O‘zbekistonda mahbuslarga amnistiya e’lon qilinmagan – bbc uzbek


23 may 2011

Yusuf Jumaning ozod etilishi boshqa siyosiy mahbuslarning yaqinlarida ham umid uyg‘otgan

O‘zbekiston rasmiylari mamlakat mustaqilligining 20 yilligi munosabati bilan amnistiya e’lon qilingani haqidagi xabarlarni rad etishgan.

Bi-bi-si bilan suhbatda O‘zbekiston Senatining sud-huquq va qonunchilik qo‘mitasi raisi Svetlana Ortiqova prezident tomonidan Senatga hozircha bu kabi hujjat taqdim etilmaganini bildirdi.

“Hozircha prezidentimiz tomonidan bunday hujjat taqdim qilingani yo‘q. Bu odatiy hujjat emas. Amnistiya prezidentning xohish-irodasiga bog‘liq. U kishi xohlasalar mustaqillikdan bir hafta, xohlasalar ikki hafta oldin taqdim qiladilar. Shundan keyingina Senat qarorlarni tayyorlaydi va e’lon qiladi”,- deydi senator Ortiqova.

O‘tgan hafta taniqli shoir Yusuf Jumaning qamoqdan ozod etilishi bilan bog‘liq xabarlarda unga nisbatan mustaqillikning 20 yilligi munosabati bilan e’lon qilingan amnistiya qo‘llanilgani aytilgandi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Toshkentdagi elchixonasi dissident shoirning insonparvarlik belgisi sifatida ozodlikka chiqarilganini aytgan.

Toshkentlik jurnalist va huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanovning fikricha, Yusuf Jumaning ozod etilishi Amerika va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasidagi siyosiy savdolashuv natijasi ekani tobora oydinlashmoqda.

“Yusuf Jumaning ozod etilishi AQSh yuqori martabali mulozimlarining O‘zbekiston hukumati bilan olib borgan muloqotlari natijasi ekani ma’lum bo‘layapti. Bu birinchisi emas. Avvalroq “Serquyosh o‘zbekistonim” koalitsiyasi rahbari Sanjar Umarov ham ana shunday muloqotlar natijasida ozodlikka chiqarilgan, u ham Navoiydagi qamoqxonadan chiqarilgani zahoti Amerika Qo‘shma Shtatlariga uchib ketgan edi”, – deydi Abdurahmon Tashanov.

Yusuf Juma AQSh Davlat Kotibasi Hillari Klintonning o‘tgan yil dekabrida Toshkentga safari chog‘ida unga taqdim etilgan 14 nafar siyosiy mahbuslar ro‘yxatida bo‘lgan.

Ro‘yxatni Klinton xonimga taqdim etgan inson huquqlari faoli Surat Ikromovning aytishicha, u keyinroq yana 25 nafar mahbusning ro‘yxatini Amerika rasmiylariga topshirgan.

Yusuf Juma oxirgi 3 oydan kamroq vaqt mobaynida ozodlikka chiqarilayotgan ikkinchi ko‘zga ko‘ringan siyosiy mahbusdir.

Shu yil martida muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasi raisi Muhammad Solihning qamoqdagi ukalaridan biri Rashid Bekjon 12 yildan so‘ng, kutilmaganda ozod qilingandi.

Yaqinlariga ko‘ra, Rashid Bekjon qamoqdagi mahkama uning muddatini yana 3 yilga uzaytirganidan bir necha kun o‘tib, ozod etilgan.

Surat Ikromovning aytishicha, g‘arb so‘nggi paytlarda Prezident Karimovga siyosiy mahbuslarni ozod etish borasida bosimlarni kuchaytirgan.

“AQSh va Ovro‘po Ittifoqi tomonidan O‘zbekiston hukumatiga hech bo‘lmasa, xalqaro jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan siyosiy mahbuslarni ozod etish orasida bosimlar bor. O‘tmishdan O‘zbekiston hukumati xalqaro bosimlar kuchaygan payt bir, ikki, mening ma’lumotimcha, to‘rttaga qadar siyosiy mahbuslarni ozod qilgan hollar bo‘lgan. Umida Niyozova, Mo‘’tabar Tojiboeva, keyinroq Sanjar Umarovlar xuddi shu yo‘sin ozod etilgan. O‘zbekiston hukumati bu kabi aktsiyalardan maksimal foyda olishga urinadi. Ammo bu O‘zbekiston hukumati bilan g‘arbning inson huquqlari borasidagi muloqoti samara berayotganini anglatmaydi. Bu bir savdolashuvga aylangan”, -deydi huquq faoli.

Yusuf Jumaning ozod etilishi O‘zbekiston qamoqxonalaridagi o‘nlab boshqa siyosiy mahbuslarning oilalarida ham umid hislarini uyg‘otgan.

Ammo 12 yildan buyon qamoqda o‘tirgan va o‘tgan yili etmish yoshini qarshilagan taniqli adib Mamadali Mahmudov bilan bugun atigi besh daqiqa telefonda gaplashganini aytgan ayoli Muqaddas opaning so‘zlaridan anglashilishicha, bu faqat bir umid, xolos.

“Biz ham umid qilayapmiz, xolos. Bugun o‘zlari ham birovning telefonidan sim qoqib, bir-ikki narsa olib kelishni tayinladilar. Har uch oyda besh daqiqa gaplashishga ruxsat berishadi. Shoshib-shoshib gapirdilar, ammo amnistiya haqida hech narsa deganlari yo‘q. Yoshlari etmishdan o‘tdi, muddatlarini bir oyga ham kamaytirishgani yo‘q. Oxirgi marta ko‘rganimizda sog‘liqlari yaxshi emas edi. Yuraklari bezovta qilib turadi, nafas olishga qiynalib qolganlar”,- deydi qamoqdagi adibning ayoli.

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/05/110523_cy_uzbek_amnesty.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: