O‘XH QURULTOYI TAASUROTLARIM – islomshuro


BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIM

Men qurultoyda O‘zbekiston muxolifatining mustaqil a’zosi sifatida qatnashdim. Qurultoy Ovruponing eng qadim shaharlaridan biri Berlinda 23-24 may kunlari bo‘lib o‘tdi. Berlinga kelganimizda uning g‘arb va sharq qismlari bilan qiziqa boshladim. Eski vaqtlar kommunistik va NATO bloklarini bir-biridan ajratib turadigan Berlin devoridan nom-nishon qolmagandi. Bizga shahar markazida, sodda va toza mehmona ajratilgan ekan. Men hozir Norvegiyada yashayotgan Birlik harakati Pariyatsi vakili Ulug‘bek Bakirov ismli yigit bilan bir xonaga joylashdim. U qurultoyga o‘z tashabbusi bilan kelganini va bu partiya Raisi uning qurultoyga kelishiga qarshilik qilganini aytdi. Biroz istirohatdan keyin kechki vaqt soat 6 da qurultoy rasman o‘z ishini boshladi. Boshlanish biz istagan yuksak kayfiyatda bo‘lmadi.

Buning sabablari takshiliy ishlardagi tajribasizlik va qurultoyga ajratilgan vaqtning ozligi edi. Kun tartibida Harakat Nizomini va Dasturini tasdiqlash, uning rahbar organlarini saylash kabi jiddiy masalalar o‘rin olgandi. Bu masalalar bo‘yicha ancha bahs munozaralar bo‘ldi. Raislik qiluvchi munozaralarning qisqa bo‘lishini va nizom va dasturning qisqa vaqt ichida ovozga qo‘yilishini istashiga qaramay, qatnashchilar hujjatlarning asosli ravishda ko‘rib chiqilishi tarafdori edilar. Bu o‘zbek muxolifatining ko‘p fikrlilikga tayyor ekanligini ko‘rsatuvchi o‘ziga xos dalil edi. Shu shaklda  nizom va dasturga o‘zgartishlar kiritish haqida takliflar o‘rtaga chiqdi.Kecha kech soatlarga qadar davom etgan muzokaralardan keyin Harakat dasturi va Nizomi qurultoyning ishchi hujjatlariga asos sifatida qabul qilindi. Muzokaralar orasida tanaffus vaqtida men Rusiya Islom komitetining Raisi Haydar Jamol (Gaydar Jemal) bilan tanishib, suhbatlashdim. Uning dunyodagi voqealar va islom ummatining ahvoli haqidagi fikrlari diqqatga sazovar edi. Qurultoyning birinchi kuni mana shunday vaziyatda yakunlandi.

Ertasi kun qurultoy yanada ishchan va ko‘tarinki ruhda ish boshladi. Harakat nizomiga uning maqsadini belgilagan shu ifodalar kiritildi.

“O‘zbekiston  Xalq Harakatining asosiy maqsadi – bu O‘zbekiston Jumhuriyatida erkin va ochiq fuqaroviy huquqiy jamiyat  barpo etilishi uchun kurashishdir. Bu kurash yo‘lida Harakat o‘zini barcha a’zolarining intellektual kuchu-qudratlari, zakovatlari, bilimlarini mamlakat fuqarolarining siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy haq va huquqlarini to‘liq ta’minlanishiga zamin yaratish uchun safarbar qiladi; Bu yo‘lda to‘la to‘kis g‘alabaga erishish uchun Harakat o‘z a’zolarining faoliyatini bir nuqtaga qaratilgan kuchlarning mujassamlashtirish kabi usullarni qo‘llaydi va ular yordamida fuqarolik jamiyati uchun zarur bo‘lgan barcha qonunlar majmuasini yaratilishiga asosiy e’tiborini qaratadi; Qabul qilingan barcha qonunlarning bajarilishi, fuqarolarning barcha huquqlarini to‘la to‘kis ta’minlanishi uchun jamiyatda zarur bo‘lgan fuqarolar nazoratini o‘rnatilishiga erishishni o‘zining oliy maqsadlaridan biri deb hisoblaydi; Davlat hokimiyati barcha tizimlarining qonunlarga so‘zsiz amal qilishlarini ta’minlash uchun barcha zaruriy choralarni ko‘radi;  Jamiyatda va hokimiyatda  so‘z va ish birligini davlatning tamal toshlaridan biriga aylantirilishi yo‘lida sobitqadamlik ila kurash olib boradi.”

Bu matn qurultoyda qatnashayotgan butun taraflarni rozi qiladigan mohiyatda edi. Chunki uning qatnashchilari orasida O‘zbekiston muxolifatini tashkil qiluvchi turli e’tiqodiy va siyosiy guruhlarning vakillari bor edi. Haqiqatan ham ochiq, erkin va huquqiy fuqarolik jamiyatida barcha fuqarolarning haq-huquqlarining ta’minlanishi ko‘zda tutiladi. Bu ma’noda Nizom va Dastur muqaddimalarini O‘zbekistonda quriladigan yangi jamiyatning poydevori, deya atamoqchiman. Chunki bunday jamiyatda har bir insonga e’tiqodi va siyosiy tushunchasiga ko‘ra yashash huquqi beriladi. Jamiyatning turli guruhlari orasida esa shartnoma tuzish yo‘li bilan murosa qilish fursati o‘rtaga chiqadi. Bu esa fuqarolik jamiyatining o‘z-o‘zin boshqara olish uchun imkonini tug‘diradi. Natijada O‘zbekistonda o‘tish davrida Tojikistonda bo‘lgani kabi fuqarolar urushiga, Qirg‘izistonda bo‘lgani kabi irqchilikning o‘rtaga chiqishiga yoki bo‘lmasa Afg‘onistonda bo‘lgani kabi musulmonlarning turli toifalarining o‘zaro nizolariga olib kelmaydigan bir jamiyat shakli o‘rtaga chiqadi, insha Alloh.

Nizom va Dasturning muqaddimasida bunday ijobiy xususiyatlar qurultoy qatnashchilarini ilhomlantirib yubordi, desam xato qilmagan bo‘laman. Natijada Nizomga ko‘ra Qurultoy Harakatning oliy organi, deya qabul qilindi. Harakatning ishchi organlari sifatida Muassislar Majlisi, Markaziy Kotibiyat va Taftish Kengashi ish olib boradigan bo‘ldi. Ikkinchi kungi muzokaralar yanada jonli, turlifiklilik va shu bilan birga murosaga ochiq ruhda o‘tdi. Harakatning o‘zbek xalqiga beradigan mujdalaridan biri Nizomning ushbu moddasida o‘z aksini topgandir:

“Harakatning barcha mahalliy bo‘limlari va rahbar organlarining ish uslublari o‘zaro maslahatlashish, erkin fikr bayon qilish, qarorlarni ochiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilish qoidalariga asoslanadi. Qabul qilinadigan har bir echim yoki qaror loyihani shakllantirish bosqichidan tortib, to tasdiqlashgacha erkin muhokama va oshkoralik asosida qabul qilinadi”.

Ya’ni, Harakat faoliyatining hech bir bosqichida yakkahokimlikga yo‘l qo‘yilmaydi. Xuddi shunday ifodalarni Harakat Dasturining so‘ng bo‘limida ham o‘qishimiz mumkin:

«O‘zbekiston Xalq Harakatiga a’zo bo‘lganlar e’tiqodiy va fikriy ixtiloflarini maslahatlashish va zarur bo‘lganda turli toifalar orasida shartnoma tuzish yo‘li bilan hal qiladilar. Harakat rahbariyati Sho‘ro-maslahatlashish usulida faoliyat olib boradi. Harakat rahbarlari o‘z faoliyatlarida yakkahokimlikka yo‘l qo‘ymaydilar».

Yuqorida ta’kidlaganimdek, Nizom va Dasturda o‘rni olgan bu hal qiluvchi qoidalarning yaqin kelajakda O‘zbekistonda o‘rtaga chiqadigan adolatli jamiyatni o‘rtaga chiqarishi, ya’ni turli guruhlarni o‘zaro murosaga keltirishi shak-shubhasizdir.

Qurultoy kun tartibidan o‘rni olgan uning boshqaruv organlari va ularning rahbarlarini saylash ham erkinlik, turli nomzodlar ko‘rsatish va ular orasida muqabil saylov o‘tkazish usulida o‘tdi.

Qurultoy o‘z ishini uning bayonotini qabul qilish bilan yakunladi.

Shundan keyin qurultoy qatnashchilari ishtirokida xalqaro matbuot anjumani (konferentsiya) o‘tkazildi. Qurultoyning musbat qarorlar olib, ijobiy yakunlanishi bu anjumanga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. So‘zga chiqqanlar o‘z e’tiqodlariga va siyosiy qarashlariga ko‘ra mavjud diktatura rejimga qarshi kurashning usullari va O‘zbekiston xalqining kelajagi haqida turli tuman fikrlar bildirishdi. Bu chiqishlar mohiyatan sermazmun, shaklan turli-tuman edi. Qurultoy qatnashchilaridan ba’zilari ixlos va samimiyat bilan o‘zlari avvalda yo‘l qo‘ygan xatolari va noo‘rin tanqidlari uchun boshqa ishtirokchilardan uzr so‘radilar. Bu albatta ularning murosaga hozirligini va ayni paytda fazilatli kishilar ekanligini ko‘rsatadigan chiqishlar edi. Bularga misol sifatida hurmatli Aliboy aka Yo‘lyaxshiev va Nasrullo Sayyidning ma’ruzlarini aytishim mumkin.

Izoh: Qurultoydan qaytganimizdan keyin bir-ikki kun o‘tmasdan internet sahifalaridan birida Nasrullo Sayyidning ERK Partiyasi va O‘XH Rahbari Muhammad Solih bilan bir siyosiy platformda emasligini bildirgan bayonotini o‘qidim. Bu mujmal bayonotning mohiyatini tushunish unchalik oson bo‘lmasa ham, bir-ikki kun oldin ayni siyosiy sahnada o‘rin olib, keyin darrov buning aksini iddoa qilish kishining jiddiyatsizligini ko‘rsatadi, deb o‘ylayman. Qolaversa, hurmatli Nasrullo Sayyid bunday bayonot nafaqat M. Solihning, balki O‘XH ning faoliyatiga ham salbiy ta’sir qilishini yaxshi o‘ylab ko‘rishi kerak edi.

 

http://www.islomshuro.com/index.php?option=com_content&view=article&id=95:2011-05-28-09-26-15&catid=11:2010-03-20-16-19-08&Itemid=8

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: