Klasen: Berlin Termiz bazasi bois inson huquqlaridan ko‘z yummasin – ozodlik.org


Nemis so‘lchisi Angela Merkelning O‘zbekistonga nisbatan yuritayotgan siyosatiga qarshi

27.05.2011

Abdulla Iskandar

Vladimir Norovning nemis hukumati tomonidan tanqid qilinmagani “Yashillar” va “So‘llar” ni g‘azablantirdi.

Germaniya so‘llar partiyasining  xalqaro masalalar bo‘yicha guruh a’zosi Bernxard Klasen (Bernhard Clasen) “Yangi so‘llar” onlayn gazetasida maqola bilan chiqib, Norovga quchoq ochgan Angela Merkel hukumatni tanqid qildi.

Ozodlik bilan suhbatda Klasen Merkel hukumatining O‘zbekiston bilan “xushmuomala siyosati” aslida ikkiyuzlamachilikning o‘zi ekanini ta’kidladi.

– Bizning ozodligimiz Hindiqushda himoya qilinmoqda degan edi nemis siyosatchisi Struuk. Nemis qo‘shinlarining O‘zbekistonda turishi esa bizning ikkiyuzlamachiligimizga misolday ko‘rinadi. Turmalarda mahbuslarni qiynash tasodif emas balki qoidaga aylantirilgan O‘zbekistonday mustabid rejimni  qo‘llar ekanmiz, qanday qilib Afg‘onistonda qanaqa ozodlikni himoya qildik deb ayta olamiz. O‘zbekiston kabi repressiv rejim hududida nemis qo‘shinlari turar ekan, bizning Hindiqushdagi ozodlik himoyasi haqidagi gaplarimiz safsata emasmi?

Ozodlik: O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri muovini Vladimir Norov Berlinda Bundestag deputatlari bilan uchrashar ekan, biz Termizdagi bazani ijaraga berganimiz uchun Germaniya minnatdor bo‘lsin deb pisanda qildi. O‘zbekiston bu xizmati bilan Germaniyani qarzdor qildi, deb ta’kidladi Norov. Ayni paytda Germaniya yaqindan boshlab Termizdagi baza uchun to‘lanadigan ijara haqini 15 foizga oshirdi. Bu o‘rinda qarzdorsan deb pisanda qilish noo‘rin tuyulmaydimi?

– Nemis qo‘shinlarining O‘zbekistonda ekani fakt. Men bundan chuqur afsusdaman.  Biz kimdandir qarzdor bo‘lsak, albatta o‘zbek xalqidan qarzdormiz. Biz O‘zbekistondagi qiynoqlar, qatag‘on va zo‘ravonlikni, inson haqlari buzilishini  ko‘rib ko‘rmaslikka olayotgan G‘arb dunyosining bir bo‘lagi sifatida o‘zbek xalqi oldida ayblimiz. Haqiqatni aytolmaganimiz, mustabidni qo‘llaganimiz uchun o‘zbek xalqidan qarzdormiz.

Ozodlik: Siz mansub bo‘lgan so‘l partiya yoki boshqa partiyalarning Bundestagdagi vakillari rasmiy Berlinning O‘zbekistonga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish uchun nima qila oladi?

– Eng avvalo ular yumiq og‘izlarini ochib, bu haqda gapirmoqlari kerak. Inson huquqlarini toptayotgan O‘zbekiston kabi rejimning Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Germaniyaga kelar ekan, nemis mulozimlari va deputatlari bu odamning yuziga tik qarab, matbuot ko‘z o‘ngida, ochiqchasiga “Biz siz mansub bo‘lgan rejimni qoralaymiz. O‘zbekistonda inson huquqlarini toptaganingiz bizga ma’qul emas” deb aytishlari lozim edi. Biz O‘zbekistondagi voqelikni o‘z nomi bilan aytishimiz kerak.

Yugoslaviyada inson huquqlari buzilgan paytda Germaniya bu huquqlarni himoya qilish uchun Yugoslaviyani bombalashga ham tayyor bo‘ldi. O‘zbekistonda inson huquqlar buzilar ekan nemis mulozimlari churq etib og‘iz ochishdan ham hadiksirashmoqda. Ular Termizdagi bazadan mosuvo bo‘lishdan qo‘rqishadi. Men shuni istayman va talab qilamanki, nemis siyosatchilari qiynoqlar sistematik qo‘llanadigan O‘zbekiston kabi rejimni qo‘llab-quvvatlashni darhol to‘xtatmog‘i zarur.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24207054.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: