Mo’tabar Tojiboeva: o‘zgalar fikrini eshita olish va qabul qila olish sharoiti yuzaga keldi – jarayon.com


Yakshanba, 29 – May 2011

Xabaringiz bor Andijon qirg‘inidan keyin vatanni tark etishga majbur bo‘lgan o‘zbekistonliklar tashabbusi bilan tashkil etilgan “13 may Ittifoqi” platformasida dunyoga kelgani aytilayotgan O‘zbekiston Xalq Harakati 23-24 may kunlari Germaniyada o‘zining ilk ta’sis Qurultoyini o‘tkazdi. Ko‘pchilik OAV tomonidan o‘zbek muxolifatining xorijdagi ilk yirik tadbiri deb atalgan mazkur yig‘inda O‘XH keng xalq ommasining protest potentsialini tuzumga qarshi tinch shakldagi bo‘ysunmaslik aktsiyalariga yo‘naltirish, tuzum rahbari va uning hukumatini tinch yo‘llar bilan iste’foga chiqarishga erishish, hokimiyat tizimlariga erkin va adolatli saylovlar o‘tkazish jarayonini tayyorlash va uni amalga oshirish, barcha siyosiy mahbuslarning ozod etilishi va to‘liq oqlanishi, muxolifat rahbarlarining mamlakatga qaytishlariga erishishni o‘zining asosiy vazifalari deb belgilab oldi.

Oltita siyosiy va inson huquqlari tashkilotlari “Erk”, O‘zbekiston Demokratik forumi, Andijon Adolat va Tiklanish, Tayanch tashkiloti, O‘zbekiston Inson Huquqlari jamiyati, Yoshlar harakati muassislar bo‘lishdi. “Erk” demokratik partiyasi raisi Muhammad Solih esa, Muassislar Majlisi raisi etib saylandi. OAV tomonidan tadbir va uning natijasi o‘laroq keng ommaga taqdim etib kelinayotgan yagona xabar ana shundan iborat. Aslidachi, aslida noma’lum qolayotgan qaysi holatlar matbuotda yoritilmadi, har qalay Qurultoy ikki kun davomida nimalarnidir muhokama qildi, qandaydir masalalar ustida tortishuvlar bo‘lgandir. Biz ana shu savollarga javob olish maqsadida Qurultoyda kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan “O‘tyuraklar” Klubi inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkiloti rahbari Mo’tabar Tojiboeva bilan muloqot uyushtirdik.

Dastlab O‘XH Qurultoyi, uning ishtirokchilari va ular kimligi haqida o‘z kuzatuvlaringiz natijalarini gapirib bersangiz?

Mo’tabar Tojiboeva: Chindan ham men O‘zbekiston Xalq Harakatining Berlin shahrida o‘tgan ikki kunlik Qurultoyida kuzatuvchi sifatida qatnashdim. Dunyoning turli burchlaridan, Evropa va G‘arbdan muxojir o‘zbeklar, xorijiy kuzatuvchilar ishtirok etgan bu tadbirda, adashmasam 50-80 odam ishtirok etdi.Ammo aytib o‘tish kerak, Qurultoy o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan Harakat muassislari va tashkilotchilar asosan bu tadbirga to‘liq tayyorgarlik ko‘rib ulgurmaganining guvohi bo‘lish mumkin edi. Tayyorgarlik etarli darajada bo‘lmaganligi Qurultoy boshlangan paytdanoq ma’lum bo‘ldi. Masalan Qurultoy boshlangandan keyin O‘XH Nizomini tasdiqlash masalasi muhokama qilinayotgan paytda anchagina tortishuv kelib chiqdi. Nizomning anchagina xomligi, kamchiliklarga egaligi sababli Xazratqul Xudoyberdi, Nasrullo Sayidov, Dilsora Fozilova, Ismoil Dadajonov singari Qurultoy ishtirokchilaridan tortib, men kabi kuzatuvchi sifatida katnashayotgan insonlar ham befarq qarab turolmadi.

Mana shu muhokama paytida bir necha marta Erk partiyasining vakili Abdulla Abdurazzok Nizom allaqachon muassislar tomonidan tasdiqlanib bo‘linganini yana buni muhokama qilish shart emasligini uqtirishi keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Ya’ni, Qurultoydan tashqari muhokama qilingan Nizomdagi kamchiliklar bartaraf etilmaydigan bo‘lsa, muhokamaga qo‘yilishi sababini tushuntirishni so‘ralgan holatlar ko‘p bo‘ldi… Xullas, Qurultoyning birinchi kuni anchagina tortishuvlar, kelishmovchiliklar bilan o‘tgan bo‘lsa, ikkinchi kuni ancha tartibga tushdi. Nizomdagi muhokama paytida aytilgan kamchiliklar bartaraf etilib, ko‘pchilik aytgan fikrlar qo‘shildi. Masalan, O‘XHning bosh organi Qurultoy bo‘lishi kerak deganlar bir taraf, bosh organ Muassislar yig‘ini bo‘lsin deganlar bir taraf bo‘lib bo‘lindi. Lekin oxiri Nizomga O‘XHning bosh organi Qurultoy bo‘lishi kiritildi. Bunday misollarni anchagina keltirish mumkin.

Muassislar tomonidan tasdiqlangan, dedi deyapsiz, ammo, Qurultoy ishtirokchilari, ya’ni delegatlarning o‘zlari o‘sha yangi tuzilgan Harakatning ta’sischi muassislari emasmidi?

M.T.: Qurultoyda muassislardan tashqari bu Harakatga qo‘shilish niyatini bildirganlar ham ko‘pchilikni tashkil etgandi. Harakatga qo‘shilishni bildirib Qurultoyda qatnashish uchun kelganlar soni ham anchaginaligini hisobga olinadigan bo‘lsa muassislar tomonidan tayyorlangan Nizom va Dasturni muhokama qilib tasdiqlash kerak edi…

Kimlar edi, Harakatga qo‘shilish istagida kelganlar va O‘zbekistondan ham kimdir bormidi, biror tashkilot vakili yoki yakka shaxslar?

M.T.: O‘zbekiston ichkarisidan hech qanday tashkilot va hech qanday yakka shaxslar katnashmadi bu tadbirda. Asosan bu Harakatga qo‘shilish istagida bo‘lganlar G‘arb davlatlari va Rossiyada yashovchi insonlar edi. Masalan, Rossiyalik Haydar Jamol va uning o‘g‘li ham Qurultoyda faol qatnashdi. Ular O‘XH qo‘shilish istagini bildirdi. Muhokamalar paytida bu rossiyalik mehmonlarning O‘zbekistondagi bugungi vaziyat haqida etarli ma’lumotga egaliklarini sezish qiyin emasdi.

Rossiyalik siz aytgan shaxs juda ham mashhur Islomshunos olim, uning bu Harakatga qiziqishi boisi nimada ekan, buni bilishning imkoni bo‘ldimi?

M.T.: Lekin, u odamning asl maqsadi nima ekanini men bilmadim…

Umuman olganda, tortishuv va baxsga to‘la bo‘lgani Qurultoyning demokratik ruhda o‘tganiga dalolatdir, ammo ishtirokchilarning g‘oyaviy yakdilligi, Harakatning kelajagiga ishonchi naqadar sezildi?

M.T.: To‘g‘risi men bu Harakatning kelajagiga ishonch bilan qaray olmadim. Shuning uchun ham men shaxsan o‘zim va men boshqarayotgan “O‘tyuraklar” Klubi inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkiloti bu Harakatga qo‘shilmasligini bildirdim. Ammo biz Harakat ishtirokchilarining shaxsiy pozitsiyasi, fikr erkinliklari va biror g‘oya atrofidagi birlashish huquqlarini hurmat qilamiz, buni qadrlaymiz. Ammo, bu uyushmaga qo‘shilish masalasida, hozircha o‘zimizni tiyib turamiz. Qurultoy ishtirokchilari haqida gapirsam, u erda ikkita bir biriga qarama qarshi bo‘lgan fikrlar bo‘ldi va aynan mana shu fikrlar sababli tortishuvlar kuchli bo‘ldi. Bir tomondagilar endi buningdek (O‘zbekistondagiday – J) zulmni davom etishi mumkin emasligini, bu zulmga barham berish uchun keskin kurashish kerakligini aytishsa, ikkinchi tomon keskin kurashish usuli kerak degan aqida bilan yana o‘zbek xalqiga qiyin qilib qo‘yish mumkinligi haqida gapirdi. Mana shu masalada Qurultoyning oxirigacha ham ikki hil fikrda qolingan holat bo‘ldi desam xato bo‘lmasa kerak.

Bir narsani aytish kerakki, O‘zbekiston Xalq Harakati deb nomlanuvchi bu uyushmaga albatta o‘zbek ziyolilari, siyosatni tushunadigan, dunyoda ancha tanilib ulgurgan arboblarni ham jalb qilinsa yaxshi bo‘lardi. Chunki muxolifat birlashdi deb har qancha yozmasinlar bu Qurultoy bir hilda yoki ba’zi bir masalalarda fikrdosh bo‘lgan insonlar yig‘ilgan bir anjuman bo‘ldi, deyish mumkin xolos. Har doimgidek O‘zbekiston hukumatiga muxolif bo‘lgan barcha kuchlarning boshini Qurultoy bir joyga qovushtira  olgani yo‘q.

Nega Qurultoy O‘zbekistondagi mavjud hokimiyatga muxolif bo‘lgan barcha kuchlarni birlashtira olmadi, sizningcha buning boisi nimada? Va bunday “kuchlar” deganda siz yana kimlarni nazarda tutyapsiz?

M.T.: Manimcha, ta’sischilar buning uchun harakat ham qilmagan bo‘lsalar kerak, deb o‘ylayman. Ya’ni, Jahongir Muhammad, Bobir Malikov singari tarozining pallasiga zalvorli tosh bosishi mumkin bo‘lgan insonlar bilan muloqot ham o‘tkazishmagan. Abdurahim Po‘lat, Bahodir Choriev bilan ham hech qanday muloqot olib bormaganlar. Aytib o‘tilgan shaxslardan kimlarinidir, balkim O‘XH a’zolari muxolif “kuch” sifatida tan olmas, ayrimlariga nisbatan araz bordir, ammo ilk mana shu bir qarashda juda arzimagan, ammo juda ham muhim to‘siqni yiqita olishmasa, O‘zbekistondagi har tarafini mustahkam o‘rab kelayotgan ulkan “dovonni” yiqitish qiyin bo‘lsa kerak. Har qanday reja va intilishlar eng avvalidan mustahkam va puxta bo‘lib borishi kerak, uning mustahkamligi va puxtaligi safning kengligi va yakdillikda ayniqsa sezilishi kerakda. Mening fikrimcha, hatto mana shu yuqorida aytib o‘tganlarim shaxslarning yo‘qligi uchun ham, Harakatda bir bo‘shlik bor, menimcha u sal mo‘rtroqday, yana bilmadim.

Nega aslida siz tilga olgan shaxslar chaqirilmadi, siz nima deb o‘ylaysiz? Umuman Qurultoy davomida kimdir bu haqdayam gapirdimi, bu holatga e’tibor qaratdimi?

M.T.: Bu erda muxolifatning boshini bir joyga qovushtirmaydigan bir muammo bor, ko‘pchilik do‘stlar mendan xafa bo‘lishmasin, ammmo biz o‘zaro ochiq gapirish va nuqsonlarni aniq ko‘rsatishga kelishdik, men ham shunga amal qilib aytamanki, muammo bor, u ham bo‘lsa KIM NOMER BIRINChI LIDER BO‘LADI degan kasal iddao. Aslida liderlik belgilanmaydi, liderni xalq o‘zi tanlab oladi, afsuski bugungi muxolifat vakillari mana shu oddiy haqiqatni unutib qo‘yganmi, deb o‘ylayman. O‘ylayman emas unutib qo‘ygan!!! Ikkinchi tarafdan, o‘sha chaqirilmagan shaxslarning o‘zlari ham bunga e’tiborsiz qolayotgani yoki boshlangan tashabbusni eshitmaslikka olayotgani ajablanarli. Birodarlar, axir kimdir nimanidir ko‘rmay, sezmay, o‘zicha navbatdagi xatoga, adash qadamga intilayotgan bo‘lsa nega qarab tirjayib turishimiz kerak. Nega, araz va bir birimizga bo‘lgan mayli nafratni chetga suraylik, garchi “bas, etar”, degan xulosaga kelinibdi ekan, kelinglar mana bunday, mana bunday qilaylik, demayapti? Qachondir axir aqllarimizni yig‘ib olishimiz kerakku, o‘zimiz uchun bo‘lmasa sho‘rlik xalqimiz uchun shunday qilishimiz kerakmasmi? Agar mana shu Harakat ishtirokchilari qoqilib yiqilsa, va eng dahshati DIKTATURA ustun kelsa nima ko‘nglimiz shod bo‘ladimi? E-e, gapirsangiz gap ko‘p…

Mana Qurultoy davomida ikki hil munosabat, taklif-fikr o‘zaro tortishuvli qolib ketdi, dedingiz, qaysi fikr tarafdorlari, agar shunday deyish mumkin bo‘lsa, ko‘pchilikni tashkil etdi?

M.T.: Asosan ikkinchi fikr, ya’ni xalqqa zulm bo‘lib qolishidan ehtiyotlanish kerak, degan fikrdagilar ko‘pchilikni tashkil qildi. Lekin men mana shunday fikrni gapirganimdan keyin, keyinchalik eshitishimcha, Rossiya fuqarosi bo‘lgan va nonvoychilik qilib tirikchilik qiladigan bir yigit so‘zga chiqib qo‘rqoq odamlarga quloq solmaslikni, kerak bo‘lsa birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonga kirib borishini baralla gapirdi. Men uning bu shijoati, shaxsiy pozitsiyasini hurmat qilaman, ammo baribir bu xom jazava edi, shu uchun unga javoban aytdimki, “Demak siz siyosat bilan oldin shug‘ullanmagansiz va hukumatning qiynoq mashinasi bilan yakkama yakka qolmagansiz”, dedim. Chunki, men o‘zim uchun emas, millatimiz uchun ichim achigandi.

Nechun sizni keskinroq kurash g‘oyasi bu qadar xavotirga soldi, ya’ni siz agar shu g‘oya Qurultoy tomonidan qo‘llansa shunday bo‘lishi, keskin kurash boshlanishi mumkin degan ishonchdamisiz?

M.T.: Yo‘q, men unday deb o‘ylamayman. Chunki buningdek kurash boshlashga O‘zbekiston muxolifatining hech qanday imkoniyati yo‘q, deb hisoblayman. Lekin mana shunday keskin fikrlar natijasida O‘zbekistondagi vaziyat yanada og‘irlashishi mumkin. O‘zbekistondagi nazorat va ta’qiblar yanada kuchayishi aniq buningdek bayonotlardan keyin. Ya’ni, O‘zbekistonning shafqatsiz hukumatiga farqi yo‘q, bu g‘oyami yoki shunchaki rejam, u amalga oshadimi yoki yo‘q, uning uchun shunday bahona bo‘lsa bas, navbatdagi minglab begunohlar qiriladi, bu bilan hukumat go‘yo ogohlantirish yo‘llaydi. Qarab turmayman, kerak bo‘lsa bundan ko‘piniyam qiraman, qani kim bilan keskin kurash olib borasan, deydi. Men shundan xavotir bildirdim, zero bunga oid o‘nlab misollar bor. Qolaversa, Harakatning mamlakat ichkarisida ham shug‘ullanayotgan vakillari borligi haqidagi bayonotlari hushyor torttiradi.

Yana mening ishonmasligimga sabab bo‘lgan omillardan biri bu, muxolifat vakillarining deyarli barchasi mamlakat tashkarisida-ku. Xalqni etaklab ko‘chaga olib chiqadigan kuch mamlakat ichkarisida, xalq orasida bo‘lishi kerak emasmi? Arab davlatlarida bo‘lib o‘tgan diktatorlarga qarshi kurashda, g‘alayonlarda muxolifat mamlakat ichkarisida bo‘lgan va o‘sha muxolifat vakillari xalqni ko‘chaga olib chiqdi.

Balkim mamlakat ichkarisida shunga, siz shubha qilayotgan harakatga qodir kuch bordir va Harakat ishtirokchilari buni bilar, o‘sha kuchga tayanayotgandir?

M.T.: Yo‘q men bunga ishonmayman… umuman hozir mana shu suhbatda hatto bo‘lishi mumkin, yana kim biladi deysiz degan gumonga ham bormayman, aks holda, xudo ko‘rsatmasin nechtasining burni qonashi mumkin…

Umuman Qurultoyda nimadadir yakdillik bo‘ldimi, Harakat nimanidir hozirgi mana shu bosqichda bajara olish qudratiga egamikan?

M.T.: Buni faqat vaqt ko‘rsatadi.

Siz Kurultoyga ko‘zga ko‘ringan ko‘pchilik muxolifatchilarning kelmaganini muxolifat ichidagi eski dard, ya’ni liderlik “kasali” bilan bog‘ladingiz, Qurultoy yakuni o‘larok Harakatga Muhammad Solih etakchi deb saylangani xabar qilindi, aytingchi, bu ko‘pchilikning ixtiyoriy, chinakam ma’nodagi saylovimidi yoki boya aytganingizday fikrdoshlar, aytish mumkin bo‘lsa, solihchilar yig‘ilib, o‘zlarining hurmatli kishisini tanlab qo‘yaqoldilarmi?

M.T.: Muhammad Solihni bir yil muddatda muassislar Kengashi raisi lavozimiga saylanish jarayoni o‘sha muassis tashkilotlar rahbarlari yoki bir vakili ishtirokida, yashirin tarzda o‘tkazildi. Lekin nimagadir ko‘pchilik, shular qatorida men ham Muhammad Solihni muassislar Kengashi etakchisi etib saylanishiga ishongandik. Chunki yuqorida aytganimdek bu O‘zbekiston hukumati muxoliflarining bir joyga to‘planishlari natijasi emasdi bu Qurultoy. Bu hamfikr bo‘lgan shaxslar va tashkilotlar muassisligidan tashkil topgan Harakat edi.

Balkim bu faqat boshlanishidir, axir O‘XH tarafdorlari “bu hali boshlanishi, endi birinchi qadam tashlandi”, deyishyapti, balkim oldinda siz kutayotgan qadamlar ham tashlanar?

M.T.: Avval aytganimday, qadam eng avvalidan puxta va mustahkam tashlanishi kerak, ey boshlayveraylik u yog‘i bir gap bo‘lar qabilida ish tutish yarashmaydi, axir bu madaniy tadbir uchun guruh yig‘ish ishi emasku? Bilmadim, mayli men chindan ham shoshqaloqlik qilayotgan bo‘lay o‘z tahminlarim va xulosalarimda, siz aytganday, balkim, oldindadir hammasi, agar shunday bo‘lsa va men o‘sha aniq, mustahkam kuch bo‘lish intilishini ko‘rsam, men manavi suhbatimiz davomida adash fikr bildirganim uchun uzr so‘rashga tayyorman va hatto bu harakatga qo‘shilish masalasini qayta ko‘rib chiqamiz.

Qurultoy davomida va uning yakuni bo‘yicha tarqatilgan ma’lumotlarda ham na Nizom va na Dastur haqida gapirildi, siz mana undagi bandlar yuzasidan kelishmovchiliklar bo‘ldi dedingiz, keyinchalik o‘zaro kelishuv asosida Harakat hujjatlariga o‘zgartishlar kiritilib u puxta holga keltirilipti. U nimalarni nazarda tutadi, oldinga qo‘yilgan aniq rejalar nimalardan iborat, buni bilishning imkoni bo‘ldimi?

M.T.: Qurultoyda O‘zbekiston Xalq Harakatinning dasturi to‘g‘rilashlar kiritilib, chindan ham tasdiqlandi. Lekin unda, adashmasam Harakat dasturida aynan qilinishi kerak bo‘lgan ishlar haqida bosqichma bosqich bayon qilinmagan. Menimcha, 19 kishidan iborat Markaziy Kotibiyat saylandi. Aytishlari bo‘yicha, mana shu Kotibiyat vakillari rejalashtirilgan ishlarni olib boradi. Ya’ni, bu narsadan men ham bexabarman. Oxirgi tasdiqlanishdan oldingi Nizomda balkim bular haqda biror narsa yozilgandir. Lekin, men yig‘ilishning ikkinchi kuni biroz kechikib kirganimda, qo‘shimchalar kiritilgan Nizom allaqachon tarqatib bo‘lingan ekan. Shuning uchun aniq bir gap ayta olmayman.

Umuman kuzatuvlaringiz bo‘yicha, ana shu yig‘in ishtirokchilari, nimadir qila olishlariga, real kuchga aylanishiga qanchalar ishonadi yoki ularda ham ma’lum ma’nodagi ikkilanish sezildimi?

M.T.: Menimcha yig‘in ishtirokchilarining barchasi ham yakdil bo‘lib, real kuchga aylanishiga ishonmasalar kerak. Bu ham tabiiy hol nazarimda. Chunki Harakatga qo‘shilgan bo‘lsalarda shubha bilan qaraganlar ham bor, albatta. Lekin bu yig‘indan olingan xulosa shuki, o‘zgalarning fikrini eshita olish va bu fikrlarni qabul qila olish sharoiti yuzaga keldi, menimcha bu yig‘inning birinchi yutug‘i shu bo‘lsa kerak.

 

http://www.jarayon.com/index.php?option=com_content&view=article&id=1398:2011-05-29-16-44-55&catid=54:habarlar&Itemid=70

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: