Maqsad tosh asrini tark etmoq – yangidunyo


June 2, 2011

To‘lqin Qoraev, Shvetsiya.

O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati a’zosi.

O‘zbekiston Xalq Harakati deb nomlanadigan yangi bir o‘zbek muxolifati ittifoqining paydo bo‘lgani O‘zbekistonda hukumat amaldorlarini tashvishlantirib qo‘ydi. Ayniqsa mamlakatni 22 yildan beri idora etib kelayotgan “hoqon” uni qo‘ldan boy berib qo‘yishi mumkinligidan tashvishlanmasinmi axir? Masalan Liviya diktatori Mua’mmar Qa’ddofi hokimiyatni bosib olganiga qirq yildan oshgan bo‘lsada, hali-hamon undan ayrilgisi yo‘q. Yoki Ali Abdulloh Solihni olib qaraylik. Yaman xalqining noroziligi uning uchun uch pul va hokimiyatni qo‘lga kiritganiga 30 yildan ortgan bo‘lsada, uni elning ixtiyoriga topshirishni o‘ylab ham ko‘rmayapti. Yaman xalqining haqli talabiga qarshi qirg‘in-barot bilan javob berayapti. Suriya prezidentligini otasidan meros qilib olgan Bashar Asad esa mingdan ortiq odamning qonini to‘kkan bo‘lsad, hali-hamon qon to‘kishdan charchagani ham yo‘q. Aslida bu xislatlar har zamonda va har makonda bo‘lsin, barcha diktatorlarga xos bo‘lgan odat va bunga ko‘ra, hukmdor hokimiyatni o‘z o‘g‘illaridan biriga meros sifat qoldirib, keyin tinchgina omonatini yaratganga topshirsa bo‘ldi. Ularning na millati va na g‘ururi bor, na eli va na yurti bor. Ularni nafs etaklaydi.

“Nega?” degan savol tug‘iladi. Nima uchun bu toifa kazzoblar xalqning elkasida umrbod yashashni, mamlakatlari xuddi onasining mahriga tushgan mulkdek qabul qilishni, o‘z farzandlariga meros qoldirib ketishni orzu qilishadi? Sabab esa oddiy: birov mushugini “pisht” demaydi, o‘zi bilganicha poraxo‘rlik va o‘zi bilganicha jinoyatlar qiladi. Va hammasidan ajablarlik tomoni, ularning haromdan yiqqan boyliklarini Evropa va Amerika banklari xuddi bir xazinani qo‘riqlab yotgan zaharli ilondek qo‘riqlab yotishadi. Demak, xalq haqqiga xiyonat, xalqning sho‘riga sho‘rva qaynatib bo‘lsada yashashning o‘zgacha bir gashti bor ekanda.

Agarda dunyo bo‘ylab korruptsiyaga qarshi qattiq kurash boshlanib, korruptsion hukumatlar, qaroqchi jamiyatlar rahbarlari o‘zlari uchun yaratilingan bu shohona imkoniyatlardan, boyliklardan ajralib qola boshlasalar edi, yoki bunaqa xaromxo‘rlar uchun turli-tuman taraqqiy etgan mamlakatlar banklarida hisob raqamlari ochilmaymaydigan qilinsa edi, ancha muncha diktatorlik jamiyatlari qulardi. Chunki bunday noinsoniy jamiyat tashkil etishdan biror manfaat qolmasa bunday kimsalar ham bo‘lmaydi. Toki dunyo banklarining ham bu manfur kimsalardan manfaatdorligi bor ekan, bunday rejimlarning ishtiyoqmandlari bo‘lishi tabiiy albatta. Shunday ekan, har millat, hal elat borki, o‘z taqdirini o‘zi belgilaydi va o‘zi hal qiladi.

Demakki, odamlarning xor-zor bo‘lib yashashlariga dastaval ularning o‘zlari aybdordirlar. Shunday hukumatlarning paydo bo‘lishiga ularning o‘zlari yo‘l ochib berishgan va ba’zi hollarda bunaqa qonxo‘rlarning davru davron surishlariga beparvo bo‘lishgan. Masalan, uchinchi reyx f’yureri Adolf Gitler ham hokimiyatga demokratik saylovlar ortidan kelgandi va uning tomonidan sodir etilgan jinoyatlar hali – hamon butun nemis xalqini izza qiladi. Garchi, bu jinoyatlarda nemislar aybdor bo‘lgan demasakda, aslida ular aybdor edi. Gitlerni yanchib tashlandi, lekin undan qolgan og‘riqchi?

Menimcha, biz mavzudan anchayin uzoqlashib ketdik. Aniqrog‘i, qo‘limga qalam olishga majbur etgan sababdan uzoqlashdik. Sababki, millatimiz o‘zligini anglab etishi zarur bo‘lib turgan onda, tag‘in uni qullikka tomon etaklashdan siyosatchilar otlarini qamchilashmoqda. Ularning maqsadlari millatni kurashmoqdan qaytarish va imkoni bo‘lsa, tag‘inda bir necha asrga bo‘lsin, uni jaholat botqog‘iga botirish. Bu singari, ta’bir joiz bo‘lsa qiyshiq muxolifatchilarimizning otini aslida rejimboshining o‘zi qamchilamoqda.

O‘zini “Birlik xalq harakati partiyasi” siyosiy tashkilotining raisi deb hisoblaydigan Abdurahim Po‘latovning nomi o‘zbek muxolif guruhlari orasida juda “mashhur”. U o‘z bashoratlari bilan, Islom Karimov rejimini qo‘llab quvvatlashi ham emas, balki qo‘ltiqlashi bilan ham el og‘ziga tushib bo‘lganligi rost. U boshqarayotgan harakat.net sayti esa MXX (Milliy Xavfsizlik Xizmati) malaylarining o‘ziga xos minbari bo‘lib qolganligi ham rost. Ayni mana shu “Birlik” sayti va yana bir “Zamondosh” nomi bilan ataladigan saytlar shu kunlarda o‘zbek siyosiy muxolifati orasida imkoni boricha ko‘proq fisqu fasad, bo‘hton va ig‘vo tarqatish bilan mashg‘ul bo‘lib qoldi.

1 iyun’ kunida “Birlik” sahifasida o‘zini muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasi raisi deb biladigan Samad Murodning “jonkuyarlik” bilan bitgan bir maqrolasi e’lon qilinibti: http://www.harakat.net/el_news.php?id=8479. Negadir bu daho O‘zbekiston Xalq Harakati singari bir siyosiy birlashmaning paydo bo‘lganini terrorizm bilan qiyoslaydi va xuddi prezidentimiz Islom Karimov singari “oqil va dono” fikr yuritadi. “Terrorizmning har qanday ko‘rinishini u kim va qanday niyat bilan amalga oshirganidan ka’tiy nazar kechirib bo‘lmaydi” degan jumlalar bilan boshlangan maqolada biror jumla bo‘lsin terroristik harakatlar haqida mulohaza keltirilmasada, kutilayotgan xalq noroziligini terror harakatlariga uyg‘unlashga intilinadi.

Samad Murod keltirayotgan keltirayotgan jumlalardan ba’zilarini iqtibos tarzida keltiraylik: “Shu o‘rinda u yoki bu tomondan turib qurolli muhorabaga jazm qilayotgan kishilarga yana bir mutlaq haqiqatni eslatishni joiz, deb hisoblaymiz: fuqarolararo kechgan hech bir urushda uni kim boshlagani va kim yutib chiqqanidan qat’iy nazar, xalq hamisha mag‘lub bo‘lib qolaveradi”.

O‘zini siyosiy daho hisoblaydigan bu zotning MXX xizmatida ekanligi birovga sir emas albatta. U o‘z faoliyati davomida o‘zbek muxolifati ichiga kirib olib, uning tomiriga mag‘zava to‘kib kelardi va bundan ikki yilcha ilgari batmom fosh bo‘lgach, anchayin tinchib ham qoldi. Biroq tag‘in bo‘y ko‘rsatishga o‘tib olgani, tag‘in ham eski kasalini qaytarayotgani ajablanarlik hol. Uningn bu “durdona” maqolasi kishida shunday gumon uyg‘otmay qolmaydi: demak rejim shu kunlarda juda talvasaga tushgan va u hozirgacha biror yangi bir daho “kashf” eta olmabti. Aks holda, allaqachonlar fosh bo‘lib bo‘lgan Samad Murod xizmatidan tag‘in foydalanishga unda ehtiyoj qolmagan bo‘lardi.

Xalqimiz inqilobiy o‘zgarish qilishga urinsa mag‘lub bo‘lishini bashorat qilayotgan Samad Murod fikriga tayanadigan bo‘lsak, shu kunlarda Tunis hamda Misr xalqlari mana shu kabi mag‘lubiyatni boshlaridan kechirishmoqda. Va ayni mana shu mag‘lubiyatning ta’mini tatib ko‘rish ilinjida Liviyada, Yaman va Suriyada xalq o‘z jonini qurbon qilayapti. Balki ular Samad Murod va Abdurahim Po‘latov kabi manglay keng, aqli raso bo‘lganida aslo ozodlik uchun kurashga chiqmasdan qullikka rozi bo‘lib o‘tirishgan bo‘lishardi. Kamina O‘zbekiston Xalq Harakatiga qarshi Samad Murod tomonidan aytilgan bu singari fikrlardan shunday xulosaga keldimki, o‘zbeklar tishlarini kirini so‘rib bo‘lsada, jimgina o‘tirganlari ma’qul!

“Turmada o‘tirgan mahbus ham, uni qo‘riqlayotgan soqchi ham, oddiy fuqarolar, mirshablaru askarlardan tortib, to hukumat boshliqlari qadar shu jafokash o‘zbek xalqi farzandlaridir”, – deydi “Erk” partiyasi “raisi” Samad Murod. Janob siyosatchining fikri biroz chalaga o‘xshaydi va uni davom ettirishga urinib ko‘raylikchi. Masalan, mana bu tarzda: ”pul topaman deb boshqa mamlakatlarda qullik qilishgacha rozi bo‘lganlar ham, ularning nonini tuya qilayotgan bojxonachilar ham, fohisha qizlarimiz va ularni fahsh ishlariga sotayotganlar ham, mol mulki talanayotganlaru, talayotganlar ham, pora berayotganlar va olayotganlar ham, qolaversa yulg‘ichlik qilib boylik ortirayotganlar ham, adolat ko‘chasi qayda ekanligini unutgan sudyalaru, adolat izlab topa olmayotgan o‘zbeklar ham, odamlarni qiynoqlarga solib, kerak bo‘lsa qozonlarda qaynatib o‘ldirayotganlar ham, o‘layotganlar ham mana shu jafokash xalqimiz farzandlari”. Qiziq, bir tomon mag‘lub va boshqa tomon mag‘lub bo‘lgani holda, uning hammasi, yoppasiga jafokash bo‘lsa (?).

Agar bu ko‘rinishdagi hisobni davom ettiraversak, uning adog‘iga eta olmaymiz ham. Aslida Samad Murod yumshoq bir ko‘rinishda chaqriq e’lon qilmoqda. Bu chaqiriq mazmuni esa shunday: “Mana shu qismatinga rozi bo‘lib yashayvergin, xalqim. Xudo xohlagan kunda Islom Karim yurtboshiga insof bitar va uning o‘zi adolatni qaror toptirar”.

“Tilga olingan muammolarni echishning fuqarolar urushidan ko‘ra ming karra samaraliroq, ming karra ozorsizroq yo‘llari mavjudligini unutish mumkinmi? Eng yirik, eng fojeali muammo bu urushdir”, – deydi o‘zbekning bu “dahosi”.

O‘zbekiston Xalq Harakati turli siyosiy harakatlar va partiyalarning bir siyosiy platformaga kelishi va uning asosiy maqsadi esa, mamlakatni 22 yildan beri idora etib kelayotgan diktatorni taxtidan ketkizish. Tinch yo‘llar bilan, qurolsiz, xalq irodasini namoyon etish bilan o‘zbek xalqini uning zulmidan xalos etish. Albatta bunday harakat boshlanib qolguday bo‘lsa, Islom Abdug‘anievichning o‘ziga xos xislatidan kelib chiqib shuni ta’kidlash joizki, fuqarolar urushi ham boshlanib qoladi. Xalq qilmaydi bu urushni, rejimning o‘zi tashkil etadi va bu bu ham bo‘lsa, rejimni saqlab qolish maqsadi bilan amalga oshiriladigan bir amaliyot bo‘ladi. Mug‘ambirlikda bizning Prezidentimizga etadigan hech kim yo‘q!

Endi Samad Murod fikridan kelib chiqib faoliyat yurg‘izadigan bo‘lsak, biz xuddi Ollohga sig‘ingandek Islom Karimovga sig‘inib, undan hokimiyatdan ketishni so‘raymiz va nihoyat insonfga kelgan diktator hokimiyatni tark etadi. Bu esa utopiya!

Shu yilning 24-25 may kunlarida Berlinda yig‘ilgan O‘zbekiston Xalq Harakati birinchi qurultoyida turli siyosiy fikrdagi jamoalar ishtirok etishdi. Ular jumlasida islomiy ilm sohiblari bo‘lgan musulmonlar ham mavjud edi. Ular ham siyosay kurash maydonini tanlashdi. Mana shu qurultoy qatnashchilaridan biri, hozirda Shvetsiya Qirolligida qochqin maqomi bilan yashayotgan o‘zbekistonlik dissident Muhammadsolih Abutov qurultoy ishtirokchilari bilan bo‘lgan suhbatda shunday deydi: “Men O‘zbekistonda yashagan kezlarimda na bir siyosiy va na bir ekstrimistik harakat olib bormadim, lekin sud menga 10 yillik jazoni tayinladi. Men esa uni o‘tadim va endi esa bu rejimga qarshi har qanday usul bilan bo‘lsin, kurashishga chiqaman”.

Hurmatlik Samad Murod o‘z xo‘jayinlaridan ohista so‘rab ko‘rsalar bo‘ladi: bunaqa emagan somsasiga po‘l to‘lab qamoqlarda azob tortib yotgan o‘zbeklarimiz qancha ekan? Balki ularning ham rejimga qarshi kurashishga haqlari bordir?

Mazkur yig‘inda ishtirok etgan dindor musulmonlar O‘zbekiston Xalq Harakati nizomida demokratik jamiyat qurish maqsadi ko‘rsatilinsin degan talabni ham ilgari surganlari, ularning qandaydir bir ekstrimist yoki separatchi emasligini, balki aksincha bugungi davr talabidan kelib chiqib siyosat maydonida yangi davr talablari bilan javlon urayotganliklarini ko‘rsatmoqda. Biroq “ekstrimistlarning” so‘zlari demokratlar ovozi ostida so‘nib ham ketdi va nizomda demokratik jamiyat qurish maqsadi o‘rniga, fuqaroviy jamiyat qurish maqsadi kiritildi.

O‘zbekistonda avtoritar’ rejimni qulatish oson kechadigan jarayon emas albatta. Strategik muhim ahamiyatga ega bu mamlakatning xo‘jayini o‘z navbatida o‘z shaxsiy xo‘jayiniga ham ega. Gohida AQSh, gohida Rossiya va ba’zida Xitoy. Islom Abdug‘anievmich mamlakatning geosiyosiy vaziyatidan kelib chiqib, hech orlanmay navbatma navbat xo‘jayinlarini almashlab turadi. Ular navbatlashib, biri qo‘ysa biri olib uning qattol rejimni qo‘llashadi. O‘zligidan ayrilib bo‘lgan O‘zbekiston xalqi mana shu singari buyuk davlatlarning ham qurboniga aylanib bo‘lgan.

“O‘zbekiston Xalq Harakati deb atalayotgan tashkilot bayonotlaridan keyin, garchi, bu orzumand bir shaxsning o‘z shaxsiga jamoatchilik diqqatini tortish maqsadida amalga oshirgan navbatdagi avantyurasi bo‘lsada ruhan, sog‘lom kishilar xayolida qator savollar tug‘iladi. Diniy istibdod afzalmi yoki avtoritar istibdod? Inson huquqlari qay birida ko‘proq yoki kamroq ozor ko‘radi? Umuman, o‘zbek xalqi taraqqiyotda besh olti yuz yil ortga qaytishga rozi bo‘lishi mumkinmi?”

Bu Samad Murod deganlari necha yuz yillar davomida uyquda bo‘lib, endi ko‘zini ochgan insonga o‘xshaydi. Aks holda insoniyat taraqqiyoti allaqachonlar ilgarilab ketgani va O‘zbekiston taraqqiy etgan mamlakatlardan bir necha yuz yil ortda qolgani, balki tosh asriga qarab ketayotganini to‘liq idorok eta olgan bo‘lardi. Xuddi o‘sha tosh asrida zo‘ravonlar boshqalarni talash bilan yashagan. Xuddi o‘sha tosh asrida bir inson boshqa bir insonni xo‘rlab o‘ldirgan va buning uchun javobgarlik ham mavjud bo‘lmagan.

O‘zbekiston hozir xuddi tosh o‘sha asrida turgandek go‘yo. Faqat farqlik tomoni shundaki, bu biroz zamonaviylashgan tosh asri. Ya’ni ba’zi texnika namunalariga ega bo‘lingan tosh asri bu. Huquqsizlik, siyosiy qoloqlik, loqaydlik va korruptsiya kabi jirkanch illatlar mamlakatimizni shu kunga solgan asosiy sabab bo‘ldi va O‘zbekiston Xalq Harakati esa Vatanni mana shu o‘ziga xos, o‘ziga mos tosh asridan olib chiqishni oldiga maqsad qilib qo‘yganligi. Bu maqsad kimlargadir yoqmas albatta, lekini nachora. Biz sizga yoqib tushishni maqsad qilmaganmiz.

Rejimga bel bog‘lab xizmat qilyotgan Abdurahim Po‘latov va Samad Murod kabi “muxolifatchilarga” nega o‘zbek muxolifatining yangi ittifoqi yoqmay qoldi? Sabab bu harakat ichida ularning bo‘lmaganligi va muxolifat a’zolari o‘zini “Birlik” lideri deb biladigan A.Po‘latov ortidan ketmaganligi ularni jazavaga solmoqda deb o‘ylasak – bu yanglish fikr bo‘ladi. Agar bu ittifoqda rais etib Muhammad Solih saylanganligi vajidan desak, tag‘in mubolag‘a bo‘ladi. Balki yuqoridan muxolifatning bu yangi harakatiga qarshi maxsus buyruq bo‘lgan bo‘lsachi? Bunisi haqiqatga yaqin emasmikan?

“Yaxshi ot keyin chopadi” deydi xalqimiz o‘z hikmatlarining birida. Hali Samad Murodning ham, Abdurahim Po‘latning ham davri kelmagan. Islom Karim hazratlari hokimiyatdan ketsin, ular keyin chopishadi. Faqat qaergacha chopisharkin, somnxonagayachami, yoinki boshqa biror marragami? Buni vaqt ko‘rsatadi. Hozircha diktator otdan tushgani yo‘q va bizning bu singari fikrlarimiz o‘lmagan ayiqning terisini talashayotgan ovchilar bahsiga ham o‘xshab ketadi.

 

http://yangidunyo.com/?p=19842#comment-64457

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: