Yusuf Juma: ‘Karimov meni ozod qilmadi, surgun qildi’ – bbc uzbek


3 iyun 2011

Yusuf Juma

2007 yil Prezident Islom Karimov iste’fosi talabi bilan o‘tkazgan namoyishlardan so‘ng Yusuf Juma o‘g‘li bilan birga hibsga olingan edilar

O‘zbekistonlik taniqli dissident shoir Yusuf Juma 1958 yil 19 yanvarda Buxoro viloyati Qorako‘l tumani Maksim Gorьkiy kolxozida tug‘ilgan.

1973 yilda o‘rta maktabni bitirganidan so‘ng, Yusuf Juma Buxoro davlat pedagogika institutida tahsil oladi.

Yusuf Juma o‘tgan asrning 80-yillarida she’riyatga kirib keladi. Shoirning “Haqiqatning oltin olmasi” (1983), “Yurakdagi xanjar” (1984) nomli she’riy to‘plamlari chop etilgan.

“Birlik” xalq harakati faollaridan bo‘lgan Yusuf Juma 2001 yilda qator she’rlari uchun Buxoro viloyati Milliy Xavfsizlik xizmati tomonidan hibsga olingan.

Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilishda ayblanib, u olti oyga qamalgan. Yusuf Juma xalqaro bosimlar tufayli ozodlikka chiqarilgan.

2005 yil 13 may Andijon fojealaridan keyin Yusuf Jumaev “Andijon turkumidan” nomli bir turkum she’rlarini e’lon qiladi.

O‘shandan keyin Yusuf Juma oilasiga bosimlar yanada kuchayadi.

2007 yil dekabrida esa, Prezident Islom Karimovning iste’fosini talab qilib o‘tkazgan namoyishlardan so‘ng shoir Yusuf Juma o‘g‘li bilan birga hibsga olingan edilar.

Yusuf Juma va oilasi prezidentlik saylovi arafasida Islom Karimovni hokimiyatni bosib olishda ayblagan va Qorako‘l tuman prokuraturasiga unga nisbatan jinoyat ishi ochishni so‘rab, murojaat etgan edi.

Buxoro viloyat mahkamasi Yusuf Jumani hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish va militsiya xodimlariga tan jarohati etkazishda aybdor, deb topib, 5 yil qamoq jazosiga mahkum etgan. Qamoqda payti uning qiynoqlarga tutilgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Yusuf Juma yaqinda qamoqdan ozod qilingan va u hozir AQShda yashayotgan oilasi oldiga etib kelgan.

Taniqli dissident shoir Yusuf Juma bilan suhbat

Bi-bi-si: Assalomu alaykum Yusuf aka, Bi-bi-si dasturiga xush kelibsiz!

Yusuf Juma: Vaalaykum assalom!

Bi-bi-si: Yusuf aka, sizga xat yo‘llagan muxlislarimizning deyarli hammalari eng avvalo ozodlikka chiqqaningiz bilan tabriklashgan. Shunday maktublardan birini o‘qib bersam…Aleks nomi bilan savol yo‘llagan muxlisimiz: “Janob Yusuf aka, avvalombor ozodlikka chiqishingiz bilan tabrigimni qabul qiling”, deb yozadilar va Sizni muxolifatga nima undagani bilan qiziqqanlar. Marhamat.

Yusuf Juma: Barcha savol berganlarga oldindan rahmat aytib qo‘yaman va minnatdorchilik bildiraman. Man aslida ozod bo‘lmadim. Mani “Jasliq” zindonidan Toshkent aeroportigacha qo‘limga kishan solib olib keldilar va majburan surgun qilib yubordilar, deb o‘ylayman. Shundoq ahvol yuz berdi, man aslida ozod bo‘lmadim. Man chiqishim bilan Amerikaga boraman degan xayol yo‘q edi. Man o‘zimning yurtimga, o‘zimning Qorako‘limga borishni istardim. U erda 80ga kirgan onam mani 4 yildan beri kutyapti. U erda mani Qorako‘lning xalqi kutyapti. O‘z xalqim bilan bo‘lishni, o‘z xalqim bilan nafas olishni istardim. Afsuski, ayrimlar o‘ylaganidek, man vatandan ixtiyoriy emas, majburiy chiqarib yuborildim. Qamoq surgunga aylantirildi. Man o‘zi qonimda bor-da, azaldan qaerdaki, yovuzlik ko‘rsam, qaerda nohaqlik ko‘rsam, har qanaqa tuzum, har qanaqa jamiyat, har qanaqa odam bo‘lmasin, kimgadir zulm qilayotgan bo‘lsa, kimdir u erda ojiz bo‘lib qolayotgan bo‘lsa, albatta, man yonida paydo bo‘lganman va bundan keyin ham paydo bo‘laman. Boshqa biron bir manfaatim yo‘q. Manga biron bir narsa kerak emas bundan, biron bir grant, biron bir rahmat, hech narsa kerak emas. Man juda bir bechora odamning, bir dehqon odamning, bir mehnatkash odamning farzandiman. O‘sha bolalik paytimdan mol boqib, er ekib o‘sganman. Kunlardan bir kuni otam rahmatli cho‘lda kolxozning qo‘ylari qirqimida edilar. O‘sha payti pilla mavsumi boshlanayapti, pillaxona qurishimiz kerak. Otam u erda normani bajarib, yana shu pillaxonani qurish uchun qaytib keldilar. Loy qilayaptilar, man otamga loy olib beryapman. Shunda bir rais kelib: “Nima uchun qirqimni tashlab kelding, nimalar qilayapsan”, deb otasi qatori odamni haqorat qilyapti. O‘sha paytlardan mani qonimga singib qolgan. Doim shu ruhda yashaganman, bundan keyin ham shu ruhda yashayman.

Bi-bi-si: Amerikadan Toshpo‘lat aka yozibdilar: “Assalomu alaykum Yusufjon. “Jasliq” qamoqxonasida Bi-bi-si, “Amerika ovozi”, “Ozodlik” radiolarini eshitish imkoniyati bormidi? Agar bor bo‘lsa, radiodasturlar e’tiqod tutqunlari ruhiyati, kayfiyatiga qanday ta’sir qilardi?” Marhamat.

Yusuf Juma: Afsuski, u erda biron bir axborot nari tursin, havo olish qiyin. Havo, normal havo olish mumkin emas. 5 metrga metr, 25 metr kvadratda 12, ba’zan 14, ba’zan 17 odam o‘tiradi. Tualeti ham shu erda, boshqa yashash joyi ham shu erda, yuradigan joyi ham shu erda. 24 soat shu erda shu erda o‘tirishga mahkum bu. U erga havo ham kirib bormaydi. Bir yil burungi gazetalarmi, berilib boshlaydi. Boshqa hech narsa yo‘q. Bi-bi-si bilan “Ozodlik” u yoqda tursin, O‘zbekistonning axborotini ham ko‘rsatmaydilar. Tasavvur qilish mumkin emas. Man uni yozmoqchiman. Qafas ichida qafas, qafas ichida qafas, yana eshikni nazorat qilib turadi. U erda hech qanaqa axborot olish imkoniyati yo‘q. Uchrashuv payti uydan kelganlardan u yoki bu ma’lumotlarni olish mumkin.

Bi-bi-si: Zebo Hakimova ismli muxlismiz qamoqxona sog‘lig‘ingizga qanchalar “jiddiy va salbiy asoratlar” qoldirgani bilan qiziqibdilar.

Yusuf Juma: Sog‘lig‘im to‘g‘risida endi…badanimni hozir ko‘rgan odam ham dahshatga tushadi. Bir oyog‘im yo‘g‘on, bir oyog‘im ingichka. Dubinkalarning nimasi haligacha ketgan emas. Badanimga tilib, tuz sepishgan joylar hali qorayib turibdi. Tilingan joylar shundoq turibdi. Faqat Xudoning bir nimasi bilan tirik qoldim va hozirgacha tirik yashayapman. Endi hozir sog‘lig‘imni tekshirtirayapman. Faqat yuragimga, o‘pka, jigar, buyrak, o‘t, mana shularga tepishardi. Dubinka bilan urishardi. Hatto jinsiy a’zolarimga ham shunaqa tepib tashlashardi. Mana shundoq sharoitda man 3 yarim yildan ortiq yashaganman va sog‘lig‘im ham o‘ziga yarasha desa ham bo‘ladi. Lekin, man Ibn Sinoni ancha-muncha yaxshi o‘qiganim foyda bergan.

Bi-bi-si: Ovro‘podan xat yo‘llagan Akmal, qaerdan ekanlarini aytmagan Ahmadbek va yana bir qator tinglovchilarimiz o‘g‘lingiz Mashrabning taqdiri bilan qiziqishgan va “o‘g‘lingiz haqida biron ma’lumot bormi”, deb so‘rashgan. Ahmadbek: “Yusuf aka, moboda savolim qiyin bo‘lsa, javob bermasangiz ham mayli, ming bor uzr, sizni xafa qilmoqchi emas edim”, deya yozibdilar.

Yusuf Juma: Rahmat, endi bu juda katta mavzu va u ko‘p vaqt oladi. Sizlarning imkoniyatingizga qarab aytmayman. Faqat bir narsani aytamanki, Xudoga shukur, o‘g‘lim tirik va omonligini bilaman. Qaerdaligini ham bilaman. Unga juda qattiq azob berganlar, shu ikki o‘g‘limga. Bu haqda gapirish ham man uchun azob-da. O‘zimdan ham battar o‘g‘illarim uchun ezilganman.

Bi-bi-si: Shvetsiyadan Muhammadsolih: “Yusuf aka, ozodlikka erishganingiz uchun Allohga hamd bo‘lsin! Sizni turmadagi birodarlarga nisbatan gapirgan gaplaringizni achchiq ustidagi gaplar deb tushundim. Siz ozodsiz. Ammo, xalq mazlum. Endi rejalar qanday?”, deb maktub yo‘llabdilar. Yusuf aka, Sizning kelajakdagi rejalaringiz haqida yana bir qator tinglovchilarimiz so‘rab qolishgan. Marhamat.

Yusuf Juma: Kelajakdagi rejalarim, bu erda ayrim bizning muxolifatchi do‘stlarga o‘xshab, bir-birimizga loy chaplash bilan shug‘ullanmoqchi emasman. Man yaqin o‘rtada e’lon qilaman. Man bir xalqaro darajadagi muammoni ko‘taraman. Hozir Amerikada yashayotganimdan foydalanib, zulmga qarshi kurashning yo‘lini o‘zimcha izlab topganman. Agar uni dunyo qo‘llasa, shu jarayonda O‘zbekiston ham ozod bo‘ladi. Hech qachon unutmasinlarki, bugungi mustabit malaylari qonun oldida javob beradi. Va adolatli jamiyat bizning O‘zbekistonda, bizning Turkistonda, albatta, o‘rnatiladi.

Bi-bi-si: Yusuf aka, Gulistondan maktub yo‘llagan Akmal va boshqa yana bir necha o‘quvchimiz qamoqxonalardagi qiynoqlar haqida so‘rashgan.

Yusuf Juma: Bir zum ichida bor odam, bir zum ichida yo‘q bo‘ladi. Hayot degan narsa u erda omonat narsa. Bir og‘iz haq gapni aytish o‘lim degani. Cheksiz zulm bor. Cheksiz, poyonsiz. Man yozaman. Tasavvur qilish mumkin emas. Odamni tiriklay terisini tilib, tuz sepib tashlashi. Molni ham, molni ham tiriklay terisini shilib, tuzlab tashlamaydilar-ku! Masalan, mani shundoq qilganlar. Oyoq ostiga uriladigan dubinkalardan mani tirnoqlarim qo‘porilib ketgan. Butun vujuding oldin ko‘karadi, keyin qop-qora bo‘lib qoladi. Masalan, man o‘zimning boshimdan o‘tkazgan, tasavvur etib bo‘lmaydigan qiynoqlar bor u erda. Inson inson hisoblanmaydi u erda.

Bi-bi-si: Londondan, Jamshid ismli muxlisimiz yozyaptilar: “Ozodlik, Hurriyat muborak bo‘lsin, Yusuf aka! Buxoroning mard shoirlaridan biri bugun ozodlikka chiqqanidan xursand bo‘ldim. Yusuf aka, Amerika Karimov rejimini qanday qilib tinch yo‘l bilan ag‘darishi mumkin, deb o‘ylaysiz?” deb so‘raganlar.

Yusuf Juma: O‘zbekiston rejimini tugatish uchun avvalo xalqimiz bunday bosh ko‘tarib, “biz undoq, biz mundoq, hech kimdan kam emas”, deyish o‘rniga boshini ko‘tarib tevaragiga qarasin. Sal o‘rgansin. Man turmadagilarni ham, ko‘chadagilarni ham yaxshi bilganim uchun aytayapman bu gapni. Qodiriyning qahramoni Yusufbek hoji Azizbek bachcha saroyidan chiqib kelar ekan, butun g‘am-alamda shunday deydi: “O‘z taqdirini Azizbek bachchadek bir bachchaga topshirib qo‘ygan xalqni, bizning xalqni er yutsin”, deydi. “Uying kuysin musulmonlar!” deydi. Bu 25 yoshli Qodiriyning yozgan asaridan. Aynan mani gapim emas bu. Bu Qodiriyning “O‘tgan kunlar”idan Yusufbek hojining so‘zlari. Ana shu narsalarni anglab etganda bu xalq ozod bo‘ladi, zulmdan qutiladi, yurt mustaqil bo‘ladi. Kim aytdi, O‘zbekiston mustaqil, deb?! Bir-birini eb yurgan muxolifat ko‘zini ochishi kerak!

Bi-bi-si: Yusuf aka, bizga kelgan maktublarning ba’zilari ozodlikka chiqqaningizdan keyin “Ozodlik” radiosiga bergan suhbatingiz haqida bo‘lgan. Kanadadan xat yo‘llagan Mo‘minjon: “Assalomu alaykum Yusuf aka! Avvalo, ozodlikka chiqib, oilangiz bag‘riga qaytganingiz bilan tabriklayman! Savolim: Yaqinda “Ozodlik” radiosiga bergan suhbatingizda, Siz “o‘zbekligimdan or qilaman”, deb aytdingiz va o‘zbek millatiga nisbatan bir qator haqoratga o‘xshash so‘zlarni gapirdingiz. Ko‘pchilik qatori men ham bu so‘zlaringizdan hayratga tushdim. Aytingchi, agarda Siz garchi o‘zbekligingizdan or qilsangiz, u holda qamoqda nega o‘tirdingiz, nega ko‘p azob chekdingiz? Axir, bu azoblaringiz o‘zbek millati, xalqimiz uchun emas edimi? Men Sizni haqiqiy, jasoratli xalq shoiri deb bilaman. Lekin, bu gaplaringizga tushunmadim”, deb tushuntirish berishingizni so‘rabdilar. Marhamat.

Yusuf Juma: Man nima uchun bu xalqni nima qilaman, xalqni yomon ko‘rganim uchun aytayotganim yo‘q bu gaplarni. Shundoq insonlar bo‘ladiki dunyoda, o‘sha Shotlandiya ozodligi uchun kurashgan Uilьyam Uolles aytgan gap bor:”Agar shotlandiyaliklar sizlarga o‘xshasa, man Shotlandiyadan bo‘lganimdan or qilaman”, degan. Kultegin bitiklarini o‘qiganmisiz? Manga shu savolni bergan yigit o‘qiganmikan Kultegin bitiklarini? Bu bizning eng buyuk ajdodimiz. Turklarni birlashtirgan, o‘layotgan xalqni birlashtirgan Kultegin. Juda kamgina qolgan bo‘lsa xam shu bitiklarni o‘qiganmikan, unda nima degan? O‘qigan bo‘lsa, uqqanmikan? “Hov, ko‘zingni och turk xalqi, agar beklaring boylikka berilib ketsa, o‘zing noahil bo‘lsang, o‘lajaksan, o‘lajaksan! San o‘lgan eding, man qayta tiriltirdim. Yana shu yo‘lga kirsang, yana ko‘zingni ochmasang, o‘lajaksan!” deydi. Agar shular chindan vatanparvar bo‘lsa, nima uchun xalq mardikor bo‘lib, Rossiyada yuribdi? Nima uchun ayollar fohisha bo‘lib, Dubayda yuribdi? Buni o‘ylab ko‘rsalar yaxshi emas edimi?

Bi-bi-si: Toshkentdan Mo‘’tabar Ahmedovaning maktublarini o‘qib bersam: “Hurmatli Yusufjon! Sizni ozodlikka chiqqaningiz bilan tabriklayman. Eson-omon oilangiz bilan birlashibsiz, eshitib juda hursand bo‘ldim. AQShga etib borganingizdan so‘ng, siz bilan o‘zbek radiolari qisqacha suhbat qurgan edilar, eshitib, ba’zi javoblaringizdan so‘ng menda savollar paydo bo‘lgan edi.”Bi-bi-si mehmoni” rukniga taklif etilgan ekansiz, savollarimga javob qaytararsiz degan umiddaman.

Siz “Jasliq” qamoqxonasidagi qiynoqlar, yashash sharoiti, mahbuslar haqidagi savollarga javob bera turib, quyidagilarni e’tirof etdingiz. Uzr, so‘zma-so‘z bo‘lmasa-da, aniq mazmunga ega javoblaringizdan biri quyidagicha: “…”Jasliq”dagi mahbuslarning 90 foizi haqiqiy jinoyatchilar, terroristlar….” dedingiz. Aytingchi, o‘sha 90% jinoyatchilar kimlardan iborat?

Yusuf Juma: Rahmat savollar uchun, omon bo‘lsinlar. Man aytayotgan narsa shundan iboratki, mana “Jasliq”da mingta odam qamoqda o‘tirgan bo‘lsa, shuning 900tasi, 100dan 90i qonuniy o‘tiribdi-da. Haqiqatdan jinoyatchi ular, haqiqatdan jinoyatchi. Mana nima qilib ko‘ring, kimdir o‘z farzandini, o‘z xotinini, yana kimnidir, uchtani o‘ldirib borgan. Ko‘pchiligi qotillar, masalan, odam o‘ldirib borganlar. Ularni qamamaslik kerakmi? Qamash kerak. Va, hatto, ko‘plarini otishga loyiq odamlar bor. O‘zining singilisini zo‘rlab kelganlar, ular jinoyachilar emasmi? Davlatning milliard-milliardini o‘g‘irlab, xalqning milliardi, u Karimovning cho‘ntagidan o‘g‘irlamagan, xalqning milliard – milliardini o‘g‘irlagan boyvachchalar o‘tiribdi. Ular bemalol yuribdi, manga o‘xshab, qiynoqqa ham solinmaydi, bir marta izolyatorga ham tashlanmaydi. Mana shunaqalar bor. Har qanaqa tubanlikdan qaytmagan rahbarlar o‘tiribdi u erda. Lekin, u erda halol odamlar ham o‘tiribdi.

Bi-bi-si: Lekin, “Jasliq” qamoqxonasida faqat e’tiqodi uchun, namoz o‘qigani uchun qamalganlar ham borligi aytiladi. Siz shunday odamlarni ham ko‘rdingizmi?

Yusuf Juma: Ha, albatta, man ular bilan birga o‘tirdim. Ularni ham ko‘rdim. Mana ularning ichida “akromiylar” haqida gapirdim. O‘sha “akromiylar”, masalan, man hech tushunmadim, nima uchun o‘tiribdi ular? Shular toza yigitlar ko‘plari.

Bi-bi-si: Mo‘’tabar Ahmedovaning oxirgi savollari: “Chet elga muxolifat namoyandalarini chiqishi uchun viza olishi juda qiyin. Faqat O‘zbekiston hukumatidan chiqish vizasini olish uchun ming chig‘iriqdan o‘tishimiz lozim…Siz qamoqxonadan to‘g‘ri AQShga uchdingiz. Tushunishimcha, sizga hamroh qizingiz ham bo‘lgan. Aytingchi, bunga qanday erishdingiz?” deb so‘raydilar.

Yusuf Juma: Bu mandan chiqmagan, bu Karimovdan chiqqan. “O‘zbekiston fuqaroligidan voz kechasan, shunda chiqasan, bo‘lmasa, shu erda qolasan”, deyishdi. Boshimda barcha sinovlar o‘tkazilgan. Ming marta o‘limni ko‘rdim. Man faqat bir marta yig‘ladim. Unda ham O‘zbekistondan chiqib ketishimni aytishganda yig‘ladim. Ular 20 yil o‘tirasan, deyishayotgandi. Bu Amerikaning ta’siri tufayli, Amerika bosimi tufayli, albatta, mani chiqarishga majbur bo‘ldi. Shuning uchun, hatto, man o‘zim ham kutmagan holda qizim bilan bitta nevarachamni ham man bilan qo‘shib, Amerikaga jo‘natdi. Mandan emas, o‘sha Karimovdan so‘rasinlar. G‘alati pasport bergan-da, qarang endi, 6 mayda berayapti pasportni manga, 21 mayda muhlat, 15 kunlik bergan. Qizimga 14 mayda berayapti, 21 mayda muhlati tugaydi. Pasportimni vaqtinchalik bergani uchun yaqinda Vashingtondagi O‘zbekiston elchixonasiga borib, bu haqda yozma talabnoma yuboraman Karimovga. Mani O‘zbekiston fuqaroligidan zo‘ravonlarcha chiqargani va yurtimga qaytishimga yo‘l qo‘ymagani uchun, bu qilgan zulmi uchun, xatolarini to‘g‘irlab, mani O‘zbekistonga kirishga ruxsat berishini so‘rab yozaman.

Bi-bi-si: Yusuf aka, ayrim muxlislarimiz hozirgi pallada ijodingiz qanday ketayotgani bilan qiziqishgan. Marhamat.

Yusuf Juma: Dastlabki payti Toshturmaga borganimda yo Tashkent shahar GUVDsida yotganimda qog‘oz qalam bergan. O‘sha erdagi she’rlarimni u erdagilar olib qolgan. Keyin Otbozorda qog‘oz qalam taqiqlanmagan edi. U erda yozganman, faqat bir qismiginasini olib chiqqanman. “Jasliq”da esa, 3 yil mobaynida na ruchka ko‘rdim, na qog‘oz ko‘rdim. Lekin, ancha-muncha narsa xotiramda qolgan. Keyin Nukus turmasiga yubordilar mani, o‘sha erda 3-4ta daftar yozib keldim. O‘sha daftarlarimni yana “Jasliq”dagilar saqlab qoldi. Ancha she’rlarimni “Turon Zamin”ga berganman. Juda katta yozadigan rejalarim bor. Hozir 4-5ta temada boshlaganman. Qamoqda ko‘rganlarimni ham yozmoqchiman. Yaqinda bir sayt e’lon qilamiz. Butun ijodim va qiladigan narsalarimni o‘qishni istaganlar, albatta, xabardor bo‘lib boradilar.

Bi-bi-si: Yusuf aka, biz bilan suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun katta rahmat, ishlaringizga omad!

Yusuf Juma: Sizlarga ham katta rahmat. Manga savol berganlarga, barcha-barchalariga rahmat!

http://www.bbc.co.uk/uzbek/interactivity/2011/05/110530_talkingpoint_yusuf_juma.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: