, tinchlik va osoyishtalikni qayta tiklashni so‘rashmoqda.

Lekin, Jasr al-Shug‘urdagi zo‘ravonliklar namoyishchilar tarafiga o‘tgan askarlar va tinch aholini qirg‘in qilgan hukumatga sodiq kuchlar o‘rtasida kelib chiqqani aytiladi.

Inson huquqlari guruhlariga ko‘ra, fevral oyida Prezident Bashar al-Asad boshqaruviga qarshi norozilik chiqishlari boshlanganidan beri mingdan ortiq inson o‘ldirilgan.

Hozir xavfsizlik kuchlaridan ham bir necha yuz nafari hayotdan ko‘z yumgan ko‘rinadi.

Chegaraning Turkiya tarafida bo‘lgan Bi-bi-si muxbiri Ouen Bennet Jonsning xabar qilishicha, Suriya tomonda yo‘lovchilar bilan to‘lib toshgan yuk avtomobillari har 10-15 daqiqada kelib-ketib turishibdi.

Ayrim yo‘lovchilar tezgina Turkiya tarafga o‘tib olishmoqda. Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘an chegarachilarga suriyaliklarni mamlakatga kiritish buyrug‘ini bergan.

Qolgan suriyaliklar esa, muxbirimizning aytishicha, Turkiyaga o‘tishga qaror berishdan oldin harbiy amaliyotlari qay ko‘lamda kechishini ko‘rish uchun dalalar va mevazorlar ichkarisida yashirinib turishibdi.

Nomini oshkor qilmagan Turkiya rasmiylaridan biri qochib chiqayotgan suriyaliklar soni keskin ortayotgani hamda ular orasida o‘nlab odamlar yarador ekanini aytgan.

Ko‘plar Yayladagi shaharchasida Qizil Xoch tashkil qilgan chodirlarda boshpana topishgan. Altinozida ikkinchi jamloqni tashkil etish rejalanmoqda.

Aksar qochqinlar muxbirimizga gapirishdan qo‘rqishgan.

Ammo, ulardan biri vaziyat o‘ta mushkul ekanini aytgan. Unga ko‘ra, Jasr al-Shug‘ur yaqinidagi qishloqda 30 ming nafarcha askar joylashtirilmoqda. Ammo, uning qo‘shimcha qilishicha, yuzlab askarlar xizmatdan bosh tortishgan va ular ham Turkiya tarafga o‘tish ilinjida chegarada to‘planishmoqda.

Yana bir qochqin hozir Jasr al-Shug‘urni 13-14ta tank o‘rab olganini aytgan.

Biroq, qochqinlarning so‘zlarini mustaqil manbalardan tasdiqlash imkonsiz qolmoqda.

Ammo, Suriya Axborot vazirligi voizi Bi-bi-si bilan suhbatda Suriya qo‘shinlari Jasr al-Shug‘ur atrofida joylashtirilayotganini tasdiqlagan.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/world/2011/06/110609_cy_syria_turkey.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: