O‘zbekistonda Xotin qizlari qo‘mitasi raisi yana almashdi – ozodlik.org


O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi sobiq raisi Farida Akbarovaning O‘zbekiston Senati rasmiy saytidan olingan fotosurati.

07.06.2011

Barno Anvar

Sobiq rais, shifokor Farida Akbarova o‘rniga yana bir shifokor Elmira Bositxonova qo‘mitaga rais, Bosh vazirga o‘rinbosar bo‘ldi.

Uzmetronom.com sayti chop etgan xabarga ko‘ra, shifokor Farida Akbarova Xotin-qizlar qo‘mitasiga raisligi chog‘ida ayollar va bolalar salomatligi uchun ajratilgan grant hamda byujet mablag‘larini noto‘g‘ri safrlangani uchun lavozimidan olingan.

O‘zbekiston Xotin-qizlari qo‘mitasi raisi va ayni paytda O‘zbekiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Farida Akbarovaning har ikki lavozimdan bo‘shatilgani haqidagi ma’lumotni tasdiqlagan qo‘mita xodimlari, uning ishdan olinishi sabablariga to‘xtalmadi.

– Farida Akbarova allaqachon yangi ishga tayinlanganlar. Bo‘stonliqdagi sanatoriyning bosh shifokori bo‘ldilar,- dedi Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Muqaddam bu qo‘mitada ishlagan manbaning Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, Farida Akbarova ishlagan davrda O‘zbekistonda onalik va bolalikni muhofaza qilish dasturlari xalqaro tashkilotlar tomonidan katta miqdorda grant ajratilgan.

– Gap ana shu grant mablag‘larning o‘zlashtirilib ketgani haqida borayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo, men bu haqda bir narsa deyishga ojizman. Bu juda katta ish va bunga faqat Xotin-qizlar qo‘mitasimas, boshqa tashkilotlar ham aralashgan,- dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda tashkilotning sobiq xodimlaridan biri.

Ayni kezda Xotin-qizlar qo‘mitasiga yangi rais etib, bunga qadar Toshkent shahar Tez tibbiy yordam markazida bosh shifokor bo‘lib ishlagan Elmira Bositxonova tayinlandi.

– Yangi rais tayinlandi. Bular Elmira Bositxonova. Avval Toshkent Tez tibbiy yordam markazida bosh shifokor bo‘lib ishlaganlar, dedi qo‘mita xodimi.

Qo‘mitaning sobiq raisi Farida Akbarova bosh vazir o‘rinbosari bo‘lish bilan birga senatorlik maqomiga ham ega edi. U senator o‘rnini ham tark etganmi yo‘mi, hozircha noma’lum.

Ammo, O‘zbekiston Respublikasi hukumat portalida Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning amaldagi olti o‘rinbosaridan farqli ravishda endilikda ettinchi o‘rinbosar etib tayinlangan Elmira Bositxonovaning xizmat vazifasiga kiradigan masalalar aniq ko‘rsatilmagan.

 

O‘zbek rasmiy matbuoti beradigan xabarlarga ko‘ra esa, qo‘mitaning faoliyati doirasi juda keng va qo‘mita vakolati doirasiga mamlakatda xotin-qizlar, onalik va bolalik, yoshlar tarbiyasi, ayollar savodxonligi kabi ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy masalalar kirishi aytiladi.

O‘zbekistonda esa aynan xotin-qizlar hamda onalik va bolalik, shuningdek, ayollarning reproduktiv salomatligi bilan bog‘liq vaziyat og‘ir ekani yillar davomida mutaxasislar tomonidan e’tirof etib kelinadi.

Xususan, qo‘mitaning sobiq raisi Farida Akbarova faoliyat ko‘rsatgan 2008 – 2011 yillar davomida O‘zbekistonda ayollarning sterilizatsiya qilinishi, bolalarga OITV kasalligining ommaviy tarzda yuqishi kabi muammolar xalqaro jamoatchilik e’tiboriga tushgan edi.

Garchi qo‘mita rahbariyati sobiq raisning shu sohaga yo‘naltirilgan mablag‘ni noto‘g‘ri sarflagani yoxud o‘zlashtirgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi norasmiy ma’lumotlarga oydinlik kiritmagan bo‘lsa-da, o‘zbekistonlik kuzatuvchilar mamlakatda bu sohaga yo‘naltirilgan mablag‘ nafaqat xotin-qizlar qo‘mitasi, balki aksar davlat tashkilotlari tomonidan maqsadli sarflanmasligini yillar davomida so‘zlab kelmoqdalar.

Ayni kezda o‘zbekistonlik ayrim kuzatuvchilar O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisligining odatiy davlat tashkilotlari rahbarligidan farqli ravishda bir vaqtning o‘zida Bosh vazir o‘rinbosari ekaniga ham e’tibor qaratmoqdalar.

Hukumat bo‘g‘inida uchinchi darajali amaldor sanalgan Bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga berilgan vakolatlarning u yoki bu darajada qo‘llanilishi shu vaqtga qadar Xotin-qizlar qo‘mitasi raisligida ishlagan amaldor ayollar faoliyatida deyarli sezilmagani aytiladi.

Qo‘mitaning Toshkent shahri va turli viloyatlardagi xodimlari bilan ko‘p to‘qnash kelgan o‘zbekistonlik muxolifat faoli Dilorom Ishoqova aslida bu qo‘mitada ulkan vakolatlar bor, deb hisoblaydi.

– O‘zbekistonda onalar salomatligi, oila masalalari, bolalar salomatligi – bu sohalarda muammolar qaynab yotibdi. Qo‘mita qilaman, desa ish ham ko‘p va bunga vakolat ham bor. Ammo, bugungi qo‘mita nima qiladi, faqat shularni holidan xabar oladi, tamom. O‘zbekistondagi bugungi siyosiy rejim amalda ekan, bu mexanizm ishlamaydi,- deydi Dilorom Ishoqova.

Ayni kezda u O‘zbekistondagi bugungi siyosiy vaziyatda qo‘mita raisining Bosh vazir o‘rinbosari sifatidagi vakolatlaridan foydalanmagani ma’qul, der ekan mana bularni qo‘shimcha qiladi:

– Bilasizmi, men qo‘mita raislaridan faqatgina Dilbar G‘ulomovani eslayman va uni ham husni, ko‘rki uchun. Televizorda chiqib, qo‘r to‘kib yig‘ilishlar to‘risida o‘tirar edi.Uning chiroyli bo‘lib o‘tirishdan tashqari biror jiddiy ish qilganini, uzr-ku, shaxsan men eslolmayman.

Mana oddiy misol, qo‘lida etimlari bilan bolalar pulini ololmayotgan qancha ayol bor. Kvartira haqlari oshib ketyapti, boquvchisi ishsiz bo‘lgani uchun bola pulini kvartira haqqiga yamashga majbur bo‘lgan qancha ayol bor. Qani, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi-yu, Bosh vazirning o‘rinbosari? Yo‘q, bo‘lmaydiyam. Men uchun bu tashkilot bugungi tuzumda xuddi ko‘richakdek gap. Uni olib tashlasayam bo‘laveradi, u bilan yashasayam bo‘laveradi. Hech qanday roli yo‘q bu qo‘mitani,- deya xulosa qilar ekan o‘zbekistonlik muxolifat faoli Dilorom Ishoqova bu qo‘mita bir hovuch ayolga xayriya qilish emas, balki jamiyatda aynan ayollar bilan bog‘liq yuzlab muammolar ildizini qirqish bilan shug‘ullanishi kerakligini urg‘ulaydi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24227260.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: