Muhojiratdagi yurtdoshim – uzxalqharakati


June 9, 2011

G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish,

El anga shafiqu mehribon bo‘lmas emish!

Assalomu‑alaykum, uyidan uzoq joylarda yurgan akalar‑ukalar, yurtdoshlar! “Elga kelgan to‘y”, deb tirikchilik orqasidan uydan chiqib mehnat muhojirligida yashayotgan yaxshilar! Topganingiz hayot qiyinchiliklarini engishga yordam bersin, asqotsin! O‘zingizning, bola‑chaqalaringizning to‘ylariga buyursin!

Endi, “to‘ygacha tuzalib ketadi”, deganlaridek, to‘ygacha tuzaladigan ancha og‘riq, dard, kamchiliklarimiz bor. Bu narsalarni barcha O‘zbekistonliklar his qilib turibdi. Eng ko‘p og‘riq nuqtalarimiz quyidagilar:

1. Uyda to‘ydirish, kiyintirishimiz kerak bo‘lgan oilamiz bor.

2. Qimmatchilik bir dard bo‘lib turibdi.

3. Sal engillik beradigan yoz ham tez o‘tib ketib qoladi.

4. Gaz, elektr to‘lovlari qimmat.

5. Og‘ir mehnatingizga yarasha tez boyib ham ketmaysiz.

6. Kunlik og‘ir mehnatni o‘tkazayotganingiz bilan bir qatorda, uyda qolgan xotin, bola‑chaqani ham mashaqqatli mehnatda kun kechirayotganini bilib turibsiz.

7. Mardikorchilikda kun kechirishning o‘zi bo‘lmaydi. Har kuningizda naqd xarajat bor.

8. Ishdan keyin xotirjam dam ololmaysiz. Ish ham zo‘riqishli, dam ham behalovat.

9. Uydagilar telefon qilib qolishsa va yo o‘zingiz gaplashsangiz, yurak hovuchlab turasiz. Kutilmagan muammo aytib qolmasmikan deb xavotirlanasiz.

10. Yashayotgan joyingizga biron tomondan xavf kelib qolmasmikan deb bezovtalanasiz.

11. Uydagilarni sog‘inib yuragingiz g‘ash yurasiz.

12. Hujjatlaringizning srogi o‘tib ketmasligi uchun alohida g‘am chekasiz.

13. Atrofingizda yaqin dardkashingiz bo‘lmasa siqilasiz.

14. Shoshilinch holatda uyga ketib qolish uchun doim ham sharoit bo‘lavermaydi.

15. Dunyoda ish izlab sargardon bo‘lib yurgan xalqqa aylandik.

16. Ish izlab erkaklar ham, ayollar ham, bolalar ham va hatto homilador kelinlar ham chiqmoqdalar.

17. Oqsoqol, enaxonlarimizni mehnat lagerlarida uchratayotganimiz ayanchli hol aslida.

18. Farzandlarimiz ilmsiz bo‘lib katta bo‘lishmoqda. Yagana, chopiq, chekankayu paxta terimidan bo‘shamayotgan yosh avlodga ilm olish uchun vaqt qayoqda deysiz.

19. Bolalarimiz kamquvvat bo‘lib qolishmoqda.

20. Dala ishlariga majbur jalb qilinayotgan ayollarimizning aksarisi kamqonli.

Shuncha va bundan ham ziyod dardlarimiz bor‑ku, lekin uni eshitadigan, unga echim beradigan javobgarimiz, g‘amkashimiz yo‘q. O‘zing uchun o‘l etim holida yashab yuribmiz. Hatto asalari va chumolilarda ham yashab rivojlanishlari uchun tashvishlanadigan malikalari bor. Nahot, shu hashorotlarchalik qadrimiz qolmayotgan bo‘lsa. Shunchalar erga urilib borayotgan elga aylanayotgan bo‘lsak? Bu ketishda yaqin kelajakda farzandlarimiz yaqqol kimlarningdir quliga aylanib qolmaydimi? Axir hozirning o‘zida ham o‘z yurtida gado bo‘lishyapti‑ku?! Ilmsiz, savodsiz, johillashgan el doimo boshqalarga qaram bo‘lib kelgan‑ku! Kunlik xotirjamlik bermayotgan g‘am‑tashvishlarga o‘ralashib yuravermasdan, masalaning bu mudhish tomoniga ham nazar tashlab qo‘ysak bo‘ladi‑ku!?

Biz kundan‑kunga ishsiz, bora‑bora savodsizlashib qolmoqdamiz. Bunday kunlarga tushishimizga diktator Karimovning zolim rejimi sabab bo‘lmoqda. Atrofga boqaylik! Axir qaysi prezident o‘z elini xor bo‘lishiga qo‘yib beryapti? Rossiya bizga joy, ish va sharoitlar yaratib berayotgan vaqtda imkoniyatlar keng bo‘lgan yurtimizda ishsizlik, mehnatimiz qadrsizlanishi, poraxo‘rlik, mansabdorlarning mensimasligi, o‘zimiz va oilamizga zulm o‘tkazilishidan qiynalmoqdamiz! O‘zbekistonda paxtadan tushayotgan bir yillik daromad to‘g‘ri taqsimlansa, 28 million emas, balki 80 million aholining turmush tarzini yaxshilasa bo‘ladi. Bu faqat paxtaga bog‘liq imkoniyat. Bundan tashqari yurtimizda oltin, nefьt, gaz zaxiralari etarli bo‘lib, daromaddan o‘zga xalqlarga ham xotirjamlik ulashish darajasiga aniq chiqa olamiz.

Buning o‘rniga haqqimizni talon‑taroj qilayotgan makkor Karimov va uning qizlari keltirayotgan zarar oqibatini birgalashib tortyapmiz. O‘zimiz chidaganimiz etmaganidek, ayollarimiz va bolalarimizga ham bu og‘ir qismatni ravo ko‘ryapmiz!

Azizlar, Rossiya yaratib berayotgan haq‑huquqlarimizdan foydalanishni o‘rganaylik‑da, ich‑ichimizdan zolim Karimov rejimiga qarshiligimizni, undan bu dunyoyu u dunyo rozi emasligimizni tiniq shakllantiraylik! Siyosiy ongimizni oshiraylik! Butun dunyodagi xalqlar qorniga emas, qadriga yig‘layotgan ushbu kunlarda biz go‘l bo‘lib yursak, bu eng avvalo o‘zimiz uchun uyat! Makkor Karimov bizni yana, takror va takror aldashga shaylanayotganida, biz ota‑bobomizdan qolgan: “Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi” maqolini yodga olib, vaqtida esimizni yig‘aylik!

Dunyo xalqlarida eng qadrli bo‘lgan tushunchalardan biri – o‘z davlatida xotirjam yashashlikdir! Bu narsadan bizni mahrum etdilar! Qayta bu narsaga erishishga haqlimiz! Buning uchun bizdan talab qilinayotgan narsa: a) bugungi kunni to‘g‘ri baholash, to‘g‘ri tushunish, b) haq‑huquqlarimizni o‘rganish, v) qalban zolim Karimov siyosatiga bo‘ysunmaslik!

Necha kunki yo‘q oromim, kelolmayman o‘zimga!

Xotirjamlik, ozodlik‑erk kirib chiqar tushimga!

O‘zbekiston Xalq Harakati ma’lumot tarqatish bo‘limi

 

http://uzxalqharakati.com/?p=236

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: