Qozog‘iston poytaxtida portlash yuz berdi, qurbonlar bor – bbc uzbek


24 may 2011

Qozog‘iston Milliy Xavfsizlik qo‘mitasining poytaxt Ostonadagi vaqtinchalik hibsxonasi tashqarisida yuz bergan portlashda ikki kishi qurbon bo‘lgan.

Xabarlarga ko‘ra, qizil rangli Audi -100 rusumidagi mashina portlagan.

Qurbonlarning mashinada bo‘lgan ikki kishi ekani aytilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, tinch fuqarolarga hech bir ziyon etmagan.

Portlash oqibatida tevarak-atrofdagi uy-joy va binolarning derazalari to‘kilib tushgan.

Qator axborot agentliklarining shohidlarga tayanib xabar berishlaricha, hodisa mahalliy vaqt bilan erta tong soat 3:30 lar atrofida yuz bergan.

Shohidlar portlash sathida inson jasadi bo‘laklarining sochilib yotganiga ham ko‘zlari tushganligini aytishgan.

Dastlabki xabarlarda portlash – xudkushlik hujumi ekani aytilgandi.

Lekin Qozog‘iston huquq-tartibot idoralaridagi manbaga ko‘ra, “yuz bergan hodisani terrorchilik amali deyishga halicha erta”.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirining aytishicha, mashinada portlab ketganlarning ekstremistik yoki diniy tashkilotlarga aloqalari bo‘lmagan.

Vazir janoblari ularning shaxsi aniqlanayotgani, joriy paytda operativ qidiruv guruhi tekshiruv ishlarini olib borayotganini bildirgan.

Vazirlikka ko‘ra, mashina o‘z-o‘zidan portlab ketgani taxmin etilmoqda.

Ular biror bir portlovchi modda qoldig‘i yoki bo‘lagining topilmagani shunday xulosaga kelishga undayotganligini ta’kidlashayotir.

Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari chiqargan bayonotda aytilishicha, mashina odamsiz hududga tashlab ketilgan bo‘lgan va ichidagi odamlar ham jinoiy qidiruvda bo‘lgan shaxslar bo‘lishgan.

Mas’ullar mashinada tashqi ko‘rinishi ovro‘polik bo‘lgan ikki erkak kishining bo‘lganini aytishmoqda.

Ayon bo‘lishicha, militsiya xodimlari voqea joyidan 48 yoshli asli qirg‘izistonlik shaxs va 26 yashar Qozog‘iston fuqarosiga tegishli hujjatlarni topishgan.

Ammo ularning ism-shariflarini ochiqlashmagan.

Ikkovlonning Qozog‘istonning shimoliy Ekibastuz shahrida istiqomat qilganliklari ham aniqlangan.

Qozog‘istondan kelayotgan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Ostona shahar Ichki ishlar boshqarmasi yuz bergan portlash yuzasidan mamlakat Jinoyat Kodeksining 188-moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochgan.

Mazkur modda, “Ehtiyotsizlik oqibatida birovning mol-mulkini vayron etish yoki o‘t bilan ehtiyotsiz o‘ynashish natijasida birovning mol-mulkiga ziyon etkazish”ni ko‘zda tutadi.

O‘tgan hafta Aqto‘ba viloyat Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi binosida xudkushlik hujumi yuz bergan va 25 yoshli Rahimjan Maxatov o‘zini portlatib yuborgandi.

Hujumchining o‘zi voqea joyida halok bo‘lgan, uning yonida bo‘lgan ikki kishi jarohatlangandi.

Rasmiylar xudkushlik hujumi terrorchilik amali emasligi, jinoyat sodir etganlikda gumon qilingan shaxsning javobgarlikdan qochish maqsadida amalga oshirgan ishi ekanligini aytishgandi.

Ammo vaziyat barqaror ekanligini ko‘rsatish uchun Qozog‘iston hukumati ataydan tafsilotlarni to‘liq oshkor etmayotganiga oid gap-so‘zlar ham yo‘q emas.

Ostonadagi so‘nggi portlash Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning Qozog‘istonga safari bilan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

http://www.bbc.co.uk/uzbek/central_asia/2011/05/110524_cy_kazakhstan_explosion.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: