‘Olmoniya hukumati O‘zbek muxolifatini qo‘llab-quvvatlashi kerak’ – bbc uzbek


21 may 2011

Vayola Van Kramon: “Olmon hukumat rasmiylari muxolifat vakillari bilan albatta uchrashishlari kerak”

Kelasi hafta O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Vladimir Norov Olmoniyaga safar qiladi. Janob Norov olmon kantsleridan tortib, hukumatning Inson Huquqlari Komissarigacha keng doiradagi rasmiylar bilan muloqotlar olib borishi kutilmoqda. Berlin va Toshkent yaqin aloqalarga ega, Olmoniya shimoliy Afg‘onistondagi askarlariga ta’minot etkazishda Termez aeroportidan foydalanadi. Ammo iqtisodiy aloqalar ham muhim. Bu aloqalar inson huquqlari tashkilotlarining g‘ashiga tegib keladi. Shu hafta “Hyuman Rayts Votch” tashkiloti Olmoniya janob Norovning tashrifi chog‘ida inson huquqlarining ahvolini yaxshilash borasida aniq talablar qo‘yishi kerakligini aytgan. Tashkilotga ko‘ra, o‘zaro munosabatlarning rivojlanishi inson huquqlari ahvolining yaxshilanishiga bog‘lanishi kerak. “Hyuman Rayts Votch” rasmiy Berlinni Andijon voqealaridan so‘ng O‘zbekistonga nisbatan kiritilgan va 2009 yilda bekor qilingan Ovro‘po Ittifoqi jazo choralariga putur etkazishda ayblagan. Olmoniya parlamentidagi Yashillar partiyasi vakili Viola Van Kramon rasmiy Toshkent bilan inson huquqlari borasida davomli va ochiq muloqot olib borishni talab qilgan. Biz Kramon xonimdan olmon rasmiylari janob Norovga bu borada bosim tkazishlariga ishonasizmi, deb so‘radik:

Viola Van Kramon: Men olmon hukumati, yo kantsler yoki Tashqi ishlar vaziri janob Norovga inson huquqlari masalasida bosim o‘tkazadi, deb chin dildan umid qilaman. Ammo bunga ishonchim komil emas. Chunki hukumat bizga bergan raqamlardan ma’lum bo‘lishicha, Olmoniya Termezdagi aeroport uchun hamon katta miqdorda ijara puli to‘layapti. Ammo O‘zbekistondagi inson huquqlarining ahvoliga qarasangiz, repressiyalar kamayayotgani yo‘q, aksincha kuchayib borayapti. Faqat inson huquqlari faollariga emas, balki butun fuqarolik jamiyatiga qarshi. Biz olmon hukumati Termezdagi aeroportga qaram bo‘lib qolmasligi, unga muqobilini qidirishi, bu borada boshqa Markaziy Osiyo davlatlari, masalan, Qirg‘iziston bilan muzokaralarni boshlashi va shu yo‘l bilan o‘zbek hukumatiga “qarang, sizlar yakkayu yagona emassiz, biz Termezdagi aeroportga qaram bo‘lib qolmaganmiz,” degan mujdani berishini xohlaymiz.

Bi-bi-si: Siz Qirg‘izistonni tilga oldingiz, ammo Qirg‘izistonning Afg‘oniston bilan mushtarak chegarasi yo‘q va yagona yo‘l bu havo yo‘lidir. Shu ma’noda qirg‘iz yo‘li O‘zbekiston yo‘lidan ko‘ra mushkulroq bo‘lishi mumkin, deb o‘ylamaysizmi?

Viola Van Kramon: Men bunday deb o‘ylamayman. Amerikaliklar Afg‘onistondagi amaliyotlar boshidan buyon Bishkekda. Men qirg‘iz tomoni bilan muzokara olib borishning oson emasligini tushunuman. Ammo, ikkinchi tomondan, o‘zbek tomoni yildan-yilga ijara pulini oshirib borayapti. Biz Termezda butunboshli infratuzilma, xizmat, ishchilar, yoqilg‘i va yana biz nimagaligini bilmaydigan qandaydir tovon puli ham to‘laymiz. Men Termez aeroportiga muqobil borligiga ishonaman. Faqat Termez emas, boshqa aloqalar, jumladan, biznes aloqalari ham bor. Butun bu aloqalarda olmon tarafining o‘zbeklardan tortinib turishi biz uchun tushunarsiz. Prezident Karimov o‘zbek iqtisodini zamonaviylashtirmoqchi ekan, kimga murojaat qiladi, Rossiyagami? Albatta yo‘q. U yangi texnologiyalar uchun Ovro‘po Ittifoqi bilan hamkorlikka mahkum. Va bu hamkorlikda u Olmoniyani tanlagan. Ya’ni, bu erda qars ikki qo‘ldan. Faqat biz O‘zbekistonga emas, balki O‘zbekiston ham bizga muhtoj. Shunday ekan, nima uchun biz Karimovning qo‘ynini shishirishimiz kerak?

Bi-bi-si: Falakning gardishi bilan kelasi hafta, aynan janob Norov tashrif buyurayotgan kun Olmoniyada o‘zbek muxolifatining yirik anjumani bo‘lib o‘tmoqda. Unda Muhammad Solih kabi taniqli muxolifat arboblari, shuningdek, siyosiy tashkilotga birlasha boshlagan andijonlik qochqinlar yangi xalq harakati tuzilganini e’lon qilishlari kutilmoqda. Sizningcha,Olmoniya hukumati bu muxolifat harakati bilan ham muloqot qilishi kerakmi?

Viola Van Kramon: Mutlaqo. Mutlaqo. Biz turli davlatlarning muxolifat guruhlari bilan uchrashamiz. Suriya, Liviya, Tunis va Misrning muxolifat guruhlari bilan bu kabi muloqotlar allaqachon yo‘lga qo‘yilgan. Muxolifat bilan muloqot shart. Ayniqsa, O‘zbekistonga o‘xshagan davlatda siz ikkinchi tomonning fikrini eshitishingiz kerak. O‘zbek muxolifatiga har tomonlama yordam berish kerak. Ularga siyosiy dastak berish, infratuzilmadan foydalanishlariga sharoit yaratish, mablag‘ ajratish, barcha-barcha sohalarda qo‘llab-quvvatlash kerak. Olmon hukumat rasmiylari bu muxolifat vakillari bilan albatta uchrashishlari kerak.

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/05/110521_cy_germany_uzbekistan.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: