Mo’tabar Ahmedova: Ulamolar Karimovni duo qilishdan boshqa narsaga qodir emaslar – bbc uzbek


27 may 2011

Mo’tabar Ahmedova

Mo’tabar Ahmedova O‘zbekistonda musulmonlar huquqlarini himoya qilib keladi

O‘zbekistonlik inson huquqlari faoli Mo’tabar Ahmedova bbcuzbek.com o‘quvchilari va tinglovchilarimiz savollariga javob berdi.

74 yoshli Mo’tabar Ahmedova Toshkentda tavallud topgan.

Toshkent Politexnika institutining “Tog‘ konlari geologiyasi va qidiruv ishlari” fakultetini 1961 yilda tamomlagan.

Moskvadagi Geologiya va Qidiruv Institutida cho‘kindi jinslar litologiyasi va petrografiyasi sohasida ilmiy ish olib borib, 1974 yilda Geologiya va mineralogiya fanlari nomzodi unvonini olgan.

Mo’tabar Ahmedova o‘tgan asrning 80-yillari o‘rtalaridan boshlab, “Islomni chuqur o‘zlashtirishga” kirishganini aytadi.

“Allohning inoyati va Gorbachevning oshkoralik siyosati sharofati blan barcha dinlar qatori ISLOMGA ham keng yo‘l ochilgan, masjidlar o‘z egalari – namozxonlarga qaytarilaboshlagan edi,” deb eslaydi huquqbon.

Bu davrga kelib, Mo’tabar Ahmedova “nafaqat ilm maydonida, balki endi siyosiy maydonda ham kurashga otlangan edim,” deydi.

U “Birlik” xalq harakati va “Askarlarni himoya qilish ota-onalar qo‘mitasi”da faoliyat olib bora boshlaydi.

Mo’tabar Ahmedova O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, musulmonlar haq-huquqlarini himoya qilish bilan faol shug‘ullana boshlaganini aytadi.

Bir necha bor O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan hibsga olingan.

U 1997 yildan boshlab O‘zbekiston konstitutsiyasini ham tan olmasligini aytadi.

Bo‘ston, O‘zbekiston:a) Hozirgi faoliyatingiz nimadan iborat, tazyiqlar bormi sizga va oila a’zolaringizga?

Mo’tabar Ahmedova: Ochiqdan ochiq tazyiqlar 1995 yilda qamoqdan chiqqanimdan keyin tinimsiz davom etgan. Bunday tazyiqlar har yili kam deganda 8-12 soat yoki bir sutka shahar yoki tuman ichki ishlarida bir xonada (hibsxonasida emas) ushlab turish shaklida bo‘lgan. Oxirgi marta bu 2003 yil 21 mart Navro‘z kuni yuz berdi. Taxminan to‘qqiz soat Sobir Rahimov tuman Ichki ishlar idorasida ushlab turishdi. Jarima solish uchun sud ham o‘tkazmay, kech soat 1800 ga yaqin uyimga o‘zlari olib kelib qo‘yganlaridan beri, Allohga hamdlar bo‘lsin, boshqa menga tegmayotirlar. Bunga bir tomondan yoshimning o‘tib qolgani bo‘lsa, ikkinchidan meni faqat endi go‘r tuzatishiga amin bo‘ldilar shekilli. Ammo ba’zi sanalarda, ya’ni 16-fevral, 21 va 28-mart, 1-sentyabr va boshqa ular uchun xavfli yoki bayram hisoblanadigan kunlarda, albatta, darvozam oldiga soatlab qorovullar qo‘yiladi. Mening tinchligim va kayfiyatimni so‘rab, omonlik tilab ketadilar. Oila a’zolarimga bundan 15 yillar ilgari tazyiqlar bo‘lib, barchalari o‘zlarining risoladagidek ishlarini yo‘qotganlar va hozirda hammalari bir amallab tirikchilik o‘tkazib yurishibdi. Ko‘pincha, ularning xavfsizligini o‘ylab, ular bilan kamdan kam bordi-keldi qilishga intilaman.

b) Islomga qiziqishingizga asosan nima turtki bo‘lgan?

Mo’tabar Ahmedova: Birinchidan, bizning oilada ota-onamiz, ammalar, katta amakilarning barchasi namozxon bo‘lishgan. Men, oiladagi to‘ng‘ich farzand bo‘lganim uchun, ularga doimo ergashib, namoz o‘qimasam-da, ro‘za tutar edim. Adam rahmatli chalasaod bo‘lib qolganlarini afsus blan gapirib berar edilar. Ular ilm olmagan bo‘lslar ham, juda uqigan inson bo‘lib, aynan Islom tarixidan juda ko‘p rivoyatlarni bizga kechqurunlari aytib berardilar. Shunday muhitdan chiqqan men, taqdir taqazosi blan, 1970-yilda Moskvaga asprianturaga o‘qishga bordim. Insonda mudrab yotgan tuyg‘uning qayta jonlanishiga, arzimagan bo‘lsada, bir narsa turki bo‘lsa, u o‘z o‘zidan jonlanib ketar ekan. Moskvadaligimda ikki sabab meni Islom tarixi blan chuqurroq shug‘illanishga etakladi. Birinchisi, men borgan institutdagi bir xodimning “bilsa hazil, bilmasa chin” qabilida ham milliy, ham diniy nafsoniyatimga tekkan bir gapi tufayli bo‘lsa, ikkinchisi, 1970-yil 30 dekabrda “Novodevichie” ibodatxonasida nasroniylar bayrami – Iso Masih mavludi va “xochga tortilishi kechasi” marosimi hamda, ikki oydan so‘ng ramazon hayitidagi musulmon masjidiga yig‘ilganlar juda ham katta turtki bo‘ldi. Bu masjidga dunyoning barcha burchaklaridan, jumladan, barcha O‘rta Osiyo va Qozog‘istondan namozxonlar yig‘ilgan bo‘lib, faqat o‘zbeklarni ko‘rmaganim, meni ichki hissiyotimni junbushga keltirgan edi. O‘sha yildan boshlab, Moskvada chiqadigan “Nauka i Religiya” diniy-ilmiy jurnalini olib, o‘qiy boshladim. Bu jurnal meni diniy qarashlarim shakllanib, yanada mustahkalanishiga katta yordam berdi. 1992-yil sentyabrdan boshlab, markaziy nashrlar bizda ta’qiqlandi.

1977-yildan boshlab namozga tushdim va 1983 yildan boshlab, Qur’on o‘qishni o‘rgandim va 1986 yilda butunlay hijobga kirib ketdim.

Shamsiddin, Quvasoy:Mo’tabar aya siz konstitutsiyani o‘qimagan ko‘rinasiz. Nega konstitutsiyani tan olmaysiz? O‘zbekiston Bosh qomusi puxta yozilganku,sizga nimasi yoqmadi-ki tan olmaysiz? To‘liq tushuntirib bering tan olmasligingiz sababini.

Mo’tabar Ahmedova: Men hech qachon O‘zbekiston Konstitutsiyasini “nomukammal” demaganman, u faqat ba’zi bir erlari o‘zgartirilib, SSSR davridagi konstitutsiyadan farq qilmagan holda, anchagina mukammal ko‘chirilgan. Uni o‘qigan yoki o‘qimaganligimni qanday aniqlaganingiz, men uchun tushunarsiz. Ammo, insonlar tomonidan yaratilgan bunday qonunlar, qanchalar mukammal bo‘lmasin, doimo bir shaxsning xohish-irodasiga moslashtirilib, o‘zgarishlarga uchrayveradi. Shamsiddin sizga, aynan siz maqtayotgan konstitutsiyadagi eng muhim va hech qanday o‘zgarishga muhtoj bo‘lmagan prezidentlik muddatini ikki muddat qilib, ochiq-oydin belgilangani va 1997-yildan buyon hozirgacha hokimiyatni egallab olgan Karimovning noqonuniy, xalq vakolatisiz prezidentlikda qolishi, buning yaqqol misoli emasmi?! Ahammiyat bering, men “prezident” so‘zini ishlatmayotirman. Siz 1997-yilda referendum o‘tkazilgan, deb aytishingiz mumkin, ammo bu referndumning o‘zi noqonuniy edi. Chunki, “Referendum haqidagi” Karimovning o‘zi tasdiqlagan qonunning 5-moddasida “….lavozimdagi shaxslar referendum orqali o‘z lavozimini uzaytirish huquqiga ega emas..,” deb ochiq yozib qo‘yilganini bilasizmi-yo‘qmi, bu – menga qorong‘u. Bundan tashqari, o‘lim jazosi bekor qilingan va bu o‘zgartirish konstitutsiyaga kiritilgan. Ammo, aybsiz-aybdor bo‘lib, 159-modda asosida qamalgan musulmon yigitlardan bir yilda, kam deganda, to‘rt yoki beshtasining o‘ligi qamoqxonalardan chiqadi. Bu aynan shu shaxsning xohish-irodasi bilan bog‘liq! Bu – qaysi qonunga mos keladi?! Vaholanki, inson hayotining hamma jabhalarida, hatto o‘lim jazosi ham, ma’lum qonuniyat asosida qanday shaxslarga berilishi Alloh tomonidan nozil bo‘lgan QONUNda belgilib qo‘yilgan, u o‘zgarmas! Hatto tabiat, hayvonot va o‘simlik dunyosininng qonuniyati ham, xuddi insoniyat uchun belgilangan qonunlar kabi, hech qachon o‘zgarmagan va o‘zgarmay to qiyomatgacha qolishi muqarrar. Ammo, aynan bitta shaxsning xohish-irodasi bilan, nafaqat insonlar hayoti yoki tarixiy obidalar, hatto mana hozir tabiatga ham qiron keltirilmoqda. Qarang, hatto mahkumlarni avf qilish ham, senator Svetlana Ortiqovaning ta’kidlashicha, “prezidentning shaxsiy xohish-irodasiga bog‘liq” ekan, ya’ni bu masalani ham, senat yoki parlament emas, shaxsan Karimov hal qiladi. Qani qonun ustuvorligi?! Agar siz butun vujudingiz bilan, astoyidil Alloh qonuni, ya’ni arqoniga osilsangiz, hech qachon adashmaysiz va har qanday mushkulliklardan Allohning yordami blan chiqib ketasiz, InshaAlloh! Jigarginam, juda ham dunyoviy konstitutsiyalarga ergashavermang. Barchamizning adashishimiz va fojiamiz ham ana shunda.

Ahmad Umarov,Samarqand:O‘zbekiston Xalq Harakati haqida qanday fikrdasiz?

Mo’tabar Ahmedova: O‘zbekiston Xalq Harakatidagilar meni ma’zur tutishlarini iltimos qilaman! Yaxshi ishga qo‘l urganlar va birlashganlari juda yaxshi bo‘lgan, ammo uni qanday va kimlar bilan amalga oshiradilar? O‘zbekistonda allaqanday “Etar” degan yoshlar tashkiloti tashkil qilinibdi. Ular, agar rost bo‘lsa va men adashmagan bo‘lsam, shu yil 19-iyunda Toshkent shahri bo‘ylab, tinch namoyish uyushtirishni rejalaganlari aytilgan edi. O‘XH tashkilotchilaridan biri (ismi yodimda yo‘q) ularni O‘zbekistonda ham qo‘llab-quvvatlovchilar va ularga qo‘shilganlar borligi va hatto kuch ishlatish shaxobchalaridan ham ko‘ngillilar borligiga urg‘u bergan edi. Ular yo Hizb ut-Tahrir taqdirini unitganlar yoki Hizb ut-Tahrirning ham bu kuchlar blan bog‘liq bo‘lganlarini bilmaydilar. Balki O‘XH xorijda turib, tinch yo‘l bilan Karimovni hokimiyatdan uzoqlashtirishni amalga oshirish yo‘llariga egadirlar, ammo O‘zbekistonda buni qanday amalga oshiradilar, bu – menga qorong‘u. Chunki har qanday inqilob asosan yoshlar kuchiga tayanadi. Bizda yoshlar yo Karimovniki yoki bozorniki! Ikkinchidan, har qanday inqilobning xalqni o‘ziga tortuvchi g‘oyasi bo‘ladi. Men Islom g‘oyasini gapirmay qo‘yaqolay, chunki barchalarining lablariga uchuq toshib ketadi. Hatto bolsheviklarda ham “Butun dunyo proletarlari birlashingiz!” nomli g‘oya bor edi. Bu g‘oya, xaqiqatdan ham, butun dunyo abgor ommasini ko‘chaga etaklagan edi. O‘XHning g‘oyasi nima o‘zi?! Demokratiya – chaynalaverib siyqasi chiqqan, hech kim pisand qilmaydigan fasodni targ‘ib qiluvchi g‘oya. Agar uni “g‘oya” deb qabul qilsak, bular hammasi bizda Karimov hukumati tomonidan mujassam qonunga ega. Bundan ortiq yana nimaga va qanday g‘oyaga sig‘inmoqchilar?!

Munojatxon, Kanada: Assalomu alaykum Mo’tabar opa! Siz O‘zbekistonda inqilob bo‘lishiga ishonasizmi? Andijonliklarning O‘zbekistonga qaytishi haqida sizning fikringiz?

Mo’tabar Ahmedova: Va alaykum assalom! Bu yaqin kelajakda YO‘Q. Buning sabablaridan biri qilib yoshlar haqida Ahmadjonga bergan javobimda aytib o‘tdim. Avvalo har qanday sharoitda ham, chiqib ketishga shoshilmasliklari lozim edi. Chunki, xalqda “har erni qilma orzu, har erda bor toshu tarozu,” deyilgan. Ikkinchidan, ularning qochib chiqib ketishlari. Hijrat emas, qochish! Hijrat tagida faqat Alloh dinini saqlash va uni himoyasi uchun barcha to‘siqlarga, jumladan, o‘lim bilan yuzma-yuz kelganda ham, kurash yotadi. Rasululloh (s.a.v.) ga eng oxirgi chora sifatida, Allohdan oyat tushgandagina, hijratga yuz tutganlar. Buni unitmasligimiz va har qanday qochqinlikni hijrat bilan tenglashtirmasligimiz lozim. Qaytishsa, xuddi Avstraliyadan qaytgan ayolning kuniga tushadilar, xolos. Ba’zi qattiq so‘zlarim uchun uzr.

Odiljon, Koreya:Assalomu alaykum onaxon! Alloh sizning ishlaringizdan rozi bo‘lsin. Onaxon, siz O‘zbekistonda boshlang‘ich Islom dinini maktab programmasiga kiritishsa , haqiqiy dinni o‘rgatib bollarni yoshligidan Islom dinida tarbiya qilishsa, bizni yurt rivojlangan davlatlar qatoriga kira olarmidi yoki qoloq davlatlar qatorida qoladimi? Fikrlaringizni bilmoqchi edim.

Mo’tabar Ahmedova: Bu savolni juda to‘g‘ri qo‘ygansiz. Gorbachev davlat tepasiga kelganida, barcha sobiq SSSR tarkibida bo‘lgan musulmon o‘lkalarida shu masalaga katta e’tibor qaratilib, hatto ko‘p o‘lkalarda, jumladan, bizda ham boshlang‘ich arab tili va diniy o‘qitish fidokor, chin imonli shaxslar tomonidan yo‘lga qo‘yila boshlagan edi. Afsuski, hukumatdan buyruq kutadigan va o‘zining amalidan qo‘rqqan rasmiy “mujtahid” ulamolarimiz buni rag‘batlantirish u yoqda tursin, hatto bu harakat nish urmasdan, joyida yo‘qotishda katta sa’y-harakat ko‘rsatdilar. Boz ustiga turkshunoslarimiz, lotin alifbosini joriy etishni talab etib turib oldilar. Bu esa Karimovga juda yoqib tushib, arabiyni umuman boshlangan joyida yo‘qotdi. Bundan 24 yil ilgari boshlangan jarayonni barcha bolalar muassasalari, ish joylari va o‘quv dargohlarida davom ettirganimizda edi, hozirda, mamlakat eng yuksak taraqqiyotga etib borgan bo‘lardi. Chunki siz yoshlar o‘z madaniyatimiz, o‘tgan haqiqiy mujtahid olimlarimizning bizlarga qoldirgan yuksak ilm-fan va texnik yutuqlarini o‘qib, o‘rganib, uni G‘arbga nisbatan jadal rivojlantirgan bo‘lar edingiz.

Abdullo, Toshkent: Qur’onda ayol zotiga past nazar bilan qaraladi. Ayol sha’nini erga uruvchi yuzlab ( 400 dan oshiq) oyatlar bor: “Xotinlar erkaklarning ekinzori” (“Baqara” surasi 223-oyat), “Ayollarni kaltaklang” (“Niso” surasi 34-oyat), “Erkaklar ayollardan afzal” (“Baqara” surasi 228-oyat) va boshqalar. Sizning fikringiz

Mo’tabar Ahmedova: Birinchidan, ayollarni “kamsituvchi” 400 ta oyatni Qur’oni Majidning sanab o‘tganlaringizdan tashqari qaysi suralarda o‘qidingiz?! Qolaversa, siz Qur’onni asl nusxada o‘qib, o‘zingiz tarjima qildingizmi yoki kimlarnidir tarjimasidan foydalandingizmi?! Bu – hozircha qorong‘u. Siz keltirgan misollar aynan siz tushunganingizdek ayollarni kamsitish emas, aksincha ularni himoya qilish maqsadida nozir bo‘lgan oyatlardir. Siz keltirgan “Baqara” surasining 223-oyatini ham “erkaklarning ekinzori..,” deb noto‘g‘ri tarjima va talqin qilgansiz. Yo mazkur oyatdagi maqsadni butunlay tushunmagansiz yoki tushunishni xohlamagansiz. Siz, ayol kim bo‘lishidan qat’i nazar, barcha erkaklar uchun ekinzor, degan ma’noni tushuntirmoqchi bo‘libsiz. Vaholanki, Alloh Azza va Jalla hech qaysi oyatni sababsiz oxirgi payg‘ambari Rasuli Akram (s.a.v.)ga nozil qilmagan va uni to‘g‘ri tushinishi va tafsir etishi uchun fikrlash qobiliyatini bergan. Alloh menga nasib etgan ezmalik blan emas, qisqa va lo‘nda qilib bayon etadi va siz kabilarni fikrlashi uchun ham vaqt va masofa belgilab qo‘ygan. Alloh hayotdagi har bir jarayonni muqim o‘zgarmas bir qoida asosida belgilab qo‘ygan. Endi bahsga qaytsak, bu oyatda siz talqin qilgandek emas, balki Alloh bir shaxsga va u orqali har bir erkakka murojaat etib, “xotinlaringiz ziyoratgohingizdir..,” demoqda, ya’ni bu ziyorat orqali siz zurriyot tarqatuvchisiz, ma’nosini uqish lozim. Ammo oyatni buzib talqin qilish oqibatida fahshga yo‘l ochilishiga sabab bo‘lmoqda. Yigitcha, tavba qiling, Allohning Kalomini buzib talqin qilish katta va kechirilmas gunoh bo‘lib, kufrdan o‘zga narsa emas. Tushunmasangiz, avval, biladiganlardan so‘rab oling, shunda ham sizga etib bormasa, bunday qaltis masalalarda sukut saqlamoq, afzaldir. Boshqa oyatlar haqida gapirmayman, chunki, vaqt kam. Lozim topsangiz, Toshkentda ekansiz, meni toping va biz bahslashamiz.

Alijon, Moskva: Hozirda O‘zbekistonda 18 dan 35 yoshgacha bo‘lgan ayollarni xorijga chiqishi qiyin bo‘lib qolibdi, turmush o‘rtog‘i tilxat yozib berishi kerak ekan, ammo turmush o‘rtog‘i xorijda bo‘lsa, yozilgan tilxati pochta, faks orqali etkazilsa, bu tilxat qabul qilinadimi? Shuningdek, hijobli ayollarga chetga chiqishni ta’qiqlovchi og‘zaki buyruqlar bormi?

Mo’tabar Ahmedova: Avvalo ayol kishi oila qo‘riqchisi bo‘lmog‘i lozim. Hadeb “turmush qiyinchiliklari, etishmovchilik”ni sabab qilib ko‘rsatish meni g‘ashimni keltiradigan bo‘lgan. Meni o‘tgan 20 yillik kuzatishim, bu bahonalar faqat imonsizlikning bir ko‘rinishi ekanligini tasdiqlamoqda. Chunki urush davrlarida, men hali uncha-munchaga aqlim etmaydigan yoshda edim, ammo atrofimda erkaklarining barchasi, jumladan, o‘zimiznig oilada ham urushga ketganlaridan so‘ng ayollar “turmush qiyinchligi” demaganlar, hatto kunjara berib bo‘lsa-da, bolalarini boqqanlar yoki davlat har bir ayolning qo‘lidan keladigan ish bilan ta’minlagan va ular boriga shukr qilib o‘tganlar. Hozir ekaklarini uyda qoldirib, o‘zlari xorijga ketib, fasod bilan pul topayotgan ayollarning tili 15 qarich. Bunga aksariyat erkaklaring o‘zlari sababchi. Chunki erkak oila boquvchisi bo‘lmog‘i darkor va ayolini boriga ko‘nikdirishi shart. Xorijda topilgan mablag‘lar yana isrofgarchilik bilan yo‘q bo‘lib ketmoqda. Hozir bunday ayollarni bolalari tarbiya, or-nomus, insoniylik degan tushunchalarni nima ekanligini ko‘chasidan o‘tmay o‘smoqdalar. Demak, jamiyatni shundaylar tashkil etar ekan, jamiyat butunlay tanazzulga uchraganini ko‘rsatmoqda. Hozirda hijob – bir moda, uni haqiqiy muslima ham kiyadi, fohisha ham kiyib, tanasini sotib, tirikchilik o‘tqazmoqda. Tirikchiligi aynan shu kasb bilan o‘tadigan qonuniy fohishlarning O‘zbekistonda bozori kasod, chunki, hijob kiyib, ro‘mol o‘rab, tanasini sotuvchilarning bozori qizigan. Ular arzon garovga ketaveradilarda. Haqiqiy fohisha o‘z jazmanini tanlaydi, ammo keyingilariga farqi yo‘q emish.

Husniddin, Shofrikon: O‘zbekistonda 90-yillar o‘rtalaridan musulmonlarni qama-qamashlar rosa avjiga chiqdi. Hozirga kelib, ularga munosabat o‘zgardimi?

Mo’tabar Ahmedova: O‘tgan salkam 20 yil ichida musulmon ummati O‘zbekistonda deyarli qolmadi. Hali shu damgacha biror oy bo‘lmadiki, O‘zbekistonning qaysi burchidan bo‘lmasin, 16 dan 50 yoshgacha bo‘lgan oddiy o‘zbekni turli musulmon gurhiga mansublikda ayblab, qirg‘in-barot qilmayotgan bo‘lsalar. Bechoralar orasida hatto namozni ham to‘g‘ri o‘qiydiganlari kam topiladi. Albatta, mamlaktda “shayx hafizulloh” va hukumat o‘zi tayinlaydigan va aytganini “to‘ti bo‘lib” sayraydigan “ulamolar” ko‘p va etishib chiqmoqda. Ularga, albatta, tazyiq yo‘q.

Doniyor, Toshkent: Mo’tabar opa, O‘zbekistondagi ulamolarning bugungi kunda olib borayotgan faoliyatini qanday baholagan bo‘lardingiz?

Mo’tabar Ahmedova: Savolingizga yaqin savolga yuqorida Husniddinga javob berdim. O‘zbekiston rasmiy ulamolari Karimovni duo qilishdan boshqa narsaga qodir emaslar!

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/05/110523_talkingpoint_mutabar_ahmedova.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: