O‘zbekiston hukumatining ogohlik chaqiriqlari ortida qanday xavotirlar turibdi? – bbc uzbek


29 may 2011

O‘zbekiston televideniesi Andijonda “begunoh yoshlar”ning halok bo‘lganini aytgan.

O‘zbekiston televideniesining 1-kanali 28 may kuni bundan olti yil muqaddam Andijonda yuz bergan qonli voqealar aks etgan kadrlarni namoyish etgan.

Kadr ortidagi ovoz 2005 yil 13 may kuni sodir bo‘lgan voqealarda “begunoh yoshlar” halok bo‘lganini aytib, ular ” militsiya bo‘ladimi yoki jinoyatchilarmi, bari O‘zbekiston farzandlari bo‘lgani”ni ta’kidlaydi.

Andijon voqealarining takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik chaqirig‘i yangragan dasturda andijonlik oqsoqollarning mamlakatdagi tinchlik va osoyishtalikning qadriga etish haqidagi nasihatlariga o‘rin berilgan.

Ayni paytda Andijonning o‘zidan aholini ogohlikka chaqiruvchi tadbirlar ko‘paygani haqida ham xabarlar kelmoqda.

Ogohlik chaqiriqlari xorijdagi andijonlik qochqinlar Prezident Karimov tuzumiga bo‘ysunmaslikka chaqiruvchi O‘zbekiston Xalq Harakatiga birlashishlari ortidan kuchaygani ham aytilmoqda.

Xavfsizlik choralari

Andijonlik inson huquqlari faoli Saidjahon Zaynobiddinovning aytishicha, oddiy odamlarning xorijdagi muxolifat harakatidan xabarlari yo‘q, ammo rasmiylarning xavotirga tushganliklari seziladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muqaddam sudlanganlar militsiyaga chaqirilib, suhbatlar o‘tkazilmoqda va hibsga olishlar ham kuzatilgan.

Oxirgi hodisalardan birida Qo‘rg‘ontepa tumanida to‘rt kishi hibsga olingan, ulardan 3 nafari ozod etilib, Hizbu Tahrirga a’zolikda gumon qilingan bir shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilingan.

“Mening o‘zimni ham chaqirishdi, bu suhbatlarda yomon muomala qilinmaydi, faqat sudlanganlar, birinchi navbatda dindorlarning hol-ahvoli, muammolari o‘rganiladi”, – deydi huquq himoyachisi.

Saidjahon Zaynobiddinovning fikricha, ogohlik chaqiriqlari ortida keyinchalik biron hodisa sodir bo‘lgudek bo‘lsa, “qaranglar, biz sizlarni ogohlantirmagan edikmi?” qabilidagi bir hozirlik turgan bo‘lishi mumkin.

2005 yil 13 mayida Andijon shahrida hukumat kuchlarining namoyishchilarni o‘qqa tutishi natijasida rasman 187 kishi, norasmiy raqamlarga ko‘ra esa, bir necha yuz odam halok bo‘lgan.

Hukumat hodisalarda akromiylar diniy oqimini ayblaydi.

Andijonlik matematika o‘qituvchisi Akromjon Yo‘ldoshevning tarafdorlari ekani da’vo qilinadigan andijonlik qochqinlar o‘tgan hafta Berlinda muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasi va yana bir qator muxolifat va inson huquqlari faollari bilan birga, O‘zbekiston Xalq Harakatini ta’sis etishgan.

Harakat arab inqiloblaridan ruhlangani va O‘zbekistonda tinch namoyishlar orqali mamlakatni 22 yildan buyon boshqarib kelayotgan Prezident Islom Karimovni hokimiyatdan chetlashtirish maqsadida ekanini e’lon qilgan.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/05/110529_cy_andijan_security.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: