Qozog‘istonda “Zakot” deb nomlangan jamg‘arma faoliyat boshladi – bbc uzbek


30 may 2011

Shodiyor Sayf

Bi-bi-si, Olma Ota

Qozog‘istonda musulmonlar ko‘pchilikni tashkil etadi

Qozog‘istonda “Zakot” deb nomlangan jamg‘arma ishga tushdi. Endi musulmonlar o‘z zakotlarini ushbu jamg‘armaga topshirishlari mumkin.

Jamg‘armaga asos solgan Qozog‘iston Musulmonlar diniy idorasi yig‘ilgan pullar avvalo imomlar va madrasa toliblarining ehtiyojini qondirishga ishlatilishi va muhtojlarga tarqatilishini aytmoqda.

Mamlakat ichida ushbu jamg‘arma ochilishi munosabati bilan turli fikrlar yangragan. Islomning farzlaridan bo‘lmish zakotning markazlashgan holda boshqarilishini iliq kutib olganlar bilan birga uning naqadar shaffof bo‘lishini savol ostiga olayotganlar ham bor.

“Zakot” jamg‘armasi musulmonlarning zakoti va sadaqalarini yig‘ib, uni shariat ahkomlariga mos ravishda tarqatishni o‘z oldiga maqsad qilgan. Qozog‘iston Musulmonlar diniy idorasi matbuot kotibi O‘ng‘ar O‘mirbekning Bi-bi-siga aytishicha, Qozog‘istonda din hukumatdan ajratilgani uchun ushbu jamg‘armani tuzishga katta ehtiyoj bo‘lgan.

“Faqatgina shahardagi masjidlarga xayr-sadaqadan pul tushadi. Qishloqlardagi masjidlarimizga hech qaerdan mablag‘ kelmaydi. Tushgan pul hattoki masjidni ushlab turishga etmay qoladi. Qishda masjidlarni isitishga pul topolmay qolamiz. Sovuqda odamlar qanday ibodat qiladi?”, deydi O‘ng‘ar O‘mirbek.

O‘ng‘ar O‘mirbekning aytishicha, zakotdan tushgan pullar ilk navbatda qishloq joydagi imomlarning maoshini va madrasalarda o‘qiyotgan toliblarning ehtiyoji uchun ishlatiladi. Yig‘ilgan pullar shariatga mos ravishda muhtojlarga berilishi ham nazarda tutilgan. Pulni yig‘ish va tarqatish mexanizmi shaffof bo‘lishi ta’kidlanayapti.

Bugungi kunda Qozog‘istonda to‘qqiz madrasa ochilgan va 2300 dan ortiq masjid faoliyat yuritadi.

Qozog‘iston Musulmonlar ittifoqi ushbu tashabbusga shubha bilan qarashmoqda. Ittifoq rahbari Murat Telibekovga ko‘ra, diniy idora rahbariyati korruptsiyaga botgan va ular boshlagan ish xayrli bo‘lmasligi mumkin.

“Chunki ko‘p yillar davomida Musulmonlar Diniy idorasining hozirgi rahbariyati ko‘plab tanqidlarga uchradi. Ularni bir necha marotaba korruptsiyada va Islom ahkomlarini buzishda ayblashdi”, deydi Murat Telibekov.

Telibekov janoblariga ko‘ra, shu vaqtgacha ham Diniy idora hisob raqamlariga ozmuncha pul tushmagan. Ammo idora ushbu pullarning qayoqqa sarflangani va imomlarning maoshlari qanchani tashkil qilishi mumkin degan savollarga javob bermay kelmoqda.

Oddiy musulmonlarning ham ushbu yangilikka munosabatlari turlicha bo‘ldi. Mansur ismli muslim yigitning aytishicha, bunday jamg‘armalarni ochishga ehtiyoj yo‘q.

“Men ahli sunna ulamolarning bu borada fikrini eshitgan edim. Ularning aytishicha, Payg‘ambarimiz (s.a.v) ham o‘z davrida mana shunaqa jamg‘armalar ochishi mumkin edi. Abu Bakr, Umar, Usmon va Alilar ham ochishi mumkin edi. Ular ochishmadi-ku, demak bizning ochishimizda ma’no yo‘q”, – deydi Mansur.

Mansurga ko‘ra, zakot yo-da sadaqa bermoqchi bo‘lgan odam muhtojlarni topib o‘zi beraveradi.

Ulug‘bek ismli tadbirkor yigitga ko‘ra, “Zakot” jamg‘armasi tuzilganining o‘zi yaxshi xabar.

“Ushbu g‘oyaning yaxshiligi shundaki, odam hech bo‘lmasa umrida bir marta zakot berishi kerak. Ammo ko‘plar bu haqda bilmaydi. Ushbu jamg‘arma sabab namoz o‘qimaydiganlar va Islom madaniyatini bilmaydiganlarda Islom bilan tanishish uchun va o‘z hissasini qo‘shish uchun yaxshi imkoniyat paydo bo‘ladi”, deydi Olma otalik Ulug‘bek.

Ulug‘bekka ko‘ra, namoz o‘quvchi va buning hammasi kim tufayli bo‘layotganini bilgan odam Allohning qahridan qo‘rqadi va mablag‘ni faqat kerakli yo‘lda sarflaydi.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/central_asia/2011/05/110530_cy_kazakhstan_zakot.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: