“Meni millatchiga chiqarishdi, ammo bunga isbot yo‘q” – O‘sh hokimi – bbc uzbek


7 iyun 2011

Xalqaro Komissiya Melis Mirzakmatovning millatchilik ruhidagi so‘zlari millatlar orasidagi muammolarni aritishga yordam bermaganini aytgan

Qirg‘iziston janubida yuz bergan milliy nizolarning bir yilligi arafasida O‘sh shahar hokimi Melis Mirzakmatov mazkur hodisalar haqida Bi-bi-si qirg‘iz xizmatining bir qator savollariga javob bergan. Melis Mirzakmatov unga qarshi bo‘lgan kuchlar uni narkobaron, bandit qilib ko‘rsatishga harakat qilgani, biroq shahar hokimiyati bajarayotgan ishlar bu ayblovlarning bari asossiz ekanini isbotlaganini aytgan. U, shuningdek, Qirg‘iziston janubida yuz bergan hodisalar yuzasidan Xalqaro Komissiya xulosalarini “bir yoqlama” deya baholagan.

Mirzakmatov: Xalqaro Komissiyaning fikr, o‘y va xulosalari ko‘proq bir yoqlama yozilganga o‘xshaydi. Men buning sababini avvaldan aytib yotibman. O‘sh shahri, Jalolobod viloyati, O‘sh viloyatining xalqi, qaysi millatga taalluqli bo‘lmasin, bu masalada bir xil fikr bildirmoqda. Demak, biz ham ularning fikrlariga qo‘shilamiz.

Bi-Bi-Si: Xalqaro Komissiyaning hisobotida siz haqqingizda “O‘sh shahrining hokimi Melis Mirzakmatovning millatchilik ruhidagi so‘zlari millatlar orasidagi muammolarni aritishga yordam bermadi,” deb aytiladi.

Mirzakmatov: Matbuot va ba’zi kuchlar meni millatchi sifatida ko‘rsatishga uringanini bilaman. Biroq bunga dalil yo‘q. Men buni hozir ham ayta olaman. Qirg‘iziston Konstitutsiyasiga muvofiq, mamlakatda yashagan barcha xalqlar hammasi bir – qirg‘iz fuqarolaridir. Mening fikrim avval boshdan buzmasdan berilsa edi, hamma meni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lardi. Chunki men millatlarni bo‘lmayman, aksincha O‘sh shahrida yashagan barchani, millati va dinidan qat’iy nazar, bir xilda qo‘riqlayman. Men shahar hokimi sifatida, eng avvalo barcha shaharliklarning manfaatini himoya qilaman.

Xalqaro hisobotda etnik nizolarda o‘ldirilganlarning 74 foizi o‘zbek bo‘lgani aytiladi

Bi-bi-si: Ba’zi rasmiylar, ular jumlasida siz ham, bu janjallarning kelib chiqishi asl sabablari qatorida o‘zbek liderlarining bo‘lginchilikka undagan harakatlarini aytasiz. Biroq, tergov paytida bu haqda aniq faktlar topilmagani, faqat o‘zbeklarning o‘z til va madaniy haq-huquqlarini kuchaytirishni talab qilgani aytilgan.

Mirzakmatov: Biz dalillarni ko‘rsatib berganmiz. Kimgadir qiziq bo‘lsa, biz yana ko‘rsatishmiz mumkin. Afsuski, xalqaro komissiyaning o‘sha dalillarni ko‘rishni istamasligi meni o‘ksintiradi.

Bi-Bi-Si: Ushbu hodisalarni o‘rganib chiqqan komissiyalar to‘polonlarni oldini olish uchun etarli choralarni ko‘rmadi, qon to‘kilishlar bo‘lganidan keyin ham uni to‘xtatishga etarlicha harakat qilmadi, deb muvaqqat hukumatni tanqid qilib chiqishdi. Siz bunday tanqidni asosli deb hisoblaysizmi?

Mirzakmatov: O‘z-o‘zini saylagan barcha mamlakatlarda qonun bor. Qonun tarafidan olib qaralganda, inson haqlarini va xavfsizligini himoya qilish hukumatning to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazifasidir. Bizning eski konstitutsiyada ham, yangi konstitutsiyada ham shunday deb yozilgan. Bizning vazifamiz, o‘z-o‘zini boshqaruvchi mahalliy hokimiyat boshlig‘i sifatida aytaman, odamlar hayotini yaxshilashdan iborat. Har bir tarafning o‘z vazifasi bor. Shu jihatdan olib qaraganda faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri Vaqtli hukumatni ayblash noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Vaqtli hukumat ham qo‘lidan kelgan barcha ishni qildi, biroq uning qo‘lidan ko‘p narsa kelmay qoldi. Buni aprel hodisalaridan keyin kelgan hukumatning kuchsizligi desak bo‘ladi. Shundan foydalanib, turli ekstremist, separatist kuchlar bosh ko‘tarib, har qanday talablar bilan chiqishi, ayniqsa, qurol bilan chiqishi qonuniy boshqaruvdan boshboshdoqlikka o‘tishga olib keldi.

Bi-Bi-Si: Qirg‘izlar bilan o‘zbeklarning bugungi kundagi munosabatini qanday baholaysiz?

Mirzakmatov: Ko‘p asrlardan beri elkama-elka turib, birga yashagan qirg‘iz bilan o‘zbek xalqi o‘rtasida urushga arziydigan hech narsa yo‘q. Bugungi kunda O‘shda munosabatlarning yaxshilanib, savdo-sotiq muomalalarining yo‘lga tushib, kengayib borayotgani bunga dalil. Xavfsizlik xizmatlarining ma’lumotiga tayansak, tashqi kuchlar yo uchinchi kuchlar deysizmi yoki to‘rtinchi kuchlar deysizmi, ularning aralashuvi bo‘lmasa, bir ota-onadan bo‘lgan ikki el o‘z tinchligini saqlab qola oladi. Janjalning tez bosilishi bunga dalil. Bari to‘rt kunda bosildi. Demak, bundan oldin ikki millat g‘oyaviy jihatdan qasdlashgan emas, yov qarash bo‘lgan emas. Agar avvaldan muomala yomon bo‘lib, biri-biridan kek saqlab, biri-biridan o‘ch olish harakati bo‘lganda edi, bu janjalning tomiri chuqur ketar, uni bostirish mumkin bo‘lmas edi.

Iyun voqealarida ayblanib hibsga olinganlarning 80 foizi o‘zbeklar. Ular orasida mustaqil faol Azimjon Asqarov ham bor

Bi-Bi-Si: Bu inqirozning kelib chiqishida noqonuniy bangivor moddalarni tashigan guruhlarning ta’siri bo‘lgan degan ma’lumotlar ham chiqdi. Shahardagi vaziyatni nazorat qilgan inson sifatida aytsangiz, o‘sha jinoy to‘dalarning aralashuviga to‘siq qo‘yildimi?

Mirzakmatov: Shaharning umumiy nazorati haqida savol qo‘ysangiz yaxshi bo‘lardi. Mana bizda o‘z-o‘zini boshqarish nizomi ishlaydi. O‘sha jihatdan qaralganda men odamlarning xavfsizligiga javob bermayman. Unga tegishli organlar bor. Biz ularni faqat xabardor etamiz, yo‘nalish berib, hissa qo‘shamiz.

Bi-Bi-Si: Hozir O‘sh shahri qayta qurilmoqda. Ayrim fikrlarga qaraganda, shaharni zamonaviy tusda qurish masalasini ko‘rib chiqish kerak. Uning ichida alohida-alohida bo‘linib olgan orolchalar bo‘lmasligi kerak deb aytishadi. Biroq, ayni damda, madaniy jihatdan o‘ziga xoslikni saqlab qolgan mahallalarga tegmaslik kerak degan fikrlar ham bor. Bu masalada sizning qarashlaringiz qanday?

Mirzakmatov: Men avval boshdan, iyun voqeasiga qadar ham, shunday g‘oyaning tarafdori bo‘lganman. Xalqni sun’iy tarzda bo‘lmaslik kerak: sen o‘zbeksan, sen qirg‘izsan, sen tojiksan deb. Bu inson huquqining buzilishi hisoblanadi. Biz millatiga, jinsiga qaramasdan barcha xalqlarga birga yashashlari uchun shart- sharoitlar yaratib berishimiz kerak. Men monokvartallarni ozaytirib, aralash kvartallarni qurish bo‘yicha takliflarimni aytib kelayapman. Dalil qatori aytib ketayin, iyun’ voqealarida xalq aralash yashagan kvartallarda hech qanday qon to‘kish bo‘lgani yo‘q. Sababi yashovchilar bir-birlarini qo‘rib, sirtdan kelgan xavfga birga qarshi turishdi. Ammo, monokvartallarda ko‘plab qarama-qarshiliklar bo‘ldi deb aytsam xato bo‘lmaydi. Shuning uchun shahar hokmiyati mavqei bundan buyon aralash kvartallarni tuzish, aralashib yashash, mamlakat bergan imkoniyatlardan birgalikda foydalanish.

Bi-Bi-Si: Bulturgi voqealardan keyin “men millatchiman, qirg‘iz patriotiman” deb aytgan so‘zlaringizni internet saytlar yozib chiqdi ham. Siz siyosatchi sifatida bu so‘zlaringizdan afsuslanasizmi?

Mirzakmatov: Bilasizmi, mening o‘zimdan aytilgan o‘shanday so‘zlar haqida bitta bo‘lsin fakt yo‘q. Mening elni biriktiruv maqsadida yaxshi niyatda aytgan so‘zimni kesib, qirqib, buzib, qaysi bir kuchlar meni millatchi, bandit, narkobaron qilib ko‘rsatishga harakat qilishdi. Yana qanday jala yomg‘irlar bo‘lmasdi deysiz. “Natsionalizm” frantsuzchadan o‘girilganda o‘z xalqini sevish degan ma’noni ham bildiradi. Men shahrimdagi xalkni millatiga qaramasdan hammasini birday suyayotgan bo‘lsam, bu erda qanday gunoh bor?

http://www.bbc.co.uk/uzbek/central_asia/2011/06/110607_mirzakmatov.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: