So‘zning tirilishi – ponauz


May 28th, 2011

 (O‘zbekiston Xalq Harakatiga bag‘ishlanadi)

O‘zbeklar bugun So‘z devalvatsiyaga uchragan, o‘zining azaliy ahamiyati va mazmunini yo‘qotgan bir jamiyatda yashamoqdalar. Bu jamiyatda istagan narsani gapirish mumkin va bu gapirilgan narsa jamiyatda aks-sado bermaydi. Jamiyat xuddi soya va aksdan holi arvohni eslatadi. So‘zlar bu jamiyatda o‘z holicha, huddi voqelikka hech aloqasi bo‘lmagan “toza san’at” namunasiday mavjuddirlar. So‘zlar bu erda xuddi sharqona bir mubolag‘a kabi, xuddi go‘zallikning eng yuksak namunasi sifatida g‘azal qahramoni bo‘lmish shoir mahbubasining ko‘zga ko‘rinmaydigan darajadagi kichik og‘zi taqdim etiladigan g‘ayri tabiiy tashbexlarga to‘la bir g‘azal singari qabul qilinadi. Bunday g‘azal arkoniga kura, shoir sevgilisining og‘zi shu qadar kichik bo‘lishi kerakki, shoir ularga qarab lazzalatlanish uchun sevgilisining lablarini izlab, topolmay sarson bo‘lishi kerak.

Yuqorida aytganimizdek, o‘zbek jamiyatiga qarata aytilgan So‘z aks-sado bermaydi. So‘z huddi botqoqqa otilgan bir tosh singari jamiyatning aql bovar qilmas yumshoq bag‘riga tushib, g‘oyib bo‘ladi. Aks-sado esa, qattiqlikni sevadi. Aks-sado qoya qattiqligini yoki juda bo‘lmaganda devor qattiqligini sevadi, ammo, shuni ham nazardan qochirmaslik kerak-ki, devor gilamlardan xoli, yalang‘och devor bo‘lishi lozim, chunki, gilamlarga burkangan devorlar ham aks-sado bermaydi, ularning ham chaqiriq va murojaatlarga quloqlari kardir.

Maqsadni ifoda etish ehtiyoji (so‘zlarning faqat riyodan iborat ekanligi tufayli) bo‘lmaganidan so‘ng jamiyat bo‘shashib, shakl va shamoyilini yo‘qota boshlaydi, u endi – so‘zlarning faqat yolg‘ondan iboratligi tufayli – hech bir narsaga to‘g‘ri baho berilmasligini anglab etgan va hamma narsaga tufurib qo‘ygan bir mavjudotga aylanadi. Ushbu hastalikning tadrijiy rivoji quyidagiday: yolg‘on so‘z (bu yolg‘on kim tarafidan aytilishidan kat’iy nazar) jamiyatni bo‘shashtiradi(ma’naviy jihatdan), bu esa, o‘z navbatida jamiyatning karligiga(so‘zga, murojaat va chaqiriqlarga) olib keladi. Bunday vaziyatda jamiyatni biron narsaga ishontirish kiyin, qadrsizlangan So‘z bilan uning qalbini rom etish qiyindir. Xalqni ishontirish uchun eng avvalo So‘zni tiriltirish lozim. Suvsizlikdan va qonsizlikdan o‘lgan So‘zga terimiz va qonimizni to‘kib, uni tiriltirmog‘imiz kerakdir. Uzoq yillar davomida jamiyatimiz So‘zning qonini tinimsiz so‘rib keldi va So‘zni bir ko‘lankaga aylantirdi va oxir-oqibat jamiyatning o‘zi ham bir soyaga, vampirga, o‘limlarni cheklab o‘tayotgan va ayni paytda har kuni minglab marta o‘layotgan, ayanchli bir umr kechirayotgan vampir-Drakulaga aylandi.

Drakulaning o‘limsizligi bir paytlar ilohiy So‘zga munosib ko‘rilgan insonga loyiq narsa emasdir. Insonlar ilohiy So‘zni suisteьmol qilarkanlar, ilohiy So‘z ham insonlarni tark etadi.

Inson – Alloh tomonidan yaratilgan butun mavjudotlar ichida gapira oladigan va o‘z fikrlarini So‘z shaklida ifoda eta oladigan yagona hilqatdir, uning hayvonlardan farqli asosiy jihati ham shundadir. Ammo gapira olishning o‘zi hali insonlikni bildirmaydi. Odam bolasi tinimsiz gapirishi va ayni paytda u chuqur sukunat ichida bo‘lishi mumkin, aksariyat hollarda safsatabozlik hatto sukutdan ham chuqurroq sukunat ichida bulishi mumkin. Bunday holat So‘z o‘lgan paytda yuz beradi.

Mamlakat raxbari o‘zining umidsizlikka tushgan xalqiga “shu yil kuziga kelib, hamma narsa yaxshi bo‘lib ketadi”, deya so‘z bersa-yu, bu va’dasini bajarolmasa, So‘z o‘ladi. Bozorda go‘sht sotayotgan qassob bu go‘shtning toza ekanligiga o‘z haridorini ishontirish uchun butun avliyolarni o‘rtaga qo‘yib, qasam ichsa-yu, bu yolg‘on bo‘lsa, So‘z o‘ladi. Otalar o‘z farzandlarini to‘g‘rilik va halollikka o‘rgatarkan, otaning o‘zi bunday xislatlardan mosuvo bo‘lsa, So‘z o‘ladi.

O‘zbek muholifati bu ommaviy So‘z qotilligida ishtirok etmasligi lozim. Aksincha, u So‘zni tiriltirish ishida faol qatnashishi kerak. Muxolifat xalqqa juda ko‘p narsa va’da qilmasligi kerak, ammo va’da qilingan narsa, qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, bajarilishi lozim. Bu – So‘zni tiriltiradi. Zero, So‘zning tirilishi dunyodagi barcha inqiloblardan ham muhimroq voqeadir.

 

Maqsud Bekjon,

Ponauz.com

 

http://ponauz.turkiston.tv/archives/1146

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: