Tojikistonlik olim milliy nizodan ogohlantirdi – ozodlik.org


Tarixchi olim Nurmuhammad Amirshohiy fikricha, o‘zbeklar va tojiklarning geosiyosiy manfaatlar qurboni bo‘lish xavfi tobora kuchayib bormoqda.

30.05.2011

Gulnora Ravshan

Tarixchi olim Nurmuhammad Amirshohiy O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlariga ochiq xat yozdi.

Unda olim Amirshohiy ikki davlat rahbarlarini o‘zbeklar va tojiklar o‘rtasida milliy nizo chiqishi mumkinligidan ogohlantirdi.

“Bugun biz madaniy masalalar, iqtisodiy va ijtimoiy hamda siyosiy aloqalarimizni tiklab, avval yo‘l qo‘ygan xatolarimizni tuzatishga jon-jahdimiz bilan harakat qilishimiz vaqti etdi. Hech kimga sir emas, bugun Tojikiston o‘zbeklar ko‘pchilikni tashkil qiladigan  mintaqadagi yagona davlat sanaladi. Shuningdek, etnik tojiklar ham mintaqadagi boshqa davlatlardagidan ko‘proq O‘zbekistonda yashab, faoliyat qiladi. Biroq so‘nggi paytlar o‘zbeklar va tojiklar dunyodagi yirik davlatlarning geosiyosiy manfaatlari qurboni bo‘lish mumkinligi xavfi kun sayin kuchaymoqda. Agar bugun xushyorlikni qo‘ldan bersak, bir-biriga qon-qardosh ikki birodar xalq o‘rtasida o‘zaro milliy nizolar chiqib ketishi hech gap emas”, deyiladi tojikistonlik taniqli tarixchi Nurmuhammad Amirshohiyning Islom Karimov va Imomali Rahmon nomiga bitilgan ochiq maktubida.

Amirshohiy janoblari mulohazasicha, garchi o‘zbeklar va tojiklar o‘rtasidagi jarlikning kengayayotgani ichkaridan sezilmasa-da,  bu begonalashish jarayoni ikki qo‘shni munosabatlarini ko‘pdan buyon kuzatib kelayotgan tashqi kuchlarga aniq sezilib qolmoqda.

Tojikiston Fanlar akademiyasi mas’ul xodimi Nurmuhammad Amirshohiy O‘zbekiston va Tojikiston davlat rahbarlarini bugun gina- adovatlarni bir yoqqa qo‘yib, qo‘lni qo‘lga berishga chaqirar ekan, “aks   holda, o‘zbeklar va tojiklar o‘rtasida uchinchi kuchlar manfaati uchun foydali bo‘lgan milliy nizo boshlanib ketishi mumkin”ligidan ogohlantiradi.

Biroq Tojikiston prezidenti huzuridagi strategik tadqiqotlar markazi mas’uli Sayfullo Safarov tarixchi olim fikrlariga mutlaqo qo‘shilmaydi.

– Masalan, O‘zbekistonda yashayotgan tojiklar bilan o‘zbeklar bir-biriga shunchalik qovushib ketganki, ular orasida ziddiyat deyarli yo‘q. Shuningdek, Tojikistonda yashayotgan o‘zbeklar bilan tojiklar orasida ham integratsion jarayon juda kuchli bo‘lgani uchun ularni bir-biriga qarshi qayrash mutlaqo mumkin emas, deb bilaman, – deydi tojik rasmiysi Sayfullo Safarov.

Tojikistonlik ziyoli No‘’monjon Faxriddinov esa ikki xalq o‘rtasida dushmanlik bo‘lmasa-da, bir kun kelib ig‘vogarlar o‘z maqsadlariga erishishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmaydi.

– Xalq orasida dushmanlik yo‘q. Lekin ig‘vogarlik yo‘li bilan xohlagan ishni qilib beradigan odamlar topiladi. “Bu narsa bo‘lmagan narsa, biz ming asrlik do‘stmiz”, deb ishonib qolish yaramaydi. Har qaysi davlat rahbari bunday masalalarda eng avvalo vaziyatga qarab, hushyorlikni qo‘ldan bermasligi kerak, – deydi No‘’monjon Faxriddinov.

Mustaqil tahlilchilar O‘zbekiston va Tojikiston aloqalaridagi yiroqlik va begonalashishni ichkaridan izlash, degan fikrdalar.

Tahlilchilarga ko‘ra, xususan, so‘nggi ikki yil davomida Rog‘un GESi loyihasi atrofidagi dahanaki janglar o‘zbeklar va tojiklar o‘rtasida milliy nizo chiqishi mumkinligiga oid taxminlarni yanada kuchaytirdi.

Mustaqil tahlilchi Maqsudjon Jo‘raev fikricha, prezidentlarga milliy nizolarning oldini olish bo‘yicha qilingan murojaatlardan jo‘yali bir natija chiqishi dushvor.

– Mening nazarimda, bundan bir narsa chiqmaydi. Chunki Tojikistonning tovog‘iga tupurib chiqib ketgan Mahmud Xudoyberdiev Xo‘jandga kirganida (1998 yil noyabrida polkovnik Mahmud Xudoyberdievning So‘g‘d viloyatiga hujumi nazarda tutilayapti – tahr.) O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatidan, Jizzax viloyatidan kelgani aytilgandi. Bu, o‘z navbatida, ikki mamlakat rahbarlari orasiga sovuqchilik tushirgan, – der ekan mustaqil tahlilchi Maqsud Jo‘raev aynan shu sovuqchilik tashqi kuchlarning ikki xalqni bir-biriga qarshi qayrashda qo‘l kelishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Tojikiston Fanlar akademiyasi mas’uli Nurmuhammad Amirshohiyning O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlarini o‘zbeklar va tojiklar orasida milliy nizolar chiqishi mumkinligidan ogohlantirishi  Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlarining Ashxobod muzokaralariga yig‘ilayotgan bir vaqtiga to‘g‘ri keldi.

Turkmenistan.ru saytining yozishicha, 31 may kuni Ashxobodda to‘planadigan mintaqa tashqi ishlar vazirlari mintaqaviy hamkorlik masalalari doirasida Markaziy Osiyo barqarorligiga tahdidlarni bartaraf qilish yo‘llari atrofida ham fikr almashadilar.

http://www.ozodlik.org/content/article/24209753.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: