‘Asosiy maqsad – O‘zbekistondagi mavjud tuzumni tinch yo‘l bilan almashtirish’ – bbc uzbek


24 may 2011

Xayrullo Fayz, Berlin

O‘zbekiston Xalq Harakati atalmish asosan Andijon qirg‘inidan keyin vatanni tark etishga majbur bo‘lgan o‘zbekistonliklar va yana bir guruh muxolifat vakillarining Olmoniya poytaxti Berlinda boshlangan qurultoyida O‘zbekistondagi mavjud siyosiy tuzumni tinch yo‘l bilan almashtirish ishtirokchilar tomonidan asosiy maqsad sifatida belgilab olindi.

13 may Ittifoqi platformasida tashkil etilgan O‘zbekiston Xalq Harakati bir qator siyosiy va jamoat tashkilotlari, shuningdek, fuqarolardan iboratdir.

Harakat ta’sischilari “O‘zbekistonda uzoq yillardan beri mamlakatni davlat terrori yo‘li bilan boshqarib kelgan mavjud siyosiy tuzumning o‘z-o‘zini isloh etishga bo‘lgan butun imkoniyatlari uzil-kesil tugab bitgani va tuzum qon to‘kishlarsiz, tinch yo‘llar bilan almashtirilishi kerakligi borasidagi fikrda yakdil” ekanliklarini aytishadi.

Harakat keng xalq ommasining protest potentsialini tuzumga qarshi tinch shakldagi bo‘ysunmaslik aktsiyalariga yo‘naltirish, tuzum rahbari va uning hukumatini tinch yo‘llar bilan iste’foga chiqarishga erishish, hokimiyat tizimlariga erkin va adolatli saylovlar o‘tkazish jarayonini tayyorlash va uni amalga oshirish, barcha siyosiy mahbuslarning ozod etilishi va to‘liq oqlanishi, muxolifat rahbarlarining mamlakatga qaytishlariga erishish o‘zining asosiy vazifalari ekanini aytadi.

Qurultoyning birinchi kunida yana O‘zbekiston Xalq Harakatining nizomi va dasturi ham tasdiqlandi.

Oltita siyosiy va inson huquqlari tashkilotlari (“Erk”, O‘zbekiston Demokratik forumi, Andijon Adolat va Tiklanish, Tayanch tashkiloti, O‘zbekiston Inson Huquqlari jamiyati, Yoshlar harakati, “Ozod dehqonlar”) muassislar bo‘lishdi.

“Erk” demokratik partiyasi raisi Muhammad Solih esa, Muassislar Majlisi raisi etib saylandi.

Bu O‘zbek muxolifati vakillarining xorijda, ehtimolki, mustaqillikning yigirma yili davomida ilk bor yirik bir qurultoyga yig‘ilishlaridir.

Ellikdan ortiq vakillar ishtirok etayotgan ilk yig‘in bahsu munozaralarga boy bo‘ldi.

O‘zbekiston Xalq Harakatining qurultoyida mintaqa masalalarida mutaxassis amerikalik olim Piter Sinnet ham kuzatuvchi maqomida ishtirok etmoqda. O‘zining Markaziy Osiyoga qiziqishini urg‘ular ekan, Sinnet janoblari O‘zbekistondagi so‘nggi vaziyatdan xavotirda ekanini aytadi:

Piter Sinnet O‘zbekistondagi so‘nggi vaziyatdan xavotirda ekanini aytadi

Piter Sinnet – Markaziy Osiyo, ayniqsa, O‘zbekistonda Andijon voqealaridan keyin vaziyat o‘ta abgorlashdi deb o‘ylayman. O‘zbekiston hukumati o‘z xalqiga xizmat qilayotgani yo‘q. Mamlakat rasmiylari barcha o‘zbekistonlarni ish bilan ta’minladik, xalqning hayoti farovon degan ertak aytib kelishmoqda. Bir necha millionlab O‘zbekistonliklar vatandan tashqariga ish qidirib ketishgan. Menimcha, O‘zbekiston hukumati ham ortiq bu kabi yo‘llar bilan mamlakatni idora qila olishga qurbi etmaydi. Hukumat qulashi mumkin degan fikrdaman…

Nimaga ishonib bunday demoqdasiz? Mamlakatda kuchli muxolif guruhlar yo‘q, hukumat barcha kuch tizimlarini nazorat qiladi…

Piter Sinnet – Rost, hukumat mamlakat ichkarisida muxolifat faoliyatiga izn bermaydi. Ammo mamlakat tashqarisida, mening nazarimda, anchayin kuchli va kuchayib borayotgan muxolifat mavjud. Ammo millionlab odamlar ro‘zg‘or tebratish uchun vatanni tark etib mardikorlikka ketishar va ular uyga jo‘natayotgan pullar mamlakat iqtisodining kattagina qismini tashkil etar ekan, xalq hukumatni dastaklashi va hayotidan mamnun bo‘lishini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Albatta, O‘zbekistonni mirshablar mamlakati o‘laroq boshqarish, muxolifatni yo‘q qilish va xavfsizlik tizimlarini kuchaytirish bilan qudratda qolish mumkin,.. ammo bu yo‘lda hukumatda uzoq qolishning imkoni yo‘q, deb o‘ylayman….Karimov ayni shu yo‘llar bilan qudratda qolishga qattiq harakat qildi va shu paytga qadar buning uddasidan chiqdi ham… Ammo Prezidentning yoshi o‘tib bormoqda, keksaymoqda va ayni yo‘lda mamlakatni boshqarish tobora mushkullashib borayotir. Mamlakatni faqat qo‘rquv bilan idora qilishning imkoni yo‘q.

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/05/110524_cy_berlin_latest.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: