O‘zbekistonda davlat rasmiylari va xonandalar munosabati qanday? – bbc uzbek


2 iyun 2011

Ozoda Nursaidova va Sherali Jo‘raev man qilingan xonandalardan

O‘zbekistonlik taniqli qo‘shiqchi Ozoda Nursaidova bilan Bi-bi-si dasturida yangragan va internet sahifamizda chop qilingan suhbatga ko‘pgina tinglovchi va o‘quvchilarimiz turli munosabatlarni bildirishgan: kimdir qo‘shiqchiga rahmi kelsa, kimdir uni birovning buyrug‘i bilan mojaro keltirib chiqarishda ayblamoqda.

Ozoda Nursaidova shu hafta o‘z internet sahifasida o‘zining O‘zbekiston hukumatidagi aksil-Karimov mulozimlar tomonidan bosim ostiga olinayotgani, hamda narkobiznes va diniy ekstremistik tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga majburlanayotganini da’vo qilgan videofil’mini chop qildi va buning ortidan Bi-bi-siga eksklyuziv interv’yu bergandi.

U yaqin kunlarda rus tilida “Pautina vlasti” (Hokimiyat to‘ri) deb nomlangan videofil’mini to‘laligicha internetda chop etishini bildirdi.

Bi-bi-sining aksar tinglovchilari Ozoda Nursaidovaning bayonotlarini shubha ostiga olishgan.

Munosabat

“Menimcha, Ozoda Nursaidova necha yillik alamlarini olish uchun o‘zini ko‘rsatib qo‘ymoqchi. Lekin gapida mantiq yo‘q. Gap aylanib kelib Islom Karimovning oppoq ekaniga ishora berib ketayapti. O‘zbekistondagi holatga faqat amaldorlar aybdor emish… Tushingni suvga ayt deydigan odam yo‘q… O‘zi ham tushunmagan narsalarni gapirib nima qiladi? Bir gapi ikkinchi gapiga raddiya bo‘lib ketayapti-ku. Ayni paytda “ekstremist” degan so‘zni ko‘p ishlatganidan buyurtmaga ham o‘xshaydi”, deb yozgan O‘zbekistondan Voris Usmonli.

Shunga o‘xshash yana bir maktub Kanadadagi tinglovchimiz Arslon Arslonovdan kelgan.

“Ozodaxon, siz siyosatga aralashmasdan qo‘shig‘ingizni aytib, to‘yma-to‘y elning xizmatini qilib yuravering, siz xonandasiz, siz gapga ustasiz. Sizni rosa tayyorlashibdi. Siz buyog‘dagilar kallasi yo‘q deb o‘ylamang”, deb yozadi u.

Angliyadan Feruza ismli tinglovchimiz qo‘shiqchining gaplarida ham jon bor degan fikrda.

Feruza Jumaniyozovaning litsenziyasi ham “O‘zbeknavo” tomonidan bekor qilingan

“Eh, rosa kuyunib gapiribdi. Haqiqatga yaqin joyi ham bor ko‘p gapini. Lekin gapidan O‘zbekistonda biron chet davlatga qochoq bo‘lmoqchiligi ko‘rinib turibdi” deb yozadi Feruza.

Qirg‘izistonlik Nodira esa Ozoda Nursaidovaning xavfsizligidan xavotirda.

“Barakalla, Ozoda, ochiqcha gapirishga qo‘rqmadi. Aftidan sabr kosasi to‘lgan va yo‘qotadiganini yo‘qotgan. Bir xavotirli joyi, u Toshkentda turib shunday qattiq gaplarni gapirmoqda, o‘z hayoti yo yaqinlari hayoti uchun qo‘rqmaganmi? Bu hikoyaning hamma tomoni ham aniq emas”, deb yozadi Nodira.

Ayni damda O‘zbekistonda ko‘p xonandalarning nufuzi va boyligiga qaramay, ijodiga to‘siqlar qo‘yilishi tez-tez uchrab turadigan hol. Sherali Jo‘raev, Yulduz, Shahzoda, Feruza Jumaniyozovalar bunga misol.

Kim bu to‘siqlarni yaratadi va nima uchun? O‘zbekistonda o‘zi davlat rasmiylari va san’atkorlar o‘rtasidagi aloqa qanday? San’atkorlar naqadar erkin?

Rasmiyning injiqligi

Bir necha yillar o‘zbek estradasi sohasida prod’yuser bo‘lib ishlagan, ammo o‘z ismining oshkor etilishini istamagan san’atkorning aytishicha, O‘zbekistonda qo‘shiqchining kar’erasi yakun topishiga odatda biron mulozimning injiqligi sabab bo‘ladi deydi.

“Masalan, qaysidir bir chinovnik, o‘z lavozimidan foydalangan holda, men falon artistni tekinga to‘yimda kelib xizmat qilishini xohlayman deydi. Bormasang, darrov litsenziyangni bekor qilishadi”, deydi u.

Litsenziyadan ayrilish esa qo‘shiqchi uchun radio va televidenieda o‘z qo‘shiqlari bilan chiqishi man etilganini anglatadi.

Yulduz Usmonova rahbalar tomonidan bo‘lgan bosim tufayli xorijda ijod qilishga majbur bo‘lganini bildirgan

“Artistlar siyosatchilarmi, yoki davlatda bir kuchga ega bo‘lgan odamlarning qo‘lida manekendek narsa. Televizorda ko‘ramiz, dahshat, zo‘r klip qilibdi, deymiz. U bechora artistning sahna ortidagi hayotida qanday ketayotganini faqat o‘zi biladi, yo uni atrofida yurgan odamlar biladi. Xalq buni ko‘rmaydi. Artistlarning ko‘pchiligi ham o‘zidan qo‘rqqanidan ham gapira olmaydi”, deydi suhbatdosh.

U bir necha yosh iste’dodli o‘smir qiz xonandalarni katta sahnaga olib chiqishga uringani, biroq mulozimlarning tegajoqligi va ochko‘zligidan xonandalar azob chekishganini ham aytadi.

“O‘zbekistonda hamma biladi, artistning daromadi qaerdan keladi, faqat to‘ydan. To‘yga olib borasan bir chiroyli yosh qizni, u ashulasini aytadi, o‘zini ko‘rsatadi. Bir puli bor, lavozimi bor odam, davlatning prokurorimi yo bir chinovnigi “men shuni olib ketaman hozir” deydi” deb aytadi prod’yuser.

Unga ko‘ra yosh xonandalar so‘ngra jinsiy xizmatlar yoki ko‘ngilxushlik uchun ishlatiladi.

“Jinsiy xizmatlar xam, boshqasi uchun xam. Masalan, tadbirlarda “Men bilan birga o‘tirib ovqatlanasan” deydi, u o‘z o‘rtoqlariga “Qara men shu ashulachini olib o‘tiribman” deb, uning ustidan kulib, askiya qilib, erga urib o‘tirishadi”, deydi u.

Suhbatdosh bu hol nafaqat yosh xonandalar, balki katta nufuzga ega “besh yulduzli” san’atkorlar bilan ham yuz berishini da’vo qiladi.

“Ko‘p bilaman san’atdan yuragi sinib, ko‘ngli qaytib, “bor-ey” deb ketvorib, boshqa yurtda, Amerikada, yo boshqa chet mamlakatlarda qaerdagi ishlarni qilib yurgan odamlarni nechtasini shaxsan bilaman. Alam qiladi” deydi u.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/06/110602_uzbek_pop.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: