Muhammad Solih O‘zbekistonda yoshlar siyosati bilan shug‘ullanmoqchi – farghana.ru


07.06.2011

Farg‘ona

Avval xabar berganimizdek, 23-24 may kunlari Berlinda “Erk” Demokratik partiyasi, O‘zbekiston Demokratik kuchlari forumi, “Andijon: Adolat va Tiklanish”, tashkiloti, “Tayanch” jamiyati, “Uyg‘on, O‘zbekiston!” O‘zbekiston Inson huquqlari jamiyati kabi bir necha muxolifat guruhlarini o‘z tarkibiga birlashtirgan O‘zbekiston Xalq Harakatining birinchi Qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Harakat o‘z oldiga Islom Karimov rejimini ag‘darishni maqsad qilib olgan kuchlarning orasida eng yirik tashkilot bo‘lib qoldi.

Qurultoy tashkilotchilaridan biri – Muhammad Solihni Harakatning bosh organi – Muassislar kengashining raisi etib sayladilar. Shu kunlarda Muhammad Solih janoblari “Farg‘ona” agentligining savollariga javob berdi.

– Janob Solih, Sizning O‘zbekiston voqeligidan yiroqligingiz to‘g‘risida Sizga savol berayotgan odamlar orasida birinchisi emasligimga ishonchim komil. Sizni tanqid qilayotganlar Sizning O‘zbekistonda 1993 yildan beri yashamayotganingizni va vataningizni ziyorat qilishga imkoniyatingiz yo‘qligini aytib keladilar. Mening yoshimdagilar Sizni nomingizni va Sizning partiyangiz nomini eslashlari mumkin. Ammo O‘zbekistondagi ko‘pchilik yoshlar bilan suhbatlarimga tayanib shuni aytishim lozimki, hozirgi avlod Sizni tanimaydi. Xususan, “Farg‘ona” sayti sahifalarida qoldirilayotgan sharhlarni o‘qib ham shunday xulosaga kelish mumkin. Ushbu tanqidga qanday javob bera olasiz?

Muhammad Solih: O‘zbekiston yoshlarining bir qismi meni tanimasligi borasida gapirganda, Siz haqsiz. Mamlakat yoshlarining aksar qismi bugungi kunda siyosatga befarq, ko‘pchilik yigit va qizlar siyosatga qiziqmaydi. Biroq “yoshlarning bari shunday”, deya ta’kidlashga o‘rin yo‘q. Bizni hech kim bilmaydi, deyish ham noto‘g‘ri.

Turli saytlarda paydo bo‘layotgan sharhlar borasiga gapirganda, ushbu “fikrlar” Karimov rejimi tomonidan tayyorlangan. O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatida turli veb-saytlardagi sharhlarni kuzatib borayotgan hamda ularda o‘zlarining provokatsion – ig‘vogarona “fikrlarini” qoldirayotgani uchun maosh olayotgan maxsus xodimlar borligini aniq bilaman. Bu odamlar g‘arazgo‘y – ular o‘z ishlarini sidqidildan bajarib keladilar.

O‘XH qurultoyi ishtirokchilari Berlinda. 2011 yil may

Voqelikdan yiroqsiz deganingiz haqida. Butun mamlakat bo‘ylab tarafdorlarimiz bor, ulardan muntazam axborot olib turamiz, shuning uchun ham O‘zbekistondagi vaziyatni, odamlarning kayfiyatini yaxshi bilamiz.

– Har holda, o‘ylashimcha, O‘zbekistonda o‘zingizga tarafdor topishda qiynalsangiz kerak. Karimovning propaganda mashinasi 20 yildan beri tinmay ishlab keladi, shu davr mobaynida Karimov yaratgan tuzum mahsuli bo‘lgan yangi avlod o‘sib etildi. O‘zbekistonda Sizni kim qo‘llayapti?

– Siyosiy jihatdan passiv odamlar, shu jumladan, yoshlar ham har bir jamiyatda etarli. Shunday bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Odatda, odamlarning 10 foizi o‘zgarishlar kiritib kelgan. Hatto urushlarda ham bir jasoratli mard o‘zining ortidan o‘nta odamni etaklab yurgan. Tunis, Misr, Yaqin Sharqdagi boshqa mamlakatlardagi voqealarni misol qilib ko‘radigan bo‘lsak, u erda ham aholining 100 foizi maydonlarga chiqib inqiloblarni, tub o‘zgartishlarni amalga oshirgani yo‘q. O‘z ortidan boshqalarni etaklagan passionariylar deya ataluvchi odamlar (passionar deb lug‘atda faol, ilmga, rivojlanishga intilganlarni aytiladi) bor. G‘oyaga ishongan bir hovuch odamlar doim bo‘lib kelgan. Ular o‘z ortidan boshqalarni etaklashga qodir. O‘zbekistonda ham shunday. Aksariyat yoshlar siyosatga loqaydligi rost, ularning ba’zilari muxolifat degan so‘zning ma’nosini ham tushunmaydi. Ammo o‘z ortidan boshqalarni etaklashga qobil odamlar bor.

O‘zbekiston erto‘ladan chiqishga shaylanmoqda. Biz bu haybatli, mahobatli hodisaga, bu ulug‘ ozodlikka shay turmog‘imiz kerak. Biz ushbu buyuk Hodisaning bosh qahromoni O‘zbekiston xalqi bilan birga bo‘lishga tayyor turishimiz lozim. U bilan birga bo‘lmoq – uning dardi bilan yashamoqdir, uning yarasiga malham bo‘lmoqdir.

Yomonlikka qarshilik qilamiz. Andijonda qatl etilgan minglarcha shahidning pok ruhlari haqi bu zulmga qarshilik qilamiz.Kashshoqlikka chora izlab dunyoda sargardon kezayotgan millionlab insonlar haqi qarshilik qilamiz. Istiqror niqobi ortida gizlangan zulmga, qonli diktatorning qizlari osgan javoxirlar bilan bezangan zulmga va yaxshilik niqobidagi yomonlikka qarshilik qilamiz. Butun kuchimiz, bor matonatimiz bilan qarshilik qilamiz. (M.Solihning “Zulmga qarshilik” nutqidan)

Qayta qurish yillarida bu ishlarni qila olganmizku. Holbuki, O‘zbekistonda ayni paytdagi ahvol o‘sha davrlardan keskin farqlanishini qayd etish joiz. Avvalambor, Islom Karimovning hozirgi rejimi o‘sha paytdagi sovet hukumatiga qaraganda ancha jiddiy raqib. Ittifoqdosh respublikalarida ilk muxolifat harakatlari paydo bo‘lgan 80-chi yillarda mamlakatda erkinlik ruhi ufirardi. Bugungi O‘zbekistonda bu kabi liberalizm yo‘q.

Biroq xalq orasida Karimov siyosatidan norozilik juda katta. Biz ushbu norozilik aholining barcha tabaqalari orasida o‘sib borayotgani haqida ma’lumot olib turibmiz. Ikki-uch yil avvalgi vaqt bilan taqqoslaganda ham odamlar ko‘chalarda, bozorlorda noroziliklarini ochiq-oydin izhor etishni boshlaganlar. Bunga sabab – xalqning sabr kosasi to‘lib-toshganida.

Yoshlar borasida gapiriladigan bo‘lsa, ular bilan ishlashimiz lozim, yoshlar barcha harakatlarimiz va faoliyatimiz markazida bo‘lishi zarur.

Harakat madhiyasining ikki varianti. Birinchisi qabul qilindi

– Janob Solih, siz o‘tkazgan Qurultoyga sharhlovchilar turlicha baho berdilar. Kimdir unda O‘zbekiston prezidentiga muxolif kuchlarning salmoqli birlashuvini ko‘rdi, ba’zilar esa O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining muovini Vladimir Norov Berlinga kelib Germaniyaning rasmiylari bilan uchrashib yurgan bir paytda biror-bir jiddiy aktsiya o‘tkazishga ham yaramaganingiz uchun Harakatni tanqid qildilar.

– Shunday sharhlar bilan tanishman. Aytish joizki, biz o‘z oldimizga Berlin ko‘chalarida qandaydir namoyish o‘tkazish vazifasini qo‘ymaganmiz. Norov bilan adovatlashuvga borish o‘ta nojiddiy aktsiya bo‘lardi, bu siyosiy kaltabinlikni anglatardi, negaki bu aktsiyaning umri bir kunlik, xolos. Qurultoy esa jiddiy siyosiy masalalarni hal etdi.

– Qurultoy o‘tdi. Keyingi rejalar qanday?

– Asosiy maqsadimiz – O‘zbekistondagi rejimni tinch yo‘l bilan almashtirish. Biz odamlarning noroziligini fuqarolik itoatsizlik aktsiyalari orqali izhor etilishini ta’minlamoqchimiz. Agar xalq rejimni qo‘llamasa, rejim tez orada qulaydi. Odamlar Karimovning rejimini qo‘llamasliklari lozim. Ko‘maksiz Karimov – hech kim emas. Biz ish tashlashlar, stachkalar, miting va namoyishlarni uyushtirishni boshlamoqchimiz. Shu ish bilan shug‘ullanayotgan odamlarimiz bor. Bu kabi bo‘ysunmaslik aktsiyalari butun mamlakat bo‘ylab, barcha viloyatlarda o‘tadi. Shu bilan birga, bu ishlarning barchasi tinch yo‘l bilan, qon to‘kilmay o‘tadi.

Karimovning o‘zi dahshatga tushib qolgan. U xalq noroziligidan va bo‘ysunmasligidan qo‘rqadi. Bizdagi mavjud ma’lumotga ko‘ra, mamlakatda go‘yo O‘zbekiston Mustaqilligining 20 yilligi munosabati bilan favqulodda holat e’lon qilingan. Aslida esa u xalqning sabr kosasi to‘lganini tushunib etgan.

– 2005 yilda Andijonda tinch namoyish ishtirokchilari otib tashlanganidan so‘ng odamlar ko‘chaga chiqishdan qo‘rqib qolgani haqida o‘ylamadingizmi? Karimovni hech narsa to‘xtatmasligi va u yana o‘t ochishga buyruq berajagi ravshanku.

– Odamlarda qo‘rquv borligi rost. Ammo biz ularni qo‘rqmaslikka chaqiramiz, chunki Karimovning xalq g‘azabidan qo‘rquvi kuchliroq. Biz qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Albatta ma’lum ma’noda xavotirlik bor. Ammo qon to‘kiladigan bo‘lsa, bizda bu holatga ham harakat rejasi bor. Bu haqda hozir ochiq gapirishning mavridi emas, ammo Andijondagi kabi ko‘lamda fojiaga yo‘l qo‘ymaymiz, insha-Ollohi. Xalq bizni qo‘llashi kerak.

Norozilik ishtirokchilari uchun agar O‘zbekiston rasmiylari kuch qo‘llaydigan bo‘lsa, nima qilish kerakligi to‘g‘risida eslatma

– Inqilob uchun salmoqli miqdorda moliyaviy xarajatlar darkor. Sizga kim mablag‘ etkazib berayapti?

– Yaqinda o‘tgan Qurultoy moliyaviy ko‘mak jihatidan mislsiz bo‘ldi. Quvonch bilan qayd etish joizki, so‘nggi yillar ichida bizning o‘zimiz ilk bor tarafdorlarimizning moliyaviy ko‘magi bilan ushbu tadbirni uyushtirdik. Xarajatlarning bir qismini “Andijon: Adolat va Tiklanish” tashkiloti ko‘tardi, boshqa qismini esa bizga yaqinda qo‘shilgan yangi tarafdorlarimiz moliyalashtirdilar.

Odamlarning o‘zlari biz bilan aloqa o‘rnatib, bizga qanday ko‘mak berish mumkinligi haqida so‘rayaptilar. Ular biz bilan Facebook, elektron pochta orqali aloqa o‘rnatayaptilar. Xalq harakatining yoshlar qanoti Facebook va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali odamlarni bizning faoliyatimiz haqida xabardor etish va yangi tarafdorlarni jalb etish ustida ish olib borayapti. Chinakam yordam borligidan xursandmiz. Bu Karimov rejimidan charchagan odamlar soni kundan-kunga ko‘paya borayotganini ko‘rsatmoqda.

“Farg‘ona” xalqaro axborot agentligi

 

http://uzbek.fergananews.com/article.php?id=1506

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: