Prezidentni qanday ataysiz? – ozodlik.org


Parij sudi Karimov ‘diktator’mi, yo‘qmi, degan savolni ko‘rayotgan bir paytda bu savolni o‘zbekistonliklarga berdik.

19.05.2011

Sarvar Usmon

Otasi Islom Karimovning sha’nini himoya qilib frantsuz jurnalisti ustidan Lola Karimova -Tillaeva yozgan da’vo arizasini Parij sudi qondiradimi-yo‘qmi – bu tez kunda ma’lum bo‘lib qoladi. Frantsuz jurnalisti Ogyusten Skalber ko‘plab xalqaro tashkilotlar qatori O‘zbekiston prezidentini “diktator”, deb turgan, ba’zi nashrlar esa, “despot”, deb turgan paytda o‘zbekistonliklarning o‘zi Islom Karimovga nima deb nisbat beradi?

Gapni sal naridan – eng yangi tarixdan boshlaymiz.

“Qulupnay”, desak, ko‘z oldingizga qulupnay keladi. Lekin “qulupnay”ning oldidan “bir tog‘ora”, desak darhol Karimovdan oldingi rahbar – Rafiq Nishonovni eslaysiz.

1989 yilgi Farg‘ona fojiasi to‘g‘risida xabar berayotib aytgan gapi Nishonovga “Qulupnay”, degan laqabni yopishtirdi-qo‘ydi.

– Qulupnay deb aytib yurishardi. Nishonovni aytayapman, deb eslaydi O‘zbekistonda hokimiyat strukturalarida ishlagan Ahmad hoji Xorazmiy.

Hoji akaning fikricha, Nishonov yanayam “oson qutulgan”.

Chunki undan oldingi rahbar – Inomjon Usmonxo‘jaevga xalq bergan nisbat juda xunuk edi.

– Usmonxo‘jaevni “sotqin” deyishardi. O‘rislarning sotqini, Moskvaning sotqini deyishardi, deydi Ahmad hoji Xorazmiy.

Peshonasi sho‘r ekan Usmonxo‘jaevning – mash’um “Paxta ishi”, aynan uning rahbarligi davriga to‘g‘ri kelgan edi.

Markazqo‘mning o‘sha davrdagi mafkura kotibi Ra’no Abdullaeva o‘ziga “yopishtirib” olgan nom ham havas qilgulik emas.

– Musulmonlar dushmani deyishardi uni (Ra’no Abdullaevani),- deb esladi Ahmad xoji Xorazmiy.

Aslida, deb qo‘shimcha qildi, Hoji aka, Ra’no Abdullaeva musulmonlar dushmani emas edi, u Moskvaning buyrug‘ini bajargan edi xolos.

Bo‘lsa bordir. Biz bugun buyruq bilan shaxsiy pozitsiya o‘rtasidagi ziddiyatni qanday bartaraf etish to‘g‘risida bahs yuritayotganimiz yo‘q.

Islom Karimovga o‘tamiz.

Andijonda, tinglovchimiz Sadiroxun akaning aytishicha, prezidentni oddiy xalq bir xil, amaldorlar boshqacha ataydi.

– Prezident to‘g‘risida gap ketganda, rahbarlar “muhtaram prezidentimiz” deb aytishadi. Past tabaqadagi amali yo‘q oddiy odamlar “Karimov” deb atashadi. Masalan mening amalim yo‘qda. Men “Karimov” deyman. Men hokimiyatga borsam ham “Karimov” deyaveraman, hech kim tanbeh bermaydi,- deydi Sadiroxun aka.

Yaxshi ekan, hech kim tanbeh bermasa, deb qo‘ydik.

Umuman, bu masalada butun O‘zbekiston bo‘yicha “yaxshi”, deyish mumkinga o‘xshaydi. Chunki Toshkent va viloyatlarda yashaydigan boshqa tinglovchilarimiz oddiy xalq prezidentni “Karimov” deydi, dedi.

Namanganliklar ham prezidentni “prezident”, “Karimov”, deb atashadi. Lekin bu hurmatsizlik belgisi emas. Ular prezidentni har gal duolarigayam qo‘shadi, deb xabar qildi sobiq muxbirimiz Nosir Zokir.

– Yaqinda bir yigitning muammosi bilan To‘raqo‘rg‘on rayonidagi qishloq fuqarolar yig‘inining raisining oldiga bordik. Ishlarimizni bitirganimizdan keyin shu duo-fotiha qilib “Ishlarimizni o‘ngidan bersin” dedida, “Prezidentimizning ham umrlari uzoq bo‘lsin baxtimizga” dedi. Duo-fotiha qilib chiqqandan keyin men “Uka, u sizning o‘zingizning shaxsiy fikringiz. Lekin prezidentning nima aloqalari bor? Duoda prezidentning nomlarini qo‘shdingiz” desam, “Ha, endi aka” dedi,- deydi Nosir Zokir.

Qishloq fuqarolar yig‘ini raisi prezidentni “prezident” deb turgan paytda lavozimi kattaroq amaldorlar boshqacha so‘zlar ishlatadi.

Oqsaroy yo‘laklarida onda-sonda yurib turadigan bir amaldorning ovozini yozib olmaslik sharti bilan aytishicha, prezidentga eng yaqin amaldorlar Karimovni “Kotta”, beriroqdagilari “Ota”, der ekan.

Shunisi qiziqki, chustliklar ham Karimovni “otamiz”, der emish.

– “Otamiz” deb gapirishadiyu.

Ozodlik: Chustda “otamiz” deb aytishadi-a u kishini?

– Ha, shunaqa deyishadi.

Ozodlik: Ko‘pchilik shunaqa deydimi?

– Shunaqa deganlari qulog‘imizga chalinganda, deydi chustlik suhbatdoshimiz.

“O‘zbekiston prezidentini “01” deydiganlar ham bor, ular prezident trassasida turadigan militsiya xodimlaridir”, deb xabar qildi tinglovchilarimizdan biri.

Rafiq Nishonov rahbarlikdan “Qulupnay”, degan laqabni oshirib ketgan edi.

Islom Karimovning ham laqabi bormi?

Bu savolga O‘zbekistondagi bironta tinglovchimizdan ham “Ha”, degan javob eshitmadik. Va buni o‘zbeklarning boodob ekanligiga, ayniqsa, amaldagi rahbarga laqab qo‘ymasligiga yo‘ydik. (Nishonov “Qulupnay”ga aylangan paytda Moskvada edi-da…)

Bir tinglovchimizning fikricha, laqabli bo‘lish har kimga ham nasib qilavermaydi. Laqab orttirish uchun kishining boshqalardan keskin farq qiladigan biron jihati bo‘lishi kerak. “Karimovda esa ana shunday jihat ko‘rinmaydur”, dedi tinglovchi.

Qolaversa, adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabekovning aytishicha, o‘zbekistonliklar o‘z prezidentini prezident sifatidagina biladilar, oddiy bir odam sifatida bilmaydilar.

– O‘zi umuman prezidentga oid va uning oilasiga oid har qanaqa ma’lumot bizda e’lon qilinmaydi. Umuman mumkin emas. Bitta narsa mumkin. Bu narsa agar uning obro‘si uchun xizmat qilaëtgan bo‘lsa. Boshqa holatda mumkin emas. Xuddi ëzilmagan qonunga o‘xshaydi. Hamma erda amal qilinadi garchi bir erda qonun tariqasida belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa ham, dedi adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabekov.

Rafiq Nishonovga xalq “Qulupnay” laqabini berishiga sabab bo‘lgan Farg‘ona fojeasi kunlari u Moskvada edi.

Andijon fojeasi kunlari Islom Karimov Andijonda edi. “Musulmonlar dushmani” degan “unvonni” oshirib olishiga Ra’no Abdullaevaning musulmonlarga mafkuraviy tazyiqi sabab bo‘lgandi.

Islom Karimov davrida diniy motivlar bilan qamoqqa tashlangan va hanuz qamoqda qolayotgan musulmonlar soni 10 mingdan ortdi.

Shulardan kelib chiqib, janob Karimovning tarixda qanday laqab va qanday “unvon” bilan qolishini taxmin qilish qiyin emas.

http://www.ozodlik.org/content/article/24180244.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: