Ozoda Nursaidova o‘zbek hukumati a’zolarini ekstremistik faoliyatda aybladi – bbc uzbek


1 iyun 2011

Ozoda Nursaidova davlat rasmiylarini aksil-Karimov faoliyatda ayblamoqda

O‘zbekistonda faoliyat yuritishi norasman man qilingan taniqli qo‘shiqchi Ozoda Nursaidova o‘z internet sahifasida o‘zining O‘zbekiston hukumatidagi aksil-Karimov mulozimlar tomonidan bosim ostiga olinayotgani, hamda narkobiznes va diniy ekstremistik tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga majburlanayotganini da’vo qilgan videofil’mini chop qildi.

“Ozoda nixoyat daxshatli, dunyoni shokka tushiruvchi sirlarni ochdi” deya nomlangan rus tilidagi videolavhada qo‘shiqchi “o‘zbek shou biznesi, deyarli butun mafkuramiz narkomafiya va katta jinoyatchi guruh bosimi ostida qolmoqda, bu guruh butun MDH, va hatto Ovroosiyo miqyosida odam savdosi bilan shug‘ullanmoqda”, deydi.

Ozoda Nursaidova O‘zbekiston Islomiy Harakati va horijdagi qator muxolifatchilar, xususan, Erk partiyasi rahbari Muhammad Solih suratlari namoyish qilingan videosida O‘zbekistonda ma’lum nufuzga etgan qo‘shiqchilar yashirin Islomiy harakatga mablag‘ etkazib berishga “rasmiylar tomonidan” majburlanishini da’vo qiladi.

“Masalan, Afg‘onistondagi O‘zbekiston Islomiy Harakati lideri bilan uchrashish, unga o‘z xo‘jayinining ko‘rsatmalarini etkazish kerak bo‘lsa, artislar ishga solinadi. Masalan, bu qo‘shiqchi Turkmanistonda kontsert beradi, Turkmaniston esa Afg‘onistonga yaqin. Muzokaralar shunday o‘tadi. Qofqoz, Turkiyada ham” deydi u.

Ozoda Nursaidova O‘zbekiston teleradiokompaniyasining ba’zi xodimlarini ham bu harakatlarga aloqadorlikda ayblaydi.

“O‘zbek davlat televideniesida ko‘pdan beri yashirin ekstremistik tashkilot faoliyat yuritayapti. O‘tgan yili u erda kimlarnidir “Nur” tashkilotiga aloqadorlikda ayblab, hibsga olishdi. Lekin qandaydir mulozim bu ishni yoptirdi” deydi qo‘shiqchi.

Ozoda Nursaidovaga ko‘ra, televideniedagi ba’zi mulozimlar qo‘shiqchilar oldiga to‘siqlar qo‘yish bilan xalqni inqilobga tayyorlashmoqda.

“Ular huddi Erondagidek. Muntazam ravishda zamonaviy musiqani, klip va ko‘rsatuvlarni siquvga olish bilan ular odamlarni axloqan Islomiy inqilobga tayyorlashmoqda”, deydi u.

Qo‘shiqchining videofil’mida O‘zbekiston Islomiy Harakatining marhum rahbari Tohir Yo‘ldosh va qator muxolifat rahbarlari suratlari ham o‘rin olgan

“O‘zbekistondagi ijrochi hukumat o‘z qo‘li bilan korruptsiya va jinoyatlarni keltirib chiqarmoqda. Maqsad – mamlakatni ich-ichidan barbod qilish. Internetda ular Karimovga qarshi tuhmat va g‘iybatni tarqatishmoqda, odamlar prezidentdan g‘azablanishlari uchun shunday muammolarni yaratishmoqda” deydi qo‘shiqchi.

Videofil’mda O‘zbekistonni 2004 yildan beri Islom Karimov emas, bosh vazir Shavkat Mirziyoev boshqarayotgani aytiladi.

Taniqli qo‘shiqchi o‘z fil’mida, shuningdek, joriy yilda o‘z kar’erasini qayta jonlantirishga uringani, ammo rasmiylar undan 10 million so‘m qabul qilib olib, uni qattiq tahqirlashganini aytadi.

Etti yarim daqiqalik fil’m oxirida Ozoda Nursaidova bu ayblovlar bilan chiqishiga o‘z xalqi va yaqinlari taqdiri uchun qayg‘urganini sabab bo‘lganini bildiradi.

Fil’m hozirda qo‘shiqchining o‘z sayti va YOUTUBE sahifasidan olib tashlangan. Ammo, qo‘shiqchining Bi-bi-siga bildirishicha, bu fil’m atigi qisqa e’lon edi, va kelgusi ikki hafta ichida “Pautina vlasti” (“Hokimiyat to‘ri”) nomli to‘liq videofil’m internetda chop qilinadi.

Bi-bi-si bilan suhbati

Biz bilan suhbatida Ozoda Nursaidova fil’mda yangragan ovoz haqiqatan ham o‘ziniki ekani va fil’mni o‘z tashabbusi bilan taqdim qilganini tan oldi.

“Men hatto BMT bosh kotibi Pan Gi Munga ham xat tayyorlab qo‘yganman. Bu yashirin jinoiy guruhlar haqida. O‘sha jinoiy guruhlar davlat organlarida ishlayotgani haqida. Chunki ular tomonidan menga katta bosim bo‘lganiga isbotim bor… Shuncha yillardan keyin sabr degan narsaning chegarasi bo‘ladi”, deydi qo‘shiqchi.

“Menga seni zapret qilgan Islom Karimov deyishadi. Aslini olganda unday emas. Meni oppozitsion guruhga (kirishga) majburlashgan ba’zi bir chinovniklar hozir Karimovni yonida o‘tiribdi” dedi u Bi-bi-siga.

Ozoda Nursaidova O‘zbekiston hukumatidagi aynan qaysi rasmiylarni ayblayotganini aytishdan bosh tortdi, biroq ular prezidentning “davlat maslahatchilari” ekanini da’vo qildi. “Siz eshitganlaringiz hali xamir uchidan patir. O‘zbekistonda davlat ichida davlat bor”, deydi u.

Ozoda Nursaidovaga bir necha yildan beri O‘zbekiston televideniesi va radiosi orqali chiqishiga ruxsat berilmaydi

Qo‘shiqchi muxolifat faoliyatiga qo‘shilmagani uchun o‘z joniga suiqasd harakatlari uyushtirilganini ham da’vo qiladi.

“Men necha marta o‘limdan qoldim. Faktki, men Karimovga qarshi siyosat olib bormaganim uchun haligacha tinchlik bermayapti, nechta o‘limdan qoldim” deydi u.

Bi-bi-sining aynan qanday tarzda bosimlar o‘tkazilgani borasidagi savoliga Ozoda Nursaidova o‘ziga vakillar jo‘natilganini aytadi.

“2007 yilda boshlangan bu narsa. Bular o‘zlari odam jo‘natgan”, deydi u.

Qo‘shiqchi, shuningdek, san’atkorlarning giyohvand moddalar savdosiga qo‘shilishga majburlanayotganini da’vo qildi.

“Alam qilayotgani, san’atkorlarni ko‘proq narkobiznesga tiqishayapti. Shu narsaga rozi bo‘lmasangiz, bosim davlat rahbarlari tomonidan bo‘layapti”, deydi u.

Bi-bi-si qo‘shiqchining O‘zbekistonni 2004 yildan beri Karimov emas, bosh vazir boshqarayotgani borasidagi da’volarini so‘roq ostiga olganida, Nursaidova xonim videofil’mda noto‘g‘ri tushuncha berilgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Ozoda Nursaidovaga ko‘ra, uning fil’m orqali Karimov kuch-quvvatini yo‘qotdi va nazoratni Bosh Vazir Mirziyoev o‘z qo‘liga oldi degan ishorani berish maqsadi bo‘lmagan.

Taniqli qo‘shiqchi ba’zi internet sahifalarida o‘zi ba’zi doiralarning buyrug‘i bilan bu kabi fil’mni chop qilgani borasidagi fikrlarini rad etdi.

“O‘z tashabbusim bilan, majburligimdan qildim”, deydi u.

Ozoda Nursaidova Bi-bi-siga bergan interv’yusining to‘liq versiyasini tinlash uchun mana bu erga bosing

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/06/110601_ozoda_text.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: