“O‘zbekistonda hozir Stalin davri” – ozodlik.org


Aytishlaricha, prezidentdan pastroqdagi amaldorlar o‘zidan patroqlarini kaltaklashni “kotta”dan o‘rganishngan.

31.05.2011

Sarvar Usmon

“O‘tgan dam olish kunlari O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoev amaliy safar bilan Xorazm viloyatida bo‘ldi. Manbalarimizning aytishicha, bosh vazir mintaqadagi ishlar ahvolidan noroziligini o‘zi uchun an’anaga aylanib qolgan usul bilan bildirib, Urganch shahar hokimi Ilhom Yoqubovning basharasiga tushirdi”. Uzmetronom saytida chiqqan ikki enli xabarning bir enli qismini aynan keltirdik. Shavkat Mirziyovning mushtumzo‘rligi to‘g‘risida birinchi marta yozilmayotganini hisobga olsak, bu xabarni yangilik demasa ham bo‘ladi. Lekin tish og‘rig‘iga ko‘nikib bo‘lmaganidek, o‘zbekcha boshqaruvning asosiy usuliga aylanishga ulgurgan so‘kong‘ichlik va mushtumzo‘rlikka ham ko‘nikib bo‘lmaydi.

“Tishingiz sinmadimi ishqilib?” deb so‘rab Urganch hokimining boshini, “Qo‘lingiz qaltirab qolmadimi?”, deb Shavkat Mirziyoevning boshini og‘ritib o‘tirmadik.

O‘zbekistonda xuddi anekdotdagiday: jurnalist Abdurahmon Tashanovning aytishicha, “Mirziyoevning o‘zi Karimovdan kaltak eydi”.

Urganch hokimini kaltaklagani aytilayotgan Sh. Mirziyoevning o‘zi ham prezident I. Karimovdan kaltak eb turishi aytiladi.

Demak, prezident Bosh vazirni; Bosh vazir hokimlarni; hokimlar korxona, tashkilot muassacalar boshliqlarini, fermerlarni; boshliqlar va fermerlar xotinlarini; xotinlar bolalarini; bolalar itni uradi; it mushukni tishlaydi.

Oxir-oqibat baloga qolgan – sichqon.

10 kungina muqaddam Namanganning Chustida bo‘lib o‘tgan voqea to‘g‘risida o‘sha erdagi tinglovchimiz – fermer yordamchisi ismini aytmasligimiz sharti bilan aytib berdi.

– Shu 10 kun bo‘lib bo‘lmadida. Karkidon qishlog‘ida ekin ekkanlarning hammasini buzib tashladida ekinini. Prokuror bilan hokimi, zemlyamerlar hammasi kelib, Jo‘ravoy aka degan fermerimizni yomon so‘ktilarda “sen iflos” deb. Hamma gapni gapirdida. Onasiga til tekkizmadiyu boshqa hamma gapni gapirdida. “Sen g‘o‘zaga qaramabsan iflos. Senga faqat bug‘doy kerak, kartoshkang kerak. Shu erdagi kesaklar bilan kallangga urib yorvoraymi kallangni” deb so‘kdida. “Iflos, nassan sen” dedida. Fermerimiz ham yuvvoshgina odam edi. Indamay qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib turibdida. Hokim yigit o‘g‘li tengi 1978 yil bola ekan.

Ozodlik: Chust tumani-a bu?

– Ha. “Sen iflossan, nassan” dedida.

Ozodlik: Qarshi gap aytmadi hech qanaqa.

– Yo‘q. Keyin kelib qorni bilan bir urib, turtib, yiqitib yuboray dedida.

Ozodlik: Hokim fermerni yiqitib yuboray dedimi?

– Ha. Kelib qorni bilan urib yiqitvoray dedida. O‘zi o‘g‘li tengi bola ekan. YOsh bolani ushlab olganday elkasidan ushlab olibdida fermerning.

Ozodlik: Nima ayb qilgan ekan fermer bechora?

– “Vaqtida paxtaning haydovini qilmabsan” deyaptida. Ikki kundan keyin kelganda edi, u erda bir dona ham o‘t bo‘lmas edi. Endi ishlayapti odamlar. Sekin-sekin qiladiyu g‘o‘zaning o‘tashini, chopig‘ini.

Ozodlik: Siz bu voqealarni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingizda-a?

– Ha, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. 10ta militsiya bo‘ldi, deydi chustlik tinglovchimiz.

Prokuroru 10 melisa qurshovida karkidonlik otasi tengi fermerni haqoratlagan yosh hokim yanayam tarbiya ko‘rgan yigitga o‘xshaydi. Uning og‘zidan faqat “iflos” degan so‘z, “nas” degan so‘z chiqibdi.

“Nas” “nahs” degani. “Jimo’dan keyin g‘usl qilmagan”, degani.

Ba’zi hokimlar esa, bu mavzuni muntazam kuzatib kelayotgan jurnalist Abdurahmon Tashanovning aytishicha, har gal majlis o‘tkazganidan so‘ng g‘usl qilib olishi kerak.

– Mana masalan toshkentlik hokim Baxtiyor Hamidov Qashqadaryoga hokim bo‘lib borgan paytda biz uning odamlarni “ayachangni” deb so‘kkan holatlarini eshitganmiz. YOki bo‘lmasa yaqinda sobiq Qishloq xo‘jaligi vaziri, hozir Jizzaxda hokim bo‘lib ishlayotgan Sayfiddin Umarov degan odam bor, u endi adabiy til normalariga rioya qilgan holda “onangni” deb so‘kkan, deydi Abdurahmon Tashanov.

Umuman, shu sohada ham hokimlardan davlat tili me’yorlariga rioya qilishni talab qilish kerakka o‘xshaydi. To‘g‘ri-da, har kim o‘z shevasida so‘kaveradimi?

Achangni ta-ta-ta; buvingni ta-ta-ta, oyingni ta-ta-ta, enangni ta-ta-ta, opangni ta-ta-ta va hokazo qilib o‘tirmasdan hamma hokimlar neytral “ona” so‘zini ishlatsin, degan taklif bor: “onangni ta-ta-ta”, deb.

Shu ma’noda Jizzax viloyatidagi tuman hokimlaridan birining tajribasi ulgi bo‘lguday.

Ovozini eshittirmaslik sharti bilan gapirib bergan bir fermerning aytishicha, u yashaydigan tuman hokimi majlislarda ayol rahbarlarning onalarini tek qo‘yib, ularning bevosita o‘zlarini ta-ta-ta qilarkan.

Tikkasidan o‘qiydikan. Ko‘pchilikning ko‘zida o‘qiydikan ayol rahbarlarni.

Bugungi suhbatdoshlarimizning ishonch bilan aytishicha, O‘zbekistonda so‘kinmaydigan boshliqni topish ancha qiyin.

Mana Farg‘onaning Buvaydasida yashaydigan pensioner Fozil akaning aytganlari:

– Oddiy hol hozir bu. Bevosita qo‘l ostidagilari deydimi, so‘kishini endi qo‘yavering. Shunaqa bo‘lib qolganda endi.

Ozodlik: Nima deb so‘kishadi hokimlarmi, umuman boshliqlar?

– Xohlagan narsasi bilan so‘kadida. Bizda so‘kishlar nimadan bo‘lardi? Asosan nafsoniyatga tegadigan so‘kishlar so‘kadi. Oddiy holku bu, deydi buvaydalik pensioner Fozil aka.

Fozil akaning shu gapi bilan cheklansak, haqiqatni yamlab qo‘ygan bo‘lamiz.

Pensionerning keyingi gapi nafaqat hayratimizni uyg‘otdi, balki hokimlarning so‘kong‘ichligi boisini tushuntirganday bo‘ldi.

– Endi shunga loyiqda ko‘pi. Shunga loyiq ko‘pi. Chunki tepsa tebranmas bo‘lib ketganda bular, deydi Fozil aka.

Eshityapsizmi, buvaydalik Fozil aka va balki, umuman o‘zbekistonliklar o‘sha “tepsa-tebranmaslik”ning iqtisodiy sabablarini izlash haqida o‘ylamayapti.

Feodalga aylanib olgan hokimning tutumlarini tushunishga harakat qilayapti.

Suyagi sovet davrida qotgan namanganlik iqtisodchi olim Rasuljon Abdumajidovdan bugungi o‘zbekcha boshqaruv usulinining ildizlarini ko‘rsatib berishni iltimos qildik.

Ozodlik: Urish, so‘kish boshqaruv usuli bo‘lib qolibdi keyingi yillarda, shu kunda O‘zbekistonda. Buning ildizi qaerga borib taqaladi?

– Kommunistlar zamonining dastlabki vaqtlari to mana bu 50-yilgacha bo‘lgan jarayonga borib taqaladi. Chunki to 50-yilgacha inqilobdan keyin mamlakatda butun ishlab chiqarish, xalq xo‘jaligini boshqarishda savodsiz, muttaham odamlardan, g‘irt ma’muriyatchi odamlardan rahbar tayinlangan, deydi Rasuljon Abdumajidov.

Demak, O‘zbekiston yana Stalin davriga qaytib qoldibdi-da?

Bilmadik. Har holda tarixni yaxshi biladigan tajribali iqtisodchi olim shunday deyapti. (O‘zbekiston rahbariyatining kadrlar siyosatidagi ba’zi tendentsiyalar, xususan, mahalla raisligigayu viloyat hokimligiga militsiyadan chiqqanlarni tayinlashga zo‘r berilayotgani olimning fikrini quvvatlaydi)

Agar olim aytayotgan gap rost bo‘lguday esa, ya’ni O‘zbekiston Stalin davrini boshidan kechirayotgan bo‘lsa, hali ish ko‘p ekan: Stalindan keyin Xrushchev, Xurshchevdan keyin Brejnev, Brejnevdan keyin Gorbachev kelishi kerak.

Undan keyin yana mustaqillik masalasi kun tartibiga chiqadi…

http://www.ozodlik.org/content/article/24211092.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: