Amerikalik o‘zbeklarning g‘ururi, buyuk tafakkur sohibasi – Zulfiya(Silviya) Nazar – 12.uz


12.uz – Amerikada istiqomat qilayotgan taniqli iqtisodchi, mashhur yozuvchi va iqtidorli jurnalist, professor Zulfiya-Silviya Nazar dunyo bo‘ylab qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan «A Beautiful Mind» asari bilan tilga tushgan. Zulfiya-Silviya Nazar haqida yozish men uchun ancha qiyin kechdi. Birgina maqolada uning kashfiyotlari va qalamiga mansub qo‘lyozmalarni nomma-nom sanab chiqish oson emas. Zulfiya Nazarning AQSh va jahon iqtisodiga oid ko‘plab maqola, ilmiy tadqiqot va kitoblari dunyoning eng nufuzli olimlari tomonidan tan olinib, e’tirof etilgan.

2002 yili Indiana universitetida malaka oshirayotganimizda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan «A Beautiful Mind» (Tafakkur o‘yinlari) fil’mini ko‘rish kaminaga ham nasib qilgan edi. Fil’m menda chuqur taassurot qoldirdi. Uning titrlarida mazkur kinokartina ijodkorlaridan biri Silviya Nazar ekaniga ko‘zim tushib qoldi. Xoynahoy, bu o‘zimizning millatdoshimiz bo‘lsa kerak, degan xayolga borgan edim o‘shanda. Sal vaqt o‘tib, mazkur universitet professori Bill Fierman menga Zulfiya Nazarning o‘zbekligi va bu fil’m uning asari asosida suratga olingani to‘g‘risida so‘zlab berdi. Shunda men o‘zbeklarni dunyoga mashhur qilayotgan millatdoshim borligidan g‘ururlandim.

2005 yili Vashingtonda Jahon o‘zbeklari forumida ishtirok etganimda, Turkiston milliy ozodlik harakati faoli Ro‘zi Nazar ismli yana bir millatdoshimiz bilan tanishdim. U kishi meni o‘z uyiga taklif qildi. Shu odam Zulfiya Nazarning otasi ekanligini o‘sha paytda bilmagan edim. Ertasi kuni Ro‘zi aka va mehmondo‘st kelinoyimiz Lindaxonimning Virjiniyadagi shinamgina uyida mehmon bo‘ldim. Ko‘zim stol ustida turli tillarda nashr etilgan «A Beautiful Mind» kitobiga tushdi. Ro‘zi Nazar va Lindaxonim Zulfiya Nazarning ota-onasi ekanliklarini shu erda bildim. Ular menga qizlarining qiziqarli hayoti to‘g‘risida gapirib berishdi.

Ro‘zi Nazar qizining bir necha suratini uy to‘riga osib qo‘ygan ekan. Barcha rasmlarni birma-bir tomosha qildim. Otaxon nabiralari Klara, Liliy va Jekning rasmlarini ko‘rsatib, ularning har biri to‘g‘risida g‘urur bilan gapirib berdi va kelajakda ularning onalariday mashhur odam bo‘lishlariga umid bildirdi.

Zulfiya Nazar 1947 yil 17 avgust kuni Olmoniyaning Rozenxaym shahrida tug‘ilgan. 1951 yili Ro‘zi Nazar oilasi bilan AQShga ko‘chib kelgach, Zulfiya Nazar boshlang‘ich o‘rta maktab ta’limini AQShda oladi. U o‘qishini 1959 yili Turkiyada davom ettiradi, chunki bu payt otasi Turkiyadagi diplomatik missiyada faoliyat yuritayotgan edi.

Zulfiya o‘rta maktabni Anqarada tugatadi. Shu erda u turk tilini o‘rganadi. Bolaligidan o‘rgangani uchun ingliz, olmon va turk tillarida bemalol gaplasha oladi.

Zulfiya maktab yoshidan ijod qilishga qiziqdi, hikoyalar yozdi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, 1967–1968 yillar Zulfiya Nazar Myunhen (Olmoniya) universitetida adabiyot ixtisosi bo‘yicha ta’lim oladi. Keyinchalik Antiox Kollejini (AQSh) bitirib, adabiyot sohasida bakalavr darajasini oladi.

Yosh Zulfiyada iqtisodga bo‘lgan qiziqish ham kuchli edi. Shu bois 1974 yili u N’yu-York Iqtisod universitetiga o‘qishga kiradi. 1976 yili uni bitirib, iqtisod magistri ilmiy unvonini olish uchun dissertatsiya yoqlaydi. Universitet rahbariyati iqtidorli Zulfiyani mazkur ilmgohdagi Ilmiy-tadqiqotlar markazida ishlashga taklif qiladi.

Nobel mukofoti laureatining shogirdi

1977 yili iqtisod sohasidagi iqtidorli yosh olima Zulfiya Nazar jahonga mashhur iqtisodchi, Nobel mukofoti laureati Vasiliy Leontev nazariga tushadi. Leontev yosh olimani o‘zi rahbarlik qilayotgan N’yu-York universitetining Iqtisodiyot tahlili institutiga taklif qiladi. O‘sha paytlar bu institutda ishlash ko‘pchilik iqtisodchi ilmiy xodimlar uchun katta orzu edi. Tez orada Zulfiya Nazar Vasiliy Leontev rahbarligida iqtisodiy tahlil masalasida qator qiziqarli tadqiqotlar olib boradi va professorning ishongan va sevimli shogirdlaridan biriga aylanadi. U ustozi Vasiliy Leontev bilan hamkorlikda “AQShning noyob erosti metallarining 2035 yilga qadar zahirasi va ularning mamlakat iqtisodiyotiga ta’siri” kitobini yozadi. Zulfiya bu institutda to‘rt yil samarali faoliyat ko‘rsatadi.

Zulfiya 1981 yili o‘z sohasini o‘zgartirib, «Jamoatchilik axborotlari tarmog‘i ilmiy-tadqiqot instituti»ning yoqilg‘i tarmog‘i direktori vazifasida ishlaydi. 1982–1983 yillar esa «Data Korporeyshn» markazida katta iqtisodchi lavozimida ishlaydi.

Amerika prezidentlari tarixida katta iz qoldirgan Ronal’d Reygan prezident bo‘lib saylangandan keyin odatga ko‘ra o‘z iqtisodiy dasturini e’lon qiladi. Zulfiya Nazar uning bu dasturiga qarshi chiqib, «The New York Times» gazetasida o‘zining tanqidiy maqolasini e’lon qiladi. Bu maqola katta shov-shuvga sabab bo‘ladi. Shundan so‘ng maqola muallifi Zulfiya “Fortune” nomli yirik biznes jurnaliga muharrir o‘rinbosari lavozimiga ishga taklif etiladi. Shu tariqa uning jurnalistlik faoliyati boshlanadi.

Zulfiyaning iqtisodiyot sohasidagi ilk kashfiyoti

1983 yili Zulfiya Nazar AQSh biznes bozori uchun mintaqaviy iqtisod modelini tuzib, bu sohada muhim kashfiyot yaratadi. Mazkur kashfiyot AQSh iqtisodchilari tomonidan yuqori baholanadi. Bu Zulfiyaning ilm-fan sohasidagi birinchi va muhim kashfiyoti edi. Aynan shu kashfiyot Zulfiya Nazarni dunyoga tanitadi, obro‘sini oshirib, dunyoga mashhur nashriyot va ilmiy markazlarda ishlash uchun yo‘l ochadi. 1983–1990 yillarda Zulfiya Nazar AQShning etakchi matbuot organlaridan «US News & World Report» jurnalida iqtisodiy sharhlovchi, «Fortune» jurnalida esa ijodkorlik qilib, o‘z tajribasini oshiradi va uslubini takomillashtirib, o‘z maktabiga asos soladi.

Ikkinchi kashfiyot

Zulfiya Nazar hurmatli ustozi, buyuk iqtisodchi olim Vasiliy Leontev bilan birga «AQSh va jahon iqtisodiyotida yoqilg‘i bo‘lmagan ma’danlar ishlab chiqarishni loyiha-lashtirish, 1980–2030» mavzusida yirik iqtisodiy kashfiyot yaratadi. Mazkur ilmiy kashfiyot dunyoning etakchi olimlari tomonidan iqtisodiyot sohasida yangi yo‘nalish sifatida tan olinadi. Zulfiya Nazar bundan tashqari V.Leontev va M.Beverlar bilan hamkorlikda xomashyo va uni ishlab chiqarish hamda ikkilamchi metallarni qayta ishlash tahlillariga oid turkum ilmiy kashfiyotlar qiladi. Zulfiya Nazar doimiy ravishda o‘z malakasini oshirib boradi. U N’yu-York, Prinston, Kembrij universitetlari va institutlarida malaka oshirish treninglarida ishtirok etadi.

“The New York Times”da o‘n yil

Zulfiya Nazar iqtisodiyot sohasida ilmiy izlanishlar olib borish bilan bir qatorda jurnalistika sohasida ham talay muvaffaqiyatlarga erishadi. Uning layoqati, iqtisodiy bilimi, jurnalistlik qobiliyatini hisobga olib, dunyo miqyosida obro‘si va nufuzi baland «The New York Times» gazetasi rahbariyati 1991 yilda Zulfiyani tahririyatga ishga taklif etadi. Unga AQSh va jahon iqtisodiyotining rivojlanishini kuzatib borish vazifasi topshiriladi. Mart oyidan boshlab ro‘znomada Zulfiya Nazarning ko‘plab maqolalari chop etila boshlaydi.

Zulfiya o‘n yilga yaqin «The New York Times» gazetasining iqtisod yo‘nalishi sohasida muxbir vazifasida ishlab, qator tahlil va sharhlari bilan ko‘pchilik e’tiborini o‘ziga tortadi. Shu bilan birga u 1991–1999 yillarda «The New Yorker», «Newsweek», «The New York Times Sunday Book Review», «Fast Company», «London Telegraph» kabi mashhur gazeta, jurnal, nashriyot va matbuot agentliklari bilan hamkorlikda ishlab, maqolalar chop etadi.

Zulfiya akademik sohada ham faoliyat olib boradi. U 2001 yildan buyon N’yu-York Kolumbiya universitetining Oliy jurnalistika maktabi Biznes jurnalistikasi fakul’teti professori. Zulfiya gazetalarda chop etilgan materiallardan tashqari, iqtisodiyot sohasida yozilgan 300 dan ortiq ilmiy maqola muallifi.

Zulfiya Nazarning yozuvchilik mahorati

1994 yili Zulfiya Nazar Nobel’ mukofoti sovrindorlari to‘g‘risida, xususan, o‘sha yili iqtisodiyot sohasi bo‘yicha mazkur mukofotga sazovor bo‘lgan buyuk matematik, iqtisodchi, zakovatli olim Jon Forbs Nesh to‘g‘risida «The New York Times» gazetasida bir sahifa “Nobel’ mukofoti laureatining yo‘qotilgan yillari” nomli maqolasini chop etadi. Maqola katta shov-shuvga sabab bo‘ladi. Maqola gazetada chop etilishi bilan mamlakatning olti nashriyoti Zulfiyaga ushbu maqolani kengaytirib kitob holiga keltirish bo‘yicha taklif qilishadi. Zulfiya Nazar kitobni yozishdan avval Jon Neshning o‘zidan, umr yo‘ldoshi Alisiyadan, so‘ngra uni biladigan jami mingdan ortiq kishidan interv’yu oladi. Avvaliga jiddiy qiziqish bildirmagan Nesh Zulfiya ishga juda jiddiy kirishganini ko‘rib, unga yaqindan yordam beradi. Bir yarim yilda kitob tayyor bo‘ladi. Zulfiya Nazarning Beautiful Mind – ya’ni “Ajoyib aql: matematika dahosi va Nobel’ mukofoti sohibi Jon Neshning hayoti” asari Jon Nesh va rafiqasining hayotiga bag‘ishlangan.

Kitob asosida fil’m yaratish fikri tug‘ilgach, Akiva Goldsten fil’m uchun stsenariy yozadi va unda Nesh taqdirining eng dramatik lavhalariga e’tibor qaratiladi. Fil’m yaratuvchilari iltimosiga ko‘ra, Zulfiya fil’mning dunyo yuzini ko‘rishiga yaqindan yordam ko‘rsatadi. Rejissor Ron Xovard kitob asosida tayyorlangan fil’miga Zulfiya Nazar kitobining o‘z nomini qoldiradi.

Zulfiyaning Jon Nesh haqidagi kitobi 30 dan ortiq nashriyot tomonidan ingliz, olmon, ispan, rus, xitoy, yapon, fors, turk, hindu tillarida milliondan ortiq nusxada chop etilgan. Mazkur kitob uchun Zulfiya Nazar Amerika adabiy tanqidchilari milliy gildiyasining «Eng yaxshi biografik adabiy asar» nominatsiyasi mukofotiga sazovor bo‘lgan. Ushbu asar, shuningdek, adabiyot, jurnalistika, musiqa va teatr sohasida buyuk hizmatlari uchun beriladigan «Pulitser» mukofotiga ham nomzod sifatida tavsiya etilgan.

«A Beautiful Mind» fil’mining muvaffaqiyati

Ushbu kinoasar to‘rt yo‘nalish bo‘yicha «Oskar» sovrindori bo‘lgan. 2001 yili Gollivudning mashhur kinorejissori R.Xovard tomonidan suratga olingan fil’mda asosiy rollarni dunyoga mashhur Rassel Krou (Jon Forbs Nesh), Ed Xarris (Parker), Jenifer Koneli (Alisiya Nesh), Kristofer Plammer (Doktor Rozen) va boshqa aktyorlar ijro etgan. Bu fil’m kino olamidagi eng nufuzli «Oskar» mukofotining: «Eng yaxshi fil’m», «Eng yaxshi stsenariy», «Eng yaxshi rejissura», «Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa» nomli to‘rt nominatsiya bo‘yicha mukofot olgan. Bosh rol ijrochisi Rassel Krou “Oltin globus” Amerika kinomukofotining sovriniga va BAFTAning (The British Academy of Film and Television Arts) bir necha mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, ushbu fil’m «Birinchi plandagi eng yaxshi aktyor», «Original musiqa», «Eng yaxshi muharrir», «Eng yaxshi grim» kabi to‘rt nominatsiya bo‘yicha ham «Oskar» mukofotida nomzod sifatida qatnashgan. Fil’m dunyoning 100 dan ortiq tiliga tarjima qilinib, jahon ekranlarida namoyish etilgan.

Zulfiya Nazarning sermahsul va rang-barang ijodini qaynar buloqqa qiyoslasa bo‘ladi. O‘tgan bir necha yil davomida Zulfiya Nazar “The New Yorker” jurnali uchun rossiyalik buyuk matematik, Puankare gipotezasini birinchi bo‘lib isbotlagan Grigóriy Yákovlevich Perel’mán (1966 yil tug‘ilgan) haqida, Manifold Destiny nomli katta ilmiy maqola yozish va uning bir qancha yirik ilmiy asarlarni tahrir qilish bilan band bo‘ldi. Eng asosiysi – mazkura bir necha yildan buyon «XX asrning buyuk iqtisodchilari va ularning iqtisod faniga qo‘shgan hissalari» yangi ilmiy kitobini yaratish ustida ishlamoqda. Ushbu ilmiy-tarixiy asar 1850 yillardagi London hayoti, ya’ni Karl Marksdan boshlanib, XX asrning eng mashhur 10 ta iqtisodchi olimining qisqacha hayotlarini o‘z ichiga qamrab oladi. Zulfiya Nazar hozir ushbu asarni yakunlash arafasida turibdi. Kitobda yoritilgan mavzular bo‘yicha Zulfiya Rossiya, Xitoy va Evropaning qator mamlakatlarida ma’ruzalar o‘qigan.

Zulfiya Nazarning umr yo‘ldoshi Darril Makleod amerikalik. Asli kelib chiqishi Shotlandiyadan. U ham iqtisodchi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor. N’yu-York universitetida, rossiyalik Nobel’ mukofoti sovrindori Vasiliy Leont’evning qo‘l ostida ishlab yurgan paytlarida tanishib qolib, keyin oila qurishgan. Zulfiya ikki qiz va bir o‘g‘ilning onasi. To‘ng‘ich qizlari Klara iqtisodchi-huquqshunos. Bu oilaning yaqin do‘sti, «Turkiston – Amerika» assotsiatsiyasi Prezidenti Abdulloh Xo‘janing aytishicha, Klara juda iqtidorli mutaxassis, kelajagi porloq, ilm-fan sohasida ajab emaski, onasidan ham oshib ketsa.

Keyingi qizi Liliy, kollejni bitirib, yuqori sinf o‘quvchilariga matematika fanidan dars berish bilan birga universitetda magistr darajasini olish uchun o‘qishni davom ettirmoqda. O‘g‘li Jek (Jakk) esa N’yu-York universiteti talabasi, iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan bo‘lsa ham musiqaga nihoyatda havasi baland.

Zulfiya Nazar oilasi bilan N’yu-Yorkning Tarritaun hududida istiqomat qiladi. Amerikalik o‘zbek qizi Zulfiyaning dunyo miqyosidagi faoliyati, erishgan muvaffaqiyatlari bizning iqtisodchilarimizga, qolaversa, o‘sib kelayotgan yoshlarimizga har tomonlama oliy o‘rnak namunasidir.

Foto: Dover (Dover,NJ) 2010 yil. Zulfiya-Silviya Nazar amerikalik o‘zbeklar davrasida.

Mavlon ShUKURZODA, N’yu-York, maxsus http://www.12.uz uchun.

http://www.12.uz/uz/news/show/compatriots/6269/

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: