Tojikiston “demografik portlash”dan xavfsiramoqda – ozodlik.org


04.06.2011

Gulnora Ravshan

Tojikiston rasmiylari demografik vaziyatdan tashvishlanayotgan bo‘lsa-da, tug‘ilishni majburiy cheklamasligini bildirmoqda.

Davlat statistika  qo‘mitasi o‘tgan yil sentyabrida Tojikistonda o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish natijalarini e’lon qildi.

Shu idora ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan o‘n yil badalida tojikistonliklar 1  million 665 ming kishiga  ko‘paygan.

Davlat statistika qo‘mitasi mas’ullarining ta’kidicha, mamlakatda  aholi soni Sho‘rolar zamonidan beri muntazam o‘sib bormoqda.

Aholi o‘sish sur’atining balandligi tufayli iqtidordagi hukumat har doyim aholini “demografik portlash” dan ogohlantirib keladi.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon tojik xalqiga murojatlarida har gal ayollarga ikkita farzand bilan chegaralanishni tavsiya qiladi.

Shunga qaramay, hozirda o‘rtacha tojikistonlik oila  etti nafarni tashkil qiladi.

Dushanbe shahrining Qozoqlar mahallasida istiqomat qilib turgan Rajabgul Sharipova ana shunday ko‘p bolalai onalardan biri.

– Mana hozir oilamda o‘ttiz jon yashaydi. Hovlimiz kichkina, tamorqamiz yo‘q. Egulik mahsulotlarining hammasini sotib olamiz. Yashashimiz juda qiyin. Erlarimiz Rossiyada ishlab turgandi. Lekin hozir ular ham ishsiz qolishgan. Nima qilaylik ? “Tug‘manglar”, degan bilan muammo hal bo‘lmaydiyu. Ta’minlasin hukumat aholisini. O‘zi biz tojiklar, o‘zbeklar bolajon xalqmiz. Tug‘may bo‘lmaydi, nasl qurib ketishi mumkin, – deydi yigirma yillik umrini ta’lim sohasiga bag‘ishlagan sakkiz farzandning onasi Rajabgul xonim.

Tojikistonda aholining o‘sishi barobarida ish joylarining yo‘qligi, oylik ish haqlarining ozligi bu mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatning tobora taranglashishiga turtki bo‘lmoqda.

“Lekin shunga qaramay, – deydi kuzatuvchilar, – Tojikistonda   O‘zbekiston va boshqa shu kabi ayrim davlatlardagi singari demografik  vaziyatni jilovlaydigan siyosat yo‘lga qo‘yilmagan”.

Shu o‘rinda aytib o‘tsak, O‘zbekiston hukumatining  tug‘ilishni cheklashga qaratilgan chora-tadbirlari doirasida o‘tgan yil mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi tug‘ish ëshidagi ayollarni  majburiy tarzda sterilizatsiya qilayotgani borasida ma’lumotlar tarqalgandi.

Tojikiston parlamenti quyi palatasi deputati Maxfirat Xidirova o‘z davlati qo‘shnisidan farqli o‘laroq demografiyani nozo‘ravon yo‘l bilan izga solishga kirishganini aytadi.

– Biz bunday tajribani hech qachon yo‘lga qo‘ymasligimizga ishonaman. Zero jamiyatimizdagi ijtimoiy muammolar tobora kuchayayotgan bo‘lsa-da, onalar va bolalar salomatligi biz uchun hamma narsadan muhimroq. Biz qo‘shnilarimizdan farqli o‘laroq to‘g‘riroq yo‘lni tanladik. Ya’ni aholi ma’rifatini oshirish yo‘li bilan tug‘ilishni cheklashga harakatlar qilayapmiz, – dedi Tojikiston parlamentining quyi palatasi deputati Maxfirat Xidirova,

Kuzatuvchilarga ko‘ra, hukumatning “aholini ma’rifatli qilish yo‘li bilan tug‘ilishni cheklash” siyosati respublika chekka qishloqlariga etib bormagani sababli, tug‘ish yoshida bo‘lgan tojikistonlik ayollar yagona kontratseptsiya o‘rnida hozircha abortni qo‘llashmoqda.

Ba’zi  hollarda bu yo‘l onalar o‘limiga sabab bo‘layotganini aytadi kuzatuvchilar.

Mustaqil tahlilchilar fikricha, mamlakatdagi qashshoqlik bois demografik muammolarni hal qilishning birgina yo‘li bu mamlakat tashqarisidagi mehnat muhojirligidir.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda taxminan bir yarim million tojikistonlik Rossiya, Qozog‘iston kabi mamlakatlarda yashab, faoliyat qiladi. Tojikistonliklarni ochlik iskanjasidan qutqarib qolayotgan asosiy manba ham, mehnat muhojirligidan topilgan daromad ekanini ta’kidlaydi tahlilchilar.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24215026.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: