Berlinda O‘zbekiston muxolifat guruhlarining qurultoyi boshlanmoqda – bbc uzbek


23 may 2011

Xayrullo Fayz, Berlin

Berlinda O‘zbekiston Xalq Harakati atalmish asosan Andijon qirg‘inidan keyin vatanni tark etishga majbur bo‘lgan o‘zbekistonliklar va yana bir guruh muxolifat vakillari mustaqillikning yigirma yili davomida ilk bor yirik bir qurultoy o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqdalar.

Anjumanga yig‘ilganlar o‘z oldilariga, ba’zi kuzatuvchilarga ko‘ra, juda ham katta maqsadlarni qo‘yishgan.

“…mavjud siyosiy tuzumning o‘z-o‘zini isloh qilishga bo‘lgan butun imkoniyatlari uzil-kesil tugab bitgani va bu tuzum qon to‘kishlarsiz, tinch yo‘llar bilan almashitilishi kerakligi borasidagi fikrda yakdildirlar,” – deyiladi O‘zbekiston Xalq Harakati chiqargan bayonotda.

Ammo ayni “yakdil”likni O‘zbekistonning hamon kuchsiz qolayotgan tarqoq muxolifatidagi barcha guruhlar ham dastaklashayotgani yo‘q.

“Birlik” Xalq Harakati rahbari O‘zbekiston Xalq Harakatiga bosh qo‘shayotgan asosan Andijon qirg‘inidan keyin vatanni tashlab chiqishga majbur bo‘lgan o‘zbekistonliklar va “Erk” demokratik partiyasini “Islomchi aqidaparastlar” deya ogohlantirmoqda.

O‘zbekiston hukumati ham yangi Xalq Harakati tashkilotchilari Andijonlik muhojirlar va “Erk” partiyasini “Islomiy ekstremistlar” qatoriga qo‘shib keladi.

Inqilob orzusi…

O‘zbekiston Xalq Harakati tashkilotchilari arab davlatlarida ro‘y bergan inqiloblar va xalqning islohot talablari bilan ko‘chalarga chiqayotganidan ilhomlanganlarini yashirishmaydi.

O‘zbekiston siyosiy sahnasi o‘tgan yigirma yil davomida “tomoshalarsiz” o‘tayotgani ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, har qanday inqiloblar ehtimolini yo‘qqa chiqaradi.

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida matbuot erkin bo‘lmadi.

Mamlakatda kechgan bir necha saylovning birortasi ham xalqaro hamjamiyat tomonidan adolatli deya tan olingani yo‘q.

Kuzatuvchilar, mana shunday bir vaziyatda butun bir yangi avlod voyaga etganiga ishora qilishar ekan, inqilob orzusi hali beri amalga oshmasligini taxmin qilishadi.

Muxolifat safida bo‘lgan ayrim faollar bu yaqin kelajakda, ayniqsa, Andijonda yuzlab begunoh insonlar hukumat kuchlari tomonidan o‘qqa tutilgani manzarasida o‘zbekistonliklarni islohot talablari bilan ko‘chalarga chiqishiga umid qilishayotgani yo‘q.

Ammo O‘zbekiston Xalq Harakati qurultoyi faollaridan biriga ko‘ra, hech kim nisbatan obodroq va ozodroq Misrda ham xalq o‘z huquqlarini talab qilib chiqishini kutmagan edi.

“Hamma gap qanday qilib xalqqa o‘z huquqi uchun kurashish imkoniyatlari mavjudligini etkazishdadir,” – dedi qurultoy faollaridan biri.

Inqilob qiroli uchta harf – www!

O‘zbekiston xalq harakati o‘zini ilk bor internetda ko‘rsatdi: Facebook ijtimoiy tarmog‘ida ochilgan sahifa bir necha kun ichida yuzlab o‘zbekistonliklar nazariga tushdi.

Deyarli barcha mustaqil xabar agentliklari, muxolifat saytlariga to‘siq o‘rnata olgan O‘zbekiston hukumati halicha Facebook-ni yopib qo‘yishga jur’at qila olgani yo‘q.

Bir oyda bir necha ming o‘zbekistonliklar Facebook, Twitter kabi tarmoqlarga a’zo bo‘lishmoqda.

Ularning aksariyati mustaqillik davrida voyaga etgan yosh yigit-qizlar ekani aytiladi.

O‘zbekiston hukumatining to‘la nazorati ostida bo‘lgan mamlakatdagi barcha matbuot nashrlari, radio va televizion o‘tgan bir necha yil ichida “yakkahokimligini” aynan internetga qo‘ldan boy berdi.

Xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston Xalq Harakati va boshqa muxolif guruhlarning internetdagi anchayin jiddiy harakatlari hukumatni tashvishga solib qo‘ygan.

Mahalla faollari kompyuterga ega xonadonlar ro‘yxatini tuza boshlaganlar.

Oliy o‘quv yurtlarida esa imtihonlar sanasi ham o‘zgartirilgan va talabalar ertaroq ta’tilga chiqarilgan.

Hukumatning bu kabi “choralari” O‘zbekiston Xalq Harakati qatorida boshqa muxolif guruhlarni ham ilhomlantirayotgani aniq.

Qolaversa, bugun mamlakatdan tashqarida qolayotgan yuzlab muxolifatchilar uchun o‘z maqsadlari yo‘lida kurashishning eng ishonchli va ehtimolki, yagona “quroli” ham internetdir.

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/05/110523_cy_berlin_uzbek_opposition.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: