Toshkentda poraxo‘rga vositachilikda ayblangan 52 yoshli jurnalist hibsga olindi – ozodlik.org


O‘zbek rasmiy matbuoti muxbirlarning ichida ta’magirlik holatlari haqiqatan kuzatilgan, deydi Abdurahmon Tashanov.

06.06.2011

Barno Anvar

Adliya vazirligining “Inson va qonun” gazetasi muxbiri “pora oldi-berdisiga vositachilik qilganlik”da gumon qilinmoqda.

Samarqandlik jurnalist va shoir Shukur Sodiq shu yilning 1 iyunida Toshkent shahridagi xususiy oshxonalardan birida qo‘lga olingan va so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, unga O‘zbekiston JKning 212-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bu haqda xabar bergan “Ezgulik” jamiyati faoli Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, qandli diabet xastaligining og‘ir ko‘rinishidan aziyat chekayotgan 52 yoshli Shukur Sodiq yaqinlariga ko‘rsatilmayapti.

Ozodlik muxbiri bu jurnalist yaqinlariga murojaat qilganida, uning oila-a’zolari javob bermaslikni lozim topdi.

“Ezgulik” jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov bunga Shukur Sodiq oilasiga nisbatan bosim o‘tkazilayotgani ehtimollari sabab bo‘lishi mumkin, deya taxmin qiladi.

Abdurahmon Tashanovdan samarqandlik shoir ishiga oid so‘nggi tafsilotlarni so‘radik.

– Shu yilning 1 iyun kuni poytaxtdagi xususiy oshxonalardan birida nima qilgan. Qanaqadir korruptsion doiraning oldi-berdisida jurnalist vositachilik qildi degan ayblov bor. Lekin men o‘zim ehtiyojlarimga olgan edim, deb ko‘rsatma berayotgan emish o‘sha shoirimiz. Lekin bu erda eng qizig‘i jabrlanuvchi yo‘q. Ish bo‘yicha jabrlanuvchi yo‘q.

Ozodlik: Porani olgan va bergan tomonlar bormi?

– Hozir bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra porani olgan, berayotgan tomon ham ma’lum emas. Tergov siri deyiladi bu. Ma’lum darajada korruptsion doiralar haqida odatda operativ ma’lumotlar tushadi. Operativ ma’lumotga asosan vositachilik qilayotgan shaxs hibsga olinadi. Menimcha, shunaqa bo‘lgan.

Ozodlik: Shukur Sodiqovning vositachi sifatida gumonlanishiga sabab bo‘layotgan bu voqea uning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lganmi? Biror-bir maqolaning orqasidan tushib shunaqa ish bo‘lganmi?

– Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra shunaqa. Lekin hozirda uning konkret nimada ayblanayotgani, konkret qanaqa epizodlarda ayblanayotgani haqida bizda etarlicha ma’lumot yo‘q.

Ozodlik: Shukur Sodiqning o‘zi qaerda hozir?

– Hozir u Toshturmada ekan. Hali oilalariga ko‘rsatishmabdi. 6 iyun kuni uni Toshturmaga borib advokati, o‘sha advokatlar palatasining sobiq raisi Bahrom Salomov qarindoshlari bilan ko‘rishtirmoqchi ekan. Men kecha o‘g‘li bilan gaplashsam, o‘g‘li aytayaptiki, kiyimlar, boshqa kerakli ashyolarni kiritib beramiz deyishayapti. Demak, shundan kelib chiqadiki, sanktsiya olingan tergov davrida qamoqda ushlab turish bo‘yicha.

Ozodlik: O‘zbekistonda jurnalistlarga bo‘layotgan ta’qibdan xabarimiz bor. Lekin bu asosan mustaqil nashrlarda ishlaydigan yoki xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qiladigan jurnalistlarga nisbatan ta’qiblar edi. Lekin mahalliy jurnalistlar ham pora olish-berishda ayblanib hibsga olinganidan xabarimiz bor. Ko‘pincha bu haqiqatan ham shu jinoyatni sodir etgan jurnalistlar ekani haqida aytilar edi. Shukur Sodiqqa nisbatan nima deyishimiz mumkin?

– O‘zbek jurnalistlarning qamalishi nuqtai nazaridan turli davrlarda turlicha fikrlar yurgan. Mana men o‘zim o‘zbek ommaviy axborot vositalarida ishlagan paytimda juda ko‘p holat jurnalistlarning ichida, muxbirlarning ichida ta’magirlik holatlari, poraxo‘rlik holatlari haqiqatan kuzatilgan. Lekin masalaning boshqa bir tarafi ham borki, firibgarlik holatlarini keltirib chiqaruvchi o‘ziga xos bir omillar bor. Ya’ni jurnalistlar o‘zining kasbiy faoliyatini amalga oshirayotgan paytda aynan korruptsion doiralarning manfaatlariga tushib qoladi. Shunda, mahalliy jurnalistlarni nazarda tutayapman, himoya qilish mexanizmi yo‘q. Birdan hammaga ta’magir, firibgar jurnalistlar sifatida qarashadi. Bizda mustaiql jurnalistlarni himoya qilish uchun albatta diplomatik korpus vakolatxonalari bor, xalqaro hamjamiyat bor. Menimcha, Shukur Sodiq bilan ham xuddi shunaqangi bir holat bo‘lgan.

Hozirda bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, qanaqadir provokatsion xarakterdagi ish bo‘ldi degan ma’lumotlar bor. Albatta buni tergov, sud natijalari ko‘rsatadi. Avvaldan bir narsa deyish qiyin. Lekin Shukur Sodiqni biz shu paytgacha shunaqangi bir poraxo‘rlik bilan yoki bo‘lmasa, firibgarlik holatlari bilan shug‘ullangani haqida jamoatchilik o‘rtasida gap yo‘q. Aksincha juda ko‘pchilik achinish bilan gapirishayapti. Uning she’rlari ham o‘tkir, publitsistik chiqishlari bor edi degan gaplarni qilishayapti. Shuning uchun avvaldan bir narsa deyish qiyin. Lekin mening nazarimda hozirgi o‘tkazilgan qisqa monitoring natijalari, ijodkorlar bilan olib borgan so‘rovlarimiz natijasiga ko‘ra, menimcha, bu odam himoya qilinishi kerak.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24221404.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: