Qozog‘iston 29 qochqinni O‘zbekistonga topshirdi – ozodlik.org


O‘zbekistonlik qochqinlar bundan roppa-rosa bir yil avval Toshkent so‘roviga ko‘ra, hibsga olingan edi.

09.06.2011

Mehribon

9 iyun kuni Olmaota hibsxonalarida roppa-rosa bir yildan buyon saqlanib kelgan 29 o‘zbek qochqinlarining barchasi O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.

Olmaota hibsxonalarida bir yil davomida saqlangan 29 nafar qochqin O‘zbekistonga berib yuborildi.

Bu haqda Ozodlikka Olmaota shahar prokuror o‘rinbosari Tashkenbay Abubakirov ma’lum qildi.

– O‘zbekiston bosh prokuraturasining so‘roviga ko‘ra, Qozog‘iston bosh prokuraturasi qochqinlarni ularga topshirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu odamlar O‘zbekiston hududida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlikda ayblangan va barchasi qidiruvga berilgan. O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida o‘zaro kelishuv bor. Shuningdek, Minsk konventsiyasi va boshqa xalqaro hujjatlarga ko‘ra, bu odamlar O‘zbekistonga qaytarildi. Ularning ayrimlari BMT tomonidan berilgan qochqinlik hujjatiga ega edi. Shuning uchun ularga o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida sudga apellyatsiya tartibida murojaat qilish imkoni berildi. Yaqinda sud ularning ishini ko‘rib bo‘ldi. Sud ularni ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi qarorni o‘z kuchida qoldirdi va ularga berilgan qochqinlik maqomi qaytarib olindi. Endi ular O‘zbekistonga topshirildi,- dedi Olmaota shahar prokurori o‘rinbosari Tashkenboy Abubakirov.

9 iyunning ikkinchi yarmida 12 nafar qochqin ayol erlarining O‘zbekistonga berib yuborilganiga norozilik bildirib, Olmaota shahar prokuraturasi binosini piket qilishdi.

Huquq faollari ma’lumotiga ko‘ra, piket payti ayollarga nisbatan huquq-tartibot idoralari xodimlari qo‘pol munosabatda bo‘lib, ayollardan ayrimlarini hibsga olgan.

Olmaotadagi o‘zbek qochqinlaridan biri Umida Azimovaga ko‘ra, hibsga olingan qochqin ayollardan to‘rt nafari ham O‘zbekistonga jo‘natilgan.

– Hozir mana qarang to‘rtta ayolni olib ketganda. Bu G‘ulomova Husniya, Mo‘minova Adolat, Qodirova Gulnora va Qobilova Feruza. Bu ayollarning bolasi shu erda qolib ketgan. Hozir Mo‘minova Adolat bizga qo‘l telefonidan telefon qilib “Bizlarni mashinaga o‘tkazib O‘zbekistonga olib ketayapti” deb aytdi. Ularni qanaqadir ROVDga olib ketganda. Endi u ROVDdan O‘zbekistonga olib ketayotgan ekan mashinaga o‘tkazib,- dedi Umida Azimova.

O‘zbekistonga topshirilgan 29 qochqinning Qozog‘istonda oilalari qoldi.

Eri O‘zbekistonga topshirilgan qochqin ayollardan biri, ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan holda aytishicha, u uch nafar yosh bolasi bilan sarosima va vahima ichida o‘tiribdi.

– Hammasini berib yuborganini eshitdik. Bilmadik endi. DVDnikining hammasini olib chiqib ketganini eshitdik ertalab. KNBniki ham svidaniega borishdi ayollar. “Unaqa odamlar yo‘q bu erda. Hammasini berib yubordik. Olib ketishdi. Ketdi bu erdan” debdi.  O‘zbekistonga berib yuboribdi. Endi nima bo‘ladi? Pasportimga deport qilish haqida muhr bosishgan. Endi meni ham bolalarim bilan jo‘natishsa kerak,- dedi yig‘i aralash qochqin ayol.

Hozirda Olmaota hibsxonalarida yana uch nafar qochqin qolgan.  Ularning mahkama jarayoni oxiriga etmagani bois O‘zbekistonga topshirilmagani aytilmoqda.

Qozog‘istonning qiynoqlar ehtimoli borligini bila turib, 29 qochqinni O‘zbekistonga topshirganini xalqaro tashkilotlar keskin qoralamoqda.

Hyuman Rayts Uotch xalqaro inson huquqlari tashkiloti vakili Veronika Goldston buni noinsoniy harakat deya atadi.

– Afsuski Qozog‘iston o‘zi olgan xalqaro majburiyatlarga zid tarzda qochqinlarni berib yuborayotgani birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Qochqinlarning Qozog‘istondan O‘zbekistonga deportatsiya qilinishi bu insoniy fojiadir. Endilikda BMT Qochqinlar idorasi kabi xalqaro guruhlar va Evropa hamda AQSh hukumatlari zudlikda harakat qilib, Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti xodimlarining ular yoniga kiritilishiga erishishlari kerak bo‘ladi,- deydi Goldston.

Xalqaro Amnistiya tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassisi Maysi Uaysherding Qozog‘istonni xalqaro majburiyatlarga zid harakat qilganlikda ayblaydi.

– Bu o‘ta xavotirlidir va ikki kun muqaddam ham biz Qozog‘iston hukumatidan bu shaxslarni O‘zbekistonga jo‘natishdan mutlaqo tiyilishni so‘ragan edik. Bu Qozog‘istoning jamiki xalqaro majburiyatlariga ziddir. Shuningdek, BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi ham bu shaxslarga oid ishni tekshirib chiqqinga qadar ularning O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinmasligini so‘ragan edi. Bu shaxslarning o‘z yurtida qiynoqlarga solinishi mumkinligi haqidagi xavotir va ogohlantiruvlarga qaramay Qozog‘iston hukumatining ularni yana qiynoqqa qaytarishga qaror qilgani bizni qattiq sarosimaga solmoqda,- deydi Tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassisi Maysi Uaysherding.

Markaziy Osiyoda inson huquqlari assosiatsiyasi rahbari Nadejda Ataeva ham 29 qochqinning O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinganini keskin qoralab, Qozog‘istonning bu harakati uchun unga qarshi xalqaro miqyosda birlashib, norozilik aktsiyasi boshlashga chaqiradi.

– Biz Qozog‘iston halqaro maburiyatlarini namoyishkorona ravishda buzayotganiga guvoh bo‘layapmiz. O‘ziga olgan maburiyalarga zid bo‘lgan holda 29 qochqinni O‘zbekistonga ekstraditsiya qildi. 29 qochqinning barchasi xalqaro himoyaga olingan. Ularning arizalari BMTning  qiynoqlarga qarshi kurash qo‘mitasi tomonidan ro‘yxatga olingan. Ularning arizalari o‘rganilayotgan paytda qochqinlarni O‘zbekistonga topshirishga haqqi yo‘q. O‘zbekistonda qiynoqlar muntazam ko‘rinish kasb etgani bugun barchaga ma’lum. Shuni bila turib Qozog‘iston qochqinlarni O‘zbekiston qo‘liga topshirishi umuman hayratlanarli. Shuning uchun butun dunyodagi jamoatchilik tashkilotlarini birlashib, Qozog‘iston o‘z maburiyatlarini buzgani uchun norozilik aktsiyalari o‘tkazishga chaqiraman,- deydi Nadejda Ataeva.

Qozog‘istonlik huquq faollariga ko‘ra, rasmiy Ostona keyingi to‘qqiz oy ichida 29 qochqindan tashqari yana to‘rt o‘zbek qochqini O‘zbekistonga ekstraditsiya qilgan edi.

O‘tgan yilning 30 oktyabr kuni Qozog‘iston O‘zbekistonga ekstraditsiya qilgan Tojikiston fuqarosi 36 yoshli Umarali Abdurahmonov joriy yilning boshida amnistiyaga tushmaslik sharti bilan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan boshqa uch qochqinning taqdiri hozircha noma’lum.

Olmaota hibsxonalarida bir yil davomida ushlab turilgan 29 qochqin o‘tgan yilning 9 iyunidan 11 iyunigacha Olmaota shahrida o‘tkazilgan “Migrant” reydi chog‘ida qozoq politsiyachilari va maxfiy xizmat xodimlari tomonidan qo‘lga olingan edi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bu qochqinlarni og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlikda ayblab, ularning o‘z ixtiyoriga berilishini so‘ragan.

Olmaota shahar Migratsiya departamenti o‘tgan yili Qozog‘iston janubiy poytaxtidagi ikki hibsxonada saqlanayotgan o‘zbekistonliklarning boshpana izlovchi shaxs maqomini berish bo‘yicha iltimosini  rad etdi. O‘zbek qochqinlarining mazkur qarori yuzasidan shikoyat arizasi 2010 yil so‘nggida Olmali tuman sudi tomonidan ham, joriy yil boshida Olmaota shahar sudi tomonidan ham rad etildi.

2010 yilning 8 sentyabr kuni Olmaota shahar prokurorining yordamchisi Tashkenbay Aubakirov Qozog‘iston Bosh prokuraturasi hibsxonadagi o‘zbek qochqinlarini O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish haqida qaror chiqarganini bildirgan edi.

Mart oyida Olmali tuman sudi Qozog‘iston Bosh prokuraturasining 32 o‘zbek qochqinini O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish bo‘yicha qarorini qonuniy deb topdi.

14 aprel kuni kuni o‘tgan mahkamada Olmaota shahar sudi sudyasi Ermaxan Dildabaev Olmali tuman sudining mazkur qarorini to‘g‘ri deb topib, uni o‘z kuchida qoldirdi.

9 iyun kuni esa 29 qochqin O‘zbekistonga topshirildi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24229480.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: