25 yoshli sud’ya pora bilan ushlandi – ozodlik.org


Keyingi paytlarda amaldorlarning pora bilan ushlanish holatlari ko‘paymoqda.

07.06.2011

Mehribon

Yakkasaroy tuman fuqaroviy ishlar bo‘yicha sudi sud’yasi Doniyor Po‘latov poraxo‘rlikda ayblanib, hibsga olindi.

Toshkent shahar Yakkasaroy tuman fuqaroviy ishlar bo‘yicha sudi sud’yasi 25 yoshli Doniyor Po‘latov 200 AQSh dollari miqdorida pora olayotgan paytda Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.

Bu haqda o‘z manbalariga tayangan holda xabar qilgan Uzmetronom.com saytiga ko‘ra, sud Doniyor Po‘latovni hibsga olish uchun sanktsiya bergan.

Toshkent shahar Yakkasaroy tuman prokuraturasining navbatchi xodimi sud’ya Doniyor Po‘latovning pora bilan ushlangani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi.

– Doniyor Po‘latov ishi bo‘yicha ochilgan jinoiy ish bilan Toshkent shahar prokuraturasi shug‘ullanayapti. Ulardan olasiz ma’lumotlarni,- dedi Yakkasaroy tuman prokuraturasining navbatchi xodimi.

Toshkent shahar prokuraturasidan bu borada birorta ma’lumot olish imkoni bo‘lmadi. U erdan “yozma ravishda murojaat qiling” qabilidagi odatiy javobni oldik.

Yakkasaroy tuman fuqaroviy ishlar bo‘yicha sudi ham Doniyor Po‘latov bilan bog‘liq  vaziyatni izohlashni istamadi.

Ma’lum bo‘lishicha, shu kunlarda Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan maxsus tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida sudyalar ogohlantirilgan. Ayni ogohlantiruv aytilgan kunning o‘zidayoq Doniyor 200 dollarni pora sifatida olishga jazm qilgan.

Uzmetronom.com ma’lumotiga ko‘ra, Doniyorning jur’atiga uning ishongan “tog‘lari” sabab bo‘lgan, ya’ni uning otasi O‘zbekiston Bosh prokuraturasida nufuzli lavozimlardan birida ishlashi aytilmoqda. Shuningdek, uning tog‘asi Bahodir Po‘latov Toshkent shahridagi Shayxontahur tuman prokurori lavozimida ishlaydi.

25 yoshli Doniyor Po‘latovning sud’ya lavozimga tayinlanganiga esa atigi bir yil bo‘lgan.

Keyingi oylarda mansabdor shaxslarning pora bilan ushlanish holatlari ko‘payotgani kuzatilmoqda.

Yaqinda Qo‘qon shahar hokimining sobiq o‘rinbosari Rashid Nurmatov pora olganlikda aybdor deb topilib, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

May oyining boshida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari Oqdaryo tuman prokurori Tal’at Abduholiqzodani 12 ming AQSh dollari miqdorida pora olayotgan paytda hibsga olgan edi. Hozirda ushbu holat bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Joriy yilning aprel oyida Jizzax viloyat Soliq boshqarmasining transport bo‘limi boshlig‘i Shirin Abdurahmonov va soliq inspektori Dilshod Mahkamovlar ham pora olganlikda aybdor deb topilib, 12 va 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

O‘tgan yil dekabrida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 2011 yilda korruptsiyaga qarshi kurash kuchaytirilishidan ogohlantirgan edi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24227077.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: