“O‘zbekistonda siyosiy beqarorlik ehtimoli baland” – ozodlik.org


G‘arb tahlilchilari, O‘zbekistondagi tinchlikning xalq farovonligi emas, balki qattiq qo‘rquvga asoslanganini aytishmoqda.

26.05.2011

153 davlatdagi tinchlik va barqarorlik asoslarini tahlil qilgan Global tinchlik indeksi mualliflari shunday fikrga keldi.

O‘zbekiston tinch, ammo bu tinchlikka tahlika kuchaymoqda

Bu yil beshinchi marotaba e’lon qilingan Global tinchlik indeksida O‘zbekiston 153 davlat ro‘yxatining 109 pog‘onasiga qo‘yildi. Garchi O‘zbekiston tashqi va ichki qurolli mojarolarga tortilmagan bo‘lsa-da, hisobot mualliflari uni tinchlik asoslari zaif mamlakatlardan biri sifatida ro‘yxatning quyirog‘iga  qo‘yishdi.

Xalqaro tahlilchilarga ko‘ra, avtoritar tuzum hukm surayotgan O‘zbekistondagi tinchlikka, istalgan tashqi va ichki omil turtkisida, kutilmaganda rahna etishi mumkin. Ana shu ehtimol bois, Global tinchlik indeksi 25 may kuni e’lon qilingan yangi hisobotida O‘zbekistonda siyosiy beqarorlik ehtimoli kuchayib bormoqda, degan xulosaga keldi.

Ammo O‘zbekistonning besh yildan beri dunyoda tinchlik asoslari mustahkam bo‘lmagan davlat sifatida baholanishi, Toshkent hukumati e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Xususan, Global tinchlik indeksining 2010 yilgi xulosasiga  nisbatan shunday e’tiroz O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatiga tegishli ekani taxmin qilinadigan pressuz.info axborot agentligida chop etilgan edi.

“Bugun O‘zbekistonda tinchlik, xotirjamlik va ittifoq hukm surmoqda. Sutkaning istalgan vaqtida ko‘chaga bemalol chiqish mumkin. Tinchlik va barqarorlikning asosiy ko‘rsatkichi shu emasmi? Bugun davlatning oqilona siyosati bois murakkab va ziddiyatli mintaqada joylashgan O‘zbekistonda millatlar va dinlararo totuvlik hukm surmoqda”, deb yozgan edi 2010 yilgi Global tinchlik indeksiga e’tiroz bildirgan O‘zbekiston hukumatiga qarashli axborot agentligi.

Tinchlik nima o‘zi?

Oddiy o‘zbekistonliklar va Toshkent rasmiylari nazarida ichki va tashqi mojaro va urush yo‘qligining o‘ziyoq tinchlik bo‘lib ko‘rinsa, Global tinchlik indeksini tuzadigan tahlilchilar uchun bu faqat “negativ tinchlik”, sodda qilib aytganda, nisbiy tinchlik, xolos. Bir qarashda tinch va barqaror bo‘lib ko‘rinayotgan vaziyatning ost qatlamlarida borayotgan chuqurroq jarayonlar ham sirtqi manzaraga mosmi yoki sirtqi tinchlik ostida erta-indin mojaroga eltuvchi tebranishlar bormi – mustaqil tahlilchilar Global tinchlik indeksi orqali ana shu savolga javob berishga urinadilar.

Global tinchlik indeksi mualliflari u yoki bu mamlakatdagi tinchlikning qanchalik mustahkamligini o‘z ichida yana 23 mezonga bo‘linadigan uch yirik ko‘rsatkich bo‘yicha baholaydilar.

Bular mamlakatda ichki va tashqi mojaroning bor-yo‘qligi, jamiyatdagi xavfsizlik va xotirjamlik, hamda davlatning harbiylashuv darajasidir.

Garchi O‘zbekiston na ichki va na tashqi qurolli mojarolarga tortilgan bo‘lsa-da, ana shu uch ko‘rsatkichning keyingi ikkalasi tinchlik asoslarining zaiflashib borayotganini ko‘rsatadi, deydi Ozodlik bilan suhbatda Global tinchlik indeksi asoschisi va prezidenti, avstraliyalik filantrop  Stiv Killela (Steve Killelea).

– O‘zbekistonda zo‘ravonlikka aylanib ketadigan namoyishlar chiqish ehtimoli, bizning xulosamizga ko‘ra, bu yil bir oz kamaydi. Ammo mamlakatdagi siyosiy barqarorlik vaziyati o‘tgan yilga nisbatan bir oz yomonlashdi. Bu yil hisobotga beshta yangi davlat qo‘shilgani bois, O‘zbekiston o‘rin hisobidan yuqorilagan bo‘lsa-da, bu hali tinchlik asoslari mustahkamlanganini anglatmaydi. Toshkent hukumatining yalpi milliy mahsulot hajmiga nisbatan harbiy xarajatlarni oshirgani ham O‘zbekiston ko‘rsatkichlari yomonlashuviga asos bo‘ldi, deydi Global tinchlik indeksi rahbari.

U yoki bu davlatdagi tinchlikning qanchalik barqarorligini uning harbiy xarajatlari va qurolli kuchlarining nechog‘li qudratli ekani emas, balki bu davlatdagi tizimlarning qanchalar yashovchanligi belgilaydi, der ekan Stiv Kilela, Islandiyani tilga oladi. Bu davlatdagi siyosiy va moliyaviy tizimlar mustahkam va yashovchan bo‘lgani bois, global iqtisodiy bo‘hrondan eng katta zarba egan davlat bo‘lishiga qaramay, Islandiya bu yil yana dunyoning eng tinch davlati maqomini qayta qo‘lga kiritdi, deydi Global tinchlik indeksi rahbari Ozodlik bilan suhbatda.

Qo‘rquvga asoslangan tinchlik – ildizlari chirigan daraxt kabi, der ekan Global tinchlik indeksi rahbari Stiv Killela, xalq isyonidan qulagan arab rejimlarini tilga oladi.

– Arab bahori davlatlariga nazar tashlasak, bu hududlardagi avtoritar rejimlar o‘z shavqatsiz jazo tizimlari vositasida uzoq yillar tinchlik va barqarorlik o‘rnatgandek bo‘lib keldi. Ammo oziq-ovqat narxining oshishi turtkisida mamlakat boyliklarining rejim tomonidan o‘g‘irlanishi, adolatsizlik va korruptsiya ko‘lamidan yig‘ilib kelgan xalq noroziligi Tunis va Misrdagi tinchlikni sanoqli soatlar ichida chippakka chiqardi  va uzoq yillar davomida qatiqqo‘l rahbar boshqaruvida tinch va barqaror bo‘lib kelgan Liviya, Tunis va Misrni  2011 yilgi indeks bo‘yicha, dunyoning eng beqaror va notinch davlatlari safiga tashladi. Arab isyoni dunyodagi biror avtoritar rejimning tom ma’noda barqaror emasligi va bo‘la ham olmasligini namoyon qildi , deydi Stiv Killela.

O‘zbekistondagi tinchlik ustunlarini emirayotgan omillar

O‘zbekistonda bugun hukumat xalqqa o‘zining eng yirik yutug‘i sifatida ko‘z-ko‘z qilib kelayotgan tinchlikni teskarisiga aylantiruvchi ham ichki, ham tashqi omillar yildan-yilga ko‘paymoqda, deydi markazi Londonda joylashgan Urush va tinchlikni yoritish institutining Markaziy Osiyo bo‘yicha etakchi tahlilchisi Jon MakLeod.

– O‘zbekistondagi tinchlikka tahlika asosan xom-ashyo savdosiga qaram bo‘lib qolayotgan iqtisodning turg‘unlashuvi, asosan paxtachilikka o‘tqazilgan qishloq xo‘jaligining daromad keltirmay qo‘ygani, markazlashgan korruptsiya, aholining qashshoqlashuvi, biznes imkonlarining nihoyatda cheklangani, hukumatning aholi turmushini hamma tomondan qattiq nazoratga olgani kabi omillardan tug‘ilmoqda.

Hozircha millionlab mehnat muhojirlarining O‘zbekistonga jo‘natayotgan pullari ijtimoiy portlash oldini olib turibdi. Ammo, deylik, ertaga Rossiya iqtisodi inqirozga kirsa yoki Moskva muhojirlarga nisbatan siyosatini keskinlashtirsa, bu qutqaruv yo‘li bekiladi va aholining kattagina qismi o‘z ayanch ahvoli uchun asosiy javobgar bo‘lgan hukumatga qarshi chiqishga majbur bo‘lishi mumkin, deydi britaniyalik tahlilchi.

Tinchlik mustahkamligi yuzasidan O‘zbekistonni zaif davlatlar safiga qo‘ygan Global tinchlik indeksi rahbarining ta’kidlashicha, 2011 yilgi global tamoyillar, jahondagi mojarolarning alohida davlatlar o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuv emas, balki asosan fuqarolarning o‘z avtoritar hukumatlari bilan qarama-qarshiligi tusiga kirayotganini ko‘rsatgan.

Beqarorlik retsepti o‘zgarishsiz qoladi

Mustaqil tahlilchi Jon MakLeodga ko‘ra, jahonning aksar avtoritar davlatlari uchun fuqarolar va hukumat o‘rtasidagi to‘qnashuv tamoyili kelasi yillarda ham saqlanib qolishini taxmin qilish mumkin.

– Bugun O‘zbekistonda guvoh bo‘layotganimiz tinchlik notabiiy tinchlik va u fuqarolarning buyuk baxtiyorligi emas, balki avtoritar davlat bosimi mahsulidir. Normal jamiyatlarda xalqning hukumat siyosatidan noroziligi turli namoyishlar, ish tashlashlar, erkin matbuot va boshqa shakllarda  o‘z ifodasini topadi va shu tarzda jamiyat va davlat o‘zini ijtimoiy portlashdan muhofaza qiladi. Ammo bularning birortasiga yo‘l berilmaydigan O‘zbekiston kabi davlatlarda nihoyatda jo‘n narsalar yillar davomida o‘ta kuchli bosim ostida bostirib kelingan norozilikni portlash nuqtasiga olib kelishi mumkin. Andijon voqealari buning dalilidir.

Bugun tinchlikka sig‘inayotgan o‘zbeklar ham boshqa xalqlardan ko‘p farq qilmaydi. Bu xalq  qashshoqlikka ham, adolatsizlikka ham ovoz chiqarmay chidayveradi, deguvchilar bir kun Misr va Tunisdagi tinchlikni ko‘z-qo‘z qilganlar kabi, adashgan bo‘lib chiqishlari mumkin. O‘zbeklarning, tinchlikdan yaxshisi yo‘q, degan ishonchini tushunish mumkin. Ammo gap tinchlikning yaxshi-yomonligida emas, balki hamma narsani ko‘rpa tagiga bostirish bilan nechog‘li uzoq va mustahkam tinchlikka erishish mumkinligidadir, deydi Global tinchlik indeksi xulosalari munosabati bilan Ozodlik suhbatlashgan Urush va tinchlikni yoritish instituti tahlilchisi Jon Makleod.

http://www.ozodlik.org/content/article/24206012.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: