Muhammad Solihning qurultoyda so‘zlagan nutqi – O’XH


27 Mayıs 2011 Cuma

 O‘zbekiston Xalq Harakati

O‘zbekiston rahbari Karimov men yurtda barqarorlik o‘rnatdim, deb 20 yil tinmay maqtandi. Holbuki, u o‘rnatgan barqarorlik qabriston barqarorligidir. Karimov men yurtda tinchlik barpo qildim deya ko‘kragiga uradi. Holbuki, u barpo etgan tinchlik eng dahshatli urushdan battardir. Aks holda, millionlab odamlar – faqat siyosiy sabablardan emas, iqtisodiy nochorlikka chora istab o‘lkamizdan qochmagan bo‘lardi.

Karimovning turmalarida 20 mingga yaqin siyosiy mahbus bor, uning aksariy ko‘pchiligini dindor kishilar va muxolifat vakillari tashkil etadi. 20 ming siyosiy mahbus – o‘lka aholisining passionar (faol) qismining aynan aks tasviridir.

Zotan, O‘zbekiston Sovet davlati yiqilish arafasida – Boltiqbuyi jumhuriyatlaridan keyin siyosiy jihatdan eng aktiv jumhuriyat edi. O‘z.SSR o‘zining Mustaqillik Deklaratsiyasini birinchilardan bo‘lib (20 iyun 1990 yil) qabul qilgandi. Va bu Deklaratsiyani Moskvaning, O‘zbekiston Kompartiyasi MKning va uning boshida turgan Islom Karimovning qattiq qarshiliklariga qaramay qabul qildi.

Maydonlarni to‘ldirgan yuzminglab kishilar aynan siyosiy talablar bilan chiqqandilar. Bugun biz jamiyatimizda o‘sha norozilik potentsialining ajib transformatsiyasini kuzatmoqdamiz.

Bu potentsial, yillar o‘tganiga qaramay, kichraymadi, aksincha, kattayib bordi. Shuning uchun ham o‘zbek diktatori har 5-6 yilda bir marta ulgurji repressiyalar o‘tkazib, ijtimoiy qatlamlardan “rejimga xavf solgan” eng aktiv shaxslarni terib olib, turmaga tashladi yoki o‘ldirib turdi. Bu shaxslarning jazo koloniyalarida ro‘yxatga olinganlarining soni 20 ming bo‘lsa, ro‘yxatga olinmaganlar, ya’ni xozircha qamalmaganlar soni millionlarchadir.

“Inson huquqlari” degan narsa O‘zbekistonda eng kulgili narsadir. Karimov sobiq O‘zbekiston SSR hududida Mustaqil Kontsentratsion Lager (MKL) qurdi. MKLni O‘zbekiston Respublikasi deb atashingiz ham mumkin, ammo vaziyatni o‘zgartirmaydi. Karimov insho etgan bu rejimni klassik diktatura deb atasak yanglishgan bo‘lmaymiz. Karimov va uning hamtovoqlari bu diktatorlik rejimida vaziyat og‘irlashyotganini ko‘rib, uni nazorat qilish ilinjida shosha-pisha yangi mexanizmlar axtara boshladilar. Ammo ularning loyqalangan tafakkuri yana dog‘da qoldirmoqda. Ularning parlament va prezidentlik boshqaruvida taklif etib, tasdiqlatgan “islohot”lari ayanchli va kulgilidir.Bu chirib bitgan ramaqijon rejimning o‘lim oldi talvasasidan boshqa narsa emas.

Biz kundan-kunga amin bo‘layotganimiz narsa shudirki, toki xalq mustabidni elkasidan kuch bilan erga itqitmaguncha, mustabid uning elkasidan aslo inmaydi. Arab dunyosida bo‘lib o‘tayotgan inqiloblar bu haqiqatning eng go‘zal tafsiri bo‘lishi mumkin.

Bizni Berlinga to‘plagan bu Qurultoy aynan shu masalalarni muhokama etishi lozim deb o‘ylayman.

Biz bundan buyog‘iga ish uslubimizni o‘zgartirishimiz kerak. Biz xukumat xurujlariga unga munosib shakllarda javob berish salohiyatiga ega bo‘lishimiz lozim. Buning barobarida biz bo‘ysunmaslikning turli shakllarini tobora kengroq jabhalarga tashimog‘imiz, saflarimizni kengaytirmog‘imiz shart.

Yurt ichkarisi va tashqarisida Harakatimizga ko‘rsatilayotgan buyuk tavajjuh boshlagan ishimizning xayrli bo‘lajagiga umidimizni mustahkamlamoqda. O‘zlarining beg‘araz yordamlarini taklif etayotgan ko‘ngillilar soni kun sayin ortmoqda.

Bugungacha O‘zbekiston jamoatchiligi bizni rejim bilan kurashda ortiqcha yumshoqlikda, liberalizmda haqli ravishda tanqid etib keldi. Chindan ham Ovrupa standartlari chorcho‘pidan chiqmasdan harakat etgan muxolifat siyosiy vaziyatni saylov vositasida o‘zgartirish uchun say’ harakatlar qildi. Ammo bu kelajagi porloq bo‘lmagan bir holat edi. Chunki saylov degani O‘zbekistonda masxarabozlikka aylangan bir davlat tadbiri edi. Mirshablik tizimi hokim bo‘lgan erda Karimovni saylovda engish – sarobdir. Shuning uchun biz mustabid rejim tabiatiga qarshi tura oladigan, uni siyosiy sahnadan tushishga majbur qilaoladigan bir kurash tizimi tuzishga qaror qildik.

13 may Andijon fojiasi bizni rejim fitnalari qarshisda hushyor bo‘lishga chaqiradi. InshoOlloh, bu safar bu fitnalarga yo‘l qo‘ymaymiz.

2005 yil may oyidagi Andijon voqealari rejasiz, stixiyali ravishda yuz bergandi. Ularni muxolifat boshqarmadi.Bundan foydalangan Karimov hech qarshliksiz yuzlarcha insonni otib tashladi.

Endi biz diktatorning qarshisida himoyasiz xotin-xalajni ko‘rib, ularga nimalar qila olishini bilamiz. Ammo bu safar muxolifatning yaxshi tashkillangan va o‘z mavzelarini so‘nggigacha himoya qilishga tayyor tizimlarini ko‘rganda diktatorning nima qilishini ham ko‘ramiz, inshoolloh.

Davlat terrori siyosati o‘zini oqlamadi. Buni yuqorida aytganimdek, Karimov va uning amrini bajo keltiradigan quvvat tizimlari ham tushunib etdi.

Quvvat tizimlarining (MXX,IIV) o‘rta tabaqasida rejimdan norozilar soni kun sayin ortmoqda. Davlat tizimlarida ishlash imtiyozining jozibasi o‘z kuchini yo‘qota boshladi. Eng tepada yangi vaziyatda paydo bo‘lgan yangi mavzelarni qo‘lga kiritish uchun qizg‘in kurash boshlangan.

Bu orada davlat terrori mashinasi o‘z boshiga ishlashda davom etayapti. U avtopilotga qo‘yilgan.

Manzara Frants Kafkaning “Jazo koloniyasida” degan hikoyasini eslatadi. Esingizda bo‘lsa, bu hikoyada jazo mashinasini ijod qilgan bir muhandis o‘sha mashina tig‘i ostida halok bo‘ladi. O‘zbekistondagi siyosiy rejimni insho etgan diktator-muhandis Kafka qahramoni taqdirini takrorlaydimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi.

Har holda, hamma narsa yaxshilikka qarab ketayotganidan umid qilmoqdamiz.

Zulmga qarshilik (nutqning ikkinchi qismi)

Balki nutq uchun bunday bir sarlahva bugungi kunda o‘rinsiz tuyulishi mumkin. Chunki bugun dunyo siyosat falsafasida Zulmga qarshilik emas, aynan teskarisi, ya’ni “Yomonlikka yaxshilik qil”, “Zulmga qarshilik qilma” kabi tushunchalarning ustunligi hali ham ko‘rinib turibdi.

To‘g‘rirog‘i, bu tamoyil dunyo siyosat falsafasining tashqi niqobidir. Bu tamoyil zamonga moslashish qobiliyatini hali ham yo‘qotmagan, turli xarakterdagi siyosiy rejimlar bilan hayratlanarli darajda uyg‘un yashashda davom etmoqda.

Bu tamoyilning ta’mali nasroniylikda bo‘lgani kabi, boshqa dinlarda u va yo bu shaklda mavjuddir.

O‘z xalqlarining kushandalari bo‘lgan hukmdorlar “milliy manfaatlar” niqobi ostida aynan shu tamoyildan asrlar davomida foydalanib keldilar.

Endi bu tamoyildan Sharq despotlari ham o‘z fuqorolarini ezish vositasi sifatida foydalana boshladilar. Ular o‘z urf-odatlari, dini va anьanalari bilan mazkur tamoyildagi uyqash nuqtalarni topib, oltin topgan qulday sevinib ketishadi.

Masalan, o‘zbek diktatori Islom Karimov so‘fiy tariqatlarining “yomonlikka yaxshilik bilan javob ber” aqidasini nihoyatda sevib qoldi. Va bu aqida sharafiga so‘fiylar jamoatidan boshqa butun jamoatlarning liderlarini qatl etdi, turmaga tashladi yoki surgunga ketishga majbur etdi.

Ammo mo‘g‘ullarga karshi Ko‘xna Urganch mudofaasida, zulmga qarshi kurashib, halok bo‘lgan Najmiddin Kubro hazratlarining ham so‘fiy tariqati lideri ekanligini Karimovga hech aytib bermaganga o‘xshaydi.

Siyosatchi uchun esa, “Zulmga qarshilik qilma” aqidasi – ko‘pgina taniqli mutaffakirlar, jumladan, Maks Veberning ham fikriga ko‘ra bajarib bo‘lmaydigan vazifadir

Aslida, “Zulmga qarshilik qilma” falsafasi chuqurroq mutolaa etilganida, undagi mazmunning ham biz tasavvur etgandan boshqacha ekanligini ko‘ramiz.

Masalan, yahudiylar Bobil asorati davrida bu aqidani eng ko‘p qo‘llaganini ko‘ramiz.

Ular bor kuchi bilan dushmanga yaxshilikni tarannum etadilar. Ammo bu tarannum faqat dushmanni engish vositasi sifatida ishlatiladi: dushmanni yaxshilik bilan sharmanda kilish, kamsitish vositasidir. Dushmanga jazoni esa Olloh beradi va jazo muqarrardir. Ya’ni inson dushman bilan jangdan qochmaydi, aksincha, dushmaniga o‘zi beraolmaydigan dahshatli jazoni berishni Ollohdan so‘raydi, nola etadi.

Inson Dushmaniga yaxshilik qilarkan, uning gunohini yanada chuqurlashtiradi “ Sen buni (yaxshilikni) qilsang, uning boshiga yonayogan cho‘g‘larni tayorlaysan va Yaratgan senga mukofotini beradi”(Injil.25:22).

Konfutsiy bu masalaga boshqa bir nuqtadan yondoshganini ko‘ramiz: “Yomonlikka yaxshilik bilan javob berish to‘g‘rimi?” degan savolga “Yaxshilikka yaxshilik bilan, yomonlikka adolat bilan javob beriladi”, deya javob bergan (“Lun Yuy”, 14,34);

Ya’ni adolat insonga yomonlikka adolatli shaklda javob berish haqqini beradi.

Bu masalada “Injil” mezon sifatida adolatni old planga chiqaradi. Yaratgan Parvardigor “ marhamatli insonlarga marhamat bilan, ayyorlarga esa ularning ayyorligiga mos munosatbatda bo‘ladi. Chunki U mazlumlarni qutqargan, kibrli ko‘zlarni haqir etgan Zotdir” (Injil. 17:26-28).

Islom dinining Payg‘ambari Muhammad alayhissalom sallalohu alayhi vassallam bu mavzuda eng aniq, eng shaffof fikrni aytganlar: “Yomonlikka amal bilan qarshilik kil, amal bilan qarshilik etolmasang so‘z bilan qarshilik qil. So‘z bilan ham qarshilik qilolmasang ichingda qarshilik qil. So‘nggisi iymonning eng zaif holidir”.

“Zulmga qarshilik qilma” aqidasi zamonaviy siyosatda “nozo‘rovonlik kurashi” degan nom bilan tanilgan kurash uslubining tamalini tashkil qiladi. “Nozo‘rovonlik” shiorini eng effektiv qo‘llanyotganlar nozo‘ravonlar emas, diktatorlardir. Ular bu shiorni ozodlik va adolat tarafdorlarini passivlashtirish uchun qo‘llamokda.

Dunyo siyosati arboblarining ikkiyuzliligi shundaki, ular diktatorlar tarafidan qilinayotgan zo‘rovonlik va terrorni mashru’ hisoblab, ularga qarshi bo‘lgan mashru’ va adolatli xarakatlarni ekstremizm hisoblamoqdalar.

Arab dunyosida boshlangan zolimlarga qarshi mazlumlarning isyoni – kelib chiqishi fitna bo‘lishi ehtimollaridan qatьiy nazar – nodir, fenomenal hodisadir. Bu fenomen juda ham yashovchan bo‘lgan “nozo‘ravon kurash”safsatasini kutilmaganda shubha ostiga qo‘ydi.

Agar bugun G‘arb kuchga kuch bilan javob berayotgan Liviya isyonkorlariga yordam ko‘rsatayotga bo‘lsa, buning sababi faqat neftь va geosiyosiy manfaat emas, bu ayni paytda dunyoda mafkuraviy, siyosiy va ijtimoiy standartlarning almashinuv soati kelganidan ham mujda berayotir.

Bizning dunyomiz bu o‘zgarishlarga tayyormi?

Islom fundamentalizmi va madaniyatlar urushi kabi vahimalar boshlangan bu katarsis, bu global tozalanish jarayonini sog‘lom aql bilan tadqiq etishga halal bermoqda.

“Hodisalar Vaqt tarafidan garovga olingandir. Hodisalarning soati kelganida Vaqt ularni garovdan ozod qiladi va ular yuz beradi”.

Bu megametafora oydinligida shuni aytish mumkin-ki, O‘zbekistonning 22 yillik garovga olinish, rahina muddati bitayapti.

O‘zbekiston erto‘ladan chiqishga shaylanmoqda. Biz bu haybatli, mahobatli hodisaga, bu ulug‘ ozodlikka shay turmog‘imiz kerak.

Biz ushbu buyuk Hodisaning bosh qahromoni O‘zbekiston xalqi bilan birga bo‘lishga tayyor turishimiz lozim. U bilan birga bo‘lmoq – uning dardi bilan yashamoqdir, uning yarasiga malham bo‘lmoqdir.

Kulog‘i bo‘lgan har kim Vaqt qobig‘ining chatnayotganini eshitmoqdadir. Ko‘zi bo‘lgan har bir inson tunnelning oxirida bir nur ko‘rmoqda.

Yuragi bo‘lgan har kim bizning safimizga qo‘shilsin. Ki u garovga olingan Vatanimizning ozodlikka chiqish manzarasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rsin, unga yordam bersin.

 

facebook

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: