Hukumat o‘zining yolg‘on siyosatiga sodiq – yangidunyo


June 4, 2011

Tolib Yoqubov

Yusuf Juma qamoqxonadan ozod qilinib AQShga badarg‘a qilinganini eshitganim zahotiyoq miyamda bir-ikki savol tug‘ildi: siyosati KATTA YOLG‘ONga asoslangan hukumat unga tosh otmasmikin? Uni badnom qilish uchun hukumat nimalarni iddao qilarkin? Bu ishga hukumat kimlarni jalb etarkin?

«Fohishaning o‘zi tovba qilsa ham bir joyi tovba qilmaydi» deganlaridek, agar O‘zbekiston hukumati Yusuf Jumaga tosh otmasa, bundan faqat hayratlanish mumkin edi, xolos. Biroq qizig‘i shunda-ki, hukumat Yusufga yana nima ayb qo‘yishi mumkin?

Uni 2001 yilda qamashganda she’ridagi tanqiddan boshqa «ayb» ko‘rsata olmagan edilar. Hukumatning prokuratura, MXX va militsiya kabi sodiq idoralari odamlarni qamash bobida shu qadar usta bo‘lib ketganlar-ki, hatto mutlaqo aybsiz insonni «ko‘z ochib yumguncha» o‘g‘ri, kazzob, bosqinchi va ta’magirga chiqarib qo‘yishlari hech gap emas. Achinarlisi shunda-ki, aybsiz insonga qarshi ko‘rgazma beradigan odamlar jamiyatda ko‘payib ketdi.

Oldingi asrning 30-chi yillarida Adol’f Hitler Germaniyada davlat boshiga kelgach, o‘zining natsional-sotsialistik g‘oyasini amalga oshirish uchun nemislarni shafqatsiz bo‘lishga chaqirgan va siyosatni shu asos ustiga qurgan. Tabiiy, yuksak madaniyatga ega bo‘lgan nemis jamiyatida Hitlerning bu siyosatiga qarshi bo‘lgan odamlar oz bo‘lmagan. Ular: “Nemislar bunga yo‘l qo‘ya olmaydi, biz vijdon amri bilan yashaydigan xalqmiz” deya raddiya qilishgan. Hitler ularning bu raddiyasiga: “Men nemis xalqini vijdondan ozod qilaman” deb javob bergan va bunga erishgan.

Yolg‘on bor joyda vijdonga o‘rin qolmaydi. Kommunistik tartib sharoitida ham vijdonning qadri baland emas edi. Xalqimizning peshonasi sho‘rroq ekanmi, bu tartibdan keyin ham uning boshiga qip-qizil kommunist o‘tirdi va u jamiyat ongini vijdonning qolgan-qutgan izlaridan ham ozod qildi.

Yusuf Juma o‘z she’rlarida shuni aytmoqda, xolos. Dono qaynona hech qachon biror ayb qilib qo‘ygan kelinini koyimaydi, u kelini eshitadigan ovozda o‘z qizini urishadi. Masalani jamiyat va hukumat darajasiga ko‘tarsak, xalqni sotqin, xoin, ikkiyuzlama va qo‘rqoq holatiga tushiradiganlar qandaydir betayin Eshmat va Toshmatlar emas, aynan hitlertabiatli boshliqlar va ularning siyosatidir.

Bu siyosiy-ijtimoiy jarayonni har kim o‘zicha taxlil qiladi va gapiradi yoki yozadi. Men, masalan, bilganimcha buni o‘z maqolalarimda aks ettirishga harakat qilaman. Yusufning 4-5 betlik maqola yozishga sabri ham, xohishi ham, vaqti ham yo‘q, u buni o‘zining o‘n misralik she’riga sig‘dira oladi. Bu qobiliyatni unga Alloh bergan.

Alloh bergan ne’matga faqat yolg‘on vositasida qarshi kurashish mumkin – boshqa yo‘li yo‘q. Yusufni o‘g‘ri, kazzob, ta’magir deyish uchun yolg‘on gapirish kerak, chunki olov va suvni birlashtirib bo‘lmaganday Yusufni ham yuqorida aytilgan xususiyatlar bilan birlashtirishga imkoniyat yo‘q. Iqtisodda nimaga erishgan bo‘lsa, Yusufning oilasi o‘zining tirishqoqligi, mehnatsevarligi va hamjihatligi tufayli erishgan. Yusuf Jumaning fermer xo‘jaligi paxta planini nafaqat Buxoro viloyatida, balki mamlakatda birinchi bo‘lib bajarar edi. Boshqa fermerlarning haqini zo‘ravonlik bilan tortib olishga o‘rgangan hokimiyat odamlari Yusufning tili achchiq bo‘lgani uchun uning haqini o‘zlashtira olmas edilar. Yusuf hech qachon hukumat odamlari oldida xushomad, laganbardorlik, tavoze’lanish qilgan emas va peshona teri bilan topgan o‘z haqini ularga bergan emas.

Davlat boshqaruvidagi odamlar qaroqchilar to‘dasiga aylangan bir paytda o‘z haqini ajratib olish yoki uni himoya qilish har kimning ham qo‘lidan kelmaydi. Vijdonidan davlat rahbari ozod qilgan, yo‘lingizni to‘sgan qaroqchi “Bugun bolalaring non eganmi?” deb so‘ramaydi, u: “Yoningdagini chiqar!” deydi, faqat. U ro‘parasidagi odam unga bas kela olmasligini, bu odamda til-zabon, kuch-qudrat yo‘qligini biladi. Buni uddalash uchun odamda Yusufdagidek sher yurak va achchiq til bo‘lishi kerak.

Hukumatning asosiy “argumenti”

Hukumat biror odamni, ayniqsa o‘ziga muxolif kayfiyatda bo‘lgan insonni yomonotliq qilishni mo‘ljallasa, odatda bu odamni “eb ketdi-ichib ketdi, chet el grantlarini olish uchun hukumatni yomonlaydi” degan iddaodan boshqa narsani bilmaydi. Hukumat doiralarida, ayniqsa uning maxsus xizmat organlarida odamlarni nimaga ishontirish osonligini puxta o‘rgangan va bundan hukumat foydasiga samarali foydalanishni yo‘lga qo‘ygan kuchli mutaxassislar bor. Mas., “faloncha chet eldan tashkilot uchun olgan 50 ming dollar pulni eb ketdi” degan gapga nafaqat oddiy odamlar, balki anchagina o‘qimishli odamlar ham laqqa ishonishadi. Mana bir misol.

Bir kuni mening uyimga “Birlik” xalq harakatini men tuzganman” deb yuradigan, iqtisod fanlari nomzodi Tursunov (ismi esimda yo‘q) degan yigit keldi va darrov maqsadga ko‘chdi: “Tolib aka, siz yaqinda muxolifat ishlari uchun Angliya elchixonasidan 15 ming dollar grant olibsiz. Unda mening ham haqqim bor, chunki “Birlik” xalq harakatini men tuzganman. Menga buni Mixail Ardzinov tushuntirdi. Mening haqqimni bering” dedi. O‘sha kezlari mening iqtisodiy axvolim juda og‘ir edi. Men hatto kelgan-ketgan odamlar oldiga oddiy dasturxon ham yoza olmas edim. Men unga: “Men Angliya elchixonasidan hatto 1 dollar ham grant olganim yo‘q. Agar olgan taqdirimda ham senga 10 tiyin ham bermas edim, chunki na muxolifatga va na huquqbonlikka sening zarracha aloqang yo‘q. Mana uyim, ana oshxona, hammayoqni tekshirib chiq, egulik biror narsa topa olasanmi. Men sening oldingga hatto dasturxon ham yoza olmadim-ku!” dedim va uydan haydab chiqardim. M.Ardzinov va uning soyasi bo‘lib yurgan, “Birlik”ka provokatorlik roli uchun kiritilgan, baqiroq Pirmuhammedov mening uyimga “Tolib olgan grantda sening ham ulushing bor” deb etti odamni yuborishdi. Qizig‘i shunda-ki, ular provokatorlarning gapiga samimiy ishonar edilar.

E’tibor berilsa, hukumat o‘zlari yollagan odamlar orqali Yusuf Jumaga “eb ketdi-ichib ketdi, ta’magirlik qildi, shuncha uy qurdi, shuncha mashina oldi”dan boshqa biror jo‘yali ayb qo‘ya olayotgani yo‘q. Ular Yusuf o‘z farzandlari va ayoli bilan dalada peshona terini to‘kib ishlaganlarini tilga ham olayotganlari yo‘q.

O‘zbekiston amaldorlari dunyoda eng korruptsiyalashgan va eng olg‘ir, poraxo‘r, ta’magir va o‘g‘ri bo‘lgan davlatlarning biri ekanligi sir emas. Buni Yusufga qarshi ig‘vo qilayotgan shaxslar ham yaxshi bilishadi. Biroq ularning birortasi birorta amaldor “eb ketdi-ichib ketdi” deb saytlarga yozgan emas. Yaqinda Bosh prokuratura tergov bo‘limi (TB) boshlig‘ining o‘rinbosari Abdurasul Yunusovning uyidan o‘g‘rilar 240.000 dollar pul va oltin buyumlarni olib chiqib ketishgani xabar qilindi. Davlatning ishongan amaldorining uyida shuncha puli va oltini bo‘lsa, uning boshqa joylarda yashirgan va yashirmagan pullari va oltinlari qanchaykin? Uning shefi, TBning boshlig‘i faqat maoshga yashayotganmikin? Nega Yusufga to‘hmat qilayotganlar A.Yunusovga o‘xshaganlar haqida yozishmaydi?

Davlatning asosiy “argumenti” bo‘lmish “eb ketdi-ichib ketdi” odatda muxolifat vakillari, huquqbon, jurnalist, Yusuf kabi o‘z asarlarida mavjud jinoyatkor tuzumni tanqid qilayotgan shoir va yozuvchi, iymon va e’tiqodli musulmonlarga qarshi ishlatiladi. Hukumat odamlari jamiyatda ular to‘qiyotgan to‘hmat va ig‘volarga ishonadigan odamlar borligini bilishadi va o‘z jinoyatlarini Yusuf kabi sofdil insonlarga ag‘darishga intiladilar.

Islom Karimovning qizlari chet ellardagi villalarini qaysi pulga sotib olishganikin? Yusufga o‘xshab fermerlik qilibmi? Qamoqda o‘lim yoqasiga kelgan, O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati Ishtixon tumani (Samarqand viloyati) bo‘limining raisi Norboy Xoljigitov kabi tokzor plantatsiyalar tashkil qilibmi? Yoki yozuvchi, 12 yildan beri qamoqda yotgan Mamadali Mahmudov kabi o‘lmas asarlar yozibmi?

Nega Yusuf Jumaga tosh otgan Murodillo Mirzohid, Nozim bobo va Zebo Ergashevalar qasrlar qurayotgan buxorolik hokimlar haqida “chet ellarda joylashgan saytlarga” bir satr ham maqola yozishmaydi? Sababi oddiy: ruslarning tili bilan aytganda “kishka tonka”, ya’ni ichaklari torlik qiladi.

Murodillo Mirzohid kabilarni ushbu so‘zlarimni unutmaslikka chaqiraman:

A) hukumatingiz odamlarining hammasini bir dasta qilib bog‘lab tarozuning bir pallasiga, Yusuf Jumani tarozuning ikkinchi pallasiga qo‘ysangiz, shoirning vazni ularni chirpirak qilib osmonga uchirib yuboradi;

B) Yusuf Juma O‘zbekiston tarixida abadul-abad qoladi, hukumatingizning birorta odamini o‘lgandan keyin hech kim eslamaydi.

Yusuf Jumaga aytadigan so‘zim

Badiiy ijodkorlar tabiatan ehtirosli bo‘ladi, deyishadi. Ehtirosni jilovlash oson emas va, demak, ijodkor o‘zi bilgan-bilmagan holda xato ketishi mumkin. Zo‘ravonlikka asoslangan siyosiy tuzum vakillari el nazariga tushgan ijodkorni to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘hmat bilan qatag‘on qilishi qiyin – ular ham jamiyat ichida o‘zlarining “yuzini saqlash”ga harakat qilishadi. Hukumat odamlari va ularning el ichidan yollagan xuf’yalari aynan ijodkorning bilib-bilmay sodir etgan xatosini poylashadi.

Yusuf Jumaga o‘xshagan ijodkorlar omma nazariga tushgan insonlardir va ularga talab va, demak, javobgarlik ham ikki xissa ortiq bo‘ladi. Ularning har bir gapi yoki so‘zi qo‘rg‘oshinday vaznli va vazmin bo‘lishi kerak.

Yusuf Jumaning “Ozodlik” radiosiga bergan interv’yusi o‘zbek tinglovchilarida turli munosabat uyg‘otdi: kimlargadir yoqdi, kimlargadir yoqmadi. Biroq hech kim Yusuf Juma interv’yu berishidan salgina oldin O‘zbekistonning eng mudhish qamoqxonasidan chiqib kelganini hisobga olgan emas. Inson hatto kurortdan qaytganda ham kuchli stress holatida bo‘ladi, bu esa “Jasliq” nomli qamoq-ku!

Bir o‘qigan hikoyam: Sovet askarlari Berlin ichida jang qilayotgan paytda bir bomba hayvonot bog‘i ichiga tushadi. Portlash natijasida bir silovsin qamalgan temir qafas buziladi va portlashdan omon qolgan silovsin tashqariga chiqadi. Uni kuzatgan askarning yozishicha silovsin yuqoriga va har tarafga sakrab rosa o‘yinga tushadi. Biroq bu harakatlar paytida silovsin birdan yiqilib o‘ladi. Jang tugagach askarlar silovsin oldiga borib uning tanasining hamma joylarini ko‘rib chiqishadi, biroq biror joyiga o‘q yoki temir parchasi (oskolka) tekkanini ko‘rishmaydi. Ilgari veterinar bo‘lib ishlagan bir harbiy silovsin yuragi birdan to‘xtashi (razrыv serdtsa) natijasida o‘lganini aniqlaydi.

Silovsin bir necha yil qafasda bo‘lgan. Tabiatan bunday hayvonlar kuchli yuguruvchan, harakatchan, ya’ni katta jismoniy bosim (fizicheskaya nagruzka)ga chidamli bo‘ladi. Biroq mazkur silovsin ko‘p yillar o‘zining tabiatiga tamoman zid bo‘lgan qamoqda yurgan (saqlangan) va yuragi ishdan chiqqan. Ozodlikka chiqqan silovsin ko‘p yillardan keyin o‘zining stixiyasi (hayot muhiti)ga erishganini sezgach, birdan unda tamoman boshqa his-tuyg‘ular paydo bo‘lgan: u ko‘p yillardan keyin ozodlikni yana sezgan, hayvonga xos sevingan va sakray boshlagan. Biroq yuragi chidamagan. (tamom).

Qamoqning ma’nosi shu. Insonni sud OZODLIKdan mahrum etadi, ya’ni uni erkin harakatdan cheklaydi, inson istagan manzilga borib kelishdan mahrum qilinadi. Bu – ideal, ya’ni qamoqxonada inson o‘zining boshqa huquqlaridan erkin foydalanishi kerak. Biroq avtoritar siyosiy tuzumlar insonni qamashdan butunlay boshqa maqsadni: insonni ruhiy va jismoniy SINDIRISh ko‘zlaydi.

Yusuf Juma zo‘ravonlik uchiga chiqqan, insonning zarracha huquqi bo‘lmagan “Jasliq” qamoqxonasidan chiqib kelganini unutmasligimiz kerak.

4 iyun’ 2011 y.

http://yangidunyo.com/?p=19882

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: