Kimsa Murodillaga javob – yangidunyo


May 31, 2011

Shuhrat AHMADJONOV

Foto. Buyuk shoir Yusuf Juma. Uning yonida Jahongir Muhammad. Kentaki xalqaro aeroporti (AQSh). 2011 yil, 20 may. [1]

Mundarija.

Kirish so‘zi.

1. She’riyatga munosabatim.

2. Yusuf Juma: Suvaraklar falsafasi.

3. Vatan.

4. Murodilla maqolasidagi she’r matni.

5. Mardikor ayollar.

6. Fohishabozlik va dildagi yara.

7. MXX fohishabozlardan foydalanishi va ulardan jirkanishim.

8. Yusuf Juma: Tangrim, munosib yo‘q karam rahmatga.

9. Jahongir Muhammadga bag‘ishlangan she’r.

10. Yusuf Juma: Bu xalqni etgin hurmat.

11. Soqol.

12. Quvg‘indagi ijod …

13. Yusuf Juma: Gar yo‘liqsang, Yusufingni tepib o‘t.

14. Yusuf Juma oilasi.

15. Yusuf Juma: Dilyozmalar.

KIRISH SO‘ZI

2011 yil 29 may kuni http://www.yangidunyo.com saytida Murodillo Mirzohid ismli kimsaning “Nafs dinining quli” nomli maqolasi chop etildi ([2]-ga qarang).

Men deyarli hech kim tanimaydigan Murodillo ismli kimsaning buyuk shoir Yusuf Jumaga nisbatan yozgan yomon maqolasiga javob yozib vaqtimni sarflashim sababi: orqamizdan yangi avlod o‘sib kelmoqda. Agar menga o‘xshagan ziyolilar imkoniyatimiz doirasida asosli javob yozmasak, u holda yoshlarimiz noto‘g‘ri tasavvurga borishlari mumkin.

1. SHE’RIYATGA MUNOSABATIM

Men shoir emasman va umrimda biror marta she’r yozmaganman. Men she’riyat muxlislaridan biriman. 1960 yilda – 6 yoshligimda maktabning birinchi sinfiga o‘qishga borganimda alifbo kitobimizdagi hamma she’rlarni yod olgandim. O‘sha she’rlardan ikkitasi hali ham yodimda, birini keltirib o‘tsam.

Maqsadimiz tinch yashash,

O‘qish, ishlash va qurish.

Urushni xohlamaymiz,

Yashasin erkin turmush.

Bu bilan aytmoqchimanki, men 51 yildan beri she’r o‘qiyman va yaxshi yozilgan she’rlardan zavq olaman.

2. YUSUF JUMA: SUVARAKLAR FALSAFASI

Filologiya fanlari doktori Botir Norboy 2008 yil 2 fevralida http://www.yangidunyo.com saytida buyuk shoir Yusuf Juma ijodi haqida katta maqola chop ettirgandi. Shu maqoladan Yusuf Jumaning 1980-yillardagi ikkita she’riga doir asosli fikrini keltirib o‘tsam.

“Haqiqatan ham, tabiatdagi qurtlar kabi jamiyatdagi xaromxurlarni ham yo‘qotish qiyin: bir xilini qirib tashlasangiz, ikkinchi turi paydo bo‘ladi, bir joydan haydasangiz, ikkinchi joyni, makon etib, o‘ziga «mikromuhit» hosil qilib, ishini davom ettiraveradi. Chinakam inson esa ularga qarshi kurashni bir zum ham to‘xtatmasligi lozim… Yusuf ham bu kurashni to‘xtatgan emas.

«Suvaraklar falsafasi»da ham yuqoridagi qurtlarga o‘xshashroq tiplarni nishonga olgan. Suvaraklarning yashash yo‘sini, dunyoqarashi ham «antiqa qurtlar»nikidan kam farq qiladi. Ular ham shu xil jonzotlarning bir turi, ammo yuqoridagilardan faolroq, ularning qator istaklari, hatto «Vatan xususida falsafa»lari ham bor. Ularning istaklaridan biri hamisha tun bo‘lsa, ivirsib, emishlarini tashib yallo qilib yurishsa, ikkinchidan, atrofdagilar loqayd, g‘ofil, gul bo‘lishsa…

«Loqaydlik yashasin, bo‘lmasin yog‘du!

Asl tilagimiz, rizqimizdir bu!

Vatan xususida falsafamiz shu:

«Qornimiz to‘ygan joy, biz uchun Vatan».

Bu haqiqatan ham dahshatli falsafa. Suvarakmijozlar idroklilarni yoqtirmaydilar, bundaylar ko‘paysa suvaraklarga yashash qiyinlashadi. Ularning Vatan haqidagi falsafalaridan ham dahshatli ma’nodagi kosmopolitizmning «hidi» keladi. Suvaraklarning muqim Vatani – suyanadigan tog‘i yo‘q: qorni to‘ysa – qurbon hayit. Har qanday qabihlik, sotqinlik shu xil falsafalar bilan yashaydigan e’tiqodsiz, maslaksiz kimsalardan chiqadi” [3]

Afsuski, Yusuf Jumaning «Suvaraklar falsafasi» she’rini saytlarda topa olmadim. Topsam ushbu paragrafda keltirardim va o‘zbek o‘quvchisi o‘zi u 1980-yillarda yozgan she’riga yuqori baho berardi.

3. VATAN

“Jur’at bilan aytilgan haqqoniy fikrlar, haqiqat va adolat uchun kurash ruhi ona yurt mavzuidagi «Vatan» shs’rida teran ifodasini topgan. Bunday qaraganda, ona-yurt mavzuida biron yangi gap aytish qiyinday tuyuladi. Biroq talantlar uchun bu mavzu xuddi muhabbat mavzusi kabi hamisha yangi, hamisha dolzarb. Chunki talantlar hamisha biz odatlanib ketgan voqelikning yangi qirralarini ko‘radilar va ko‘rsatadilar. Aytaylik, biz 80-yillargacha ham Vatan haqida o‘nlab, yuzlab she’rlar o‘qiganmiz, ammo Vatanning quyidagicha ta’rifiga duch kelganimiz yo‘q:

Vatan to‘rt narsadan iborat ekan:

G‘urur, tug‘ilgan joy, ona til, erkdan!

Tug‘ilgan ma’voda vujuding yashar,

Qudrating g‘ururda muqim, muqarrar!

Ona tilda yashar qalbing ustuvor,

Erkda kamoloting yashar barqaror.

Shulardan bittasi bo‘lmadimi, bas,

Demak, o‘sha Vatan mukammal emas.

Dilimda har qachon yolg‘iz armonim:

Mangu mukammal bo‘l, O‘zbekistonim! –

deya yurt mukammalligining xayoliy suratini chizib berdi. Shoir hali SSSR «gullab yashnayotgan» paytda, g‘urur, tug‘ilgan joy, ona til va erk uchun kurashish kerakligini ayta oldi. Bu o‘sha davr uchun dadil aytilgan fikrlar edi. Hozirgi o‘zbek she’riyatining tadqiqotchisi sifatida aytishim kerakki, bular haqiqatan ham, Vatanga berilgan original ta’rif, original bo‘lgani uchun ham bizda u oxorli fikrlar uyg‘otadi. Shuning uchun ham Yusufning ona yurtimizga «Mangu mukammal bo‘l», deya murojaat qilishingizda jiddiy ma’no bor” [3]

4. MURODILLA MAQOLASIDAGI SHE’R MATNI

Endi Murodilla maqolasini bir oz tahlil etsam. Ushbu kimsa Yusuf Jumaning bitta she’rini o‘z maqolasi boshida va oxirrog‘ida qisman-qisman keltirgan. Ushbu she’r 2005 yil 24 iyulda yozilgan bo‘lib, uni [4]-dan to‘liqsincha keltirsam.

Nega jannat qurding? – so‘rayman hayron,

Tangrim, munosib yo‘q  karam rahmatga.

Agar amnistiya qilmasang e’lon,

Tushmas odamzotdan hech kim jannatga.

 

Cho‘tingning toshlari bor yulduz bo‘lsa

Bir mening aybimni sanashga etmas.

Eng pokdomon degan moboda o‘lsa,

Puli sirotingdan o‘tolmas o‘tmas.

 

O‘n sakkiz ming olam bo‘lsa daftaring,

Yozsang gunohlarim sig‘maydi unga.

Inson bolasiga basdir mahsharing,

Barchasi mansubdir nafs degan dinga.

 

Garchi haq yog‘ilar dil porasidan,

Garchi boshqalardan yorug‘dir yuzim.

Odam jirkangandek o‘z yarasidan,

Jirkanib ketaman o‘zimdan o‘zim.

 

Nega jannat qurding, so‘rayman hayron,

Tangrim, munosib yo‘q  karam rahmatga.

Agar amnistiya qilmasang e’lon,

Odamzotdan tushmas hech kim jannatga. [4]

Mening tushunishimcha, Yusuf Juma jannat va unga munosib inson masalasida yozganida xalqimizning bugungi avlodini nazarda tutmoqda. U butun insoniyat tarixida o‘tgan barcha insonlarni nazarda tutayotgani yo‘q. Chunki avval yashab o‘tganlarni Alloh qilgan gunohi savoblarini cho‘tlab, allaqachon kimni jannati kimni do‘zaxi qilgani ayon.

“Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

«Sizdan birontangiz o‘lgan paytida unga ertayu kech joyi ko‘rsatiladi. Agar ahli jannatdan bo‘lsa, jannatdan, ahli do‘zaxdan bo‘lsa, do‘zaxdan. So‘ngra, Alloh qiyomat kuni seni qayta tiriltirguncha joying–shu», deyiladi», deganlar.

Buxoriy va Muslimlar Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilganlar” [5]

Buni har bir musulmon biladi. Demak, Yusuf Juma bugungi avlod vakillarini nazarda tutmoqda.

5. MARDIKOR AYOLLAR

Bugungi hayotimizga ozroq nazar solaylik. Ajdodlarimiz asrlar mobaynida orzo‘ qilgan Mustaqillikka 1991 yil 1 sentyabrida xalqimiz erishdi. Uch oydan keyin Mustaqilligimizning 20 yilligini nishonlaymiz. Vatanimizdagi ahvol qanday? Xalqimiz farovon va erkin yashay olayaptimi?

Vatanimizda muammolar juda ko‘p. Men ulardan ikkitasini – o‘zbek mardikor ayollari va fohishabozlik muammosini tilga olib o‘tay.

Eslatib o‘taman: tariximizdagi eng qiyin davrlardan biri bo‘lmish 2-Dunyo urushi davrida – 1939-1945 yillarda ham birorta o‘zbek ayoli mardikor bozoriga chiqmagan edi.

Mustaqillik olgach va amaldorlar Vatan boyliklarini talon-taroj qila boshlagach ishsizlik va qashshoqlik tufayli millionlab qizlarimiz va ayollarimiz mardikor bozorlariga chiqishga majbur bo‘ldi. Shunga doir ayrim ma’lumotlarni keltirib o‘tay.

“Pul topish ilinjida mardikor-bozoriga chiqqan ayollarni, birgina kulfat – qashshoqlik, bolalarini boqish, oilasini ta’minlash zaruriyati birlashtiradi.

Agar 10-15 yil avval Samarqand viloyatida asosan ish qidirib qishloq joylardan keluvchilar va talabalar yig‘iladigan mardikor-bozori markazda bitta bo‘lsa, bugun esa kunbay ishchilarni Samarqand-Qarshi katta yo‘li bo‘ylab keta turib, Toyloq tumani Davlatobod kooperativ xo‘jaligi, Nurobod tumanidagi Ibrohim-ota qishlog‘i, Pastdarg‘om tumani Mehnatobod qishlog‘i va xatto Samarqandning eng markazi Registon maydonida yollash mumkin” [6]

“Aziza ismli ayolning aytishicha, uni o‘g‘lini tengdoshlari “mardikorni haromzodasi” deya masxara qilishadi. Azizaning o‘zini to‘ylarga taklif etmay qo‘yishdi, maxalla oqsoqollari esa uni uyiga kelishib, bu ishi bilan butun qishloqni sharmanda qilayotgani uchun, ayolni mardikor-bozoriga chiqmaslikka ko‘ndirishdi.

“Bu juda achinarli, lekin men bolalarimni boqishim kerak, buning uchun menda boshqa imkoniyatlar yo‘q , shuning uchun men “Oshina-bozor”ga boraman”, – deydi u” [6]

O‘zbekistondagi eng katta mardikor bozorlaridan biri Toshkentdagi Qo‘yliq bozori oldida joylashgan. Men 2005-2007 yillarda Qo‘yliq bozori yaqinida (Toshkent shahri, Hamza tumani, Farg‘ona yo‘li ko‘chasi, 101-uy, 65-xonadonda) yashadim. Men har kuni asosan o‘zbek mardikor qizlar va ayollarni ko‘rardim. Ularning ahvoliga achinmaslikning iloji yo‘q.

Menimcha, Murodilla, siz yashayotgan Qashqadaryo viloyatida ham mardikor ayollar bozori ko‘pgina bo‘lsa kerak va ularni siz ham ko‘rib yurgan bo‘lsangiz kerak.

6. FOHISHABOZLIK VA DILDAGI YARA

Endi o‘zbek xotin-qizlarining fohishabozlikka majbur bo‘layotganlari haqida ozroq faktlar keltirsam.

“Namanganlik inson huquqlari himoyachilaridan bir guruhi Pop shahrida to‘planib, viloyatda fohishabozlik kuchayib borayotgani sabablarini muhokama qildi. Muhokamada ba’zi fohishalar ham ishtirok etdi.

Yig‘ilishda ishtirok etganlarning so‘zlariga qaraganda, ilgari viloyatda fohishabozlik bu qadar keng tarqalmagan edi. Hozir o‘z tanasini sotayotganlar orasida oliy ma’lumotlilar ham bor. Bu illatning tobora chuqur ildiz otib borayotgani esa ishsizlik va maoshlar kamligi oqibatidir.

Xalqobod shaharchasida yashovchi Xolida Ikromova bir yildan buyon fohishalik qiladi.

“Ilgari ishlar edim. 140 so‘m maosh olardim. Tirikchiligimni o‘tkazishga etar edi. Hozir esa shu ish bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lyapman. Fohishalik qilayotgan yosh-yosh qizlar ham ko‘p”, – dedi X.Ikromova.

X.Ikromovaning aytishicha, yaqinda hokimlik vakillari hamrohligida kelgan “Pop tonggi” gazetasi muxbiri bilan suhbatlashganda bu yo‘lga kirganining sababi ishsizlik ekanini bildirgan. Biroz o‘tib gazetada u bilan suhbat bosilgan, lekin ishsizlik tufayli shu yo‘lga kirgani haqida hech narsa yozilmagan” [7]

“Kuni-kecha Janubiy Qozog‘istonning Chimkent shahrida o‘zbekistonlik 11 fohisha ayol ushlandi. Qozog‘istonda fahsh ishlari bilan shug‘ullanish taqiqlanmagani, hujjatlari joyida bo‘lgani uchun ular ozod etilishi mumkin” [8]

“Janubiy Qozog‘iston universiteti professori Botir Norboev o‘zbek qizlarining fohishalik qilayotgani millat sha’niga dog‘ bo‘lib tushayotganini ta’kidladi.

“Yaqinda bir qozoq yigiti bilan aytishib qoldik. U o‘zbek ayollarining 30-40 foizi fohisha bo‘lib ketganini aytdi. O‘zbek bo‘lganim uchun chidab tura olmay, unga achchiq gaplar gapirdim. U esa buni o‘zi ko‘rib, odamlardan eshitayotganini aytdi. Faktlar juda ham ko‘p. Turkistonday tabbarruk, ziyoratgoh shaharda ham o‘zbekistonlik ayollar fahsh bilan shug‘ullanadigan maxsus joylar bor ekan. Bu biz o‘zbek erkaklarining juda ham oriyatini keltiradi. Bu sharmandali, uyatli holat millat sha’niga ham dog‘ bo‘lib tushyapti”, – deydi B.Norboev” [8]

O‘zbek xotin-qizlarining mardikor bozorlariga chiqishi, O‘zbekistonda va xorij mamlakatlarida mardikorlik va fohishabozlik qilib yurganlarini ko‘rib juda achinaman va buning hammasi, shoir Yusuf Juma o‘z she’rida yozganidek, mening dilimdagi yaradir.

7. MXX FOHISHABOZLARDAN FOYDALANISHI VA ULARDAN JIRKANISHIM

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) va Ichki ishlar vazirligi (militsiya) zobitlari fohishabozlik bilan shug‘ullanayotgan ayollarga qarshi jinoiy ish ochadi. So‘ngra qo‘rqitib, ulardan jinoiy guruh tuzadi. Ushbu jinoiy guruhni xalqimizning yaxshi farzandlariga qarshi provokatsiya va boshqa noqonuniy tadbirlarda ishlatishmoqda.

Bitta misol. Mashhur va mard inson huquqlari himoyachisi Mo‘’tabar Tojiboeva 2003 yil 20 avgust kuni Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani prokuraturasi binosi ro‘parasida o‘z safdoshlari bilan birgaliqda piket o‘tkazayotgan pallada fohisha va qo‘shmachi ayollar guruhi Mo‘tabar va “Bi-bi-si” radiosi muxbiri Matluba Azamatovani vahshiylarcha kaltaklashiga doir faktga e’tibor bering.

““O‘tyuraklar” klubi rahbari, mustaqil jurnalist Mo‘’tabar Tojiboeva 2003 yil 20 avgust kuni Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani prokuraturasi binosi ro‘parasida o‘z safdoshlari bilan birgaliqda piket o‘tkazayotgan pallada aynan prokuratura, milliy xavfsizlik xizmati, mahalliy hokimiyat va Ichki Ishlar tizimi rahbarlari tomonidan oldindan rejalashtirilgan holatda tayyorlangan fohisha va qo‘shmachi ayollar guruhining vahshiylarcha hujumiga duch kelganlar va Farg‘ona shahridan, Kirguli tumanidan va Oltiariq tumanining Hamza shahridan kelgan Hamza shahrilik qo‘shmachi Mashrapova Maxpuza va Latipova Zarifalar boshchiligidagi juda ko‘plab fohisha va qo‘shmachi ayollar tinch yo‘l bilan piket o‘tkazayotgan inson huquqlari faollarini avval toshbo‘ron qilganlar, keyin esa karate usullarini qo‘llab, shuningdek, davra qilib o‘rtaga olib erga yotqizib olgan holda ularni ayovsiz ravishda kaltaklaganlar” [9]

O‘zbek fohisha xotin-qizlardan bir guruhi MXX, IIV va prokuratura qo‘rqitishi hamda va’dalari asosida Mo‘’tabar va Matlubani kaltaklaganini eshitib, keyinchalik bunga doir rangli fotosuratlarni ko‘rib dildagi yaram bo‘lmish ushbu fohishalardan juda jirkanganman.

Shoir Yusuf Jumaning quyidagi to‘rtligini Murodilla o‘z maqolasida boshqacha ta’riflagan.

Mening tushunishimcha, shoir yuqorida bayon qilganim kabi dil yarasi haqida va shu dil yarasi keltirib chiqargan holatdan jirkanish haqida yozmoqda.

Garchi haq yog‘ilar dil porasidan,

Garchi boshqalardan yorug‘dir yuzim.

Odam jirkangandek o‘z yarasidan,

Jirkanib ketaman o‘zimdan o‘zim.

Aytib o‘tishim o‘rinliki, men millatdoshlarim haq-huquqlarini 22 yildan ko‘proq vaqt davomida himoya qilib kelmoqdaman (masalan, [10]-ga qarang). Shu sababli ulug‘ shoir Yusuf Juma kabi mening ham boshqalardan yorug‘dir yuzim.

8. YUSUF JUMA: TANGRIM, MUNOSIB YO‘Q KARAM RAHMATGA

Endi Murodilla keltirgan she’rning ikki satriga to‘xtalib o‘tay.

Nega jannat qurding? – so‘rayman hayron,

Tangrim, munosib yo‘q karam rahmatga.

Vatanimiz – O‘zbekistonda shuncha illat va jinoyatlar bo‘layotgan, ming-minglab namozxonlar faqat namoz o‘qigani uchun MXX provokatsiya uyushtirib qamoqxonalarga ko‘p yillarga qamayotgan va ulardan ba’zilarining o‘ligi qamoqxonalardan olib kelinayotgan, bunga yo‘l qo‘yayotgan va buni o‘zgartirishga harakat qilmayotgan kishilardan qaysi biri jannatga munosib?

Toki O‘zbekistonda xalqimizga adolatli va normal turmush yaratib bermas ekanmiz va bu yo‘lda ijobiy ishlar qilmas ekanmiz, Allohning jannatiga munosib vatandoshimiz bormikan?

Shaxsan men bunday sharoitda jannatga munosib emasman, deb hisoblayman. Yanayam buni buyuk va rahmli Alloh hal qiladi.

Buyuk shoir Yusuf Juma ham ushbu ikki qator she’rida shu Vatanimizdagi abgor sharoitda jannatga munosib vatandoshi yo‘qligini ta’kidlamoqda, deb tushunaman.

Ulug‘ Muhammad payg‘ambarimiz (a.v.s.) (570-632) bir hadisida bunday degan edi.

“Sizlarning qaysi birlaringiz biror jinoiy ishni qilinayotganini ko‘rib qolsangiz darhol uni qo‘lingiz bilan to‘xtating. Agar bunga imkoniyatingiz bo‘lmasa tilingiz bilan qaytaring. Bordiyu buni ham bajara olmasangiz dilingiz bilan nafratlanib turing. Lekin bunisi iymoni zaif kishining ishidir” [11]

Zamonamizning ulug‘ shoiri xalqimizni himoya qilib, gunoh va jinoiy ishlarni she’riy so‘z, ya’ni tili bilan qaytarishga harakat qilib 11 ta kitobga jam bo‘lgan mingtaga yaqin she’r yozdi.

Xalqimizning yana bir jonkuyar farzandi bo‘lmish shoir hamda yozuvchi Jahongir Muhammad fidoyilik bilan bu she’rlarni to‘plab 2006 yilda http://www.turonzamin.org saytida chop etdi (masalan, [4]-ga qarang).

9. JAHONGIR MUHAMMADGA BAG‘ISHLANGAN SHE’R

Yusuf Juma o‘z hayot yo‘lida juda ko‘p sotqin, laganbardor, qo‘rqoq va hokazo illatlarga ega bo‘lgan o‘zbeklarni uchratgan bo‘lsa kerak. Shu sababli ko‘p she’rlarida ularni qattiq tanqid qilgan.

Lekin u mard va ziyoli o‘zbekni uchratganida unga she’r bag‘ishlab tan olgan. U 2007 yil 26 avgustda yozgan Jahongir Muhammadga bag‘ishlangan ushbu sakkiz qator she’rni o‘qib va uqib ko‘ring.

O‘kinma dunyoni uqqan,

Bu nomard qavmdan zinhor.

Bitta bo‘lsa ham er tuqqan

Jahongir Muhammad bor.

 

Chida g‘anim bilan bug‘sa,

Qarg‘ama bu g‘addor xalqni.

Bitta bo‘lsa ham er tug‘sa

Bunday el yashashga haqli. [12]

10. YUSUF JUMA: BU XALQNI ETGIN HURMAT

Murodilla maqolasida bunday deb yozgan joyi bor:

“Navoiyni, Ibn Sinoni, Boburni, Cho‘lponu Fitratni, Qodiriyni u inson deb bilmaydimi?” [2]

Yusuf Juma o‘zining boshqa she’rida hazil aralash quyidagi she’rni yozgan.

Bu xalqni etgin hurmat,

Yusuf Juma, dilabgor.

Bari sotqin bo‘lsa ham,

Alisher, Mashrabi bor.

 

Bu xalqni buyuk degin,

Yusuf Juma, do‘stga zor.

Bari bo‘lsa ham xoin,

Qodiriy, Fitrati bor.

 

Bu xalqni Ka’ba bilgin,

Yusuf Juma, boshi qor.

Xiyonatkor bo‘lsa ham,

Behbudiy Cho‘lponi bor.

 

Bu xalqni tavof ayla,

Yusuf Juma, yolg‘iz, xor.

Bari g‘addor bo‘lsa ham,

Yusuf Jumalari bor. [13]

 

Shaxsan men Yusuf Jumadek xalq shoiri, 21-asr Mashrabi bilan bir zamonda yashayotganimga Allohga shukurlar qilaman ([14]-ga qarang).

11. SOQOL

O‘zbekiston kuchishlatar organlari namozxonlarni soqol qo‘ygani uchun ham ta’qib etishayotgani va soqolini qirdirib tashlashga majbur qilayotgani haqida ko‘pchilik biladi.

Yusuf Juma 2006 yil 21 aprel kuni yozgan quyidagi she’ri orqali inson huquqlarining bunday qo‘pol buzilishini o‘ziga xos o‘tkir tanqid qilgan.

Soqol qo‘yish jinoyat,

Chunki tojdor besoqol.

Soqolni qirtishlab ham,

Yurolmadim bemalol.

 

Ko‘chalarda xotirjam,

Yayrashga yo‘l qo‘ymaydi.

Tanasida yashirin

Soqol bor deb o‘ylaydi.

 

Ishonmasanggiz ko‘ring,

Shohim, podshohi olam,

Qirtishlayman ba’zida

Siz o‘ylagan joyni ham. [13]

12. QUVG‘INDAGI IJOD …

“2000 yili Yusuf Jumaning Qorakul tuman gazetasida bir turkum she’rlari e’lon etildi. Bu she’rlar orasida haqiqat keskin yo‘sinda ifodalangan asarlar bor edi. Bu xil asarlarni bahona qilib MXX xodimlari Yusufni hibs etmoqchi bo‘lishdi. U Toshkentga qochib kelib, ikki uch oy davomida turli joylarda, jumladan, O‘ktam Hakimalining dala hovlisida, Inson huquqi himoyachisi Elena Urlaevaning uyida yashab yurdi …

Yusufning o‘zi kabi sodda o‘g‘li esa, uning qutilib ketishiga umid bildirib, Qorakuldan turib tinmay qo‘ng‘iroq chalardi. Yusufning o‘sha paytdagi she’rlari bu holatlarning yorqin manzarasidir:

O‘g‘lim har kun qilar qo‘ng‘iroq

Qorakuldan – simda faryodlar.

“Xushyor bo‘ling, qayrashib pichoq

Qidirmoqda sizni jallodlar.

 

Yo‘qmi yurtning mard, botirlari?!

Dili haq deb cho‘llamadimi?!

Toshkent to‘la “Xalq shoirlari”,

Ular sizni qo‘llamadimi?”

 

Shoshda shoir chindan ham bisyor,

Lek adlgo‘y anqodek noyob.

Har uyda bir “Xalq shoiri” bor,

To‘ralarning poyida turob.

 

Salom desang, alik yo‘q, besas,

Go‘yo tog‘ning cho‘qqilaridir.

Bular xalqning shoiri emas,

Bular xalqning tulkilaridir.

 

Nafs o‘chirgan qalbdagi o‘tni,

Temir-tersak ilinjida xor.

Bir piyola aroqqa yurtni

Va millatni sotishga tayyor.

 

Maqtash kerak bo‘lsa nodonni,

Imzo qo‘yar mingtasi birdan.

Yoqlash kerak bo‘lsa insonni,

Sado chiqmas ahli shoirdan.

 

Shular meni qo‘llarmi, bolam,

Shular menga bo‘lurmi imdod?!

Haq yo‘lida tashlagan qadam,

Kutsin faqat Xudodan najot!

2001 yil 31 yanvar, Durmon” [3]

13. YUSUF JUMA: GAR YO‘LIQSANG, YUSUFINGNI TEPIB O‘T

Yusuf Juma 1988 yil 13 iyulda quyidagi she’rni yozgandi.

Xalq, yo‘l bo‘shat, kattakoning kelmoqda,

Aqli kalta aqldoning kelmoqda.

 

Senga insof, imondan saboq bergan

Noinsofing, beimoning kelmoqda.

 

Qoning so‘rib, rizqing eb, semirgan

Soyaboning, otajoning kelmoqda.

 

Qo‘rquv bilan seni ko‘r, gung aylagan

Ham qarog‘ing, ham zaboning kelmoqda.

 

Gar yo‘liqsang, Yusufingni tepib o‘t,

G‘aming egan bir yomoning kelmoqda. [15]

O‘zbek xalqi orasida Murodillaga o‘xshaganlar bo‘lishi mumkinligini va ular imkoniyat topganida saytdagi maqolasi orqali bo‘lsada “tepib o‘tishini” bundan deyarli 23 yil oldin Yusuf Juma ko‘ra bilgan edi.

14. YUSUF JUMA OILASI

Jahongir Muhammad Yusuf Juma hayoti, ijodi va oilasi haqida juda yaxshi [1]-maqolani yozgan. Men [1]-katta maqolaning Yusuf Juma oilasiga bag‘ishlangan qisminigina keltirib o‘tishni lozim topdim.

“Haqgo‘y insonlarni, adolat uchun kurashchilarni ba’zan hatto yori, oilasi, farzandlari ham tushunishmaydi. Shuning uchun ham ular yo bu yo‘ldan qaytadilar yoki oiladan ajralib qoladilar. Bu masalada Yusuf Juma kam sonli omadlilar safiga kiradi, Tangri uni mukammal yaratgan. Uning umr yo‘ldoshi ham, farzandlari ham uning kabi fikrlaydilar va bitta yo‘ldalar. Doim uni qo‘llaydilar. Bu favqulodda muhim masala.

Balki u yoshligida shuni orzu qilganmikan? “So‘z mulkining sultoniga o‘xshasin”, deya bir farzandini Alisher, “Shohdan ham qo‘rqmaydigan inson bo‘lsin”, deb boshqasini Mashrab, “Dunyoning qaeriga borsa ham jasorat timsolini ko‘rsatsin”, deya birini Bobur, “O‘tgan kunlarning zulmatini yoritsin”, deb boshqasini Qodiriy, “Bukilmaslik neligini bilsin”, deb kenjasini Javhar nomlagani shundanmikan? Balki u bu bilan Turonni zarralardan qayta tiklashni orzu qilgandir?

Xullas nima bo‘lganda ham farzandlari uning yo‘lidan bormoqda. Alisher adolat pesha yigitdir. Yiqilgan insonlarning yonida doim. Mashrabning qamoqdagi qiynoqlar haqida yozganlarini men unuta olmayman. Sodda va samimiylikda uncha-buncha yozuvchini dog‘da qoldiradi. Bobur, Qodiriylar ham otaning o‘zi va so‘zi. Javhar o‘n yoshida bo‘lsa ham bitta xat yozib ko‘plarimizni yig‘latgan.

Shoirning feruza qizi Feruza ham ta’qiblar iskanjasida qolsada, otasiga sodiq turibdi.

Tezroq bu zulm bitsin va bu oila baxtli kunlarni yashasin. Ming yilda bir marta tug‘ilgan buyuk adibimiz oilasi bilan birga yorug‘ kunlarni ko‘rsin!

Axir shoirnig o‘zi aytgandek qachongacha׃

E’zozlanar hamma yurtda

Oq tongday oqqush.

Bizda esa qarg‘alarga

Aylashar olqish.

 

Barcha yurtda qoyadagi

Burgutga qarsak.

Bizda esa cho‘qqidadir

Erkatoy eshak.

 

Ne-ne xalqlar hayratini

Baxsh etar sorga.

Bizda esa sharaf derlar

Quzg‘unga, morga.

 

Barcha yurtda sayrayotgan

Bulbulga olqish.

Bizda esa gulzorlarning

To‘rida boyqush” [1]

15. YUSUF JUMA: DILYOZMALAR

Men ushbu maqolamni mashhur shoirimiz Yusuf Juma 2004 yil 18 dekabrda yozgan “Dilyozmalar” nomli she’ri bilan tugatmoqchiman.

Shoirlar yozadi, olimlar yozar,

Ular yozganlari qo‘ulyozmalardir.

Mening bitiklarim yurakdan sizar,

Mening yoeganlarim dilyozmalardir.

 

Vatanga she’r yozsam dilda yozaman,

Qoralamalarim yurakyozmadir.

Qalb tomiri degan nilda yozaman,

Qoralamalarim yurakyozmadir.

 

Neki bitgan bo‘lsam bitganman qonda,

Mening bitiklarim qonyozmalardir.

Yorimga yozaman qo‘shiqlar jonda,

Mening bitiklarim jonyozmalardir.

 

Maddohlar yozganda qorindan yozar,

Qorin yozmalardir qo‘lyozmalari.

Mening bitiklarim yurakdan sizar,

Mening yozganlarim dilyozmalari. [3]

 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. JAHONGIR MUHAMMAD. Ming yilda bir marta tug‘ilgan adib. – http://turonzamin.org/2011/05/29/yusufjuma-32/#more-15161 (www.turonzamin.org 2011.29.05).

2. MURODILLO MIRZOHID. Nafs dinining quli. – http://yangidunyo.com/?p=19727 (www.yangidunyo.com May 29, 2011).

3. BOTIR NORBOY. Buyuk shoir, fidoiy inson, ulug‘ kurashchi… (yoki Yusuf Jumaning o‘zbek she’riyatidagi va jamiyatidagi o‘rni haqida). – http://www.ponauz.info

http://yangidunyo.com/?p=1106 (www.yangidunyo.com 2008.02.02).

4. YUSUF JUMA. Turkiston, Vatanimsan!!! – http://turonzamin.org/2006/11/08/yusufjuma2_kitob/#more-8635 (www.turonzamin.org 2011.08.11).

5. Jannat haqida. – http://www.muslimaat.uz/new/ibodat/etiqod/item/382-jannat-haqida.html (www.muslimaat.uz 2010.22.12).

6. Mardikor-ayollar yanada ko‘paymoqda. – http://www.uznews.net/news_single.php?lng=uz&cid=3&nid=291 (www.uznews.net 30.06.2007).

7. MEHRIBON. Chimkentda o‘zbekistonlik 11 fohisha ushlandi. – http://www.ozodlik.org/content/article/1317782.html (www.ozodlik.org 01.12.2006).

8. AHMADJONOV Sh. 2003 yil: Mo‘’tabar va Matlubaning kaltaklanishi. – http://yangidunyo.com/?p=17821#comments (www.yangidunyo.com March 12th, 2011).

9. AHMADJONOV Sh. 2003 yil: Mo‘’tabar va Matlubaning kaltaklanishi. – http://yangidunyo.com/?p=17821#comments (www.yangidunyo.com March 12th, 2011).

10. AHMADJONOV Sh. 1990 yilgi O‘sh-Uzgan qirg‘iniga doir xotiralarim. – http://muvozanat.info/index.php?option=com_content&view=section&layout=blog&id=3&Itemid=18 (www.muvozanat.info 28 April 2011).

http://yangidunyo.com/?p=18601 (www.yangidunyo.com April 30th, 2011).

11. Shayx MUHAMMAD SODIQ MUHAMMAD YuSUF. Imom Tirmiziy. – http://islom.uz/content/view/345/113/ (www.islom.uz ).

12. YUSUF JUMA. Bunday el yashashga haqli. – http://jahonnoma.com/2008/01/18/yusuf-juma/ (www.jahonnoma.com 2008.18.01).

13. YUSUF JUMA. Tangritog‘im. – http://turonzamin.org/2006/11/08/yusufjuma_7_kitob/ (www.turonzamin.org 2006.08.11).

14. AHMADJONOV Sh. Yusuf Juma – 21-asr Mashrabidir. O‘zbek ziyolilariga murojaat. – http://muvozanat.info/index.php?option=com_content&view=section&layout=blog&id=3&Itemid=18 (www.muvozanat.info Tuesday, 18 January 2011 22:05).

http://turonzamin.org/2011/01/20/yjuma-3/#more-13440 (www.turonzamin.org 2011.20.01).

http://yangidunyo.com/?p=16745#more-16745 (www.yangidunyo.com 2011.20.01).

http://himoyachi.at.ua/news/2011-01-20-1918 (www.himoyachi.at.ua 2011.20.01).

http://stopdictatorkarimov.com/YUSUF_JUMA.htm (www.stopdictatorkarimov.com 2011.20.01).

http://uz.hrsu.org/2011/01/20/%d1%88%d1%83%d2%b3%d1%80%d0%b0%d1%82-%d0%b0%d2%b3%d0%bc%d0%b0%d0%b4%d0%b6%d0%be%d0%bd%d0%be%d0%b2%d0%bc%d0%b5%d0%bd-%d1%88%d0%be%d0%b8%d1%80-%d1%8e%d1%81%d1%83%d1%84-%d0%b6%d1%83%d0%bc%d0%b0%d0%bd/ (www.uz.hrsu.org 2011.20.01).

15. Yusuf Juma: Yo‘lda yozilgan she’r. – http://forumuzbekistan.forum2x2.ru/t52-topic#380 (www.forumuzbekistan.forum 2011.11.04).

 

E-mail: shuh5454@safe-mail.net

2011 yil 30 may, soat 19.40.

AQSh, Boysi shahri.

 

http://yangidunyo.com/?p=19741

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: