Qamoqxonada vafot etgan mahbusga qiynoqlar qo‘llanilgan – ozodlik.org


04.06.2011

Basira

Toshkentdagi “Ezgulik” jamiyati qiynoqlar oqibatida vafot etgan yana bir mahbus haqida ma’lumot tarqatdi.

22 may kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanidan bo‘lgan, 1982 yilda tug‘ilgan, 29 yoshli Muhiddin Abdullaev dafn etildi. Uning jasadi Qashqadaryo viloyatining Shayxali qo‘rg‘onidagi jazoni o‘tash muassasida yaqinlariga topshirildi. Bu haqda iyun oyi avvalida Toshkentdagi “Ezgulik” inson huquqlari markazi ma’lumot tarqatdi.

Muhiddin Abdullaev mazkur qamoqxonaga o‘limidan 17 kun oldin Toshturmadan o‘tkazilgan ekan. Huquq himoyachilarining aytishlaricha, qamoqxona shifokorlari marhumga “jigar tsirrozi” tashhisini qo‘ygan.

– Bu yigit o‘tgan yilning kuz oylarida hibsga olingan. Shu yilning 5 may kuni jazoni o‘tashi uchun  zonaga yuborilgan. 17 kundan keyin o‘limi sababli uyiga jasadi jo‘natilgan. Bizga yaqin manbaning aytishicha, huquq muhofaza organlari xodimlari ko‘mish marosimlarini tez o‘tkazib, ortiqcha shov-shuv chiqarmaslik payida bo‘lishgan.

Muhiddin Abdullaev jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tumani sudi tomonidan diniy-radikal oqimlarga mansublikda ayblanib, 159-244 moddalar bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan. Qo‘limizda hozir sud hujjatlari, hukmi yo‘q., –  dedi  inson huquqlari “Ezgulik” jamiyatining Toshkent viloyati bo‘limi rahbari Abdurahmon Tashanov.

“Muhiddin Abdullaev O‘zbekiston qamoqxonasidan jasadi chiqqan yagona mahbus emas. Biroq uning o‘limi O‘zbekiston qamoqxonalarida qiynoqlar alomatlari bilan vafot etgan boshqa mahbuslarning holatiga yaqin” deydi toshkentlik huquq faoli.

– Endi masalaning  umumiy tomoni jazoni ijro etish muassasalari, tergov izolyatorlarida sistematik qiynoqlarning avj olayotgani natijasida shunday o‘lim holatlari bo‘layotganidir. Albatta, jazoni o‘tash muassasalaridagi tibbiy bo‘limlar ularga “qiynoqdan o‘ldi” degan diagnozni qo‘ymaydi. Muhiddinga ham “jigar tsirrozidan o‘ldi” degan diagnozni qo‘yishgan. Endi qiynoqlardan o‘lganligi yoki boshqa sabablardan o‘lganligi aytilsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortilishni talab qiladi. Jigar tsirrozidan odamning o‘lib qolishi kamdan-kam uchraydi. Undan tashqari, agar sog‘ligi yomon bo‘lganida Toshturmadan zonaga yuborilmasligi kerak edi.  Chunki bu qonun bilan taqiqlangan, – deya izoh berdi huquq faoli Abdurahmon Tashanov.

Ayni paytda Shayxali qamoqxonasida vafot etgan Muhiddin Abdullaevning yaqinlari bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmayapti.

Abdurahmon Tashanov “Ezgulik” jamiyati 2010 yil davomida 35ga yaqin jazoni o‘tash muassalarida o‘lgan mahbuslar haqida ma’lumotlarga egaligini bildirdi.

O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromov oxirgi o‘n yil ichida 150ga yaqin mahbuslar qiynoq oqibatida vafot etgani haqida ma’lumotlar borligini aytdi:

– Buni to‘xtatish uchun oddiy narsa- GUIN tashkiloti rahbariyati va davlat rahbarining buyrug‘i kerak. Og‘zaki buyruq bo‘lganda ham shu narsa to‘xtatiladi,- dedi huquq faoli Sur’at Ikromov.

O‘zbekistondagi huquq faollari va inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar O‘zbekistondagi qamoqxonalarda monitoring o‘tkazishga ruxsat so‘rab bir necha bor rasmiy idoralarga murojaat qilgan. Shu paytga qadar bu iltimosnomalar javobsiz qolmoqda.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24215135.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: