1924-yilgi milliy-hududiy chegaralash – e-tarix.uz


1917-yili Turkistonda muhim siyosiy o‘zgarishlar yuz berdi. Mintaqa xalqlari mustamlakachilikning 50 yillik zulmiga qarshi milliy-ozodlik kurashini avj oldirib yubordilar. Ma’rifatparvarlik harakati sifatida vujudga kelgan jadidchilik Turkiston taqdiri hal qilinayotgan paytda o‘zbek xalqini g‘oyaviy jihatdan birlashtiruvchi kuch sifatida maydonga chiqdi. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar Qori, Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jaev (Ubaydulla Xo‘jaev), Mustafo Cho‘qaev, Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on kabi jadid taraqqiyparvarlari Turkistonga muxtoriyat maqomi berish uchun kurashdilar va siyosiy jarayonlarga faol aralashdilar. O‘lka xalqlarining dastlabki ijtimoiy-siyosiy jamiyati — «Sho‘roi Islomiya» tuzilib, u muxtoriyatchilik harakatining tepasida turdi.

Bu paytda Buxoro amirligi va Xiva xonligi hududida Yosh buxoroliklar va Yosh xivaliklar partiyasi a’zolari demokratik islohotlar o‘tkazish uchun o‘z faoliyatlarini kuchaytirdilar. Abdurauf  Fitrat, Fayzulla Xo‘jaev, Polvonniyoz  Hoji Yusupov ularning rahbarlari edi. Afsuski, 1917-yil noyabrda tashkil topgan Turkiston Muxtoriyati hukumati — xalqimiz tarixidagi dastlabki demokratik hukumat oradan ko‘p o‘tmay mustabid sovet tuzumi va bosqinchi qizil askarlar tomonidan qonga botirildi. Hukumat faoliyat ko‘rsatgan Qo‘qon shahri vayron qilindi, tinch aholi qirg‘inga duchor etildi. 1918-yil fevral oyida dastlab Qo‘qon atroflarida boshlangan istiqlolchilik harakati tez orada butun Turkiston mintaqasiga tarqaldi. Farg‘ona vodiysida Kichik va Katta Ergash, Madaminbek, Shermuhammadbek, Islom Pahlavon, Yormat Mahsum, Buxoroda Ibrohimbek, Anvar Posho, Mulla Abdulqahhor, Xorazmda Junaidxon kabi qo‘rboshilar harakatga qo‘mondonlik qilishdi. Biroq Turkistonning mustaqilligi va ozodligi uchun kurashgan istiqlolchilar sovet davrida «bosmachi» va «xalq dushmani» sifatida ko‘rsatilib, jamoatchilik fikri shu yo‘nalishda shakllantirildi. Ashni olganda, istiqlolchilik harakatining boshidan oxirigacha bir buyuk g‘oya ustunlikqilgan edi. Bu g‘oya butun Turkistonning milliy istiqloli va mustaqilligi g‘oyasi bo‘lib, u harakatning asosiy  maqsadi bo‘lib qolaverdi. Istiqlolchilik harakati tarixi o‘zbek xalqining sovet davri tarixiga uning eng shonli vazafarli, shuningdek, qayg‘uli va dard-alamli sahifalari bo‘lib yozildi.

Turkiston — mintaqa xalqlarining yagona makoni, umumiy vatani

Markaziy Osiyo, jumladan,Turkiston, Buxoro va Xorazm davlatlarining tub xalqlari necha asrlar davomida turmush tarzi va an’analari jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lib keldilar. Buxoro va Xorazm XX asr 20-yillarining boshiga qadar mustaqil davlatlar bo‘lgan. Bu mintaqa yagona zamini, o‘z xo‘jaligi, an’analari, dini, madaniyatining mushtarakligi bilan ajralib turgan. O‘rta Osiyo davlatlaridan har birining ko‘p millatli ekanligi, o‘zbeklar, turkmanlar, tojiklar, qoraqalpoqlar, qirg‘izlar, qozoqlar va boshqa erli xalqlarning uchala davlat hududlarida tarqalib yashashi tarixan an’anaviy bo‘lgan. Mana shu davlat tuzilmalari doirasida har bir xalq yoki alohida urug‘lar xo‘jalik hayoti tizimidagi o‘z o‘rnini egallab, o‘zining ishlab chiqarish va xo‘jalik faoliyati bilan davlat va mintaqa ijtimoiy hayotining yaxlit zanjiridagi uzilmas halqani tashikil etgan. Turkiston mintaqasining xalqlari shu zaminni qadimdan o‘zlarining asl vatanl deb bilganlar. Vatan yagonaligi hissi xalq ijodiyotida, an’analarida, madaniyatida o‘z aksini topganva shu mintaqada yashab turgan barcha xalqlarninga badiy qadriyatiga aylangan.

Bu mintaqaning xalqlari birdir degan g‘oya avloddan-avlodga o‘tib, milliy etakchilar, jamoat arboblari va milliy ziyolilarning qarashlari hamda amaliy faoliyatlarida aks etdi. Hudud yaxlitligiga, xalqning birligiga xavf-xatar tug‘ilgan kezlarda ana shu g‘oya xuddi bir qalqondek bo‘lib turdi, xalqlarning bir-biridan ajralib, uzoqshib ketishining oldini oluvchi omil bo‘lib qoldi.

Tarixan tarkib topgan uchta davlatni tugatib turib, ularning o‘rniga yangi davlatlar tuzish fikri o‘lka va markazning rahbar xodimlaridan chiqdi. 1920-yilning boshlaridayoq TSRni bo‘lib tashlash va milliy til belgisiga qarab muxtor (avtonom) respublikalar tuzish masalasi qo‘yilgan edi. Bu g‘oya Turkkomissiya raisi Ya.Rudzutak tashabbusi bilan 1920-yil 15-yanvarda qabul qilingan tezislarda aytiladi. Bu tezislar o‘sha yilning iyun oyida RKP(b) Markaziy Komitetining «Partiyaning Turkistondagi vazifalari haqida» degan qarori loyihasiga kiritildi. Bu taklifni V.I. Lenin qo‘llab-quvvatladi. Loyihaga bildirgan o‘z mulohazalarida u Turkistonning «O‘zbekiya, Qirg‘iziya, Turkmaniya»ga bo‘lingan kartasini tuzish zarur deb ko‘rsatdi. V.I. Lenin birmuncha keyinroq o‘zi tayyorlagan boshqa bir loyihada o‘z nuqtai nazarini o‘zgartirib: «Respublikani (ya’ni Turkistonni) 3qismga bo‘lish oldindan hal qilib qo‘yilmasin», deb uqtirdi.

Milliy respublikalar vaviloyatlar tuzishga ko‘rsatma berilishi va uning siyosiy jihatdan asoslanishi

Turkistonning ma’muriy-hududiy kartasini qaytadan ko‘rib chiqish bolsheviklarning qaytadan tuzish siyosatidan o‘lkada norozilik kuchayib borgan, mustaqillik uchun harakat ko‘lami kengayib kelayotgani, milliy masala yuzasidan Kavkazortida boshlangan kurash aks sadosi va boshqa sabablarga ko‘ra orqaga surilib turdi. 1920-yilga kelib O‘rta Osiyoda TSRdan tashqari Buxoro va Xorazm Xalq Sovet respublikalari tuzilganligi ham muhim omil bo‘ldi. Bu respublikalar tuzilganidan keyin ma’lum rahbarlar guruhi ularni ham hududiy qayta bichish doirasiga tortish rejalarini ilgari surdilar.

Milliy respublikalar tuzish zarurligi g‘oyasi tashabbuschilari uni (ya’ni, bu g‘oyani) erli xalqlar hayotida tengsizlik mavjudligi, milliy mojarolar kuchayib borayotgani bilan asosladilar. Bu mojarolardan qutulish yo‘li turkmanlar, qirg‘izlar va boshqalarning milliy davlatini tuzish, deb e’lon qildilar, amalda esa bu chora-tadbir xalqlarni bir-biridan ajratib qo‘yishdan boshqa narsa emas edi. Hududlarni qaytadan belgilash va chegaralash tarafdorlari til tafovutlari, milliy tafovutlarga diqqatni ko‘proq qaratib, ho‘jalikka oid, iqtisodiy omillarni, mavjud suv resurslari, sug‘orish tizimlarining umumiy ekanligini kamroq hisobga oldilar. Umuman, siyosiy jihatlar birinchi darajali hisoblandi. Rahbar xodimlar orasidagi evropaliklar bilan tub xalqlar vakillari o‘rtasidagi ixtiloflar, shuningdek, ayrim guruhbozlik ko‘rinishlari mexanik tarzda O‘rta Osiyo mintaqasi xalqlari o‘rtasidagi munosabatlarga ko‘chdi. Rudzutak, Stalin va boshqalar O‘rta Osiyoda milliy mojaro mavjudligini uqtirdilar. Milliy masala sun’iy ravishda bo‘rttirib yuborildi va davlatlar hududini tubdan qayta belgilash uchun hal qiluvchi asosiy dalil sifatida ilgarisurildi.

Turor Risqulov Turkkomissiya va Ya.Rudzustak tezislariga qarama-qarshi o‘laroq, va bir guruh milliy etakchilar 1920-yildayoq turkiyzabon xalqlar yagona bo‘lib, ularning tarixiy ildizlari, dinlari, an’analari va madaniyati mushtarakdir, Turkistonni alohida qismlarga ajratib bo‘lmaydi, degan g‘oyani ilgari surdilar. Biroq bu fikrni bolshevikcha Markaz inkor etib, uni panturkizm, panislomizm, burjua millatchiligi deb baholadi.

Mintaqani milliy-hududiy jihatdan qayta tuzish masalasi partiya organlari tomonidan ishlab chiqildi va amalga oshirildi. O‘rta Osiyo byurosi (Sredazbyuro) umummintaqani qamrab oladigan chegaralanish zarurligi to‘g‘risidagi masalani respublikalar partiya organlari, partiya xodimlari muhokamasiga qo‘yishga zo‘r berib intildi. Bu holat, xususan, SSSR tuzilgach (1922-yil 30-dekabr) kuchaydi.

1922-yili, va ayniqsa, 1923-yili erli millatlar vakillarining bir qancha rahbar xodimlari O‘rta Osiyoda amalga oshirilayotgan milliy siyosatdan qoniqmayotganliklarini ochiq-oydin ma’lum qila boshladilar. 1923-yil oxirida Turkiston xodimlarining bir guruhi Markazga xat bilan murojaat qilib, unda milliy nizolar o‘lkada tugatilmasdan, ko‘proq avj oldirilmoqda, deb qayd etdilar. Ushbu maktubda milliy etakchilar mavjud bo‘lgan ma’lum milhiy-hududiy nizolarni tarixan tarkib topgan hududlar, aloqalar, davlat tuzumini keskin buzmasdan, har bir alohida respublika doirasida hal qilish zarur, degan fikrni ilgari surdilar. Ba’zi joylarda bu g‘oya amaliy jihatdan yuzaga chaqarildi. 1923-yil oktabrida Buxoro respublikasida turkman va tojik viloyatlari tashkil etildi. Keyinchalik Xorazm respublikasida muxtor turkman va muxtor qirg‘iz-qozoq-qoraqalpoq viloyatlarini tashkil etishga qaror qilindi. 1923-yil dekabrida Farg‘ona vodiysi vakillari RSFSR tarkibida Farg‘ona muxtor viloyati tashkil etish to‘g‘risida taklif bilan chiqdilar. Biroq bu fikrni o‘lkadagi rahbar organlar, avvalo partiya organlari xato fikr deb rad etdi. Chegaralash g‘oyasini ishlab chiqib, maromiga etkazish yo‘li va boshqa bir qancha takliflar ham olg‘a surildi. Biroq Markaz va RKP(b) Markaziy Komiteti O‘rtaOsiyo byurosi yaxlit va ulkan mintaqada, avvalo uchta O‘rta Osiyo respublikalari hududlarida yalpi hududiy chegaralash chora-tadbirlarini qat’iy ilgari surdilar.

1924-yilgi milliy-hududiy chegaralash

O‘rta Osiyoni chegaralab bo‘lish va milliy respublikalar tuzish g‘oyasi 1924-yilda amalga oshirila boshlandi. Biroq bu masalaga doir ziddiyatlar ayni davrda ham davom etaverdi. Bu kampaniyada ishtirok etishdan bo‘yin tovlashga ochiq-oydinintilish hollari takrorlanaverdi, yangi loyihalar taklif etildi. Lekin Markaz, O‘rta Osiyo byurosi qattiq turib oldi.

Ammo O‘rta Osiyo respublikalaridagi hukumat va partiya organlarining nuqtai nazarlari yakdil emas edi. Turkiy xalqlar bir-biriga yaqin, degan fikr o‘rtaga qo‘yilar, boshqa dalillar keltirilardi. 1924-yil fevralida Buxoro Kompartiyasi chegaralanish masalasini ko‘rib chiqdi. Unda O‘rta Osiyoning ma’muriy tuzilishi yuzasidan takif etilayotgan, barcha turkiy xalqlarning ildizi birligini hisobga olmaydigan siyosat o‘tmish istilochilari siyosati bilan bir deb aytildi. O‘rta Osiyo byurosi tezislardagi bu fikrlarni xato deb e’lon qilib, qattiq tanqid ostiga oldi. Turkiston Markaziy Ijroiya Komiteti va Turkiston kompartiyasining 10-martdagi birlashgan kengashida atoqli partiya xodimlari S.Xo‘janov, S.Asfandiyorov, N.Paskutskiy O‘rta Osiyodagi mavjud sovet respublikalari o‘rnida O‘rta Osiyo federatsiyasini tuzish to‘g‘risida taklif kiritdilar. Shu bilan birga S.Xo‘janov Turkiston yagona, bir butun va uning yaxlitligini buzish maqsadga muvofiq emas, deb qo‘shimcha qildi.

Xorazm rahbarlarida ham alohida fikrlar mavjud edi. 1924-yil martida ular respublika doirasida: turkmanlar,o‘zbeklar, qirg‘izlarning «sud ishlari… shariat bo‘yicha olib boriladigan, milliy tillardagi… maktablari bo‘lgan»muxtor viloyatlarini tuzishni taklif etdilar. 8-may kuni bir guruh Xorazm rahbarlari RKP(b) Markaziy Komitetiga «Xorazmda milliy masalani hal qilish to‘g‘risida maktub» yuborib, unda Xorazmni chegaralanishga qo‘shmaslikni iltimos qildilar. Ular o‘zlarining shu nuqtai nazarlarini respublikaning olisda joylashganligi, iqtisodiy jihatdan ajralib turganligi bilan asosladilar. Bu nuqtai nazarni Xorazm Kompartiyasi Markaziy Komiteti, jumladan, Qalandar Odinaev (1897—1938)ham qo‘llab-quvvatladi. Qalandar Odinaev 1922-yil oktabriga qadar Amudaryo viloyatida, so‘ngra Xorazmda RKP(b) Markaziy Komiteti O‘rta Osiyo byurosi vakili bo‘lib ishladi. 1924-yil iyulda Q. Odinaev Xorazm Kompartiyasi mas’ul kotib vazifasidan olib tashlandi.

O‘zbekiston SSRning tashkil etilishi. Chegaralanish yakunlari

Turkistonda, Buxoro va Xorazm respublikalarida amaliy ish boshlab yuborildi. Komissiyalar va kichik komissiyalar bo‘lg‘usi tuzilmalarning hududlari va chegaralari to‘g‘risidagi masalani ishlab chiqdilar. Boshqaruv apparatlari tuzib, rejalar, iqtisodiyot, byudjet, er-suv muammolarini, maorif, sog‘liqni saqlashni tashkil qilish muammolarini va boshqalarni hal qildilar. Siyosiy tushuntirish ishlari olib borildi. Materiallar matbuotda e’lon qilinar, miting va yig‘ilishlar o‘tkazilar edi. Milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilishini ma’qullab rezolyutsiyalar qabul qilindi. 1924-yil 31-oktabrda O‘zbekiston SSR Inqilobiy Komiteti (revkom) tuzildi, u O‘zbekiston respublikasi tuzishni boshqarib bordi. Munozaralar tobora qizib bordi. Stalin «Millatlar o‘rtasidagi nizolarga xotima berish» uchun chegaralanishni amalga oshirishga kirishishni taklif etdi. 1924-yil12-iyunda RKP(b) Markaziy Komiteti Siyosiy byurosi O‘rta Osiyoda chegaralanish to‘g‘risidagi masalani yana bir ko‘rib chiqdi va uni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Xorazm respublikasi chegaralanishga kiritilmadi, lekin 1924-yil 26-iyulda Xorazm Kompartiyasi respublikaning chegaralanishga kiritilishiga o‘zining roziligini bildirdi.

Buxoroda maxsus qurilgan Xalq uyida 1925-yil 13-fevralda Sovetlarning I umumo‘zbek qurultoyi ochildi. Unda «O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tuzilgani to‘g‘risidagi deklaratsiya» qabul qilindi. O‘zbekiston hukumatining boshlig‘i qilib Fayzulla Xo‘jaev saylandi. S’ezd respublika hokimiyatining oliy organlarini rasmiylashtirdi. Respublika sovetlari Markaziy Ijroiya Komiteti raisi etib Farg‘ona vodiysidan chiqqan dehqon, «Qo‘shchi» ittifoqining raisi Yo‘ldosh Oxunboboev (1885—1943) saylandi. Jamoat tashkilotlari ham tuzildi. O‘zbekiston SSRning dastlabki poytaxti Buxoro bo‘lgan. Biroq ko‘p o‘tmay — 1925-yil aprelida poytaxt Samarqandga ko‘chirildi. O‘zbekiston SSR keyinchalik- 1925-yil mayda SSSR tarkibiga kirdi. 1929-yilgachaTojikiston ASSR O‘zbekiston SSR tarkibida bo‘lgan.

Tuzilgan O‘zbekiston SSRga TSSRdan Sirdaryo, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarining katta qismi, sobiq Buxoro Xalq Sovet Respublikasidan uning markaziy va g‘arbiy qismlari, ya’ni Zarafshon, Surxondaryo va Qashqadaryo vodiylari, shuningdek, Xorazm vohasi kirdi. O‘zbekiston SSR hududi 312394 kv.km ni ishg‘ol qildi.O‘zbekiston SSR tarkibida Tojikiston ASSR tuzildi, bu muxtor respublika keyinchalik Tojikiston SSRga aylantirildi. O‘zbekiston SSRning o‘z aholisi, 1926-yildagi ro‘yxatga olish ma’lumotlariga qaraganda, 4447555 kishini tashkil etdi, ularning 74,2 foizi o‘zbeklar edi. Respublikaga 1195 ming desyatina sug‘oriladigan er, ishlab turgan 185 ta sanoat korxonalari kirdi. Bu korxonalar orasida 39 ta paxta tozalash zavodi bor edi. O‘zbekiston SSR sanoatida 87 ming ishchi ishlardi.

Milliy-hududiy chegaralash O‘zbekiston xalqlari uchun har tomonlama boshqacha ahamiyatga ega bo‘ldi. U xalqning ijtimoiy-siyosiy hayotiga, madaniyatiga, an’analariga katta ta’sir ko‘rsatdi. Mintaqa kartasi qaytadan tuzildi. O‘zbekiston SSRning tuzilishi esa O‘zbekiston xalqi davlat tuzilishi tarixida diqqatga sazovor voqealarning biri bo‘lib qoldi. Lekin bu o‘zbek davlatchiligi tarixiga asos solindi, degan ma’noni anglatmaydi, albatta. Xalqimizning davlatchiligi ko‘p asrlik tarixga ega. O‘zbekiston SSR esa amalda hech qanday mustaqil siyosiy huquqlarga ega emas edi, chunki u mustabid sovet tuzumining yangi shaklidagi bir qismi edi, xolos.

XULOSA

Xulosa qilib aytganda, haqiqatdan ham O‘rta Osiyo davlatlaridan har birining ko‘p millatli ekanligi, o‘zbeklar, turkmanlar, tojiklar, qoraqalpoqlar, qirg‘izlar, qozoqlar va boshqa erli xalqlarning uchala davlat hududlarida tarqalib yashashi tarixan an’anaviy bo‘lgan. Mana shu davlat tuzilmalari doirasida har bir xalq yoki alohida urug‘lar xo‘jalik hayoti tizimidagi o‘z o‘rnini egallab, o‘zining ishlab chiqarish va xo‘jalik faoliyati bilan davlat va mintaqa ijtimoiy hayotining yaxlit zanjiridagi uzilmas halqani tashkil etgan. Turkiston mintaqasining xalqlari shu zaminni qadimdan o‘zlarining asl vatani deb bilganlar.

Shunday qilib, O‘rta Osiyoni chegaralab bo‘lish va milliy respublikalar tuzish g‘oyasi 1924-yilda amalga oshirila boshlandi

FOYDALANGAN ADABIYOTLAR:

I. A. Karimov. “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q”. T., 1998 y.

Karimov I.A. yuksak manaviyat-engilmas kuch.T.2008.

O‘zbekiston Respublikasi Ensiklopediyasi.T.1997.

4. Saidqulov T. “O‘rta Osiyo xalqlari tarixshunosligidan  lavhalar”.   T., 1993y.

5. Azamat Ziyo. “O‘zbek davlatchiligi tarixi”. T., 2000 y.

6. Muxiddinov N. Kremilda o‘tga yillarim.T.1994.

7. O‘zbekistonning yangi tarixi. II-kitob.T.2000

Adamova Dilnoza

http://www.e-tarix.uz/vatan-tarixi/480-maqola.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: