Xo‘jandda bola savdosi ko‘paymoqda – ozodlik.org


Tojikistonda qashshoqlikdan qiynalgan ayrim onalar o‘z farzandlarini sotishayapti.

28.05.2011

Alisher

Tojikistonda o‘n yashar qizchasini 3 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olindi.

So‘g‘d viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati ma’lumotida aytilishicha, Xo‘jand shahrida yashovchi ishsiz Svetlana Mitsik  o‘n yoshli qizini sotayotgan paytda hibsga olingan. U ilgari sudlangan Marhabo G‘oyibova bilan o‘zaro til biriktirib, bola savdosiga qo‘l urgan.

Bolafurush ona va xaridor ayni paytda Ichki ishlar bo‘limining hibsxonasida saqlanmoqda.

Qizcha esa oxirgi paytlarda maktabda o‘qimagan, ayrim paytlarda uning ko‘chada tilamchilik qilib yurgani qayd etilgan.

Svetlana Mitsikning  qo‘shnisi  Taxminaning aytishicha, bu oiladagi farzandlar doim och va yupun yurishadi.

– Bu oilaning sharoiti og‘ir. Qo‘shnilar  ularning bolalariga oziq – ovqat berib turardik. O‘zi ishlamaydi, eri yo‘q desak ham bo‘ladi. Chunki goh – goh paydo bo‘ladi-da,  faqat janjal qilib ketadi. Lekin, nazarimda, har qanday sharoitda ham inson o‘z farzandidan voz kechmasligi kerak, – deydi Taxmina.

So‘g‘d viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot markazi ma’lumotida aytilishicha, Svetlana Mitsik joriy yilda farzandini sotayotganida qo‘lga olingan uchinchi ayol bo‘ldi.

Mahalliy kuzatuvchi Abdurasul Mamadalievning aytishicha, bunday illatning paydo bo‘lishiga mamlakatdagi ijtimoiy ahvolning og‘irligi sabab.

– Mana shunday  voqealar mamlakat aholisining iqtisodiy ahvoli nechog‘li ekanini ko‘rsatib turibdi. Bunday voqeani eshitib, dahshatga tushadi odam. Chunki o‘sha odamning ruhini ham, qalbini ham va ma’naviy olamini ham iqtisodiy qiyinchiliklar kemirib tashlagan. Uning ko‘ziga pushtikamaridan paydo bo‘lgan farzandi emas, balki yashash uchun kerak bo‘lgan vosita ko‘rinayapti, xolos,  – deydi Abdurasul Mamadaliev.

Aytib o‘tish lozimki, Tojikistonda onalik va bolalikni himoya qilish kabi dasturlar o‘tmishda qolib ketgan. Respublika hukumatining   2010 yil fevral oyida qabul qilgan qaroriga binoan ko‘p bolali oilalar va yangi tug‘ilgan bolalarga beriladigan moddiy yordam miqdori qisqartirilgan. Endilikda kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalarga  har oyda ilgarigi 80 somoniy (20 AQSh dollari) o‘rniga 20 somoniy (5 AQSh dollari) miqdorida moddiy yordam beriladi.

So‘g‘d viloyatidagi Bolalar xuquqlarini himoya qilish komissiyasi rahbari  Ruxsora Karimxo‘jaevaning  aytishicha, bugungi kunda juda ko‘p yosh bolalar turli xil zo‘ravonliklar duch kelib, odam savdosi qurboniga aylanmoqdalar.

Ana shunday bolalarni aniqlash, ularni  yangi hayotga qaytarish uchun viloyat hukumati va Xalqaro migratsiya tashkiloti ko‘magida  viloyatda bolalarga boshpana beradigan markaz tashkil etilgan.

Markaz odam savdosi qurboni bo‘lgan, oilada turli xil zo‘ravonliklarga uchragan, hayotdan ko‘ngli sovib ketgan bolalarni o‘z himoyasiga oladi.

– Davlat tashkilotlari bilan mustahkam aloqamiz bor, Ichki ishlar bo‘limlari bilan ham. Asta-sekin odamlar ishonchiga kirdik. Masalan, o‘tgan yili viloyat sharqidan bir ayol kelib, olti oylik bolasini sotmoqchi bo‘ldi. Ikki oy davomida  vakillarimiz u bilan  tushuntirish ishlarini olib bordi. Bu muddat ichida esa farzandi markazda saqlandi. Hozir o‘sha ayol ishlayapti, farzandi ikki yashar bo‘lib qoldi,  – deydi Ruxsora Karimxo‘jaeva.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra,  2010 yilda So‘g‘d viloyatida bola sotish bilan bog‘liq oltita  jinoyat sodir etilgan. Sotilishi rejalashtirilgan go‘daklarning ikki nafari bir haftalik chaqaloq bo‘lgan.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24207657.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: