Prezident oliy ta’lim sifatini tubdan yaxshilamoqchi – ozodlik.org


23.05.2011

Islom Karimov imzo chekkan yangi qaror kelasi besh yil ichida ana shunday jiddiy maqsadga erishishni ko‘zda tutadi.

O‘zbekiston prezidenti 20 may kuni imzolagan yangi qaror “Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” deb ataladi.

Qarordan ko‘zda tutilgan maqsad esa, 2011-2016 yillar davomida oliy ta’lim muassasalarini modernizatsiyalash, ularni zamonaviy o‘quv va ilmiy laborotoriya yaihozlari bilan ta’minlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini maqbullashtirish, ta’lim standartlarini takomillashtirish hisobiga ta’lim jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishdan iboratdir.

Shu maqsad yo‘lida, prezident besh yillik harakat dasturini ma’qullash, O‘zbekiston Bosh vazirining 1-o‘rinbosari Rustam Azimov raisligida maxsus komissiya tashkil qilish, bir qator oliy o‘quv yurtlari nomlarini o‘zgartirish, Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish Jamg‘armasi tashkil etish kabi qator ishlarni amalga oshirish haqida farmoyish bergan.

Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston ta’lim sohasinign ayrim mutaxassislari mazkur farmon qabul qilinishini olqishlagan holda, uning amalda ta’lim sifatini tubdan yaxshilashiga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirdilar.

O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida uzoq yillardan beri ishlab kelayotgan mutaxassis sifatida, bunday qaror uchun ehtiyojning ko‘pdan pishib etilganini aytishim mumkin, deydi Islom Karimovning mazkur farmoniga munosabat bildirgan Farhod Tolipov.

– Inqiroziy muammolar mavjud. Xususan olganda, dars beruvchilar, ya’ni o‘qituvchilar, domlalar, dotsentlar, professorlar malakasi borgan sari pasayib ketayapti. Studentlarning, o‘quvchilarning saviyasi ham tobora pasayib borayapti. O‘qishga bo‘lgan qiziqish studentlarda juda ham kamayib borayapti. Buni men har kuni o‘z ko‘zim bilan kuzatib kelganman va shu nuqtai nazardan, bu sohani tubdan isloh qilish zarurati mavjud. Buni hech kim inkor eta olmaydi. Shak-shubhasiz, haqiqatan ham tubdan isloh qilish kerak. Balki shuni tan olgan holda yangi qaror qabul qilingandir, deydi dotsent Farhod Tolipov.

O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasini inqirozga boshlagan asosiy omillar korruptsiya va o‘qituvchi-professorlar oyligining kamligiga borib taqaladi, deydi O‘zbekiston universitetlaridan birida ishlab, hozirda xorijdagi nufuzli oliygohlardan birida axborot texnologiyalari sohasida saboq olayotgan olim Ulug‘bek Nizomxo‘jaev.

– Mustaqillikdan keyin oylik kamligi uchun ko‘pgina odam ham o‘qituvchilik qilmay qo‘ydi-da. Lekin hozir shunaqa rivojlanayaptiki, besh yillikyangi bu plan, bunga rivojlantirish uchun chetdan texnika keltiriladi. Kompyuter klasslari, o‘qituvchilar malaka oshirishga chet elga jo‘natiladi. Asosan yoshlarga, proektlar qilish kerak, misol uchun. Hozir yo‘l ochilib qo‘yilayaptiki, agar proekt qilsanglar, tushgan pul o‘zlaringniki deyapti. Bu oylikni oshirish bo‘lganda. Standart oylikdan yuqori qilib berish qiyin. Lekin proekt qilib bersanglar, tushgan pulni o‘zinglar olinglar deyapti. Poraxo‘rlikni yo‘qotish uchun qilinayapti-da, deydi O‘zbekiston ta’lim sohasida sekinlik bilan bo‘lsa-da, jiddiy ishlar qilinayotganini ta’kidlagan o‘zbekistonlik yosh olim.

Buxorodagi kasb-hunar kollejlaridan birining o‘qituvchisi Ibod Hakimov, Islom Karimovning oliy ta’lim sifatini tubdan yaxshilash to‘g‘risida qabul qilgan qarorini sovetlarning besh yillik dasturlariga qiyoslaydi va bu bilan inqirozga botgan ta’limni to‘g‘ri o‘zanga solish mumkinligiga ishonmasligini yashirmaydi.

-Umuman O‘zbekistonda hozir ta’lim sistemasi to‘liq izdan chiqib bo‘lgan. O‘rta maktab barbod bo‘lishi hozir birdan to‘qqizgacha qilgani, keyin mana bu kollej degani. Hammasi bular izdan chiqib bo‘lgan. Balandparvoz gap hammasi. Bir paytlar lozunglar bo‘lardi besh yillik degan, o‘shalarning davomi bu. Ya’ni ta’lim sifatini yaxshilash xuddi bir normalniy ketayaptiyu uni yana yaxshilasak.

Masalan, biz kollejda, mutaxassislik sohasi bo‘yicha ish olib borayapmiz, kasbiy yo‘naltirish bo‘yicha. Lekin bu nimaga o‘quvchilar umuman tayyor emas. O‘quvchilarda birdan to‘rtgacha bo‘lgan ma’lumot yo‘q. Savodxonlik, oddiygina nimalar, matematik qo‘shib ayirishlar yo‘q. Yana yaxshilash kerak degani bu shu paytgacha yaxshi bo‘lsa edi, uni yanada yaxshilasak. Ishni umuman noldan boshlash kerak. Davlat tomonidan birinchi e’tiborga ta’lim sistemasini qo‘yish kerak. Boshlang‘ich ta’limning xarob bo‘lib qolishiga sabab esa, o‘quvchi-o‘qituvchilardan davlat temir so‘raydi, paxta so‘raydi, Xudoga shukur, yaganadan qutuldi, o‘toq so‘raydi. Ulardan birov o‘qishni so‘ramaydi!, deydi buxorolik kollej o‘qituvchisi.

Toshkent Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti Farhod Tolipov, mustaqillikdan so‘ng yuzaga chiqqan o‘tish davrida davlat va jamiyatning ma’rifat va ta’lim sohasiga susaygan e’tibori, agar davlat va jamiyat taraqqiy qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yar ekan, ertami-kechmi jonlanishi shart, degan ishonchda.

– Mamlakat, jamiyat rivojlangan sari baribir ta’limga ham, yangi bilimlarga ham zamonaviy bilimlarga intilish, qiziqish kuchayishi baribir muqarrar. Shuning uchun, menimcha, baribir ertami kechmi shu sohani isloh qilish vaqti kelishi kerak edi.

Mana hammaga ma’lum, mafkuraviy shiorimiz bor “O‘zbekiston kelajagi buyuk davlat” degan. Agar haqiqatan ham buyuk davlatga erishmoqchi bo‘lsak, davlatchiligimizni yuksak darajaga ko‘tarmoqchi bo‘lsak, uni faqat savdo bilan, oddiy magazinlaru bozorlarni ko‘paytirib unga erishib bo‘lmasa kerak. Albatta fan, texnika, texnologiyalarni o‘zlashtirib, rivojlantiribgina yuksak darajaga ko‘tarilishimiz mumkin. Agar unday vazifa, shunday maqsad jiddiy qilib qo‘yilgan bo‘lsa, baribir fanga, yuqori malakali mutaxassislarga ehtiyoj seziladi.

Qachon qarorlar qabul qilinsa, yangi o‘zgarishlar kiritilsa qonungami, boshqacha qarorlar qabul qilinsami, ishqilib amali bilan bo‘lsin, deb umid qilaman va shu oxirgi qaror to‘g‘risida ham  aynan shunday fikr bildirishim mumkin. Niyatlar yomon emas, aytilishi yaxshi, dolzarbligi ko‘rinib turibdi. Vaqti etganligi, bunday islohotlar qilishlarga vaqti kelganligi ko‘rinib turibdi. Anchagina muammolar cho‘zilib ketganligini ham aks ettirayapti bunday qarorlar. Ishqilib, amali bilan bo‘lsin, deb aytaman, deydi o‘zbekistonlik olim Farhod Tolipov.

Prezident farmonida “Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev zimmasiga yuklatilgan.

http://www.ozodlik.org/content/article/24183877.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: