Toshkent 10 iyunga qadar talabalarni uyiga qaytarmoqchi – ozodlik.org


Mustaqil kuzatuvchilar, arab isyonidan so‘ng Toshkent hukumati ham internetga o‘ch talaba-yoshlardan hadiksirab qolganini aytishmoqda.

30.05.2011

Toshkentdagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalaridagi imtihon va diplom himoyalari muddatidan bir oy avval yakunlanmoqda.

O‘zbekiston oliygohlarida davlat imtihonlari odatda iyun oyida boshlanib, diplom himoyalari iyul o‘rtalariga qadar davom etar edi.

Ammo bu yil sovetlardan qolgan bu an’anaviy jadvalga tahrir kiritildi – Toshkentdagi talabalardan davlat imtihonlari va diplom himoyalarini iyunga qadar tugatib, viloyatdan kelganlardan 10 iyunga qadar poytaxtdan chiqib ketish so‘ralmoqda.

Ana shu shoshilinchda  men va kursdoshlarim may ichi hamma davlat imtihonlarini topshirib,  o‘tgan juma kuni diplom ishini ham himoyalab oldim, deydi Toshkentdagi oliygohlardan birini tugatib, endilikda diplomini qo‘liga olishni kutayotgan Oydin.

– Bilmadim, o‘zi iyunda bo‘lishi kerak edi. Mustaqillik deyaptiyu, shuning uchun oldinroq qilib qo‘yishgan. 10 iyungacha hamma institutlar tugatishi kerak, hamma studentlar ketishi kerak. Prosto prikaz kelibdi 10 iyungacha o‘qishimiz tugashi kerak. Hammasi ketarkan. Prosto og‘zaki aytishayapti tezroq topshiringlar, tezroq ketinglar deb. Davlat imtihonlari o‘tib bo‘ldi. Mayning boshida bo‘lgan edi. Orasida bitta-ikkitasi aytadi-da, 20 yillik bo‘layotgani uchun tezroq tugatish kerak deb. Unaqa prikaz chiqqani yo‘q lekin. Diplomni ham 10 iyunda berisharkan. Keyin hammasi ketisharkan, deydi Toshkentdagi oliygohlardan biri bitiruvchisi Ozodlik bilan suhbatda.

Toshkentlik Abduqahhor aka O‘zbekiston poytaxtini talabalardan tezroq tozalash jarayoniga bevosita o‘zi guvoh bo‘layotgan ota-onalardan biri:

– Studentlarga bir oy oldin javob berayapti. Mening ikkita kichkinam ham o‘qiydi. Ularga “Imtihon topshirmaysanlar. 100 mingdan olib kelasanlar. Hammasini to‘g‘rilab beramiz. Tezroq o‘qishdan ketasizlar” debdi. Institutlarda ham xuddi shu ahvol. Mening opam institutda dars beradi. U erda ham shu ahvol. “Bir oy oldin qanday bo‘lsa ham tezroq uyiga jo‘natinglar” deb buyruq chiqarishibdi, deydi Toshkentdagi ikki talabaning otasi.

30 may kuni Ozodlik muxbiri bog‘langan Toshkentdagi qator oliygoh rasmiylari joriy imtihon va diplom himoyalarining odatdagi jadvaldan oldinga surilganini tasdiqladilar. Toshkent Iqtisodiyot universiteti vakili:

– Tugab bo‘ldi imtihonlar. Hozir diplom zashita bo‘layapti. Joriy imtihonlar surildi, avvallari iyulda bo‘lardi. Negaligini bilmadim endi, xabarim yo‘q mening, deya javob qilgan bo‘lsa, Jahon tillari universiteti vakili:

– Bizlar ham tochno bilmaymiz. Imtihonlar surilgan lekin. Chunki institutlarda zashitalar ham surilgan. 10 iyungacha hammasi tugashi kerak, deya javob berdi.

Ammo Toshkent oliygohlari vakillaridan birortasi, “Nega?” degan savolga javob bera olmadi, yoki buni istamadi.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rasmiysi esa, bu savolni eshitishi hamono, go‘shakni ilib qo‘ydi.

Ozodlik bilan suhbatda poytaxtda istiqomat qiladigan Abduqahhor aka, Toshkentni talaba-yoshlardan tozalash harakatini O‘zbekiston mustaqilligining 20 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan yirik tantanalar  bilan bog‘liq xavfsizlik choralarining bir qismi, sifatida talqin etadi.

– O‘zinglar bilasizlar hammasi yoshlardan bo‘ldiyu butun Arabiston tomonlarda. Bular ham xavotirga tushib qoldi-da. Shuning uchun hammasini tezroq haydash uyiga. Imtihonlar iyulda bo‘lmaydi. Iyunda uje hammasini jo‘natish kerak. “Zachyotini qo‘yib berasanlar. Tezroq jo‘natlaring” deb chiqaribdi. Xullas mustaqillikka bo‘shatish kerak-da hammasini, deydi Ozodlik bilan suhbatda ikki talabaning otasi.

90-yillarda hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetida dars bergan tilshunos olim Baxtiyor Isabekov, viloyatdan kelgan talabalarni 10 iyunga qadar uy-uyiga jo‘natish harakatini 1992 yilning yanvar oyida Talabalar shaharchasida yuzaga chiqqan talabalar namoyishidan so‘nggi jarayonlarga qiyoslaydi.

– O‘sha paytda VUZ gorodok derdik, Studentlar shaharchasidan boshlanardi har qanaqa narsa. Avval yotoqxonalarni temir panjaralar bilan o‘rab ko‘rishdi. Bu narsalar uncha ish bermagandan keyin, ayniqsa un, nonning oshishi bahonasida talabalarning ko‘tarilishidan keyin bular bitta yo‘lini topishdi, hammasini o‘zining viloyatiga tarqatish degan narsa.  Shu yo‘l bilan ularni ota-onasining bag‘riga yuborish va ota-onalarga o‘sha paytda boshlangan bolalaring uchun javob berasan, degan narsani yuklab..

Studentlarning faolligini susaytirish uchun garchi bu davlatni mustahkamlashga xalaqit beradigan siyosat bo‘lishiga qaramasdan separatchilik yo‘liga nima qilgan davlat siyosati edi, ya’ni studentlarni mahalliychilik asosida o‘zining viloyatlariga qaytarib, Toshkentning poytaxtlik maqomini bekor qiladigan darajadagi qaror qabul qilishgan edi.

Men aytamanki, bu narsa millat taqdiri uchun hattoki davlat taqdiri uchun to‘g‘ri bo‘lmagan siyosat bo‘lsa ham o‘sha paytda mavjud hukumat uchun yoki joriy hukumat uchun katta yordam berdi. Ya’ni siyosiy aktiv bo‘lgan aholining eng faol qismini ular parchalab tashlashga erishdi, deydi 1992 yilning yanvar oyida Toshkentdagi Talabalar shaharchasida yuzaga chiqqan norozilik namoyishidan so‘ng viloyatdan kelgan talabalarni uyiga haydash siyosatiga bevosita guvoh bo‘lgan o‘shandagi ToshDU dotsenti Baxtiyor Isabekov.

Ozodlik suhbatlashgan oliygoh xodimlariyu talabalar va ota-onalarning aksariyati hukumatning 2010-2011 yilgi o‘quv yilini muddatidan avval tugatish qarorini mustaqillikning 20 yilligi arafasidagi xavfsizlik choralarining kuchaytirilishi bilan bog‘lagan bo‘lsalar, Baxtiyor Isabekov bunday shoshilinch tadbirni boshqacha sabab bilan izohlaydi.

-1 iyuldan boshlab bo‘ysunmaslik, tinch namoyishga chiqish haqida  chaqiriqlar yuribdi. Mustaqillikka bunaqa qilmagan bo‘lardi. Bu narsa studentlar orasida kengroq yoyilganidan xabardor bo‘lishgan bo‘lsa, albatta, xuddi shu bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin ekan. Masalan, men eshitdim. Menda internet, boshqa yo‘g‘u lekin u yoq bu yoqdan eshitdim. Demak, interneti borlar, boshqalar ancha qismi eshitgan bo‘lsa kerak. Shuning uchun ham shuning oldi olinayotgan bo‘lishi mumkin.

Buning ustiga o‘sha arab davlatlarida bo‘lgan narsalarda ham ko‘rib turibsiz – studentlar asosiy hal qiluvchi kuch bo‘lib qolayapti. Dunyoning ko‘p joyida shunaqaku. Shuning uchun ham har holda cho‘chishayotgan bo‘lsa kerak. Siyosiy faollikni sezishganda.

Bunaqa narsada davriylik degan narsa ham bo‘ladi. Studentlarning faolligidan bitta avlod almashdi. 1994-1995 yilgacha nima bo‘lgan bo‘lsa, undan beri studentlarnin salkam uch-to‘rt avlodi almashdi. Davriylik qonuni bo‘yicha o‘sha kayfiyatlar qaytib kelishi tabiiy. Buning ustiga o‘sha kayfiyatlarning yo‘qolishi uchun hukumat tomonidan hech qanaqa harakat bo‘lgani yo‘q. Chunki iqtisodiy ahvolning og‘irlashishi bor, siyosiy hammaning huquqini cheklab qo‘yish bor, buning hammasi shunaqa davriylikni, erkinlik uchun kurashda davriylikni keltirib chiqaradi, deydi O‘zbekiston Milliy universitetida uzoq yillar talabalarga saboq bergan tilshunos olim Baxtiyor Isabekov.

Ozodlik suhbatlashgan ayrim manbalarga ko‘ra, Toshkentdagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarining an’anaviy jadvaliga ham o‘zgartish kiritilishi va qabul qimtihonlarining ham odatdagi 1 avgustdan boshqa muddatga ko‘chirilishi haqida kuchli taxminlar bor.

Ammo Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi vakili, bunday taxminlarni asossiz deb atadi.

– Bilishimizcha, hammasi o‘zining vaqtida bo‘ladi. 1 avgustni ko‘chirmaymiz. O‘z vaqtida bo‘ladi hammasi. Imtihonlar hammasi 1 avgustda bo‘ladi, dedi vazilrik vakili 30 may kuni.

O‘zbekiston Iqtisodiyot universiteti vakili ham, bu jadvalni ham o‘zgartirish haqida istalgan payt yuqoridan buyruq tushmasligini hech kim kafolatlay olmasligiga ishorat qilgan holsa, hozircha bu jadvalda o‘zgarish yo‘qligini bildirdi.

– 20 iyulgacha qabul qilinadi dokument, 1 avgust kuni imtihon bo‘ladi. Uni bizlar qoldirmaymiz. Har doimgi nimani aytayapman sizga. Bizlarda boshqacha ma’lumot yoki unaqa narsa yo‘q hali. Bizlarda 1 avgust kuni imtihon. Mabodo o‘zgarish bo‘lsa, buni hamma joyda e’lon qilishsa kerak, albatta, bu narsalarni, dedi 30 may kuni O‘zbekiston Iqtisodiyot universitetining  o‘zini tanishtirmagan xodimi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24209834.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: