O‘zbekiston telekanalida yana “Akromiylar” – ozodlik.org


“Olloh qalbimizda, yuragimizda” nomli ko‘rsatuvdan olingan sur’at.

01.06.2011

Abdulla Iskandar

O‘zbekiston telekanalida 31 may oqshomida to‘rt nafar “akromiy” va bitta “jihodchi” bilan Toshkent shahar bosh imom xatibi Anvar qori Tursunovning xos “muloqoti” namoyish qilindi. “Olloh qalbimizda, yuragimizda” deb atalgan bu ko‘rsatuvda hozir jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar o‘zlarining “xoin” va “terrorchi” ekaniga qayta-qayta iqror bo‘lishdi. Tahlilchilar bu ko‘rsatuvni Toshkent qo‘rquvining navbatdagi mahsuli deya atamoqda.

May oxirida Berlinda o‘tkazilgan O‘zbekiston xalq harakati va bu harakat atrofiga jipslashgan “Andijon – Adolat va Tiklanish” tashkiloti faollashganiga mutanosib javob bu, demoqda tahlilchilar.

Ko‘rsatuv zamonaviy gilam to‘shalgan yorug‘ xonada tasvirga olingan. Xonaning bir tarafidagi uzun stolning bir yog‘ida qora turma robasi (qamoq libosi) kiygan, soch-soqoli qirtishlangan besh nafar mahkum o‘tiribdi. Ularning har biri oldida bittadan mikrofon.

Mahkumlar ro‘parasida esa, Toshkent shahar bosh imom xatibi Anvar Tursunov oq salla, oq chakmon va oq ko‘ylakda, elimdan yasalgan palma daraxti soyasida o‘tirib o‘qituvchi o‘quvchini tergagan ohangda mahkumlarga fikr uqtirmoqda.

Bir qarashda bu manzara sudni eslatadi. Oq kiyimli, baqbaqalari osilgan imom, qora kiyingan “gunohkor”lar aybini taftish qilmoqda. Faqat bu mahkumlar sudlanib, 10-20 yillik jazolarni olib bo‘lgan. Ularni qayta sud qilish manzarasi 1937 yilning sovuq “jarayonlari”ga mengzaydi.

Mahkumlar kamera oldida biyron-biyron gapirib “Akromiy”larning qotil, xoin va sotqin ekanligini qayta va qayta ta’kidlashdi.

Film davomida talaba deya unvonlangan bir qiz va bir yigitning “Prezidentga qanday qilib xoinlik qilish mumkin? Axir u bizning otamizku”, degan gaplarini eshitamiz.

“Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” teleformatida ishlangan bu ko‘rsatuvda  sobiq “akromiy-terrorchi” hozir esa gunohi kechirilgan Farhod Abdurahmonovning baxtli “taqdiri” haqida ham lavha bor.

O‘z uyida, mahalla oqsoqollari va posbonlari qurshovida o‘tirgan Farhod chet ellarda faollashayotgan “akromiy”larni tavba qilishga va prezidentdan uzr so‘rashga chaqirdi.

Suhbatga qo‘shilgan mahalla oqsoqoli ham yurt tashqarisidagi “qora kuchlar” go‘riga g‘isht qaladi.

Ko‘rsatuvda ishtirok qilgan 4 mahkum 2005 yil 13 may kuni Andijonda isyon ko‘targani uchun uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

13 may kuni mamlakatdan chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan 500 ga yaqin andijonlik o‘tgan 6 yil mobaynida siyosiy tashkilot tuzib, O‘zbekistondagi rejimni o‘zgartirish haqida chiqishlar qilmoqda. Ana shu faollik bois o‘zbek qamoqlaridagi mahkum birodarlarimiz ahvoli yomonlashdi, deydi “Andijon – Adolat va Tiklanish” tashkiloti faoli Abdusalom Karimov.

– O‘zbekiston xalq harakati vujudga keldi. Bularning umidlarini, maqsadlarini amalga oshiradigan harakat vujudga keldi. Shuning uchun turmaladagilarga ma’lum bir og‘irlik, ma’lum bir qiyinchilik bo‘ladi. Sababi O‘zbekiston ichidagi harakatning oldini olish uchun qo‘lidan kelgan harakatini qiladi,- deydi Abdusalom Karimov.

Qamoqda jazo o‘tayotgan “Andijon isyonkor”larining bulbuligo‘yo bo‘lib o‘z safdoshlarini qoralashi muntazam kuzatilayotgan holat. Bundan oldin  isyonchilar lideri Akrom Yo‘ldoshev ham tavba-tazarru bilan televideniega chiqarilgan edi.

Abdusalom Karimov o‘zining o‘zbek qamoqxonasidagi safdoshlariing “iqrorlaridan” xafa emasligini aytadi.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov nazarida bu ko‘rsatuv  23 mayda ilk qurultoyini o‘tkazgan O‘zbekiston xalq harakatiga o‘ziga xos javobdir.

– Mening nazarimda bu to‘g‘ridan to‘g‘ri hukumatning O‘zbekiston xalq harakati bilan bog‘liq qo‘rqishlarini ifodalaydi. Demak, bir qancha maqolalar chiqdi, hukumatning boshqa yo‘nalishi orqali, boshqa signallar orqali uning xavotirlarini bildik. Mana endi to‘g‘ridan to‘g‘ri informatsion kampaniya boshlandi. O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat shundayki, chetdan turib hozirgi globallashuv sharoitida odamlarni ruhlantirish orqali, odamlarga ma’lumotlar berish orqali O‘zbekiston jamiyatiga to‘laqonli ta’sir qilish imkoniyati bugungi kunda mavjud. Mana biz bilamiz aprel oyining o‘zida Samarqand viloyatining uchta tumanida odamlarning ko‘chalarga chiqishi, o‘zlarining talablarini hokimiyatga bildirishi, hatto ikkita-uchta tumanda, katta bir yo‘l trassasi bor, betonka deyishadi, o‘sha betonkalarni yopib qo‘yishlari, boshqa viloyatlardan ham shunga o‘xshagan signallarni olib turibmiz. Demak, hukumat kerakli xulosalarni chiqarmayapti yoki noto‘g‘ri xulosa chiqarayapti va o‘zining hatti-harakati bilan chetdagilarni, ayniqsa O‘zbekiston xalq harakati faollarini battar qo‘zg‘atishga qaratilgan siyosatni olib borayapti deb o‘ylayman,- deydi Kamoliddin Rabbimov.

O‘zbekiston televideniesi sobiq xodimi Malohat Eshonqulova bunday ko‘rsatuvlar bevosita O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari rahbarligida yaratilishini aytadi.

– O‘zbekiston kanalidan bo‘lsa, Siyosat studiyasi qiladida. Bilishimcha, xavfsizlik xixmatining buyurtmasi bilan qilishadida. Xavfsizlik xizmati murojaat qiladi. Jurnalist ajratadi ularga. Keyin bular borib ularning ko‘rsatmalari asosida s’yomka qiladi, deydi Malohat Eshonqulova.

O‘zbekiston telekanalida 1993 yildan beri o‘zbek muxolifati va diniy arboblariga qarshi ko‘rsatuvlar efirga berib boriladi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24212190.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: