Bi-bi-si mehmoni – Rassl Zanka – bbc uzbek


16 may 2011

Rassl Zanka O‘zbekistonda yashab, o‘zbeklarning turmushini yaqindan o‘rgangan

BBCUzbek.com o‘quvchilarining savollariga amerikalik o‘zbekshunos olim, professor Rassl Zanka javob beradi.

Chikagodagi Illinoys Universiteti professori Rassl Zanka (Russell Zanca) o‘zbeklarning milliy o‘zligi, musulmonchilik, o‘zbek qishloqlaridagi turmush tarzi, mehmondorchilik va o‘zbeklarning boshqa ana’analari, shuningdek, O‘zbekistondagi kollektivlashtirish va zamonaviy mehnat muhojirligiga oid o‘nlab tadqiqotlar muallifi.

1990-yillarning ikkinchi yarmida Toshkent va Farg‘ona vodiysida yashagan muallif Foreign Policy blogida chop etilgan so‘nggi maqolalaridan birida mana bunday yozadi:

“Mendan antropolog bo‘lganim uchun ko‘pincha Karimovning hokimiyatda uzoq vaqt qolayotgani o‘zbeklar madaniyatining ba’zi jihatlari bilan bog‘liq emasmikan, deb so‘rashadi. Ko‘pchilik o‘zbeklar tabiatan itoatkor va ularning kattalarga hurmat madaniyati siyosiy hokimiyatga so‘zsiz itoat qilish darajasiga ko‘tarilgan, deb hisoblaydi.

Hatto, o‘zbeklarning o‘zlari ham ba’zida odamlar qorin to‘ydirish haqida ko‘proq o‘ylashlari va tirikchilik tashvishlari bilan bandliklarini aytishadi.

Ehtimol, bu taxminlarda haqiqatning bir zarrasi bordir. Ammo faqat bir zarrasi bor, xolos.

O‘zbeklarning tarixi, xalq qo‘zg‘olonlari misollari bilan to‘la. Xususan, 19-asrning ikkinchi yarmidan boshlab o‘zbeklar amirlarni ag‘darganlar, chor podshosi va Sho‘ro kofirlariga qarshi kurashlarda o‘zlarining isyonkor ruhlarini namoyish etishgan”.

Rassl Zankaga ko‘ra, hozir o‘zbeklar tuzumga bo‘lgan nafratlariga qaramasdan, ko‘chalarga chiqishmayapti, chunki xavf juda ham katta.

“Buning o‘rniga ular o‘z noroziliklarini nosiyosiy yo‘l bilan, jumladan, Qozog‘iston va Rossiyaga ishga ketish orqali bildirishayapti”.

Bi-bi-si: Alex deb ism qo‘ygan tinglovchimiz sizga o‘zbek tiliga qiziqishingiz uchun minnatdorchilik bildiribdi va “aynan nimaga qiziqasiz, tilgami, dingami,tabiat, mineral zahiralargami, odamlar yoki O‘zbekistonning siyosatigami?” deb so‘rayapti. Marhamat.

Rassl Zanka: Umuman, 23-24 yil avval menda Sovet Ittifoqi, ayniqsa O‘rta Osiyoga qiziqish katta bo‘lgan. Shuning uchun men O‘zbekistonning madaniyatini o‘rganishga qaror qildim. Umuman olganda, men uchun madaniyat qiziqarli. Din emas, siyosat emas. Urf-odatlar, shunga o‘xshash narsalar qiziqarliroq. Men o‘zim etnografman. Etnografiya antropologiyaning bir bo‘limi.

Bi-bi-si: Nima uchun aynan O‘zbekiston va o‘zbeklarning madaniyatini tanladingiz?

Rassl Zanka: Dastlab men O‘zbekiston yahudiylari bilan Nьyu Yorkda tanishdim. Ularning tili, fe’l-atvori men uchun qiziq va odatdan tashqari edi. O‘zimning ishim orqali ularning urf-odatlari bilan tanishdim.

Bi-bi-si: Xursand Darmon ismli tinglovchimiz Avstraliyadan savol yo‘llabdi: “Assalomu alaykum hurmatli Rassl. Siz O‘zbekiston shahar va qishloqlarida ko‘p bo‘lgansiz, o‘zbek oilalarining hayotini o‘rgangansiz. Qishloq aholisining iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ma’rifiy hayoti shaharliklarnikidan qaysi jihatlari bilan farq qiladi?”.

Hozir xorijdagi o‘zbeklar orasida haqqoniy ommaviy muxolifat harakati paydo bo‘layapti. Ammo O‘zbekiston arab uslubidagi inqilob bo‘sag‘asida turibdimi, yo‘qmi, degan savolga aniq javob berish qiyin

Rassl Zanka

Rassl Zanka: Umuman, qishloqda sharoitlar shahardagiga qaraganda juda past. Masalan, gaz yo‘q, uyning ichkarisida ichimlik suvi yo‘q, imkoniyatlar keng emas. Har kuni non-choy, non-choy. Albatta, kuz faslida ovqat ko‘proq. Lekin umuman, madaniy imkoniyatlar kam. Kino, teatr, adabiyotlar etarli emas. Lekin boshqa tomondan, O‘zbekistonda shaharlar va qishloqlar orasida aloqalar yaxshi. Yo‘llar, avtobuslar bor. Shuning uchuchn ham o‘zbek qishloqlaridagi aholi shahar hayotidan yaxshi xabardor. Lekin baribir qishloq odami uchun perspektiva juda ham tor.

Bi-bi-si: Ayni paytda urbanizatsiya, shaharlashish jarayoni O‘zbekistonda ham kuzatiladi. Shunday emasmi?

Rassl Zanka: Lekin “qishloqizatsiya” ham bor. Ya’ni shaharlarninng qishloqlashuvi. Chunki ko‘pchilik qishloqlardan shaharlarga ish qidirib keladi. Odamlar iqtisodiyot, madaniyat, ma’lumot, ma’rifat qidirib kelishadi shaharga. Umuman, bu jarayon dunyoda bo‘lgan, lekin post Sovet Ittifoqi hududi uchun bu yangi ko‘rinish. Masalan ilgari, 1991-92-yillarda bunday jarayonlar kuzatilmagan.

Bi-bi-si: Toshkentdan Dilshod Muhammedov yozibdilar: “Avvalambor assalomu alaykum janob Rassl.Men siz yuqorida ta’kidlab o‘tgan o‘zbeklarda azaldan adolatsizlikka qarshi isyonning bo‘lgani va bu ruhiyat xali ham xalq xotirasidan o‘chmagani haqidagi fikrlaringizga qo‘shilaman. Bunday ruhiyat sobiq tuzum davridagi zug‘umlar va undan keyin Islom Karimovning qiynoqlari sabab biroz chekingan bo‘lib ko‘rinmoqda. Ayni paytda O‘zbekistonda uchrayotgan mahalliychilik kayfiyati azal-azaldan xalqni bu qadar tubanlikka etaklaganmi yoki bu jarayon ham sobiq sho‘rolar davrida sun’iy shaklda shunday holatga keltirilganmi?”.

Rassl Zanka: Menimcha ikkalasi. Sovetlardan oldin ham bo‘lgan, sovetlar zamonida ham bor edi va hozir ham davom etayapti.

Bi-bi-si: Shuhrat ismli tinglovchimiz yozayapti: “Prezident Karimovni amerikalik diplomatlar ham kuchli rahbar, deb tan olishgan. Siz shu fikrga qo‘shilasizmi?”.

Rassl Zanka: Albatta, u kuchli rahbar. Juda ham kuchli. Ammo savol-O‘zbekiston uchun kuchli rahbardan qanday foyda bor?. Masalan, O‘zbekistonda bugun urush yo‘q. Bu yaxshi narsa, albatta. Lekin boshqa tomondan, ko‘pchilik uchun har kunlik hayot yaxshi emas. Ish kam, ovqat kam, pul kam. O‘zbekning bolalarini qanday kelajak kutayapti? Bu savolga javob yo‘q. Qancha-qancha o‘zbeklar boshqa mamlakatlarga ish qidirib borishayapti. Chunki o‘z vatanlarida ish topisholmaydi, kelajaklarini ko‘rmaydilar.

Bi-bi-si: Ammo siz sanab o‘tgan kamchiliklarga qaramasdan, Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston, Prezident Karimov bilan yaqindan hamkorlik qilayapti. Buni qanday izohlaysiz.

Rassl Zanka: Chunki Afg‘onistondagi urush bor. Karimov kerak Amerikaga. O‘zbekistonning bu erda muhim roli bor. Bundan tashqari O‘zbekiston dunyoviy davlat, Karimov esa zamonaviy rahbar. Amerikaga bu yaxshi.

Bi-bi-si: Dunyoviylik haqida gapirdingiz, Nasimiy ismli tinglovchimiz “O‘zbekistonda kelajakda islomiy davlat qurilishi mumkinmi?” deb so‘rayapti.

Rassl Zanka: Hamma narsa mumkin. Fanatik davlat tashkil topishi ham mumkin. Ammo O‘zbekiston tarida bunga misollar juda kam. Agar bugun mendan “O‘zbekistonda musulmon terrorchilari bormi?”, deb so‘rashsa, albatta, bor, deb javob beraman. Bizda, Amerikada ham islomchi terrorchilar bor. Terrorchilik mentalitetit bugun hamma joyda bor. Boshqa tomondan, hukumatning repressiv siyosati terrorizm xafini yanada kuchaytiradi. Shunin uchun ham odamlarga ko‘proq erkinlik berilishi kerak.

Bi-bi-si: Yaponiyadan Komron sizning o‘zbeklarning siyosiy madaniyati cheklangan yoki mahalliychilik bilan cheklanib qolmagan, degan fikringizga qo‘shilaman, deb yozayapti va “markaziy hukumat bilan mahalliychilik ko‘rinishidagi ijtimoiy qudrat o‘rtasidagi kurashni qanday baholaysiz hamda O‘zbekistonda fuqarolik madaniyatini qanday shakllantirish mumkin?” deb so‘rayapti. Marhamat.

Rassl Zanka: Davlat fuqarolik madaniyatini shakllantirishda rahbarlik rolini o‘ynashi lozim. Klanlarga kelsak, bu masala O‘zbekistonda ochiq muhokama qilinmaydi. Klan nima demak? Bu aloqalar, degani. Masalan, siz bilan men do‘stlarmiz, ayni viloyatdan kelganmiz va bizning oilaviy bordi-keldilarimiz ham bor. O‘zbekiston bu borada unikal emas. Hatto mening shahrim Chikagoda ham shunday tarmoq bor. Lekin davlatning shunday qilishi kearkki, fuqarolar siyosatda maksimal darajada ishtirok etishlari kerak. Klanlardan, mahalliychilikdan qutulish uchun asrlar kerak emas. Buning uchun bitta avlod almashsa, etadi. Biz buni kolonial Afrika, xususan, Mali misolida bugun ko‘rishimiz mumkin. Nima uchun O‘zbekistonda ham bo‘lmasin? O‘zbekiston tipik uchinchi dunyo davlati emas. U erda savodxonlik darajasi yuqori. Hatto qishloqlarda ham. Men qishloqdagi oddiy o‘zbek bilan shaxmat o‘ynaganman. U kunda 10 soat dalada ketmon chopadi. U bilan shaxmat o‘ynab, adabiyot haqida suhbatlashdik. Bu juda zo‘r narsa. U De Mopassan, Viktor Gyugo, Dostoevskiy, Mark Tvenlarni o‘qigan. Amerikada rosti gap, qishloq joylarida bunday odamlar, suhbatlar juda kam. Shuning uchun menimcha O‘zbekistonda demokratik o‘zgarishlar tez suratlarda yuz berishi mumkin.

Bi-bi-si: John deb ism qo‘ygan tinglovchimiz so‘rayapti:”Siz yangi tashkil etilgan “O‘zbekiston Xalq Harakati” ga qanday qaraysiz?. O‘zbekistonda ham arab uslubidagi inqilob yuz berishi mumkinmi?”.

Rassl Zanka: Albatta, men internet orqali bu haqda o‘qiyapman. Va mening uchun bu juda qiziq. Bu batamom yangi, yap-yangi bir harakat. Menimcha hozir haqiqiy oppozitsion harakat boshlanmoqda. Albatta, bu erda texnologiya, internet katta rol o‘ynayapti. Bu erda “arab bahori”ning ta’siri bor. Mening nazarimda hozir xorijda yashayotgan o‘zbeklar orasida birinchi haqqoniy ommaviy muxolifat harakati paydo bo‘layapti. Ammo O‘zbekiston arab uslubidagi inqilob bo‘sag‘asida turibdimi, yo‘qmi, degan savolga aniq javob berish qiyin. O‘zbek xalqi qachon bu qashshoqlik, poraxo‘rlik va repressiyadan bezib, unga qarshi bosh ko‘taradi, degan savolga menda javob yo‘q. Juda ko‘pchiligimiz Andijonni o‘zbeklarning sabr kosasi to‘lganining belgisi va Karimov hokimiyatining tugashi, deb o‘ylagandik. Ammo unday bo‘lmadi. Karimov o‘zining kuchli ekanini yana bir marta ko‘rsatib qo‘ydi. Ammo mening xorijda yashayotgan o‘zbeklardan umidim katta. Chunki mamlakat ichkarisidagi o‘zbeklar uchun xavf juda katta. Menda qancha o‘zbek xorijda yurgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Balki 3, balki 3 yarim milliondir. Lekin ular mamlakatga o‘zgarishlar olib kelishga qodir. Biz globallashuvni qanchalik tanqid qilmaylik, uning qanchalik yomon tomonlari bo‘lmasin, irqchilik, ishchilar uchun sharoitlarning yomonligi va hokazo, boshqa tomondan muhojirlar, “gasterbayterlar” uchun yangi olamning perspektivasi ochilmoqda. Bu globallashuvning ijobiy tomonlaridan bittasi, deb bilaman. Globallashuv O‘zbekiston uchun juda foydali bo‘ladi. Bu mening umidim.

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/05/110516_cy_talkingpoint_russel_zanca.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: