Parijda L. Karimova arzi ko‘rib chiqilmoqda – ozodlik.org


Uzbekistan – President Karimov’s daughter Lola sues a French Journalist Augustin Scalbert of Rue89, undated

20.05.2011

Parijdagi mahkamada Lola Karimovani himoya qilgan advokat “men tuxmat bilan bog‘liq mahkamaga keluvdim, bu erda rejim ustidan xalqaro mahkama o‘tkazilayotgan ko‘rinadi”, degan.

O‘zbekiston prezidentining kenja qizi Lola Karimova-Tillaevaning “Rue89” Internet nashri ustida shikoyat arizasini ko‘rib chiqqan Parijdagi mahkama o‘z qarorini 1 iyulda e’lon qilishini bildirdi.

O‘zbekistonning YuNESKOdagi elchisi L. Karimova-Tillaeva otasini “diktator” o‘zini esa, “diktatorning qizi” deb atagan hamda mashxur italьyan aktrisasi Monika Beluchchiga bitta hayriya kechasida qatnashgani uchun 190 ming evro haq to‘lagani haqida xabar tarqatgani uchun frantsuz nashrini “tuhmat”da ayblab, sudga berib, o‘ziga etkazilgan ma’naviy zarar uchun 30 ming evro talab qilmoqda.

Uch soatdan ortiq davom etgan kechagi mahkamada sud hay’ati tomonlar guvohliklarini eshitgach, sud qarori besh-olti haftadan keyin, aniqrog‘i 1 iyulda e’lon qilinishini bildirgan.

Payshanba kungi mahkamada Lola Karimovaning o‘zi qatnashmadi. Uni frantsiyalik advokat Antuan Jerme himoya qildi.

Rue89 nashri himoyachilari ko‘rsatmalarini eshitgach advokat Jerme “men tuxmat bilan bog‘liq mahkamaga keluvdim, bu erda rejim ustidan xalqaro mahkama o‘tkazilayotganga o‘xshaydi”, degan.

Shuningdek, advokat Antuan Jerme diktatorning qizi deyish, AQShda sudga tortilgan frantsiyalik siyosatchi, Xalqaro valyuta jamg‘armasi sobiq rahbari Dominik Stross Kanning qizini zo‘ravon otaning qizi deyish bilan barobar, deb o‘z mijozi haqoratlanganini isbotlashga uringan.

Shuningdek, janob Jerme mahkamadagi chiqishida o‘z mijozi ma’naviy zarar uchun Rue89dan talab qilayotgan 30 ming evro pulni Frantsiya sobiq prezidentining rafiqasi Bernadett Shirak hayriya jamg‘armasiga in’om qilish niyatida ekanini ham aytgan.

Mahkamada Rue89 nashrini advokat Antuan Komte himoya qildi. Janob Komte Lola Karimovani tsenzura qilishga urinishda aybladi.

Komte Ozodlik bilan suhbatda Karimovani frantsuz nashri haqoratlagani haqida uning advokati keltirgan argumentlarni “juda zaif”, deb atadi.

– Lola Karimova advokati juda zaif argumentlarni keltirdi. Bu erda u haqoratlanganligi da’vo qilinyapti, lekin buni isbotlovchi dalillarni ular keltira olishmadi. Rue89 nashri so‘z erkinligi me’yorlariga zid keladigan harakat qilmagan va prokuror ham buni e’tirof etdi,- dedi Antuan Komte.

Parijdagi mahkamada o‘zbekistonlik taniqli huquq faoli, sobiq siyosiy maxbus  Mo‘’tabar Tojiboeva guvohlik berdi.

“OITS: O‘zbekistonda qatag‘on, biroq Kannda sayr-gashtak”

O‘tgan yil may oyida, Frantsiyaning Kann shahrida kinofestival bo‘layotgan paytda Rue89 nashrida “OITS: O‘zbekistonda qatag‘on, biroq Kannda sayr-gashtak” sarlavhali maqola bosilgan edi.

Rue89 muxbiri Ogustin Skalber o‘z maqolasida Amerikaning “amfAR” insonparvarlik tashkiloti tomonidan Kannda o‘tadigan yillik “Kino OITSga qarshi” hayriya tashkiloti kinoanjumani bo‘layotgan, unda o‘zbek prezidentining qizi Gulnora Karimova moda, shou biznes va kino yulduzlari bilan bir qatorda anjumanga homiylik va hamraislik qilayotgan bir paytda O‘zbekistonda OITSga qarshi kurashchi Maksim Popov qamoqda azob chekayotgani haqda yozgan edi.

“Ozodlik” bilan suhbatda Skalber maqoladagi faktlarni isbotlash uchun o‘zida etarli dalillar borligini aytdi. “Frantsiya so‘z erkinligi mamlakati va biz Lola Karimovani diktator qizi ekani haqida yozishimiz mumkin. Karimov diktator ekani fakt. Lekin buni sudda isbotlashimiz kerak va bu biz uchun oson”, dedi Skalber.

Lola Karimovaning advokati Antuan Jerme bilan bog‘lana olmadik.

Parijdagi chegara bilmas muxbirlar tashkiloti mahkama arafasida chiqargan bayonotida agar O‘zbekistonda inson huquqlari va so‘z erkinligi vaziyati bugungiday abgor bo‘lmaganida sud ishini mayna qilsa arzirdi, deya bayonot e’lon qildi.

“O‘z mamlakatida Lola Karimova axborot agentliklari ovozini o‘chirish uchun sudlashib ham o‘tirmagan bo‘lardi. Demokratik mamlakatlarda esa mustabidlarning sud tizimini o‘yinchoq qilishlari imkonsizdir”, deyiladi tashkilot bayonotida.

Parijdagi Inson huquqlari xalqaro federatsiyasi xodimi Sasha Kulaeva O‘zbekiston prezidentining qizi Lola Karimova frantsuz nashrini sudga berishi huquq faollariga O‘zbekistondagi muammolarni yana ko‘tarish imkonini berganini aytadi.

– Bugungi mahkama muhim bir xodisadir. Bu bizga O‘zbekistonda na sudda va matbuotda ko‘tarish imkonsiz bo‘lgan bo‘lgan masalalarni ko‘tarish imkonini bermoqda, ya’ni Lola Karimovaning frantsuz nashrini sudga berishi bizga O‘zbekistondagi qonunsizlik, qiynoqlar va tanqidiy ovozlarning ta’qib etilishi borasida gapirish fursatini yaratmoqda,- deydi Kulaeva.

Shu o‘rinda matbuotda O‘zbekiston rahbariga nisbatan “diktator” so‘zining ishlatilishi jurnalistika qoidalariga qanchalik to‘g‘ri keladi va jurnalistlar bunaqa bahoni berishga qanchalik haqli degan savollarni paydo qilgan. Sasha Kulaeva fikricha, matbuot bu borada o‘z bahosini berishga haqli.

– Ko‘plab faktlar bilan tasdiqlangan xolatni ta’kidlash sudlov uchun nishon bo‘lmasligi kerak,- dedi Kulaeva.

Parij sudi Karimovning diktator yoki diktator emasligi masalasini ko‘rib chiqishi arafasida  Newsweek jurnali O‘zbekiston prezidentini jahonning o‘nta ashaddiy mustabidi qatoriga kiritdi.

http://www.ozodlik.org/content/article/24181173.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: