«Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida» – O’zA


20.05.2011

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori.

Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va modernizatsiyalash, ularni zamonaviy o‘quv va ilmiy-laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini maqbullashtirish, ta’lim standartlarini takomillashtirish hisobiga ta’lim jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ilg‘or pedagogik texnologiyalar va o‘qitish shakllarini joriy etish, o‘qituvchi kadrlar mehnatini rag‘batlantirishni kuchaytirish asosida iqtisodiyot soha va tarmoqlarida talab qilinadigan oliy ma’lumotga ega mutaxassislarni tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 28 sentyabrdagi F-3501 sonli farmoyishiga binoan tashkil etilgan Ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan, 2011-2016 yillarda oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiyalash va mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha quyidagilarni o‘z ichiga olgan Dastur ma’qullansin:

2011-2016 yillarda oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar majmui 1- ilovaga muvofiq;

yuqori malakali kadrlar tayyorlash yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini maqbullashtirish, davlat ta’lim standartlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar majmui 2-ilovaga muvofiq;

2011-2016 yillarda oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiyalash va mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha Dasturni amalga oshirish uchun moliyaviy xarajatlarning hisob-kitob qilingan hajmlari ko‘rsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;

o‘quv-laboratoriya binolari, sport inshootlari va talabalarning turarjoylarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha manzilli dasturlarga kiritiladigan oliy ta’lim muassasalarining ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq;

oliy ta’lim muassasalarida tashkil etiladigan zamonaviy ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarining ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq.

2. 2011-2016 yillarda oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiyalash va mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha Dasturning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish uchun Maxsus komissiya tarkibi 6-ilovaga muvofiq tashkil etilsin.

Maxsus komissiya (R.Azimov):

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi takliflariga binoan har yili, moliyaviy xarajatlarning umumiy tasdiqlangan ko‘rsatkichlari doirasida oliy ta’lim muassasalarining amaldagi texnik holati, shuningdek, har bir oliy ta’lim muassasasining moddiy-texnik ta’minlanganlik darajasidan kelib chiqib, ularning binolari va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlasin;

2011-2016 yillarda oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiyalash va mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha Dasturning amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoring o‘rnatsin va har yarim yillik hamda yil yakunlari bo‘yicha uning ijrosi natijalarini Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining manfaatdor vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari bilan kelishilgan ixtisoslashuvini o‘zgartirish va qayta tashkil etish to‘g‘risidagi quyidagi takliflari qabul qilinsin:

Andijon muhandislik-iqtisodiyot instituti – Andijon mashinasozlik institutiga;

Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti – Namangan muhandislik-texnologik institutiga;

Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti – Buxoro yuqori texnologiyalar muhandislik-texnik institutiga.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda ko‘rsatib o‘tilgan har bir institut bo‘yicha 2016 yilgacha bo‘lgan davrda o‘quv jarayonini tashkil etish, tegishli professor-o‘qituvchilar tarkibini shakllantirish va zarur moddiy-texnik bazani yaratish bilan bog‘liq talablarni e’tiborga olgan holda, ularni qayta tashkil etish bo‘yicha alohida qarorlar qabul qilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi qoshida Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish Jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Davlat byudjeti mablag‘lari;

zamonaviy texnologik jihozlar bilan ta’minlash uchun jalb qilinadigan xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlari;

xalqaro donorlar grantlari, vasiylar va mamlakatimizdagi homiylar mablag‘lari;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan tushadigan daromadlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tushumlar.

Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi qoshidagi Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish Jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Investitsiyalar boshqarmasi tarkibida 5 ta shtat birligidan iborat Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish bo‘yicha bo‘lim tashkil etilib, vazirlikning cheklangan xodimlari soni tegishli ravishda ko‘paytirilsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2011-2016 yillarda oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiyalash va mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha Dasturni bajarish uchun chet el kreditlari va grantlarini jalb qilish yuzasidan tizimli ishlarni amalga oshirsin.

6. Belgilab qo‘yilsinki, 2011-2016 yillarda oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiyalash va mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha Dasturning amalga oshirilishini moliyalashtirish uchun xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan 2011-2016 yillar mobaynida homiylik yordami shaklida yo‘naltirilgan mablag‘lar yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i va yagona soliq to‘lovini hisoblashda soliq solinadigan bazadan chiqariladi.

7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rgangan holda, Vazirlar Mahkamasiga oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining mehnatiga haq to‘lash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritsin. Ularda quyidagilar ko‘zda tutilsin:

o‘qituvchilar lavozimlari kategoriyalarini maqbullashtirish va ularga qo‘yiladigan lavozim talablarini qayta ko‘rib chiqish asosida oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tarkibi tarifikatsiyasining takomillashtirilgan tizimini joriy etish;

«dotsent» va «professor» ilmiy unvonlarini berish tizimini takomillashtirish, mazkur tizimning oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilarining muntazam ravishda o‘z malaka va pedagogik mahoratini oshirishga rag‘batlantirishdagi rolini kuchaytirish;

yuqori malakali o‘qituvchilarga ularning kasb mahorati va o‘quv jarayonini yaxshilashga qo‘shgan aniq hissasi, yuqori samaradorlik, ta’lim sifati va samarali tarbiyaviy ishi uchun oylik ustamalar tizimini joriy etish.

8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ikki oy muddatda ilg‘or xalqaro tajribani chuqur o‘rganish asosida Vazirlar Mahkamasiga oliy o‘quv yurtlari va ilmiy muassasalar negizida o‘quv jarayonining o‘qituvchilar va talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlari bilan integratsiyalashuvini yanada chuqurlashtirishni nazarda tutadigan o‘quv-ilmiy komplekslar va markazlarni tashkil etish to‘g‘risida taklif kiritsin.

9. 2016 yilning 31 dekabrigacha 2011-2016 yillarda oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiyalash va mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha Dastur doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan ro‘yxatlar bo‘yicha respublikaga olib kiriladigan o‘quv-laboratoriya va kompyuter jihozlari, ilmiy-uslubiy adabiyotlar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtirish yig‘imlari bundan mustasno) ozod etilsin.

10. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklatilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 2011 yil 20 may

http://uza.uz/uz/documents/17324/

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: