Abdurahim Po’latning navbatdagi bashorati – yangifikr


Abdurahim Po’lat O’zbekistonda portlashlar bo’lishini juda juda hohlayapti….

Ushbu maqola “HARAKAT” saytidan olindi. Jamoatjilik shu kabi maqolalar bilan tanishtirib tulilsa, ular kimning, qanaqa o’yda yurishganini anglashadi. Har doim ham ko’nglida yahshi niyatlar bilan yuradigan millatimiz, kimning kim ekanligini bilib olishi kerak.

1991 yilning oxiri yoki 1992 yilning bosh oylaridan birida bo‘lgan uchrashuvning aniq kuni esimda bo‘lmasa ham, uchrashuvning o‘zi yaxshi esimda. Kelib chiqishi tojik, ammo o‘zbekistonlik jurnalist Sanobar Shermatovaning (u yaqinda rahmatlik bo‘ldi) Moskva markazida joylashgan “Moskovskie novosti” gazetasining ofisidagi xonasiga kelganimda, bu erda Tojikiston Demokratik Partiyasining raisi Shodmon Yusuf ham bor edi. U bilan avvalroq aynan Sanobar Shermatovning shu kabinetida tanishgandik.

Suhbatni darhol Tojikistondagi voqealarga burdim, chunki bilardimki, bu mamlakatdagi Demokratik partiya, “Rastoxez” xalq harakati, Islom uyg‘onish partiyasi va jinoiy avtoritet Sangak Safarovning qurolli guruhi birlashib, mavjud hukumatga qarshi kurash, balki, urush boshlashgandi. Bunday birlashishning demokratik qadriyotlar nuqtai nazardan xatoligi, bunday birlashish demakratlarni yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘lishi, Tojikistonning kelajagiga katta zarar berishi muqarrarligini gapirganimda, Shodmon Yusuf o‘ta xotirjamlik, ayni zamonda, balandparvozlik bilan shu mazmunda javob berdi: “Xavotirlaringizni tushunaman. Ammo, biz ham ahmoq emasmiz. Bugun Sangak Safarov va Islom uyg‘onish partiyasining real kuchi bor. Ular vositasida mavjud hukumatni yiqitamiz, keyin ularni o‘z joyiga o‘tqazib qo‘yib, Tojikistonda demokratiya o‘rnatamiz”.

Xullas, u yosh bola kabi gapirar, Sangak Safarov va Islom uyg‘onish partiyasininng liderlari hamma sobiq Sovet respublikalarida oyoqqa turib kelayotgan demokratlar va G‘arb tarafidan qo‘llab-quvvatlanishi mumkin bo‘lgan “Rastoxez” va Demokratik partiyadan foydalanib, o‘z hokimiyatlarini o‘rnatishni rejalashtirayotgan bo‘lishi mumkinligini, ularning rejasi, ular o‘sha paytda kuchli bo‘lgani sababli, reallikka yaqinligini o‘ylab ko‘rmasdi. Men shu fikrlarni aytdim, biroz tortishdik, Sanobar men taraf bo‘ldi, ammo Shodmonning o‘ziga ishonchi yo‘qolmadi. Bu ishonch kuchli argumentlarga asoslansa, uni tushunish mumkin edi. Ammo, bu narsa yo‘q. Tushundimki, uning o‘ziga ishonchi bilimsizlik va aqlsizlikka asoslangan.

Amalda, aynan mening xavotirliklarim to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Birlashgan tojik muxolifati ichida demokratlar yo‘q bo‘lib ketishdi. Tojikiston qoniga botirildi. Sangak Safarov yo‘q qilindi, Shodmon Yusuf Avstriyaga qochdi. Islom uyg‘onish partiyasi nomigagina hozircha mavjud. Tojikistonda Rossiya va O‘zbekistonning yordamida hozir ham mavjud bo‘lgan diktatura o‘rnatildi. Shodmon Yusuf kabi demokratlarning ham aybi bilan o‘rnatildi.

Ammo, ming afsuski, o‘zbek demokratlari ichida ham Shodmon Yusuf kabilar bor. Ular avval ham ham bo‘lgan, hozir ham bor. Ularning hayolida Islom Karimning yiqitishdan boshqa narsa yo‘q, voqealarning kelajagi qanday bo‘lishini, O‘zbekistonning kelajagini o‘ylashmaydi. Mavjud muammolar va bo‘ladigan jarayonlarning kelajagiga kengroq nuqtai nazardan qarashmaydi, qolaversa, ularda kengroq qarash qobiliyati yo‘q.

Birinchi bo‘lib bu yo‘lga, Islom Karimning amri bilan siyosiy sahnada bir vaqtlar ushlab turilgan, to‘g‘risini aytsa, “Birlik”ning yo‘lini to‘sish maqsadida ushlab turilgan, keyin kerak bo‘lmay qolishgani sababli, bir tepib siyosiy sahnadan uloqtirilgan psevdodemokratlar, aniqrog‘i, “Erk” partiyasining liderlari o‘tishdi.

Ular o‘zlari biron ish qilish uchun kuchlari etmasligini tushunishgani uchun, bu ishga “Birlik”ni tortishga intilishdi. Tabiiy, meni tortib bo‘lmasligini aniq bilishardi, shu sababli, ichimizdagi Hazratqul Xuddayberdi, Aliboy Yo‘lyaxshi kabilardan foydalanib, meni rasilikdan chetlashtirishmoqchi bo‘lishdi. Qilisholmadi. Keyin O‘zbekiston Islomiy Harakati va uning vositasida Afg‘onistonning Toliboni va Usama bin Ladenning Al-Qoidasi bilan birga bo‘lishgacha borishdi. Caloy Madamin shaxsan Afg‘onistonga borib, ular bilan ko‘rishdi. Ammo, 53-54-chilar hech narsa qilisholmadi, bir qator safdoshlarimizni uzoq yillarga qamoqqa otilishiga erishishdi, xolos.

Yiqilgan kurashga to‘ymaydi deganlaridek, muxolifatni islomlashtirish yo‘li bilan hokimiyatga kelib olish orzusidagi psevdodemokratlar hozir yana harakatga tushishgan. To‘g‘ri hozir “Erk” partiyasi parchalangan. Haqiqiy demokratlar Samad Murod atrofida qolishdi, har qadamda g‘oya almashtirishga tayyor bo‘lgan printsipsizlari 53-54 laqabli Saloy Madamin bilan birga.

Shu kunlarda o‘sha 53-54-chilar, Arab dunyosida bo‘layotgan voqealardan ilhomlanib, ammo u erdagi voqealarning tabiati mutlaqo boshqacha ekanligini tushunmasdan, yana eski ishlariga qo‘l urishibdi. Ular “akromiylar” deb atalgan islom fanatiklari va reaktsionerlari hamda hizbu-tahrirchi ekanliklarini yashirishga harakat qilib kelayotgan guruhlar bilan qo‘shilishib, “O‘zbekiston xalq harakati” nomli tashkilot tuzishmoqchi. Bu hech qanday kelajagi bo‘lmagan nojiddiy avantyura ekanligi uning tashabbuschilari ro‘yxatidanoq ma’lum. Aynan shu sababdan, 7 may kuni bo‘lib o‘tgan “Birlik” Partiyasi Markaziy Kengashining majlisida bu nojiddiy narsaga munosabat bildirish ham ortiqcha degan fikrga kelindi.

Xo‘sh, o‘zim ham nojiddiy deb hisoblagan bu voqeaga nima uchun o‘zim e’tibor berib, o‘zim bir narsalar yozib o‘tiribman?

Buning bir nechta sababi bor.

Birinchidan, hozir G‘arbga qochib kelgan akromiylar guruhi Afg‘oniston va Tojikistonda yo‘q qilinayotgan O‘zbekiston Islomiy Harakati bilan va ular orqali Tolibon hamda Al-Qoida bilan aloqada ekanliklarini taxmin qilish uchun payg‘ambar bo‘lish shart emas. Demak, kutish kerakki, “O‘zbekiston xalq harakati” tuzilishidan rag‘batlangan yoki uning liderlarlarini talabi bilan ish boshlagan O‘zbekiston Islomiy Harakatining odamlari yaqin orada yurtimizda bir necha namoyishkorona portlashlar o‘tkazadilar. Qurbonlar bo‘ladi. AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi bir oycha avval o‘z fuqarolarini bu mamlakatda ehtiyot bo‘lishga chaqirgani bekorga emas.

Ikkinchidan, “O‘zbekiston xalq harakati” tashabbuschilari aynan shunday portlashlarga umid bog‘lashayotganiga va O‘zbekiston Islomiy Harakati bilan har qadamlarini koordinatsiya qilayotganlariga hech bir shubham yo‘q. Nimaga? Chunki, ular oddiy demokratik tashviqot yo‘li bilan na o‘z saflariga odam jalb qiloladilar, na O‘zbekistonda bironta ish qiloladilar. Demak, ularning bitta yo‘li qoladi – qon to‘kish va terror. Ularning umidi o‘sha portlatishlarda ekanligiga ishonishim asosli ekanini ko‘rsatish uchun bir voqeani eslatmoqchiman.

1993 yoki 1994 yilning kunlaridan birida, ya’ni “Erk” partiyasining Istanbuldagi faollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri terrorchilar tayyorlash bilan shug‘ullanib yurishgan, “Erk” gazetasida partiya raisining “Yoshlarimizni shunday tarbiyalashimiz kerakki, ularga Olloh nomidan buyurilsa, o‘ylamasdan o‘limga ketishsin” kabi chaqiriqlari e’lon qilingan kunlari Istanbul hokimligining shundoqqina orqasida joylashgan Turk Dunyosi Tadqiqotlar Vaqfida meni o‘zim shu paytgacha ko‘rmagan va eshitmagan bir odam bilan tanishtirishdi.

Bu odam – o‘sha paytda Saloy Madaminning pinjida yurgan, “Erk” partiyasi Surxandaryo tashkiloti rahbari Nomoz Normo‘min edi. Biroz gaplashdik. Men unga qilayotgan ishlari nafaqat foyda bermasligini, aksincha zarar berishini, 10-15 ta terrorist tayyorlab, O‘zbekistonnda rejim o‘zgartirib bo‘lmasligini gapirdim. Uning javobi shunday bo‘lgan: “Buni tushunamiz. Ammo, o‘ylaymizki, Toshkentda bir necha portlashlar uyushtirilsa, o‘zbeklar oyoqlanadilar, isyon boshlanadi, rejim yo‘qotiladi”. Ruslar yurtimizni bosib olganda kurashmagan, siyosiy muhit yumshgan Gorbchaev zamonida “Birlik”ning mustaqillik uchun kurashini etarlicha qo‘llab-quvvatlamagan o‘zbek xalqi mustaqil diktaturaga qarshi oyoqlanishini kutish nojiddiyligi, xalqimizning ahvolidan kelib chiqadigan taktika va strategiyalar olib borish haqidagi gaplarimga ham Nomozning javobi aniq bo‘lgan: “Biz bunqa yosh bolalarning ishi bilan shug‘ullanmaymiz.”

Turli chiqishlaridan ko‘rinib turibdiki, “O‘zbekiston xalq harakati” tashabbuschilari hali ham aynan shunday o‘ylaydigan odamlar. Ular siyosiy sahnada hech narsa qilisholmaydi, ularning ichida jiddiy siyosiy faoliyat olib borishga aqli etadiganlar yo‘q. Demak, 1-2 portlatish uyushtirib, o‘zbeklarning oyoqlanishini kutib o‘tirishadi. Ammo, natijada, yana bir qator muxolifatchilar uzoqni uylamasdan ish qilib qo‘yib, uzoq yillardan beri qamoqxonada yotgan Mamadali Mahmud, Murod Jo‘ra, Yusuf Ro‘zimurod va Saloy Madaminning ukalari qatoriga qo‘shilishadi.

BBSning saytida yozilishicha, Germaniya parlamentining bir deputati “O‘zbekiston xalq harakati”ni nazarda tutib, o‘zbeklarning bu shaklda tashkilotlanishini qo‘llab-quvvatlashga chaqiribdi. Hech shubha yo‘qki, bu siyosatchi Galima Buxarboeva kabi ahmoqlarning “Andijonda prodemokratik kuchlarning chiqishi bo‘ldi, akromiylar – demokratlardir” degan gaplariga ishonib yurgan sodda odamlardan biri. Haqiqatni bilgach, bu kabi siyosatchilar ham pozitsiyasini o‘zgartirishi muqarrar. Undan keyin, o‘zbek muxolifatiga bo‘lgan ishonch yana ham kamayadi.

G‘arb davlatlari terrorchilikdan ham voz kechmaydigan psevdodemokratlarni, hatto, diktatorliklarga tutib berish amaliyotini boshlashsa, hayron bo‘lmayman.

Bularning natijasida, “Birlik”ning ham sa’y-harakatlari bilan O‘zbekistonda biroz yumshashga boshlagan siyosiy muhit yana yomonlashadi. Yaqin orada demokratik jarayonlarning olg‘a ketishiga umidni ham uzish kerak bo‘ladi.

Hali aqlini yo‘qotmagan o‘zbek muxolifatchilariga murojaat qilaman. Islom dini davlatchilikning dunyoviylik printsipini rasman qabul qilmaguncha, demokratlar bilan islomchilarining birlashishi mumkin emas. Islom dinida, kerak bo‘lsa, boshqalarni aldash uchun o‘z dinidan voz kechgani haqida yolg‘on gapirishga ham ruxsat berilgan. O‘zini demokrat qilib ko‘rsatish va dunyoviy davlatchilikka rozi ekanliklarini yolg‘ondan gapirish esa islomchilar uchun oddiy narsa. Bularni ham unutmang.

Aql-hushingizni qo‘lga oling. Xalqdan uzoqda tuzilayotgan masxaraboz xalq harakatlaridan uzoqroq turing. Aksincha, badali hamma uchun, birinchi navbatda, o‘zingiz uchun og‘ir bo‘ladi!

23.05.2011

http://www.yangifikr.com/news/index.php?option=com_content&view=article&id=179:a-polatning-navbatdagi-bashorati&catid=1:latest-news

One Comment to “Abdurahim Po’latning navbatdagi bashorati – yangifikr”

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: