Prezident qiziga berilgan grant maqsadli sarflanadimi? – ozodlik.org


Huquq faollari va mustaqil jurnalistlar bazmi-jamshidlarga ruju qo‘ygan Lola Karimova-Tillaevaga EI granti berilganini tanqid qilmoqda.

02.06.2011

Sadriddin Ashur

Evropa Ittifoqi O‘zbekiston prezidentining kenja qizi Lola Karimova-Tillaeva boshqarayotgan Toshkentdagi respublika bolalar ijtimoiy adaptatsiyasi markaziga 3,7 million evro miqdorida grant ajratdi. Huquq faollari va mustaqil jurnalistlar Lola Karimovaning ko‘ngilxushlikka moyilligini inobatga olib, hayriya pullari nogiron bolalar ehtiyojlari uchun sarflanishiga shubha bildirmoqda.

EI Lola Karimova-Tillaeva tashkilotiga grant bergani haqidagi ma’lumotni, otasini “diktator” degani uchun “Rue89” frantsuz nashrini sudga bergan O‘zbekiston prezidentining qizi manfaatlarini mahkamada himoya qilayotgan advokat Antuan Jermen 19 may kuni to‘satdan oshkor qildi.

Advokat o‘z nutqida mijozi nomiga O‘zbekistondagi Evropa Uyi direktoridan kelgan maktubni o‘qib berdi, va u, ya’ni Karimova boshqarayotgan respublika bolalar ijtimoiy adaptatsiyasi markaziga Evropa Ittifoqi 3,7 million evro miqdorida grant ajratgani va mablag‘ joriy yilda tashkilot hisobiga tushishini ma’lum qildi.

O‘zbekiston prezidenti “diktator” emasligini isbotlashga harakat qilgan advokat o‘z mijozi Lola Karimovaning sahovatpeshaligini namoyish qilish urinishi aksil-samara berdi.

Bu ma’lumot oshkor bo‘lgach, xalqaro huquq guruhlari va mustaqil jurnalistlar Evropa Ittifoqini bazmi-jamshidlarga ruju qo‘ygan va buning uchun millionlab pullarni ayamaydigan Lola Karimova-Tillaevaga grant bergani uchun tanqid ostiga oldi.

Xususan Hyuman Rayts Uotch tashkilotining o‘zbekiston bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov 1 iyun kuni e’lon qilgan bayonotda Lola Karimova-Tilaeva uyushtirgan bazmlardan birida fratsuz va italyan kino yulduzi Monika Belluchining qatnashishi uchun unga 230 ming evro miqdorida pul berilganini eslatdi.

Ozodlik radiosi qo‘lga kiritgan Evropa Uyining Toshkentdagi idorasi muvofiqlashtiruvchisi P’er-Pol Antonissen imzosi bilan yozilgan bu maktubda, jumladan, shunday deyilgan:

“O‘tgan 2-3 yil davomida Respublika bolalar ijtimoiy adaptatsiya milliy markazi alohida qarovga muhtoj bo‘lgan bolalarni o‘qitishga qaratilgan yirik loyihani faol targ‘ib etib kelmoqda. Evropa Ittifoqi bu loyihani ma’qullab, 3,7 million evro miqdoridagi byudjetga ega harakat planini moliyalashtirishga qaror qildi va loyihani amalga oshirish joriy yilda boshlanadi.”

Parijda joylashgan “Markaziy Osiyodagi inson huquqlari” tashkiloti rahbari Nadejda Otaeva Evropa Ittifoqi prezidentning qiziga bu grantni ajratar ekan, uning maqsadli sarflanishi ta’minlanishini shart qilib qo‘yishi lozim, deydi:

– Bu ma’lumot jamoatchilikka oshkor qilinishi shart deb hisoblaymiz. Chunki, Evropa Ittifoqi pullari Lola Karimovaning shaxsiy ko‘rgazmalari va ko‘ngilochar ziyofatlari uchun emas, balki aholiga, nogiron bolalar ehtiyojiga sarf qilinishi shart. Grantlar shaxsiy ehtiyojlar uchun emas, balki  aholiga yordam beradigan jamoat tashkilotlariga beriladi,- deydi Nadejda Otaeva.

Inson huquqi himoyachisiga ko‘ra, Lola Karimova-Tillaeva boshqarayotgan “GONGO” tashkiloti hukumat tomonidan to‘la nazorat qilinadi:

– Biz tushunishni istaymiz. Nega “GONGO” nodavlat va notijorat tashkilotini hukumat vakili bo‘lgan Lola Karimova-Tillaeva boshqaradi? U bu tashkilotni qanday boshqarish haqida hukumatdan farmoyishlar ham oladi. Bu tashkilotga prezident qizi rahbar bo‘lgani uchun ham unga juda katta imtiyozlar berilgan. Bizda Konstitutsiya bor. Unda aytilgan, hamma bir xil huquqqa ega. Lekin nogiron bolalar arvachalari uchun ajratilgan pullar, Lola Tillaevaning imijini oshirishga mo‘ljallangan katta-katta ziyofatlarga sarflanmoqda. Mana sizga farzandlari manfaatini xalqidan ham ustun qo‘yadigan Islom Karimovning o‘z mansabini suiiste’mol qilayotganiga yaqqol misol, – deydi Nadejda Otaeva.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24213030.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: