Huquq faoli Farxodxon Muxtorov qochqinlikda og‘ir ahvolda yashamoqda – jarayon.com


Juma, 27 – May 2011

O‘tgan yil oxirida O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lgan va xorij davlatlaridan biridan boshpana so‘rayotgan huquq himoyachisi Farxodxon Muxtorov oila a’zolari bilan juda og‘ir ahvolda kun kechirishga majbur bo‘lmoqda. Farxodxon Muxtorov ayni paytda yashayotgan mamlakatda boshpana izlovchi maqomiga ega shaxslarning mehnat qilishi taqiqlangan. Huquq faoliga BMTning Qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissarligi vakolatxonasi 6 oy mobaynida taxminan 263 dollar miqdorida moddiy ko‘mak ko‘rsatgan xolos.

Jarayon muxbiri Farxodxon Muxtorov bilan uchrashib uning vaziyati va sharoitlari haqida suhbatda bo‘ldi.

Farxodxon, garchi Jarayon avval ham bu haqda yozgan bo‘lsada, suhbatni o‘quvchilarimizga eslatma tarzida sizni va oila a’zolaringizni O‘zbekistonni trak etishga nima majbur qilgani haqidagi hikoyangizdan boshlasak

F.Muxtorov: O‘zbekistonni tark etishimga menga nisbatan tazyiqlarning kuchayishi sabab bo‘ldi. 2006 yilning 6 aprelida meni Toshkent shahar Chilonzor tuman militsiyasi bekatda turgan joyimdan olib ketib, hibs qildi. Menga qotillik va talonchilik aybini qo‘yishdi. Bu voqeadan xabar topgan mahalliy huquq himoyachilari, Xyuman Rayts Uotch xalqaro tashkiloti, AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi harakati bilan o‘sha kuniyoq meni hibsdan ozod qilishgan edi.

O‘shandayoq meni militsiya xodimlari “Jim yursang bo‘lar edi”, deb ogohlantirishgan edi. Agar xalqaro tashkilotlar aralashmaganida, uzoq yillik muddatga qamalib ketgan bo‘lar edim.

Shundan keyin 2008 yilning oktyabrida menga nisbatan yana jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Meni bu safar firibgarlikda ayblashdi. Qonun bo‘yicha 2 oyning ichida jinoyat ishi sudga o‘tkazib berilishi yoki ayblovlar asoslanmagani uchun jinoyat ishi to‘xtatilishi kerak edi. Ammo bu jinoyat ishini 8 oyga cho‘zishdi. Shunda men tushundimki, hukumat meni O‘zbekistonni tark etishimni kutayapti. Chunki, Andijon voqealaridan so‘ng ham shunday bo‘lgan edi. Huquq himoyachilari va muxolifat a’zolariga nisbatan militsiya sohtalashtirilgan jinoyat ishlarini ochishar edi. Shundan so‘ng o‘zgacha fikrlovchilar mamlakatni tark etishga majbur bo‘lishar edi. Lekin menda o‘zbekistonni tark etish niyati yo‘q edi.

Shu asnoda 2009 yilning aprelida menga nisbatan yana bir jinoyat ishi ochishdi. Bu safar ham firbgarlikda va pora berishda ayblashdi. Go‘yoki men 2006 yilda sudda ko‘rilgan bir ish yuzasidan ayblanuvchiga yordam berishni va’da qilib 5 million so‘m pulni sudьyaga pora berish uchun olgan emishman. 2009 yilning 17 iyulida meni soxta ayblovlar bilan kamoqqa olishdi.Sudda men aybsiz ekanimni to‘la isbotlagan bo‘lsam-da, 2009 yil 2 oktyabr kuni Toshkent shaxar Yunusobod tuman sudida meni 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm o‘qildi . Appelatsiya sudida esa bu muddatning 1 yilini olib tashlashib, menga 4 yillik qamoq jazosi belgilandi.

Hisoblab chiqsak, sizga belgilangan jazo muddati hali tugagani yo‘q. Qanday qilib ozodlikka chiqdingiz?

F.M.: Meni 2010 yilning 1 dekabrida qamoqdan o‘zim ham kutmagan holatda ozod qilishdi. Meni ahloq tuzatish ishlarida ishtirok etishim va ish joyimdan oladigan maoshning 30 foizini davlat hisobiga o‘tkazib turishim sharti bilan chiqarishdi.

Keyinroq bilsam, 2 dekabr kuni Toshkentga AQSh Davlat kotibi Hillari Klintonning kelishi kutilayotgan ekan. Balki, mana shu holat ham sabab bo‘lgandir., yana bilmadim. Bundan tashqari BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi ham O‘zbekistonda sohta ayblovlar bilan qamalgan 3 kishining, jumladan, mening masalamni ham ko‘targan ekan. Bundan tashqari ko‘plab xalqaro tashkilotlar ham o‘zbek qamoqlarida yotgan huquq faollari orasida meni ham ozod etilishimni so‘rab hukumatga murojaatlar jo‘natgan.

Lekin men qamoqdan tez orada chiqaman, deb sira o‘ylamagan edim. Chunki men Qarshidagi 64/61 qamoqxonasida jazo muddatini o‘tayotgan edim. Bu Jasliq qamoqxonasidan keyin O‘zbekistondagi eng mudxish jazoni o‘tash mahkamalaridan biri. Men 2-otryadda Solijon Abduraxmonov bilan birga o‘tirdim. 2-otryad asosan siyosiy va diniy ayblovlar bilan qamalgan mahbuslardan iborat edi.

Bu qamoqxonada Solijon Abduraxmonovga nisbatan munosabatni ko‘rganman. U tartibni buzmasa ham, uni tartibbuzarlikda ayblashar, hech qanday asossiz jazolashar edi. Bularning hammasi Solijon Abduraxmonovning amnistiyaga tushmasligi uchun qilinar edi. Bundan tashqari diniy ayblovlar bilan qamalganlarning jazo muddatlari tugasa ham, ularning jazo muddati yana 3 yilga uzaytirilar edi.

Mana shu holatlarni ko‘rib, “Men ham qamoqda juda uzoq vaqt bo‘lsam kerak”, deb o‘ylagandim.

Qamoqdan chiqqaningizdan so‘ng siz O‘zbekistonni tarq etishga qaror qildingizmi?

F.M.: Men qamoqdan chiqqanimdan so‘ng bir necha kun o‘tgach, ortimdan yana kuzatuvlar boshlandi. Menga telefon orqali tahdidlar qilishdi. Shundan so‘ng 2010 yilning 13 dekbarida oilam bilan O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘ldim. Bizning oilamiz 4 kishidan iborat. Men, rafiqam va 2 farzandim.

O‘zbekistonda yaqinlarim hayoti tahdid ostida bo‘lgani uchun ham, ular bilan birgalikda Vatanni tark etishga majbur bo‘ldim. Bunga bir qator asoslar bor. Masalan, hozir qamoqda qolayotgan o‘zbekistonlik jurnalist Dilmurod Sayyidning oila a’zolari avtohalokatda halok bo‘ldi. Jizzahlik huquq himoyachisi Meli Kobilovning oilasidan uch kishini sohta ayblovlar bilan uzoq muddatga qamashdi. Ruhiddin degan yigit( Obidxon kori Nazarovning shogirdi) diniy ayblovlar bilan qo‘lga olingan edi. Uning 6 yoshli qizini zo‘rlashdi. Qizi zo‘rlangach, u o‘ziga qo‘yilgan ayblarni tan olishga majbur bo‘ldi.

Bugungi kunda qochqinlikdagi hayotingiz qanday kechayapti?

F.M.: Bu erga kelgach, BMTning Qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissarligi vakolatxonasidan ro‘yxatdan o‘tdik. Biz yashab turgan mamlakatning Migratsiya xizmati menga va oila a’zolarimga boshpana izlovchi shaxs maqomini berdi. Biroq Migratsiya xizmati O‘zbekiston fuqarosi bo‘lganimiz uchun ham bizga bu mamlakatda qochqinlik maqomi berilmasligini ochiq-oydin aytishdi. Ular buni “O‘zbekiston va uning rahbariyati bilan munosabatlarni sovuqlashtirmoqchi emasmiz”, qabilida tushuntirishdi.

Bizga berilgan boshpana izlovchi shaxs guvohnomasi har uch oyda yangilanadi. Guvohnomamiz muddati 4 iyul kuni tugaydi. Ammo Migratsiya xizmati vakillari mana shu muddat tugagach, guvohnoma muddati uzaytirilmasligini, biz mamlakatni tark etish yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanmizni aytishdi. Agar sudga murojaat qilsak, yana bir oz muddat vaqt yutishimiz mumkin ekan.

BMT Qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissarligi vakolatxonasi sizlarni uchinchi davlatga ko‘chirish harakatini qilmayaptimi?

F.M.: 2010 yilning 15 dekabridan to shu kungacha, biz bilan BMT vakolatxonasi qochqinlik maqomi yuzasidan faqat bir martagina suhbatlashdi. Shundan keyin men o‘zim bir necha marta keldim, biroq ular “Ishimiz ko‘p, vaqtimiz yo‘q”, degan bahonalar bilan bizning masalamiz qanday hal etilayotgani to‘g‘risida hech qanday ma’lumot bermayapti. Bundan tashqari BMT Qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissarligi vakolatxonasi bizning oilamizga 6 oy mobaynida tahminan 263 dollar miqdorida ko‘mak ko‘rsatdi, xolos.

263 dollarni 6 oyga bo‘lsak, 48 dollar 83 tsentdan to‘g‘ri keladi. Oilangizda 4 kishi bo‘lsa, har bir odamga oyiga tahminan 12 dollar 20 tsentdan to‘g‘ri kelayapti. Bu pulga 6 oy davomida qanday qilib yashadingizlar?

F.M.: Tirikchiligimiz juda og‘ir bo‘layapti. Men O‘zbekistonni zudlik bilan tark etishga majbur bo‘lganim uchun, qo‘shimcha mablag‘ga ega emas edim. Bu erga kelgach, uy-joydan qiynaldik. Qochqinlar markazidan joy berilishini so‘rab, BMT Qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissarligi vakolatxonasi va mahalliy Migratsiya xizmatiga ko‘p marta murojaat qildim . Lekin shu kungacha bu masala hal bo‘lmayapti.

Og‘ir ahvolda qolganimizda bizga taniqli huquq himoyachisi Mo‘’tabar Tojiboeva ko‘magida FIDH va Observatoriya  tashkilotlari 1000 dollar miqdorida yordam ko‘rsatdi. Bu pulning 250 dollarini oy sayin yashagan uyimizga kvartira haqqi sifatida to‘ladik, oziq-ovqat sotib oldik.

Hozir biz 1 xonali uyda 6 kishi- men, rafiqam, 14 va 18 yoshdagi farzandlarim hamda yana o‘zbekistonlik 2 nafar qochqin, jami 6 kishi yashayapmiz. Bu uy torligi uchun unda navbat bilan uxlaymiz. Biz oilamiz bilan uxlayotganmizda, ikki sherigimiz yoki balkonda o‘tirishadi, yoki ko‘chada yurishadi. Ular kelganda biz chiqib ketishga majburmiz, ular uxlashadi.

Farzandlarimiz esa mablag‘imizning yo‘qligi, yashash joyimiz noaniqligi tufayli maktabga borish huquqidan ham mahrum bo‘lib qolayapti.

Sharoitingiz shunday ekan, o‘zingiz qo‘shimcha mablag‘ topishga harakat qilmadingizmi?

F.M.: Albatta, harakat qildik. Ammo boshpana izlovchi shaxs maqomiga ega shaxslarga bu mamlakat hududida ishlash taqiqlangan ekan. Men e’lonlar orqali bir qancha ish topdim. Ammo ish beruvchining oldiga borib, hujjatlarimni ko‘rsatishim bilan ular menga ish berishdan bosh tortishadi. Chunki ular meni ishga olishsa noqonuniy bo‘lar ekan va bu holat oshkor bo‘lib qolsa ish beruvchi davlatga juda katta miqdorda jarima to‘lar, meni esa mamlakatdan chiqarib yuborishar ekan. Shuning uchun ham bu erda ishlay olmaymiz.

Shundan so‘ng men oilamni boqish maqsadida qo‘shni davlatlardan biriga o‘tib ishlab kelishga qaror qildim. Ammo chegarada boshpana izlovchi shaxs bo‘lganim, O‘zbekiston fuqarosi ekanimni aytishib, mendan viza talab qilishdi. Viza esa to biz mahalliy Migratsiya xizmatidan qochqinlik maqomini olmagunimizcha berilmas ekan, ammo yuqorida aytganimdek, rasmiy Toshkent bilan munosabatlarni buzmaslik uchun bu mamlakat O‘zbekistonlik qochqinlarga qochoqlik maqomini bermas ekan. Shunday qilib, qo‘shni davlatda bo‘lsa ham ishlab, oilamni boqish umidim puchga chiqdi.

Muhammad Mushtariy

Tahririyatdan: Hurmatli do‘stlar, Jarayon qochqinlar va ularning bugungi vaziyati haqida yozishni va ayni vaziyat borasida o‘z hamkorlari va “O‘tyuraklar” Klubi inson huquqlarini himoya qilish xalqaro jamiyati orqali nufuzli idoralar vakillarining, shu jumladan Qochqinlar ishi bo‘yicha BMT Oliy komissari mas’ullarini, muxojirlik masalasi bilan shug‘ullanuvchi boshqa yirik tashkilotlarning ham e’tiborini tortishga harakat qiladi. Vaziyatingiz haqida bizga yozing.

 

http://www.jarayon.com/index.php?option=com_content&view=article&id=1395:2011-05-26-19-57-52&catid=54:habarlar&Itemid=70

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: