Parlament komissiyasi yana o‘zbek liderlarini ayblamoqda – ozodlik.org


02.06.2011

Elmurod

Qirg‘iz parlamenti shu soatlarda O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha tashkil qilingan komissiya hisobotini muhokama qilmoqda.

Qirg‘iziston parlamenti muxsus komissiyasi qirg‘izistonlik o‘zbek liderlarini O‘sh qirg‘inining asosiy aybdorlari sifatida e’tirof etgan.

– O‘sh qirg‘ini o‘zbek liderlari Qodirjon Botirov, Inomjon Abdurasulov va boshqalar tomonidan oldindan rejalashtirilgan, – dedi parlament komissiyasi rahbari To‘qo‘n Mamitov.

Shuningdek, parlament komissiyasi  O‘sh qirg‘inining oldini ola bilmagani uchun aybdor deb atalishi shart bo‘lgan 20 ga yaqin hukumat amaldorining ismlarini hisobotga kiritib, hukumatdan ularni lavozimlaridan bo‘shatish va jinoiy javobgarlikka tortishni talab qilgan.

O‘sh qirg‘ini yuzasidan hisobotini parlament komissiyasining 25 a’zosidan 3 nafari imzolashdan bosh tortgan.  Komissiya a’zolari Ismoil Isaqov va Jildiz Joldosheva muqobil hisobot yozganlari va o‘z xulosalari parlament komissiyasi xulosasiga to‘g‘ri kelmasligi sababli imzo chekishdan bosh tortishgan. Deputat Shirin Aytmatova esa hisobotni nega imzolamaganini ochiqlamadi.

Parlament komissiyasi xulosasida O‘sh qirg‘ini uchun javobgarlar qatorida nomi tilga olingan deputat Ismoil Isaqov esa iyun voqealarida hukumat emas, hokimiyatni qaytarib olishga harakat qilgan Qurmonbek Bakiev va uning yaqinlari aybdor deb topilishini istaydi.

Ayni paytda parlament muhokamasida so‘zga chiqqan prezident O‘tunbaeva O‘sh qirg‘inining kelib chiqishi sabablari haqida o‘z nuqtai nazarini bildirib 40 daqiqalik nutq so‘zladi. O‘z nutqida prezident «O‘sh qirg‘ininig kelib chiqishida qaysidir bir millatni aybdor, deb topilishiga keskin qarshi” ekanini bildirdi. Davlat rahbari fikricha, O‘sh qirg‘ini Qirg‘iziston rasmiylarining 20 yillik noto‘g‘ri siyosati mahsulidir.

– Rasmiylar 20 yil davomida etnik ozchiliklardan o‘z manfaati yo‘lida foydalanib kelgan, lekin ularni respublika ijtimoiy-siyosiy hayotidan chetlatgan, – dedi Roza O‘tunbaeva.

Parlament komissiyasi xulosasida 2010 yilning may oyida mamlakat janubini bakievchilardan tozalash uchun Bosh vazir Almazbek Atambaev va muvaqqat hukumatning boshqa a’zolari o‘zbek liderlari bilan muzokaralar olib borgani aytiladi. Hisobotda muvaqqat hukumat a’zolarining bunday siyosati natijasida millatlararo munosabatlar keskinlashib, 10 iyun kuni O‘sh qirg‘ini boshlanishiga sabab bo‘lgan.

Biroq parlament muhokamasida so‘zga chiqqan Bosh vazir Almazbek Atambaev deputatlarning bunday xulosasini rad etdi:

– Bizni o‘zbek liderlari bilan muntazam uchrashganlikda, ular bilan til biriktirganlikda ayblashmoqda. Bizni iyun voqealarida sodir etilgan barcha yovuzliklarda ayblashmoqda. Shuning uchun men deputatlardan Bosh prokuraturaga bu  masalani o‘rganish va o‘z xulosasini taqdim etish bo‘yicha topshiriq berishni iltimos qilaman, – dedi Bosh vazir Atambaev.

Deputat Jildiz Joldosheva esa o‘zining muqobil hisobotida “qirg‘iz siyosiy elitasining o‘zaro “razborkasi”ga o‘zbeklarni aralashtirish kerak emas edi. Bu hukumatning eng katta xatosi bo‘lgan va shu nuqtai nazardan hukumat O‘sh qirg‘inining kelib chiqishi uchun aybdor”, degan xulosani bildirdi.

Ayni paytda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati  parlament hisoboti muhokama qilinayotgan bir pallada O‘sh qirg‘ini kelib chiqishi yuzasidan o‘z pozitsiyasini e’lon qildi.

Milliy xavfsizlik xizmati tarqatgan ma’lumotda aytilishicha, “millatlararo munosabatlarning keskin yomonlashuviga mahalliy hokimiyat organlarining ayrim rahbarlari va ba’zi siyosatchilar tomonidan o‘zbek diasporasining Qurmanbek Bakievni hokimiyatga qaytarishga intilgan revanshistlarga qarshi kurashga jalb qilingani sabab bo‘lgan”.

Ma’lumotda aytilishicha, o‘z vaqtida Milliy xavfsizlik xizmati muvaqqat hukumat a’zolarini bu juda katta siyosiy xato ekani va buning natijasida millatlararo munosabatlar keskinlashib ketishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Ammo hukumat Milliy xavfsizlik xizmatining ogohlantiruviga e’tibor bermagan. Parlament komissiyasi esa Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmatining O‘sh qirg‘ini yuzasidan bergan ma’lumotlarini o‘z hisobotiga kiritmagan.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24212927.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: