Cho‘lpon – istiqlol yo‘lida – e-tarix.uz


Cho‘lponning ulug‘vorligi shundaki, u XX asr o‘zbek adabiyotini yangi bir pog‘onaga ko‘tarib, o‘zbek adabiy tilining shakllanishi va ravnaq topishiga ulkan hissa qo‘shibgina qolmasdan, xalqda Vatan, Millat, Istiqlol tushunchalarining teran ma’no kasb etishiga ham mislsiz darajada katta ta’sir ko‘rsatdi. O‘zga so‘zlar bilan aytganda, u xalqda Hurriyat tuyg‘usini uyg‘otdi, uning ko‘zidagi g‘aflat pardasini olib tashladi, unda Vatanga muhabbat, Kelajakka ishonch hislarini tarbiyaladi. Uning fuqarolik jasorati xuddi shundadir.

Cho‘lpon va Il’minskiy

Olis davrlardan XX asrning boshlariga qadar yosh avlod vakillari Hindiston, Misr, Arabiston singari mamlakatlarga borib, tahsil ko‘rganlar. Ammo zamonlar o‘zgarishi, jamiyat hayotidagi dunyoviy fanlarning roli oshishi bilan tarix o‘zbek yoshlari oldiga yangi vazifalarni qo‘ydi. Ular endi nafaqat Sharq, balki G‘arb mamlakatlariga borib, ilg‘or fan asoslarini egallashlari zarur bo‘lib qoldi.

1867 yili Turkistonga general-gubernator bo‘lib kel- gan K.P.Kaufman mahalliy maorif tizimi bilan tanishgach, N.I.Il’minskiyning pedagogik tajribalaridan xabar topib, uni Toshkentga taklif etgan. Lekin Qozon o‘lkasidagi tajribalari bilan Rossiya maorif noziri Tolstoyning e’tiborini qozongan Il’minskiy Toshkentga kelmagan. Ammo u, shu bilan birga, o‘zining “qimmatli maslahatlari”ni ham Kaufmandan darig‘ tutmagan. Uning fikricha, Turkiston xalqlarini ma’rifatlashtirishda “rus g‘oyasi”ni chetlab o‘tmaslik, aksincha, barcha o‘quv ishlarini rus davlatining umumiy manfaatlariga bo‘ysundirish lozim edi. Il’minskiy pedagogik tizimining negizini tashkil etgan shu fikr, aslida, Kaufmanga ham begona bo‘lmagan. Rus davlati manfaatlaridan kelib chiqib ish yuritgan Kaufmanning fikriga ko‘ra, rus alifbosini Rossiyadagi Sharq xalqlari yozuviga birorta o‘zgartirishsiz kiritish zarur: “bu xalqlar, — degan edi u, — davlat tilini o‘rgana boshlashlari va rus tili ularning o‘zaro birlashishlarida vosita bo‘lishi lozim”.

Turkistonda ro‘y berayotgan voqealardan boxabar bo‘lgan Il’minskiy bu erga o‘qtin-o‘qtin o‘z fikrlarini yo‘llab turgan. Uning fikricha, har bir xalqning tarixida, eng avvalo, din, keyin esa shu dinning avloddan-avlodga o‘tishini ta’minlab turuvchi alifbo etakchi rolni o‘ynaydi. U ana shu xulosasidan kelib chiqib, Turkistondagi maktablarda provaslav dinini o‘qitishga ko‘proq ahamiyat berishni tavsiya qilgan. Kaufmanga shu masalada yordam berish uchun shogirdi N.P.Ostroumovni yuborib, unga yozgan xatlarida musulmon o‘quv yurtlarida isloh o‘tkazmaslikni maslahat bergan va “real maorif xalqning milliy ongini uyg‘otadi va chor hokimiyatining mustamlakachilik siyosatiga qarshi qurolga aylanadi “, deb yozgan.

1922 yili “Qizil bayroq” gazetasida bir o‘zbek qizining Evropaga o‘qish maqsadida ketgani haqida xabar bosilgan. Cho‘lpon bu xabardan mutaassir bo‘lib, Turkiston xalqlarining ma’rifat chashmalaridan bebahra yashashini istagan Il’minskiyni esga olgan va bunday yozgan: “Chor huku- mati vaqtida Ichki Rossiya musulmonlarini cho‘qintirmoq ishida Rustami Zol bo‘lgan, bizga ma’lum Ostroumov to‘ramizning ustozi sanalgan mashhur Il’minskiy cho‘qintirish siyosatining piri bo‘lgan mashhur Pobedonostsevga yozgan xatida: “Erlik xalq orasidan bizning uchun foydalik va hech bo‘lmaganda, zararsiz kishilar, u ruscha tilni tutulib, uyalib gapira turgan, o‘ruscha yozganda bir muncha xato bilan yoza turgan, bizning gubernatordan emas, hatto ustol boshlig‘i (mirzo) mizdan ham ko‘rqa turgan kishilardir “, — degan edi.

Bunga qarshi biz rus tili bilan emas, hatto Ovrupo madaniy millatlarining tili va bilimi bilan javob bersak, odam qatori yashamoqqa, albatta, haq hozonarmiz. Endi bu ezgu harakatga tariximizda ko‘ra olmaganimiz bir narsa ko‘shulsa, ya’ni: o‘zbekning erkin yigitlari emas, tutqun qizlari ham Il’minskiy vasiyatiga qarshi isyon boshlasa, o‘zi uchun eng totli bo‘lgan elidan, ota-onasidan kechib, minglab chaqirim erga ketsalar, odam qatori haqini turtki emasdan, urilmasdan, so‘kilmasdan o‘z huquqimizni ortig‘i bilan hozona olamiz…”

Cho‘lpon o‘z fikrini tag ma’noli quyidagi so‘zlar bilan yakunlagan: “Eski turmush o‘lim to‘shagida. Yigitlarimizning chin bilimiga qarab bu intilishlari eski turmushni bir oz avval erga ko‘mgusidir”. Cho‘lpon “eski turmush” tushunchasi ostida nafaqat chor mustamlakachiligi yillarini, balki umuman o‘zbek xalqini zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan olisda qoldirilgan davrni ko‘zda tutmoqda.

Tarix faktlari shundan dalolat beradiki, Cho‘lpon xorijiy mamlakatlarga o‘qishga ketgan yigit va qizlarimizga “oq yo‘l” tilabgina qolmay, balki ularga zarur hollarda moddiy yordam ko‘rsatib ham turgan. Mirmuhsin Shermuhamedovning “Ulug‘ Turkiston” gazetasida bosilgan (1917 yil 4 noyabr’) quyidagi tashakkurnomasiga shu jihatdan ko‘z tashlagan kishida Cho‘lponga nisbatan hurmat tuyg‘usining uyg‘onishi tabiiydir: “Boshimga tushgan og‘ir fojialar sababindan, — deb yozgan edi Mirmuhsin, — bu qish tahsilim uchun mutlaqo yordamga muhtoj bo‘lib qolgan edim. Mana shul holimni e’tiborga olib, Turkistonning ochiq fikrli yoshlaridan Abdulhamid afandi Sulaymoniy ila Miryusuf afandi Mirzahamidboevdan bir miqdor i’ona topshirildi va tag‘ida va’da etildi. I’ona sohiblarining har biriga chin ko‘ngildan tashakkur aytaman. Yashasin shunday himmatli yoshlar! Shunday milliy himmatgagina tayanib, men Ufaga — “Madrasai Oliya”ga ketdim “.

Cho‘lponga nisbatan bunday minnatdorchilik so‘zlarini Germaniyadan Abduvahob Murodiy ham yozgan.

Xullas, Cho‘lpon Il’minskiy singari shovinizm bilan zaharlangan ma’rifatparvarlarga qarshi faoliyatining ilk davridanoq o‘zbek xalqining istiqboli uchun kurash maydoniga otilgan.

Fevral inqilobidan so‘ng

1917 yil fevral inqilobidan so‘ng Turkistondagi rus bol’sheviklari tashabbusi bilan Ishchi va soldat soveti hokimiyatni qo‘lga olish uchun qat’iy kurash boshladi. Mahalliy ziyolilar va ruhoniylar o‘rtasidagi ichki nizodan foydalangan bol’sheviklar o‘z mavqelarini kun sayin mustahkamlab bordilar. “Sho‘roi islom” bilan “Sho‘roi ulamo” jamiyatlari esa bir-birlarining tagiga suv quyish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Agar shu kezlarda Markaziy Rossiyadan Mustafo Cho‘qaev va Zaki Validiy singari turkiy xalqlar taqdiri bilan kuyungan kishilar kelmaganida, ehtimol, bu jamiyatlar o‘rtasidagi kurash yanada ko‘ngilsiz natijalarga olib borgan bo‘larmidi.

Zaki Validiyning asosiy maqsadi Boshqirdistonni milliy istiqlolga olib chiqish bo‘lgan. Lekin vaziyat shunday ediki, milliy ozodlik harakati Turkiston va Qozog‘istonda kuchaymay turib, Boshqirdistonda Muxtoriyat hukumatini barpo etish mumkin emas edi. Buni sezgan Boshqirdiston markaziy soveti Z.Validiyni Qozog‘iston va Turkistondagi milliy harakatlarning rahbarlari bilan aloqa o‘rnatish uchun yuborgan. U Turkistonga kelgach, M.Behbudiy, M.Abdurashidxonov, A.Zohiriy, O.Mahmudov singari o‘zbek xalqining peshqadam siymolari bilan uchrashib, milliy harakatni kuchaytirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirgan.

Uning xotiralar kitobida shu hakda quyidagi muxtasar ma’lumotni o‘qiymiz: “Behbudiy, yosh o‘zbek shoiri Cho‘lpon, toshkentlik adabiyotchi Tolibjon, tatar Tagir No‘g‘oyko‘rg‘onli, samarqandlik Hakimzoda va kamina bir qancha shaharlarda bo‘lib, yig‘ilishlar o‘tkazdik va milliy ziyolilarning aksar qismini Turkiston Markaziy soveti tarafiga jalb etdik. Turkiston mustaqilligining asosiy dushmani bo‘lgan kadetlar partiyasi sekin-asta mahalliy aholiga bo‘lgan ta’sirini yo‘kota boshladi. Biz iyunning boshlariga qadar olib borgan jiddiy kurash natijasida hurriyat g‘oyalari ko‘pgina viloyatlarga kirib bordi”.

Afsuski, biz bu satrlarda tilga olingan dastlabki istiqlolchilarimiz va ularning keyingi takdiri haqida biror ma’lumotga ega emasmiz. Lekin bu ro‘yxatning boshida turgan Behbudiy va Cho‘lponning Fevral inqilobidan keyingi millat manfaati yo‘lida olib borgan faoliyatlari bizda katta qiziqish uyg‘otadi. Gap shundaki, o‘sha kezlarda tuzilgan Turkiston Markaziy sho‘rosining o‘zbek ziyolilarini o‘z atrofiga to‘plashi, nafaqat kadetlar partiyasi, balki bol’sheviklar va boshqa siyosiy partiyalarning faolligini ham susaytirishi, nihoyat, o‘lkadagi siyosiy-ijtimoiy vaziyatni o‘z nazoratiga olishi mumkin edi. Agar shu maqsadning Turkiston xalqlari taqdiri uchun muhim ahamiyatga molik ekanini nazarda tutsak, Cho‘lponning o‘zbek yozuvchilari orasida birinchi bo‘lib milliy mustaqillik uchun kurashga jiddiy kirishgani ravshan bo‘ladi.

Davr murakkab, siyosiy partiyalar esa ko‘p bo‘lgani uchun o‘zbek ziyolilarining birdan-bir to‘g‘ri yo‘lni tanlashlari oson kechmadi. Chunonchi, Nazir To‘raqulov va uning izdoshlari o‘sha kezlarda bol’sheviklar tomoniga og‘dilar. Munavvar qori, Behbudiy va Buxoro jadidlari kadetlar partiyasiga ham, sotsializm g‘oyasiga ham qarshi chiqdilar. Nizomiddin Xo‘jaev va uning tarafdorlari esa sotsialistik harakatning o‘ng qanotiga moyillik bildirdilar. Bu, nomlari tilga olingan shaxslarning qariyb barchasi Cho‘lponga ruhan yaqin kishilar bo‘lganligi uchun uning aro yo‘lda qolgan paytlari ham bo‘ldi. U o‘zining siyosiy faoliyatida xalq manfaatlaridan kelib chiqishga urindi.

Z.Validiy xotiralarida Cho‘lponning shu davrdagi siyosiy-ijtimoiy faoliyatiga doir ba’zi bir chizgilar mavjud. U, xususan, Fevral inqilobidan keyingi dastlabki kezlarni nazarda tutib, bunday yozgan: “Men bir-biriga sadoqatli, samimiy do‘stlarni orttirdim. Do‘stona suhbatlar paytida aytganim aksar fikrlar, ko‘p o‘tmay, maslakdosh va elkadosh do‘stlarimning she’r yoxud makrlalari shakliga kirib, yangi hayot kechira boshladi. Shoir Cho‘lpon turk xalqining saylov huquqlari uchun olib borgan kurashimiz to‘g‘risida go‘zal bir doston yozdi “.

Z.Validiyning bu so‘zlarida tilga olingan doston, chamasi, o‘z vaqtida e’lon qilinmagani uchun bizga etib kelmagan. U, yuqorida aytib o‘tilgan yig‘ilishlarda mitinglarda o‘qilgan.

Z.Validiy Turkistonda orttirgan maslakdoshlari to‘g‘risida so‘z borganda, birinchi navbatda, ko‘pincha Cho‘lponni yodga olgan. Ular o‘rtasidagi uzoq davom etgan do‘stona munosabatlar ham bu ikki siymoning ma’lum darajada sirdosh bo‘lganidan darak beradi. Agar shu narsani ko‘zda tutib, Z.Validiy bergan quyidagi ma’lumotni o‘qisak, Turkistonda 1917— 1923 yillarda milliy istiqlol uchun olib borilgan harakatning sirli tomonlaridan parda ko‘tarilgandek bo‘ladi:

“Do‘stim Ubaydulla Xo‘jaev, — deb yozgan u, — yurist sifatida bunday maslahat berdi: “Ta’sis majlisiga saylovlar to‘g‘risida modda kiritilishi mumkin. Biror joyni sotib olsang bo‘lardi “. Men uning gapiga kirib, Toshkent yaqinidagi Ohangaron daryosi yoqasida joylashgan Oblik, qishlog‘idan chorbog‘ sotib oldim. Chorbog‘ ajoyib bir erda joylashgan bo‘lib, undan Chotkolning korli cho‘qqilari ko‘rinib turardi. 1917 yilda menga bu joyda bo‘lish nasib etmadi, ammo 1922 yili bosmachilik harakatiga qo‘shilganlaridan keyin Boshqirdistondan kelgan yigitlarimiz shu uyda oylab yashashdi…. ”

Agar taxminimiz to‘g‘ri bo‘lsa, Cho‘lpon Ta’sis majlisiga a’zo bo‘lish uchungina emas, balki zarur bo‘lib qolganda yashirinish uchun sotib olingan bu chorbog‘dan xabardor bo‘lgan. Demak, aytish mumkinki, uning milliy ozodlik- harakatidagi ishtiroki faqat she’r va dostonlar yozish, vatandoshlarini istiqlolchilar atrofiga yaqinlashtirishdangina iborat bo‘lmagan. Bu taxminimizni 3. Validiyning quyidagi so‘zlari ham tasdiqlaydi:

“Biz umumrusiya miqyosidagi siyosiy ishlarda sotsialistlar bilan birga harakat qilganimizni hech qachon yashirmaganmiz. O‘sha paytda biz millat va sotsializm g‘oyalariga xizmat qiladigan erkin sotsialistik partiyani tuza boshlaganmiz. Bizning niyatimizga ko‘ra, bu partiya barcha Sharq xalqlarini birlashtirishi lozim edi. Uning tashkilotchilari esa qozoqlar tomonidan Alixonning tarafdorlari, shuningdek, maslakdoshlarimiz o‘zbek Nizom Xo‘jaev, shoir Cho‘lpon, buxorolik Abdulhamid Oripov edilar “.

3. Validiyning bu so‘zlariga qaraganda, Cho‘lpon Fevral inqilobidan keyingi dastlabki yillarda ijodiy ishlari bilan birga Rossiya tasarrufidagi musulmon xalqlarning birlashishi yo‘lida ham qizg‘in faoliyat olib borgan.

Cho‘lpon va Muxtoriyat

Tarix millari 1917 yilga kelib, katta shiddat bilan harakat eta boshladi. Fevral inqilobidan keyin ikki-uch oy o‘tmasdan, Moskvada butun- ittifoq umummusulmonlar qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoy qarorlari Turkistonda mavjlana boshlagan siyosiy hayot elkaniga kuchli shamol bo‘lib urildi. Iyul oyining o‘rtalarida Farg‘ona shahrida o‘tgan viloyat musulmon tashkilotlarining qurultoyida “Turk adam markaziyat” partiyasi tuzildi. Z.Validiy “erkin sotsialistik partiya” deb atagan bu siyosiy tashkilot o‘z oldiga qator demokratik tadbirlarni amalga oshirishni vazifa qilib qo‘ydi.

Cho‘lponning bu partiya a’zosi sifatida olib borgan faoliyati to‘g‘risida arxiv materiallarida birorta ma’lumot uchramaydi. Lekin Cho‘lponning Turkiston Muxtoriyat hukumatining tashkil topishiga aloqador ekanligi, uning bu hukumatini olqishlovchi “Ozod turk bayram” she’rini yozganligi va bu she’rning muxtoriyat madhiyasi o‘laroq xalq ommasi tomonidan kuylanganligi tasodifiy hol emas.

Toshkent bol’sheviklar qo‘liga o‘tgach, 26 oktyabr kuni Qo‘qonda IV Favqulodda o‘lka musulmonlari qurultoyi o‘z ishini boshladi. Uch kun davom etgan qurultoy Turkiston Muxtoriyat hukumati tuzilganini e’lon qildi. Shu tarixiy kunning ertasiga shaharda o‘tkazilgan mitingda Cho‘lpon so‘zga chiqib, “Ollohu akbar” degan Muxtoriyatga bag‘ishlangan she’rini o‘qidi. She’rning har bir satridan keyin ko‘p ming kishilik miting Cho‘lpon bilan birga “Ollohu akbar” deb Turkistonning hurriyatga erishganiga shukronalar aytdi. Shoir qalamiga mansub “Ozod turk bayrami” she’ri esa yuzlab nusxalarda tarqatilib, turk sharqiylari singari kuylandi va xalqning ruhiga ruh, ishonchiga ishonch qo‘shdi. She’rning “Turk beshigi -Turkiston, eri oltun, tog‘lari kon! Bolalari qahramon, Vatan uchun berur jon!” degan so‘nggi satrlarini kuylagan xalq Muxtoriyat uchun jonini ham berishga qasamyod etdi.

Turkiston Muxtoriyati keng xalq ommasi tomonidan qizg‘in kutib olinganiga qaramay, 1918 yil fevralining ikkinchi yarmida sovetlarning yaxshi qurollangan qo‘shinlari tomonidan tor-mor etildi. Shundan keyin Cho‘lpon, Z.Validiyning taklifi bilan, Orenburgga ketdi.

“Orenburgga kelib ulgurmasimizdan biz davlat qurilish ishiga kirishdik, — deb xotirlaydi Z.Validiy. — Hukumat raisi advokat Yunus Bikboev va professor Kulaev shu ish bilan shug‘ullandi. 1917 yil dekabrida bo‘lib o‘tgan Uchinchi Umumboshqird kurultoyi yigirma ikki kishidan iborat kichik sho‘ro (parlamentoldi kengashi) ni sayladi. Biz ularni Orenburgga yig‘ib olgach, ular adliya ishlari bilan mashg‘ul bo‘ldilar, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon boshqaruviga oid qonunlarni qabul qildilar. Garchand ularning ishlari favkulodda murakkab sharoitlarda kechgan bo‘lsa-da, mening barcha yig‘ilish va muhokamalarda ishtirok etishimga hojat bo‘lmadi. Ular menga: “O‘z ishing bilan shug‘ullan, boshqasini bizga ko‘yib ber”, deyishdi va men qo‘shinni to‘plash hamda ichki ishlar bilan bevosita shug‘ullandim. Bu kishilar bizning ishimizga qanday fidoyilarcha berilgan edilar!”.

Z.Validiy Orenburgga o‘zi bilan birga borgan turkistonliklar to‘g‘risida bunday ma’lumot bergan:

“Qo‘qonda barpo etilgan va Sovetlar tomonidan fevralda (1918 yil fevrali nazarda tutilmokda — N.K.) tarqatib yuborilgan Turkiston milliy hukumatining ba’zi bir a’zolari: Ubaydulla Xo‘jaev, shoir Abdulhamid Sulaymon (Cho‘lpon), keyinchalik Buxoroda harbiy nozir bo‘lgan Abdulhamid Oripov, Toshkent vakillaridan Mirmuhsin, Xiva va Buxorodan kelgan ayrim kishilar ham shu erda edilar. Abdulhamid Oripov tashqi ishlar bilan shug‘ullandi, u shoir Abdulhamid Sulaymon bilan birga mening kotibim edi “.

Modomiki, Muxtoriyat hukumatining a’zosi Ubaydulla Xo‘jaev ham, Muxtoriyatga bag‘ishlangan madhiyasida “Turkistonli — shonimiz, turonli — unvonimiz, Vatan — bizning jonimiz, fido o‘lsun qonimiz!” deb yozgan Cho‘lpon ham, boshqa turkistonliklar ham, shu vaqtda Z.Validiyning yonida bo‘lgan ekanlar, demak, ular Orenburgga Turkiston Muxtoriyati tor-mor etilganidan keyin borganlar. Taxmin qilish mumkinki, ular o‘zlarining Boshqirdiston milliy hukumatini barpo etishga qaratilgan faoliyatlarida Turkiston Muxtoriyati tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolardan saboq olishga harakat qilganlar.

Z.Validiy o‘z guruhi olib borgan ishlar to‘g‘risida yana quyidagi ma’lumotni bergan:

“Bizning Samara hukumati, O‘rol kazaklari va Qozog‘iston bilan birga amalga oshirganimiz dastlabki muvaffaqiyatli ish axborot to‘plashdir. Biz o‘z agentlarimizni oldindan mo‘ljallangan joylar — Uralsk (Teke), Xon o‘rdasi, Astraxan guberniyasi, Gurev (Uyshuq), G‘arbiy Sibirdagi Omsk, shuningdek, sovetlar nazorati ostidagi Orsk, Aktyubinsk va Toshkentga yuborib, qisqa muddatda o‘z razvedxizmatimizni vujudga keltirdik. Bu ishlarga Oripov rahbarlik qildi. Bizning milliy shoirlarimiz Saitgarey Magaz, Shayxzoda Babich, o‘zbek shoiri Abdulhamid Sulaymon, yosh qozoq jurnalisti Berimjon va bir o‘qimishli shoira qiz bu shaharlarda yashirin joylarni tashkil etdilar va bu joylar Orenburgdagi markazni g‘oyat himmatli axborot bilan ta’minlab turdi “.

Z.Validiy general Dutov qismlarida bunday shoshilinch axborotni to‘plash ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani va bu narsa uning harbiy operatsiyalariga salbiy ta’sir o‘tkazganini aytib, Toshkentda ro‘y berayotgan voqealar haqidagi ma’lumotlar tinimsiz ravishda Qozog‘iston orqali etib borganini alohida ta’kidlagan.

Shunday qilib, Cho‘lpon Boshqirdiston milliy hukumatining Turkistondagi vaziyatga oid shoshilinch ma’lumotlar bilan ta’minlanishida ishtirok etgan. Agar Z.Validiyning yuqoridagi so‘zlariga teran nazar tashlasak, Turkiston Muxtoriyatining mag‘lubiyatidan keyin Orenburgga yo‘l olgan turkistonliklarning Qozog‘istonda to‘xtagani va mahalliy istiqlolchilar bilan uchrashgani ma’lum bo‘ladi.

Bugun biz Oktyabr to‘ntarishining dastlabki kunlarida nafaqat Turkiston, balki Rossiya tasarrufidagi boshqa musulmon o‘lkalarida ham milliy hukumatlarni barpo qilishga qaratilgan urinishlar bo‘lganini bilamiz. Keyingi yillarda bizga yana shu narsa ma’lum bo‘ldiki, Rossiya tasarrufida yashovchi musulmon xalqlarning istiqlol- sevar farzandlari o‘sha kezlarda Turkiy respublikalar federatsiyasini tashkil etish fikrida bo‘lganlar. Bu federatsiyaga, birinchi navbatda, Turkiston, Qozog‘iston va Boshqirdiston milliy hukumatlarining kirishi ko‘zda tutilgan. Cho‘lpon 1917—1918 yillarda ana shu g‘oyaning ro‘yobga chiqishi yo‘lida faoliyat olib borgan.

Sharq xalqlari qurultoyi

Turkiston Muxtoriyatidan keyin Boshqirdiston va Qozog‘iston milliy hukumatlari ham bol’sheviklar tomonidan tugatildi. Ular turkistonlik muxtoriyatchilarni ta’qib etibgina qolmay, Farg‘ona vodiysida yashovchi aholini ham xonavayron qildilar. Turkiy xalqlarga nisbatan alamzada bo‘lgan dashnoqlar vodiydagi o‘nlab qishloqlarni qonga botirdilar. Cho‘lpon, shubhasiz, bol’sheviklarning o‘z davlatlarini minglab kishilarning qoni va joni evaziga barpo etayotganlariga tinch qarab tura olmadi.

1919 yili u “Yurish marshi” degan she’rini yozib, Turon o‘g‘lonlarini qilichini qinga solmay, ona vatanni ozod etishga chaqirdi. Bugun sarlavhasi bir oz g‘alati tuyulgan “Qizil baynalmilal” (1919) she’rida esa bunday satrlarini yozdi:

Sharq ellari asir kabi ishlarlar

Bir hovuch ham kelmaydigan xalq uchun…

Sharq eliga qutulishga yo‘l yo‘qmi,

Unga hech kim shafqat ko‘zin solmasmi?

G‘arblilardan insof, vijdon hech yo‘qmi,

Biror quvvat bu zulmni olmasmi?

Shoir shu satrlardagi “Sharq eli” so‘zlari ostida faqatgina o‘zbek xalqini ko‘zda tutmagan. O‘sha yillarda o‘zbek xalqi bilan birga turkiy xalqlar ham, Angliyaning iskanjasida yashagan hindlar ham “bir hovuch ham kelmaydigan” xalq uchun asirlar kabi ishlamoqda edilar. Shuning uchun u shu xalqlarning birlashishini astoydil orzu qildi.

1920 yilning 1—5 sentyabr’ kunlarida Bokuda Sharq xalqlari qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Cho‘lpon va uning maslakdosh do‘stlari bu qurultoydan ko‘p narsani kutgan edilar. Lekin Stalin rahbari bo‘lgan Milliy ishlar xalq komissarligi va Musulmon kommunistlarning markaziy byurosi bu qurultoy ishini qattiq nazorat ostiga olib, Sharq xalqlari vakillarining bol’sheviklar zulmi va tuzumiga qarshi birlashishiga imkon bermadi. Cho‘lpon qurultoy ishida tarjimon sifatida ishtirok etdi.

Qurultoyning Sharq xalqlari vakillari uchun e’tiborli jihati Anvar Poshaning ishtiroki edi. Turkistonda ayniqsa mashhur bo‘lgan bu zotga garchand qurultoyda so‘z berilmagan bo‘lsa ham, milliy delegatsiyalar, birinchi navbatda, u bilan uchrashishga intildilar. Shunday uchrashuvlardan biri Kaspiy dengizi bo‘ylarida joylashgan bir uyda bo‘lib o‘tdi.

“Kunlarning birida, — deb yozadi Munavvar qori Abdurashidxonov, — biz Anvar Poshaning dog‘istonlilar bilan arab tilida suhbatlashish uchun shu uyga kelishidan darak topdik. Biz ham etib bordik… Oradan bir muncha vaqt o‘tgach, chindan ham, Anvar Posha paydo bo‘ldi va biz bilan o‘n besh daqiqa suhbatlashdi “.

Munavvar qori bu so‘zlarni 1929 yilda hibsga olinganidan keyin tergov uchun yozib bergan. Shuning uchun ham u Anvar Posha bilan qancha vaqt va nima to‘g‘risida so‘zlashgani masalasida aniq bir gapni aytmagan. Ammo shu narsa ma’lumki, Anvar Posha qurultoy kunlarida Turkiston, Buxoro, Xiva, Afg‘oniston va Eron vakillari bilan maxfiy uchrashuvlar o‘tkazgan. Cho‘lpon ana shunday uchrashuvlarda qatnashib, Anvar Posha bilan tanishgan. Anvar Posha Cho‘lponda xayrixohlik tuyg‘ularini uyg‘otgan. Uning turkiy xalqlarni yaqinlashtirish g‘oyasi o‘zbek shoirlariga begona emas edi. Sharq xalqlari qurultoyiga katta umidlar bilan borgan, qurultoy boshlangunga qadar Kaspiy dengizi bo‘ylarida yurib, go‘zal yulduzlar bilan suhbatlashgan va ularga “Go‘zal yulduz, nurli yulduz, tez so‘zla Otalarning tarixdagi xatosin; Shul xatodan osuflanib, yovlarning El ko‘ksida surgan ishrat, safosin. So‘zla, anglat o‘tgandagi turmushning Butun qonlik, shonlik, jonli erlarin. Ko‘z oldimda jilvalanar yurt uchun Jonlar berib, krnlar to‘kkan erlari…”, deb yozgan Cho‘lpon qurultoydan emas, Anvar poshadan ko‘proq umid kutdi.

1937 yil 10 avgustda bo‘lib o‘tgan tergov qaydnomasida bunday ma’lumot bilan tanishamiz:

“1920 yili Bokuda Sharq xalqlari qurultoyi o‘tkazildi, unda Salimxon Tillaxonov, Nabi Riskulov, G‘ozi Yunusov, Munavvar qori, Obid Chatoq, Jo‘raboev, men va boshqa panturkiston arboblar qatnashdilar Delegatsiyaga Risqulovning o‘zi rahbarlik qildi. Qurultoy paytida Riskulovning yaqin safdoshlari — Fayzulla Xo‘jaev va Norbo‘tabekov Sovet hokimiyati va Kommunistik partiya siyosatiga qarshi qaratilgan sahnaorti ishini olib bordilar. Ular “qizil generallaringizni olib keting! “— degan shior bilan chiqdilar. Ammo qurultoyda ularning so‘zlari o‘tmagach, Turkiston delegatsiyasi “dohiylari ” Riskulov rahbarligida to‘planib, Sovet hokimiyatiga qarshi kurashni avj oldirishga kirishdilar, “bosmachilik” kuchlarini tashkil etib, bu harakat orqali ochiqdan-ochik, panturkistik tashkilotning kurultoydan keyin qabul qilingan qarorini amalga oshirdilar “.

Shubhasiz, NKVD tomonidan tayyorlangan va qiynoq ostida qo‘l qo‘ydirib olingan so‘roqnomalarga tanqidiy qarash, ularda keltirilgan faktlarni boshqa hujjatlar bilan qiyoslash va shu tarzda haqiqatning oltin zarralarini topish lozim. Yuqorida keltirilgan parchaning ham NKVD xodimlari tomonidan “ijod qilinganligi” yaqqol sezilib turadi. Ammo shu bilan birga, nazarimizda, unda haqiqat uchqunlarida yo‘q emas. Chindan ham, qurultoyning kommunistik ruxda kechganligini ko‘rgan Turkiston delegatsiyasining ilg‘or qismida, shu jumladan, Cho‘lponda bol’sheviklar zulmidan qutulish va mustaqillikka erishishning boshqa yo‘llarini axtarish istagi paydo bo‘lgan. Ular Muxtoriyat tugatilganidan keyin vujudga kelgan va sekin-asta kuch ola boshlagan “bosmachilik harakati”da ana shu yo‘llardan birini ko‘rganlar.

O‘sha kezlarda Angliya mehnatkashlari o‘rtasida g‘alayon ko‘tarilib, davlat siyosiy mashinasi tebranib qolgan. Jahon xaritasida yuz berayotgan voqealarni sinchkov nazar bilan kuzatgan Cho‘lpon esa “Ulug‘ Britaniyaning bu kungi hokimiyat”iga degan she’r yozib, uni bunday so‘zlar bilan tugatgan:

Mazlumlar ezilgan, xor bo‘lganlarning

G‘azab olovlari bir kun tutashar!

“Intiqom! Intiqom!” — degan na’ralar

To‘lqinday quturib, Temzadan oshar.

O‘shanda Temzaning suvlari qadar

Quturib oshishlik bizda ham bo‘lar.

Bu satrlar bilan so‘roq qaydnomasidagi Sovet hokimiyatiga qarshi kurash haqidagi so‘zlar o‘rtasida muayyan yaqinlik bordek tuyuladi.

Boshi berk ko‘chalarda

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi barpo etilgach, Cho‘lpon, chamasi, Fayzulla Xo‘jaevning taklifi bilan “Buxoro axbori” gazetasiga muharrirlik qilish uchun Buxoroga boradi. Bu vaqtda Buxoro amirini ag‘darishda jadidlarga yordam bergan Frunze qo‘shinlari va, umuman, Sovet hokimiyatining g‘arazli niyati oshkor bo‘lgan edi. Shuning uchun ham, respublika rahbarlari o‘rtasida bol’sheviklar ta’siridan xalos bo‘lish istagi shakllanayotgan edi. Lekin bol’sheviklar respublika raisi Fayzulla Xo‘jaev bilan Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi Mirza Abdulqodir o‘rtasiga pona qo‘yishga ulgurgan va bu pona rahbariyatni ikki guruhga ajratayotgan edi.

“Barcha Buxoro jadidlari, — deb yozadi shu kezlarda Buxoroga kelgan 3. Validiy, — amirni ag‘darish uchun olib borgan kurashlarida ruslar bilan birlashdilar. Ammo ular Rusiya bosqinchilik hokimiyatining cheksiz-chegarasiz bo‘lishiga qarshi edilar. Ularning shu masaladagi birdamligi har qanday maqtovga sazovor edi.

Ular oqshomlari meni uylariga mehmonga taklif qilib turardilar. Biroq ular o‘zaro har doim ham ahil bo‘lmaganlari uchun, tag‘in birortasi ruslarga gullab qo‘ymasin, deb tashvishlanar edim…

Bizning asosiy vazifamiz ag‘darib tashlangan amirga qarshi kurashni davom ettirish niqobida Buxoro milliy armiyasini tashkil etish va Xiva, Turkmaniston, Qozog‘iston vakillarini chaqirib, “Turkiston milliy ittihodi ” tashkilotini tuzish edi. Biz shunga tayyorlanar ekanmiz, iyun oyining boshlaridayoq Boshqirdistondan Qozog‘istonning barcha burchagiga, G‘uljadagi yaponlarga, Farg‘ona vodiysidagi bosmachilarning taniqli rahbarlariga odamlar yubordik “.

“Biz qozoqlarning “Alash O‘rda ko‘mitasi ” a’zolari va turkman ziyolilarini ham Buxoroga taklif etdik, — deb davom etadi 3. Validiy, — ularni Buxoroning shimol tomonida joylashgan Xargush qishlog‘idagi bir xo‘jalikda kutib oldik… Boshqirdistondan kelgan… ofitserlarimiz Buxorodagi harbiy idoralarda yuqori lavozimlarga joylashib olishdi. Qarshi, Shahrisabz, G‘uzor, Karmanada joylashgan harbiy qismlar (ya’ni markaziy harbiy qismlar) shu ofitserlarning nazorati va ta’siri ostida bo‘ldi… Bizning maqsadimiz quyidagicha edi: agar ruslar bizga milliy qo‘shinlarni qonuniy ravishda tuzishga imkon berishmasa yoxud biz tuzayotgan qo‘shinlarni tarqatib yuborishsa, bosmachilarga qo‘shilib, umumiy kurashni boshlaymiz… ”

Z.Validiy Cho‘lponniig bu yashirin harakatdagi ishtiroki to‘g‘risida biror so‘z aytmagan. Aytmagangina emas, hatto Cho‘lpondan qochib-yashirinib ham yurgan. Uning nazarida, rus ayg‘oqchilari bilan to‘lgan shaharda shoirona kayfiyat sohibi bo‘lgan Cho‘lponning bu haqda gullab qo‘yishi mumkin edi. Ammo shunga qaramay, o‘sha kezlarda Xargushda istiqomat qilgan Cho‘lponning chor atrofda ro‘y berayotgan voqealardan, Muxtor Avezov singari yozuvchilarning kelayotganidan xabarsiz bo‘lganiga ishonish qiyin. Qolaversa, uning siyosiy vaziyatdagi o‘zgarishlarni, Buxoro respublikasining sovetlashib borayotganini sezmasligi mumkin emas. Zero, u hali Buxoroga bormay turiboq, 1921 yil martida, “Chaqirguvchi, o‘kirguvchi bir tovush Botirlarning jon so‘ragan tovshidir. Yiqituvchi, ag‘daruvchi qo‘zg‘alish yaqindagi zo‘r kurashning boshidir “, deb o‘zining “bosmachilik” harakatiga xayrixohligini oshkora aytgan edi. Oradan bir necha oy o‘tgandan keyin, Farg‘ona vodiysida ro‘y bergan dahshatlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganidan so‘ng esa “Buzilgan o‘lkaga” she’rini yozgan va bunday hayqirgan edi:

Ot minganda qushlar kabi uchguvchi,

Erkin-erkin havolarni quchguvchi,

Ot chopganda uchar qushni tutguvchi,

Uchar qushday yosh yigitlar qaerda?

Tog‘ egasi — sor burgutlar qaerda?..

Cho‘lpon bunday olovli satrlari bilan azamat yigitlarni bol’sheviklar hokimiyatiga qarshi kurashga chaqirgan, ularni bosmachilar safiga kelib qo‘shilishga undagan edi.

Xullas, Cho‘lponning ham, Z.Validiyning ham tashvishlari bejiz olovlanmadi. Bol’sheviklar turli-tuman bahonalar bilan BXSRning aksar rahbarlariga turli ayblar qo‘yib, ularni badnom eta boshladilar. Fitrat hibsga olishlaridan qochib, Toshkentga keldi. U bilan qariyb bir paytda Cho‘lpon ham Buxoroi sharifni tark etdi.

Cho‘lpon F. Xo‘jaevning taklifi bilan Buxoroga borganida, toshkentlik do‘st-yorlar uni kurashdan qochishda ayblagan edilar. U bunday kayfiyatdagi o‘rtoqlariga javoban “Men qochmadim” degan she’rini yozib, unda, jumladan, bunday degan edi:

Men qochmadim! Nega meni “qochdi”, deb

Yo‘qga muncha shovqin-suron qildingiz?

Quchog‘ini “o‘zligi”ga ochdi, deb

Oq ismimga qora zanjir ildingiz?

Men “o‘zlik”dan ko‘pdan beri uzilib,

“Ko‘plik” ichra botib ketgan tanamen.

U “ko‘plik”ning qayg‘usidan cho‘zilib,

Quloch otib, suzib yurgan yana men.

Men yangilar o‘lkasidan sinmagan

Bir qanotni taqib olib qo‘zg‘aldim.

Shu yo‘limda yaproqlari so‘nmagan

“Yosh yog‘och”ning soyasida to‘xtaldim.

Cho‘lpon bu she’rn bilan avvalgi e’tiqodidan qaytmaganini aytib, “yosh yog‘och” — Fayzulla Xo‘jaevning soyasida milliy istiqlol uchun kurash olib borishini ma’lum qilgan edi. Lekin bu “yosh yog‘och”ning yaproqlari, ko‘p o‘tmay, to‘kila boshladi. Uning o‘zi ham ana shu yaproqlardan biri o‘laroq to‘kilib, Toshkentga qaytdi.

U Toshkentga qaytar ekan, poezd O‘rta Osiyo temir yo‘lining Jumabozor bekatida to‘xtaganida, “Yupanmoq istagi” deb nomlangan she’rini yozadi. 1922 yilning 9 iyunida qog‘oz betiga to‘kilgan quyidagi so‘zlar Cho‘lponning ko‘nglidagi umid niholi so‘nmaganidan darak beradi.

Mana, o‘sha satrlar:

Dengizlar qaynasa, toshsa suvlari

Kesilsa yo‘lchining istak yo‘llari,

Dengizga aylansa o‘ng va so‘llari,

Balki yupatgusi ho‘llangan ko‘zlar?..

O‘ylangan yo‘llarga ko‘ngil yupanmas,

Ko‘ngilning istagi o‘y bilan qonmas,

Aytarlar: bu tunda yorug‘ sham yonmas,

Chaqmasa gugurtni asl o‘g‘illar…

Cho‘lpon shuurida qanday qutlug‘ niyatlar tug‘ilgan, boshida qanday olijanob o‘ylar charx urgan bo‘lmasin, shoir ko‘ngli faqat bir narsadan — Turkiston o‘g‘lonlarining gugurt chaqib, tunni yoritishlaridan munavvar bo‘lishi mumkin edi. Cho‘lpon Anvar Poshani ana shunday o‘g‘lonlardan biri, deb bildi. Falakning gardishi bilan Bokudan Buxoroga butunlay boshqa maqsadda kelgan Anvar Posha Turkistonda boshlangan milliy ozodlik harakatiga tasodifan qo‘shilib, o‘sha yil avgust oyining boshlarida son jihatidan bir necha baravar katta rus armiyasiga qarshi kurashmoqchi bo‘ldi. 4 avgust kuni Baljuvan yaqinida bo‘lgan qahshatqich jangda besh joyidan o‘q eb, halok bo‘ldi. Bu sarkardaga katta umid bog‘lagan Cho‘lpon astoydil qayg‘urib, “Baljuvan” she’rida: “Faryodim dunyoning borlig‘in buzsin! Umidning eng so‘nggi iplarin uzsin!” — deb qayg‘u va alamlarini ifodaladi.

Cho‘lpon va “Darxon”

1923 yili O‘zbekiston hukumati bosmachilik harakatini tugatish maqsadida “Darxon” gazetasini tashkil etgan. “Turkiston” gazetasining muharriri Abdulhay Tojiev, Cho‘lpon va Bosit Qoriev (Oltoy) Andijonga borib, “Darxon” gazetasini chiqarganlar. Mutaxassislarning uqtirishlariga ko‘ra, Anvar Poshaning o‘limidan keyin bosmachilik harakati bir qadar susaygan va parokanda holga kelgan bo‘lib, uning davom ettirilishi tinch aholini ham, “bosmachi”larning o‘zlarini ham halokatga olib kelishi mumkin edi. Shuning uchun, ularning aytishlaricha, Cho‘lpon bu nozik ishga aralashishdan voz kechmagan. Lekin shunga qaramay, u qaerdadir o‘z vijdoniga qarshi ish tutgan hisoblab, qattiq iztirob chekkan.

Muhit girdobida bir somon parcha,

Bir poxol cho‘pidek oqib boramen,

Har amal, har ishni “haq”, deb boramen,

Vazminim qolmadi bir uzun qilcha,

deb nola qilgan u “Somon parcha” she’rida. Hatto shu she’rni quyidagi badbin xulosa bilan tugatgan:

Kirmaymen ko‘chaning boshi berkiga,

Chunki taslim bo‘ldim muhit erkiga…

Bunday satrlarni o‘qigan kitobxonning Cho‘lpon dunyoqarashi va faoliyatida keskin o‘zgarish yuz berganiga ishonishi mumkin, albatta.

Lekin so‘roq qaydnomalarini o‘qir ekanmiz, ba’zi bir faktlar bizni o‘ylantirmay qo‘ymaydi. Chunonchi, Cho‘lpon yuqorida nomlari qayd etilgan hamrohlari bilan birga Andijonga borishdan avval Qo‘qonda Obidjon Mahmudovning uyida mehmon bo‘lganlarini eslab, bunday degan: “Farg‘onada bo‘lgan paytimizda Obid chatok, Mahmudovning uyida Abdulhay Tojiev, men va Bosit Qoriev kengash o‘tkazdik. Shunda Obid chatok, NEP joriy etilgani uchun bosmachilarga harshi hech qaiday tadbir-chorani ko‘llash kerak emas, zero, bosmachilik harakati o‘z-o‘zidan tugaydi. Bosmachilik — Sovet hokimiyatining zulmga asoslangan siyosati natijasi. Modomiki, NEP bu zulmga chek ko‘yar ekan, omma bosmachilikdan yuz o‘giradi. Abdulhay Tojiev ham Obid chatoqning dalillariga ko‘shildi… ”

Bu so‘zlarni o‘qir ekanmiz, ularning NKVD xodimi tomonidan bichib-to‘qilganiga ishonging kelmaydi, kishi!

Yana shu qaydnomada quyidagi ma’lumotlarga ham duch kelamiz. Cho‘lpon tergovchining savollariga javob berib, bunday degan: “1922—1923 yillarda panturkistlar tashkiloti qurollangan bosmachi-isyonchi kadrlarni saqlab qolish maqsadida bosmachilik harakatini sekin-asta tugatmoqchi bo‘ldi. Kunlarning birida Riskulov meni huzuriga chaqirib, Munavvar krri va Zahiriddin a’lamning oldiga borishim va ulardan Farg‘ona vodiysidagi bosmachilarga murojaatnomani olib, unga keltirib berishimni so‘radi. Men Munavvar qori bilan Zahiriddin a’lamning uylariga bir necha marotaba bordim, lekin murojaatnoma tayyor emas edi. Nihoyat, uch-to‘rt kun o‘tgandan keyin men Riskulovning ko‘rsatmasi bilan tuzilgan murojaatnomani Zahiriddin a’lamdan olib, Riskulovga keltirib berdim. Bu murojaatnomaning mazmuni bosmachilikni tinch yo‘l bilan tugatish va bosmachi-isyonchi kuchlarni kelajak uchun saqlab qolishga qaratilgan edi “.

So‘nggi jumlaning NKVD xodimlari tomonidan tahrir qilingani yaqqol ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, bu parchada ham haqiqat urug‘lari bordek tuyuladi. Hattoki, nazarimizda, millatparvar kishilarning bosmachi kuchlarni kelajak uchun saqlab qolish maqsadida bu harakatni vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lganlari sezilib turibdi.

Xullas, Cho‘lponning “Darxon” gazetasidagi faoliyati uning chekinishi, “somon parcha”ga aylanishi emas, balki vaziyatga to‘g‘ri baho berishining natijasi edi.

Tilak yo‘lida

1921 yilning navro‘z kuni edi. Cho‘lpon Toshkentda yaqin do‘st-yorlari bilan qutlug‘ ayyomni qarshi olib, gurung quradi. Bu gurung ishtirokchilari orasida kimlar bo‘lgani noma’lum. Lekin shu narsa aniqki, suhbat mavzui milliy istiqlol uchun kurash masalasiga borib taqalganida, kimdir bu kurashning biror natija bilan tugashiga shubha bildirib, sovetlar bilan hamkorlik qilishni taklif etadi. Chamasi, gurungda hozir bo‘lgan kishilarning aksari bu fikrga qo‘shiladi. Faqat bir kishigagina bu fikr yoqmaydi. Bu, Cho‘lpon edi. U shu kuni do‘st-yorlari bilan xayrlashib ketgach, “Tilak yo‘lida” degan she’rini yozadi. Sarlavhadan keyin “Charchaganlarga” degan bag‘ishlovi bo‘lgan bu she’r quyidagi satrlardan iborat:

Ketgan yo‘lim to‘g‘ri yo‘ldir, ketamen,

Qanday to‘siq-mone bo‘lsa, o‘tamen.

Men ketamen, tilak, deya ketamen,

Hech tilaksiz quruq tanni netamen?

Tilak yiroq, yog‘dusi-da ko‘rinmas,

Oy ketarmen, yil ketarmen, etilmas,

Tuyg‘um uning izlariga urilmas,

Bu yo‘llarda balki shafqat etilmas.

Yana “tilak”, “tilak”, deya ketarmen,

Bir jon ekan, mayli, qurbon etarmen!

Cho‘lpon shu she’rida ifodalangan va’dasiga sodiq qoldi. U o‘z tilagi ortidan ketib, shirin jonini istiqbol va istiqlol yo‘lida qurbon qildi.

Naim Karimov

http://e-tarix.uz/maqolalar/486-cholpon-istiqlol.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: