Talabalarning erta hordiqqa chiqarilayotgani sababi tushuntirilmayapti – bbc uzbek


2 iyun 2011

Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalardan yozgi imtihon, sinovlarini har yilgidan ertaroq – 10 iyungacha tugatib uylariga ketish talab qilingan.

Rasmiylar bu xabarni rad etishayapti, biroq talabalar shu kecha-kunduzda o‘z ona qishlog‘u-shaharlariga tarqalishga tayyorlanayaptilar.

Bu yil nega bunday qarorga kelingani sababi izohlanmayapti va natijada turli taxminlar paydo bo‘lgan, ulardan eng ko‘p uchraydigani – O‘zbekiston hukumati “Arab inqiloblari”dan o‘zbek yoshlari ilhomlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shunday yo‘l tutmoqda degan taxmin.

Talabalar bu yil oldingi yillardagidan erta o‘quv yilini yakunlayotganlari hozir nafaqat Toshkendagi, butun O‘zbekistondagi muhokama mavzusiga aylangan.

“Demak bu yil oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun test imtihonlari ham vaqtliroq bo‘ladi”, degan ota-onalarning murojaatlari ko‘payib ketganidan televidenie orqali “test har yilgidek 1 avgustda bo‘ladi” deb e’lon qilishga to‘g‘ri kelgan.

Rasmiy mulozimlarning studentlardan tezroq imtihon va sinovlarini topshirish talab qilinayotgani haqidagi xabarlarni rad etishayotganiga qaramasdan, Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlaridan birining ikkinchi kurs talabasi o‘quv yili yakunida ishlab chiqarish amaliyotiga chiqmayotganlarini aytdi.

“Besh haftalik praktikaga chiqmasdan bir haftaning ichida fakultetning o‘zida o‘tgan yili ishlab chiqarish amaliyotini o‘tagan talabalarning hisobotlarini ko‘chirib yozib topshirishimizni talab qilishayapti. Toshkentda 10 iyungacha birorta talaba qolmasligi kerak ekan. Odatda ishlab chiqarish amaliyoti iyul oyigacha davom etardi”, deydi talaba.

Toshkentdagi Jahon tillari universiteti, Moliya instituti xodimlari talabalardan 10 iyungacha sinov-imtihonlarni topshirish talab qilinayotganini tasdiqlashdi.

“Bu yil abiturient ko‘p bo‘lishini inobatga olib, test sinovlari va yangi o‘quv yiliga binolarni tayyorlash maqsadida talabalar 10 iyungacha (imtihon va sinovlarni) tugatishlari kerak”, deb aytdi Jahon tillari universiteti xodimi.

O‘zbekiston Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirligining mulozimi bu O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligiga tayyorgarlik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin degan taxminni bildirdi.

Rasman sababi tushuntirilmagani boisidan bu O‘zbek hukumatining “Arab inqiloblari” deb atalayotgan hodisalar O‘zbekistonda takrorlanmasligiga qarshi ko‘rayotgan choralaridan biri deb ham taxmin qilinmoqda.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, 1991 yildagi Toshkentdagi talabalar shaharchasi hodisasidan tegishli xulosa chiqargan O‘zbekiston hukumati aholining faol qatlami hisoblangan talaba yoshlarning Internetga “oshno” ekanlarini yaxshi biladi va Internet Yaqin Sharq mamlakatlaridagi hodisalarda muhim rol o‘ynadi.

“Arab inqiloblari”dan ilhomlangan xorijdagi O‘zbek muxolifati may oyining oxirida Olmoniyada Karimovni tinch yo‘l bilan hokimiyatdan chetlatish maqsadini ko‘zlagan qurultoy o‘tkazdi va o‘zlarining maqsadlarida Internetdan faol foydalanishayapti.

Bu narsa O‘zbek rasmiylarida xavotirlarni kuchaytirgan deb o‘rtada bog‘liqlik ham ko‘rilayapti.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/06/110602_cy_uzbek_kazakh_border_fooc.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: